background
logotype

Rahimjon Rahmat: “Adabiyotga kirib boriladi...mi?” (2014)

Adabiyotshunos Rahimjon Rahmat bilan muloqot

Ko‘kdagi yulduzlarni tomosha qilib yotgan bola onasiga savol beradi:

– Ona, yulduzlar osmonning chiroqlarimi?

– Bilmadim, – deydi ona kulib.

– Yulduzlar osmonning chiroqlari, tongda o‘chirib, kechqurun yoqib qo‘yadilar, – deydi bola o‘ylanib.

– Bu g‘alati gaplarni qaerdan olyapsan?

Onaizor hayron. Chunki bola ulg‘aygan sari “g‘alati” gaplari ko‘payib boryapti-da. “Yaxshilab tinglang, shamollar kuy chalyapti”, deydi bir kun. “Chaqmoqdan qo‘rqib ketgan bulut yig‘layapti”, deganiga nima deysiz? Chindan ham g‘alati-ku! Ha, hammasi shunday boshlanadi.

Ona o‘g‘lining yuragiga adabiyot kirib kelayotganidan hali bexabar. Haqiqiy ijodkorga adabiyotning o‘zi kirib keladi. Adabiyotga kirib borilmaydi. Adabiyotga kirib borganlar shunchaki adabiy  mehmonlar, xolos! Ular tug‘ma emas, surtma talantlardir! Haqiqiy ijodkorlar adabiyotga mezbonlik qiladilar.

Rahimjon aka, siz bilan qaysi mavzuda suh­batlashsam ekan, deb uzoq o‘yladim. Shu o‘ylar kechayotgan kunlarning birida jurnalimizga “adabiyotga kirib kelgan”lardan biri keldi-yu, bizga shu mavzuni ochib berdi.

Avval bu gurungni eshiting:

– Rostini aytsam, she’rlaringizni ancha pishitishingiz kerak, – dedim andak istihola bilan.

– Nimasini pishitasiz? – mehmonning avzoyi buzildi.

– Shu... o‘z ustingizda...

– Aka, men o‘zimga, talantimga ishonaman! O‘tgan yili Respublikadagi eng nufuzli tanlovlarda birinchi o‘rinni olganman, – dedi u. So‘ng oldimga qatorlashtirib to‘rtta kitobini tash­ladi. To‘rtta! Endigina kollejni tugatayotgan bola-ya!

Adabiyot uchun emas, tanlovlar uchun chop qi­lingan kitoblarni varaqlay turib amin bo‘l­dimki, bitta emas, o‘nta tanlovda birinchilikni olsa ham bu “talant”dan shoir chiqmaydi. Eng yomoni shundaki, u o‘zini ham, adabiyotni ham aldab yuribdi. Bunga o‘xshaganlarning hammasini esa Tanlovlar chuv tushiryapti.

Rahimjon aka, endi bu bolani ham, tanlovlarni ham tinch qo‘yamiz. Bu voqeani shunchaki suhbatimizga mavzu bergani uchun  esladim, xolos. Siz menga chinakam shoirning tug‘ilishi haqida, o‘zingiz yashagan, his etgan tuyg‘ular xususida aytsangiz...

– Badiiy ijodga qiziqish tug‘ma bo‘ladi. Qonida badiiy ijodga muhabbati bo‘lmagan boladan adabiyotga yo‘naltirilgan maxsus ta’lim yordamida yozuvchi yoki shoir tarbiyalab bo‘lmaydi, albatta. O‘z navbatida yuragiga Xudo iste’dod yuqtirgan bola harbiy maktabda o‘qisa ham, shubhasiz, kelajakda ijod kishisi bo‘lib yetishadi. Lekin, bilamizki, adabiyot o‘qituvchisi, universitet professori bo‘lish uchun alohida ijodiy qobiliyat shart emas. A’lochi va tirishqoq maktab o‘quvchilari kelajakda adabiyot professorlari bo‘lib yetishishlari mumkin. Olim bo‘lish uchun, atoqli adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov aytganlaridek, shim kerak, xolos. Bu degani stolda ko‘p o‘tirib ishlaydigan odamning shimining orqasi tez yirtiladi. Olim odam kiygan shimning orqasi ilviragan bo‘ladi.

Olimlik – tizimli ta’lim va sabr-toqat mah­suli.

Shoirning paydo bo‘lishini esa mantiq bilan tushuntirib bo‘lmaydi. Shundayki, yillar da­vomida taqir bo‘lib yotgan tuproqdan kutilma­ganda qip-qizil lolaqizg‘aldoq paydo bo‘ladi. Hayron bo‘lasiz: ilgari bu joyda lolaqizg‘aldoq ko‘karganini hech ko‘rmagandim, urug‘i qaydan kelib qoldi ekan. Yoki yillar davomida tuproqqa qorishib yotgan lolaqizg‘aldoqning urug‘i qulay sharoit tug‘ilib jonlanib qoldimikan.

Iste’dodning paydo bo‘lishini irsiyat bilan ham izohlab bo‘lmaydi. Chunki juda kam hollarda mashhur shoirning o‘g‘li ijod kishisi bo‘lishi mumkin. Shoirlik kutilmagan hodisa. Bu shunga o‘xshashki, bog‘ingizga yong‘oq ekkaningiz yo‘q, lekin bahorda kichkina yong‘oq niholi unib chiqqaniga ko‘zingiz tushadi. Qarg‘a bog‘ingiz tepasidan uchib o‘tayotganda qaerdandir olib kelayotgan tumshug‘idagi yong‘oqni tushirib yuborgandir…

Bizningcha, muhit va tarbiya yo‘nalishi tug‘ma iste’dodning yuzaga chiqishini tezlatishi yoki sekinlatib qo‘yishi mumkin, xolos. Shuningdek, juda ko‘p mutollaa qilish bilan ham shoir yoki yozuvchi bo‘lib yetishib bo‘lmaydi. Badiiy ijodning o‘tkir aqlga ham unchalik daxli yo‘q. Chunki ijod – ilhom mahsuli. Ilhom deganlari to‘satdan yog‘ib qoladigan jaladay gap. Lekin bilim kerak. Abdulla Qahhor aytmoqchi, muhit ko‘rmagan va yetarli bilim olmagan shoir baxshi bo‘lib qoladi.

– Hazrat Alisher Navoiyning shoir Osafiyga aytgan mashhur gapini eshitgansiz. Keling, eshitmaganlar uchun eslab qo‘yamiz: sodda Osafiy Navoiyga aytibdilar:

– Kecha bozordan uch tangaga bir sham sotib olib, shu sham yonib tugaguncha uch ming misra g‘azal bitdim.

– Hazrat, unda kechasi bilan uch tangalik g‘azal bitibsiz-da, – debdi quvlik bilan bizning Hazrat.

Osafiylar Navoiy zamonida qolib ketgan emas. Har zamonning o‘z osafiylari bor. Nazarimda osafiylar iste’dod degan joygacha yetib kelolmagan ijodkorlardir. Ammo shuncha yo‘l bos­gandan keyin ular ham quruq qolmaganlar. Ma­horat kashf etganlar! O‘qisang, hammasi joyida, ammo biror narsa yulib ololmaysan. Endi uni tom-tom qilib “saylanma” qilishdan boshqasiga yaramaydi. Shunaqalar yo‘q deb o‘ylaysizmi? Mayli, bu haqda o‘ylaganlaringiz ichingizda tura tursin, so‘ramoqchi bo‘lganim: shoirlik iste’dodi nima-yu, shoirlik mahorati nima ekani haqida, shoirlikning asosiy xususiyati haqida...

– Bilasizmi, dard, iztirobning surunkali holatga o‘tishi iste’dod deyiladi. Tanasi zaif odamlarda kasalliklarning tuzalishi qiyin kechadi. Immun tizimi kuchli odamlarga uncha-munchaga kasal yuqmaydi, yuqqan kasal esa tezda tuzalib ketadi. Shunga o‘xshash bir narsa sabab shoir yuragida paydo bo‘lgan dard-hasratning ketishi og‘ir bo‘ladi. Xudo insonni shunday yaratgan: aslo chidab bo‘lmas dardu azobdan she’r o‘qish yoki she’r yozish orqali xalos bo‘lamiz.

Aqlli odamlar osongina qutulib ketadigan dard shoirona qalb egasi uchun hayot-mamot masalasiga aylanadi.

Bizlar beshta tuyg‘u orqali olamdagi voqea, hodisa, rang va tovushlarni bilib olamiz. Bu ma’lumotlarni miyamizdagi turli markazlarga asab tolalari olib boradi. Shoirlar, umuman, san’at ahlida kishini tashqi olam bilan bog‘laydigan mana shu asab tolalari nozik, ta’sirchan va hassos bo‘ladi. Shuning uchun ular biz ko‘rmagan narsalarni ko‘radi, eshitadi, his qiladi.

Deyarli har bir odam yoshlikda sevgani bilan topisholmaydi. Lekin hech kim shoirchalik ayriliq qismatidan ulkan fojia yasamaydi. Demak, shoirlik bir fojiadan xalos bo‘lib, ikkinchisiga boshi bilan sho‘ng‘ishdir.

Kirkegorning shoirlar to‘g‘risida ajoyib tash­beh-o‘xshatishi bor. Qadimda, deydi u, jinoyatchilarni jazolash uchun misdan ichi g‘ovak ulkan ho‘kiz yasashgan. Jinoyatchini shu ho‘kiz ichiga qamab, tagidan o‘t yoqishgan. Mis ho‘kiz qizigani sayin ichkaridagi jinoyatchi issiqqa chiday olmay baqirgan, qichqirgan, o‘kirgan, uning jon achchig‘ida bo‘g‘zidan otilib chiqayotgan nolalari esa ho‘kizning burnidan yoqimli musiqa bo‘lib taralgan. Ya’niki, shoir qalbida do‘zax azobini ko‘tarib yuradi va shu azobni go‘zal obrazlar yordamida satrlar bag‘riga joylaydi. Bizlar esa uning ohangdor satrlarini ting­lab estetik zavq olamiz. Qiziq-ku, shoir qalbidagi do‘zaxiy azob she’rga ko‘chib ko‘ngillarga yoqadigan jannatiy musiqaga aylanyapti.

Ayrim shoirlar dard chekishni kasbga aylantirib oladi. Mahorati oshib, deylik, yoridan ayrilgan oshiq ko‘nglidan qanday hislar kechishini o‘zlashtirib olgan shoir, nonvoy ertalab turib xamir qorib, zuvala uzgandek ayriliq mavzuidagi misralarni qatorlashtirib tashlaydi. «Bir kechada o‘nta she’r yozdim!» – deb maq­tanadi keyin. «Men har kuni she’r yoza olaman», – deb kerilib gapiradigan shoirlar ham topiladi. Ularning she’r­larida ohang ham, ta’sirli his-tuyg‘u ham yetarli, ammo ruhi o‘lik bo‘ladi. Palag‘da tuxumni chiroyli rangga bo‘yab ko‘z-ko‘z qilganingiz bilan uning ichidagi badbo‘ylik o‘zgarmaydi.

Bilishimcha, jamiyatda shoir bo‘lib tanilganlarning to‘qson foizi o‘z qalbidan rosmana kechmagan mavzularni yo boshqa shoirdan o‘zlashtirib yoki biror manfaatni ko‘zlab she’r qilib tashlaydi. Iztirob hammada bo‘ladi, lekin o‘sha iztirobning surunkali dardga aylanishi bor, mana shundagina chinakam she’r tug‘ila boshlaydi. Deyarli barcha shoirlarning ilk ijod namunalarini qiziqib o‘qib yod olasiz, keyinchalik esa ularda she’r yozish majburiyatga aylana boshlaydi. Ya’ni qalin-qalin kitob chiqarish, unvonga ega bo‘lish kabi dunyoviy orzu-havaslarga intilgan shoir qatorlashtirib ruhsiz, lekin shoirlik mahorati sezilib turgan she’rlar yozib tashlaydi. Shuning uchun men «Shoirlik hunar ham, kasb ham emas, balki tez-tez xuruj qilib turadigan bedavo bir darddir», – deyman doim. Kits shoirlikni salbiy odat deydi. Bag‘rim og‘riyapti deb she’r yozasiz-u, lekin yozganlaringizda og‘riq sezilmasligi mumkin. Tosh tushgan joyiga og‘ir deyiladi. Masalan, doktorlar kasalliklarning klinik belgilarini aniq-tiniq ayta oladilar. Biroq ularning gapidan u yoki bu kasallik to‘g‘risida nazariy ma’lumot olasiz, xolos. Buyrak-tosh kasali xuruj qilib ingranib yotgan bemorni ko‘rgach esa bunaqa kasallik naqadar og‘riqli kechishini rostakamiga bilib olasiz. Demak, ruhi o‘lgan shoirning yozganlari kasallik belgilari to‘g‘risida gapirayotgan doktorning so‘zlaridir. Har narsani chin ma’noda o‘z qalbidan kechirgan shoirning yozganlari esa xas­taligi xuruj qilgan bemorning ingrashlaridir. Bunday ingrashlar buyuk shoirlar ijodida ko‘p eshitiladi.

– Odamzot yerga tushgandan beri o‘ziga hi­moya izlaydi. Ruhiga taskin, ayriliq yarasiga sho‘rpaxta axtaradi. Adabiyot shu izlanishlarning samarasidir.

Tun kechalar dod aylasam,

Har dam Seni yod aylasam,

Ishqingda faryod aylasam,

Kel, ko‘r mani ishq nayladi?

– deydi Yunus Emro. So‘fiy shoir ayriliqdan lovullab yonayotgan ko‘ngliga shunaqa qilib suv sepadi. Va bu “suv” asrlar osha minglab yunuslarning kuygan ko‘ngliga malham bo‘ladi. Bu, odamiyat uchun she’riyatning kamsuqumgina xizmatidir!

Harqalay, men shunday o‘ylayman-da. Har qan­day she’r ruhiy ehtiyoj ortidan dunyoga kelishiga ishongim keladi. Sizningcha-chi, she’r qanday yoziladi? Umuman, she’r yozish yoki she’r o‘qish bilan odam o‘zini darddan qutqarishi mumkinmi? Ijtimoiy hayot mashaqqatlari odamni shoir qilib yuborishi mumkinligiga nima deysiz?

– She’r yozish ko‘ngildagi alamli tuyg‘ulardan xalos bo‘lish usulidir. Misol uchun, men bir paytlar o‘ta og‘ir ayriliq alamidan telbalardek ba­qirib she’r o‘qish yordamida xalos bo‘lganman. O‘sha paytlar kun va tunimning asosiy qismini ba’zan o‘kirib, ba’zan ingranib she’r o‘qish bilan o‘tkazardim. O‘shanda «Layli va Majnun» va «Demon» dostonlarini o‘qirdim. Faqat shu ikkala dos­tonda aks etgan fojia, dard mening qalbimdagi musibatga mos kelardi.

Mening ilk o‘qigan she’riy kitoblarim Sharq adabiyoti klassiklaridir. Ularni birov menga tavsiya qilmagan, o‘zim qishloq kutubxonasini titkilab topganman, yoqqani uchun sevib mutolaa qilganman. Keyinchalik universitetda o‘qib yurganimda ko‘plab klassik shoirlarimiz so‘fiy ekanligini har xil olimlarning maqolasidan o‘qib bildim. Ular so‘­fizmga tegishli istilohlar yordamida Mashrab she’riyatining so‘fiyona falsafasini ochishga uri­nishardi. Rosti, ularning maqolasidan keyin bolaligimda sevib o‘qigan Mashrab she’rlarini tushunmay qolardim. Hurmatli olimlarimiz: «Mashrab so‘fiy shoir, uning she’rlarini so‘fizm falsafasisiz tushunib bo‘lmaydi», – deb yozishardi. Nahotki, bolaligimda Mashrab g‘azallarini tushunmay sevib o‘qigan bo‘lsam. Tushunmasam, nega sevib o‘qidim ekan?

Ko‘rdim yuzingni, devona bo‘ldim,

Aqlu hushimdan begona bo‘ldim

degan misralarni yodlab yurgan kezlarim bola edim va qalbimda ham rosmana sevgi uyg‘onmagan edi. Nega shu misralar bola qalbimga moydek yoqdi ekan?

Nasr – ko‘proq insonning hayotiy tajribasi va kamoloti bilan bog‘liq ijod turi. Istaymizmi-yo‘qmi insonning hayot hikmati mohiyatiga yetib borishi yosh bilan bog‘liq. “Qari bilganni pari bilmaydi”, degan gap bor gap. Ellik yoshdan o‘tganidan keyin barcha kasb egalari faoliyatini tugatish va nafaqa haqida o‘ylab qoladi. Yozuvchi uchun ellik yosh badiiy ijodning boshlanishidir. Ya’ni tengqurlari nafaqaga hujjat to‘g‘irlab yurgan payti yozuvchi ijodiy mehnatga rosmana kirishgan bo‘ladi.

Nisbatan yosh payti roman va qissa yozganlarning asarlarida baribir hayotiy hikmatdan ko‘ra shoirona kechinma va tasvirlar ko‘proq bo‘ladi. Yozuvchining ellik yoshning nari-berisida yozgan asarida esa haqiqiy nasr uchun kerakli chin hayot hik­mati bo‘ladi.

Shoirlik gullar olamiga sayohat, yozuvchilik esa ildizlar dunyosiga kirishdir.

Bilishimcha, yolg‘izlanib qolish, mehr ko‘r­mas­lik odamni shoir qilib yuboradi. Ayrim ayol va erkaklar keksayganda kutilmaganda she’r yozib, kimlargadir o‘qib beradi. Aslida yozilgan she’rni shoir birovga o‘qib bermasa, she’r yozilgan hisoblanmaydi. She’r his-tuyg‘ularingni o‘zgaga bil­dirish uchun yoziladi. She’r – hayotdan, o‘z taq­diringdan nolishning juda go‘zal va odamni sharmandalikdan qutqaradigan vositasi. She’r yozilishiga asos bo‘lgan badbin tuyg‘ularingizni birovga ochiq gapirib bersangiz tusi o‘zgarib sizga achinadi, gohida esa sizdan naf­ratlanishi ham mumkin. Insonning biologik tabiati zaif va kuchsizlarga shafqat qilmaydi, balki oxirigacha yanchib tashlamoqchi bo‘ladi. Shuning uchun kamroq nolib, mushkul ahvolga tushib qolganingni yaqin qarindoshing va do‘stlaringga ham bildirmasliging kerak. Odam faqat Allohga o‘z holini bildirsin.

Qo‘shni qishloqlik bir kishi, maktabda bosh­lang‘ich ta’limni ham to‘liq o‘zlashtirmagan, «e» bilan «y»ning farqiga bormaydigan savodsiz, yoshi ellikdan o‘tib to‘satdan she’r yoza boshladi. Ko‘p yozardi. Bir kechada ikki tiyinlik katak daftarni to‘ldirib tashlardi. Mening kitob o‘qishga ishtiyoqimni, xususan, she’riy kitoblarni o‘qib yurishimni bilgani uchun ko‘pincha yangi yozgan she’rini birinchi menga o‘qib berardi. Keyin esa ko‘chaga chiqib, qaerda odam to‘planib tursa, o‘sha joyga borib yozganlarini o‘qishga tushardi. To‘ylarda esa atay o‘rtaga chiqib uzoq-uzoq odamlarni «she’riyat sharobi» bilan siylardi. Farzandlari esa dadasining bu ishidan uyalar, o‘zlarini aybdordek his qilardi. Meni nima uchun bu odam keksayganda she’r yoza boshladi ekan degan savol qiziqtirardi. Uning yozganlarida turoq va qofiya degan narsa deyarli bo‘lmasdi. Barining mavzusi bitta – odamlarni bir-biriga mehribon bo‘lishga chorlash edi.

Ozg‘in, bo‘yni ingichka, gapirganda kallasi silkinib turadigan kishining nima uchun faqat shu mavzuda she’r yozishini keyinroq bildim. U bolaligida g‘irt yetim o‘sgan, bolalik payti mehr ko‘rmagan, juda ko‘p xo‘rliklarni, qashshoqlikni boshdan kechirgan ekan.

Hammasi ayon, bu odam mehr ko‘rmaslik inson uchun juda og‘ir dard ekanligidan ogohlantiryapti. Bolalikda, qo‘yingki, butun umr mehr ko‘rmagan qalb u dunyoga ketish oldidan isyon ko‘taryapti. Darvoqe, u kishi she’r yozishni boshlaganidan ikki yil o‘tib to‘satdan vafot etdi.

Shu o‘rinda yana bir gap. Juda erta iste’dodini namoyon qilgan, his-tuyg‘ulari jo‘shib turadigan san’atkorlar va shoirlarni ko‘rsam, «Shuning umri qisqa bo‘ladi-yov», – deb o‘ylab qolaman. Chunki qalb jism qo‘rg‘oni qachon vayron bo‘lishini oldindan aniq biladi va o‘lim yaqinlashgan sayin qaynab-toshaveradi. Va toshayotgan vaqti tinib ulgurmasdan osmonga uchib ketadi. O‘lim tuyg‘usining jonlanishi har qanday odamni shoirga aylantirib yuboradi. Sog‘lom odamda o‘lim tuyg‘usi mudroq bo‘ladi. Hammamiz bilamizki, umr mangu emas, dunyodan rizqimiz uzilgan kuni omonatimizni egasiga topshiramiz. Lekin bu haqiqatni bilishimiz bizlarni unchalik iztirob va vahimaga solmaydi. O‘lim tuyg‘usi jonlanib qolsa-chi? Hayot tarzimiz va psixikamizda o‘ta keskin o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Masalan, ruhiy kasal odamlarni eng yomon qiynaydigan tuyg‘u o‘lim vahimasidir. Ular shu vahimaga chiday olmay, undan xalos bo‘lish uchun o‘z jonlariga qasd qiladilar. «O‘lim haqidagi o‘ylardir hayot» (Rauf Parfi).

– “Men o‘zimdagi barcha yaxshi fazilatlar uchun kitoblardan minnatdorman”, debdi ah­li bilgichlardan biri. Odamiyat shu vaqtgacha kitobdan-da yaxshiroq do‘st, dildosh va darddosh topolmadi. Nazarimda insoniyatning kashf etganlari orasida eng qiymatlisi ham shu kitobdir! Lekin bugungidek taloto‘p bir zamonda, bu haqiqatni har kimning ham oldiga qo‘yolmaysiz. Hazrat Zamaxshariy aytmoqchi: “Tumov kishi gulning hidini sezmaganidek, ahmoq kishi hikmat lazzatini bilmaydi”.

Ming vahki, bugun ko‘pchiligimiz “tumov”ga giriftormiz. Gul bilan tikonni farqlayolmay qolayotgan yoshlarimizning eng katta muammosi ham shu – “hid” bilmasligidir. Vaholanki, kundan-kun tahlikalari kuchayib borayotgan XXI asr ko‘chasiga bunaqa “yupun” holatda chiqib bo‘lmaydi. Aks holda o‘zingizni ham, ruhingizni ham boy berib qo‘yasiz. Chunki “yupun” odamga “issiq joy” ko‘rsatsalar bo‘ldi, qolgani bilan ishi yo‘q.

Kitob adabiyotchi yoki olim bo‘lish uchun o‘qilmaydi. Kitob Odam bo‘lish uchun o‘qiladi.

Rahimjon aka, sizdagi kitobxonlik “kasalligi” qanday boshlangan? Bunga atrof-muhitning ta’siri bo‘lganmi?

– Men ulg‘aygan oila adabiyotdan juda yiroq edi. Oiladagi muhit sabab men ham juda ko‘p tengdoshlarim kabi bir qo‘limda molning arqoni, bir qo‘limda ketmon ushlab katta bo‘lganman. Na maktabda, na oilada kitob haqida gapirilmas edi. Bolaligimda hech kim menga kitob sovg‘a qilmagan va adabiyotga qiziqishim hech qachon rag‘barlantirilmagan. Aksincha, qishloq kutubxonasidan olganim kitobni berilib mutolaa qilib, mollarga o‘t solish esdan chiqib qolgan paytlar kattalardan tuzukkina dakki ham eshitganman. Hatto, ayrim paytlar qo‘limdagi kitobni yulqib olib yirtib tashlashlar ham bo‘lgan. Nafaqat bizning oila, balki butun qishloqda kitob degan narsa yerda yotgan xazonchalik qimmatga ega emas edi. Lekin biz yoshlar, garchi kitobxonlik muhiti bo‘lmasa-da, ko‘p kitob o‘qirdik.

Xazonni to‘plab molga berish mumkin, kitobni esa mol yemaydi. Hozir ham bizning qishloqda ko‘pchilik ko‘chada kitob ko‘targan odamni devonaga teng ko‘radi va kitob o‘qishga qiziqqan yigitga uncha-muncha oila qizini bermaydi. Qalin-qalin kitob­larni o‘qish ruhiy tanazzul belgisi hisoblanadi. Mahallaning eng badavlat kishilari, to‘ylarning to‘rida yastanib o‘tiradigan kazo-kazolar umrida na biron marta kitob sotib olgan, na bitta badiiy asarni oxirigacha o‘qib chiqqan. Men shu yoshimgacha bironta qishloqdoshimning shaharga borganida kitob magaziniga kirib o‘ziga yoki o‘g‘il-qiziga kitob sotib olganini eslolmayman. Bundan ancha yillar ilgari onam ko‘ylak olib kiy deb bergan puliga «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»ni sotib olgandim. O‘sha hodisani onam va bu ishimdan xabar topgan qo‘ni-qo‘shnilar hozirgacha kulib eslab turishadi.

Shundoq. Men ulg‘aygan muhitda odamlar yegan bir kosa oshi va tinch o‘tgan kuniga shukr qilar edi. O‘qiyman, olim bo‘laman, taqdirimni o‘zgartiraman deb bir narsalarni orzu qilgan yoshlar mahalla odamlari orasida g‘iybat ob’ektiga aylanardi. Mabodo, u yaxshi joylarda o‘qib, toza ishlarda ishlay boshlasa odamlar unga hasad qilardi.

Xullas, o‘shanda onam aytgandek qilib ko‘ylak sotib olganimda taqdirim hozirgidan ozgina boshqacharoq bo‘larmidi. Chunki bizning qishloq qiz­lari qalin kitob ko‘targan boladan ko‘ra chiroyli ko‘ylak kiygan yigitni yaxshi ko‘rishadi... Xolasi yoki ammasining gapi bilan uchrashuvga chiqqan qiz uyalinqirab yigitning yuziga qarayolmaydi, yerga boqib turib «xaridori»ning kiygan shimi va tuflisini ko‘radi, agar shim va tufli chiroyli bo‘lsa, tez orada to‘y boshlanadi.

Bilasizmi, o‘zbek sovet shoirlari meni juda qattiq aldagan. O‘zbekchaga tarjima qilingan Sharq klassik shoirlarining ijodini bir sidra mutolaa qilib bo‘lgach, she’r o‘qishga ehtiyojimni qondirish uchun qishloq kutubxonasidan ko‘zimga ko‘ringan she’riy kitoblarni uyga tashiy boshladim. Bu kitoblarning aksari o‘zbek sovet shoirlarining to‘plamlari edi. Hammasini bir boshdan o‘qib chiqdim. Lekin, ayrim, juda kam she’rlarni hisobga olmaganda, ularning hech birida o‘zim izlagan kechinmalarni topa olmadim. Keyinchalik universitetda o‘qib yurganimda bildimki, kommunist shoirlarning yozganlari she’riyatga umuman aloqasi yo‘q narsalar bo‘lib, ular kommunistik mafkuraning oddiy targ‘ibotchilari ekan. O‘sha qalin-qalin kitoblarni o‘qishga ketgan vaqtimga achindim.

Universitetda o‘qib yurgan kezlarim adabiy tanqidga qiziqib, ustozlarning katta-katta kitob­lari mutolaasiga kirishdim. Avvaldan aytib qo‘ya qolay. Men ustozlarimni maqolalarini emas, mu­loqotda bo‘lganlarimning o‘zlarini hurmat qi­laman. Chunki ularning hammasi, hatto eng yomoni ham o‘zi yozgan maqoladan yaxshi hisoblanadi...

«Ming xayf xashakka intilsa otash», – deydi Bedil. O‘shanday men ham shoir bo‘laman, adabiyot ilmi bilan shug‘ullanaman deb kommunistik davr mevasi bo‘lgan mafkuraviy adabiyot otlig‘ «xashak»ka ro‘baro‘ bo‘ldim.

Bu «xashak»lar adabiyotga hech qanday aloqasi yo‘q bo‘lsa ham, lekin bu maydonni butunlay egallab olgandi. Adabiyot maydoniga kirgan odam uzoq vaqt «xashak»lar orasida tentirab yurishga majbur edi. Talay iste’dodli shoir va olimlar shu «xashak»larni chin adabiyot deb o‘yladi, o‘zlari ham «xashak» yaratib tashladi.

Faqat o‘qishga kirish majburiyati yuzasidan o‘zbek sovet shoirlarining maktab darsligida be­rilgan bir parcha-yarim parcha she’rlarini yod ol­dim, xolos. O‘qishga tayyorgarlik jarayonida ada­biyot fanidan darsliklarni qo‘lga olishga bezil­lab qolgandim. Darslik yozgan olimlarning nima de­moq­chiligini hech tushunolmasdim. O‘tgan asrning saksoninchi yillari oxiri edi o‘shanda. Bu paytda men yigirma besh yoshga yetgandim. Hozir o‘ylasam, sovet davrida yozilgan adabiyot darsliklari o‘quvchilarning adabiyotga muhabbatini butunlay so‘ndirishga qaratilgan ekan. Yaxshiyam maktabda adabiyot faniga qiziqmaganim, yo‘qsa mendagi badiiy so‘zga muhabbat beshikdaligidayoq bo‘g‘ilib o‘lgan bo‘lardi. Maktabda adabiyot fanidan o‘tilgan darslardan juda kam narsa yodimda qolgan. Ko‘ylagining tugmalangan joylari tarang tortilib kindigi ko‘rinib turadigan adabiyot o‘qituvchimizning «Miltiqli kishi» pesasi...» deb boshlanadigan gap­lari yodimda qolgan. Nega aynan shu holat xotiramga muhrlanganini hanuz tushunmayman...

– Bir paytlar... “Adabiyot maydoniga kirgan odam uzoq vaqt «xashak»lar orasida tentirab yurishga majbur edi”. Ammo keyinchalik bu “xashak”larni yangi davr shamollari uchirib ketdi va shu bilan hammasi barbod... bo‘lmadi. Ha, bu “xashak”larning yangi-yangi turlari paydo bo‘ldi. Ularning kitob holida chop etilishi, muallifining "odamgarchiligi"ga qarab e’tirof etilishi, bir so‘z bilan aytganda, rag‘batlantirilishi adabiyotning qiymatini tushirib yubordi.

Ayniqsa, “tushib ketish” jarayoni she’riyatimizda yaqqol namoyon bo‘ldi. Qofiyasini topgan odam shoir bo‘laverdi va bu ko‘payish jarayoni hamon to‘xtagani yo‘q. Bugun she’rning zo‘rligini adabiyotshunos emas, xonandalar bel­gilayapti! Rost gap. Tuppa-tuzuk shoirlarning she’riyatiga bag‘ishlangan maqolalarni ham bi-ir o‘qib ko‘ring! “So‘nggi yillarda bu shoirning o‘nlab she’rlari qo‘shiq bo‘ldi”, deya e’tirof etiladi. Yozgan she’ringizning qo‘shiq bo‘lishi alohida fazilat sanaladigan bo‘lib qoldi. Xonanda e’tirof qildimi, demak, she’ringiz zo‘r! Yozavering, “kuchliroq sev”avering!

Xo‘sh, bu “xashak”larga nima deysiz? Yana shamollarni kutamizmi? Ungacha o‘zimiz “shamollab” qolsak-chi...

– Bir kuni mahallamizdagi yoshgina yigitcha uyalinqirab «She’rlarimni ko‘rib berasizmi?» – deb qoldi. Darhol savol berdim: «Qaerda o‘qiysan?» Ma’lum bo‘lishicha, qizlarga xos al­laqanday uyatchanlik sezilib turgan bu bola temir yo‘l kollejida o‘qirkan. Yaxshi, uyimda o‘qiyman deb qo‘lidan ijod namunalarini oldim. Uyda o‘qib ko‘rdim. Sodda, sayoz va beg‘ubor she’rlar. “Sevganim sevmadi, chunki men kambag‘al edim”. “Dadajonimni sog‘indim”, “Onajonim azizdir” mazmunidagi she’rlar. Ularni qishlog‘imizdagi otarchilar qo‘shiq qilib aytsa tuzuk, ammo aslo qishloqdan tashqariga opchiqib bo‘lmaydi. Yigitchadan qaysi shoirlarning ijodi bilan tanishligini so‘radim. Yo‘q, bironta e’tiborli shoirning she’rlarini o‘qimagan. Nega she’r o‘qimay shoir bo‘lmoqchisan deb so‘rayman undan. Javob yo‘q. Kulib turibdi, xolos. Dadasi ancha yillar oldin avtohalokatda vafot etgan, u ota mehrini ko‘rmay o‘sgandi. «Eshakka o‘xshab hangraydigan otarchilarning qo‘shig‘ini tinglayvermay, katta shoirlarning she’rlarini ham o‘qib tur. She’riyat – san’at! Tushundingmi?» – dedim unga jahlim chiqib. Nega jahlim chiqmasin. Axir Abdulla Oripov yoki Erkin Vohidovning kitobini qo‘lida ushlab ko‘rmagan yigitcha baqrayib: «She’r yozdim, kitob chiqarmoqchiman, so‘zboshi yozib bering», – desa jahlingiz chiqadimi, axir?!

Yoshligimda uncha-muncha misralarimni tuman gazetasiga ko‘tarib borgani rosa uyalardim. Qish­log‘imizga yaqin Qo‘qon shahrida esa «Ilhom» degan adabiy to‘garak borligini bilardim. Lekin to‘garakka borishdan hayiqardim. O‘ylardimki, u yerdagilar juda bilimdon, darslikka kirgan hamma she’riy parchalarni yod olishgan, men esa darslikdagi bironta she’rni ham bilmayman, ularning davrasida uyalib qolaman. Xullas, muhitga ko‘p muh­toj bo‘lganman.

Insondagi ta’magirlikning cheki-chegarasi yo‘q. U eng go‘zal va yuksak narsalarni ham o‘z manfaatiga bo‘ysundira oladi.

Yaqinda bir tanishimdan o‘zim tug‘ilgan tumanda yashab ijod qilayotgan shoirlarning o‘ttizga yaqin kitobini so‘rab oldim. Maqsadim: ulardan eng yaxshi she’rlarni saralab markaziy matbuotda e’lon qilish edi. Turli hajmdagi kitoblarni o‘qib pichoqqa sop bo‘ladigan yarimta ham she’r topa olmadim. Ayrim to‘plamlarning so‘zboshisida bu kitob muallifning o‘n uchinchi to‘plami degan yozuv ham bor ekan. She’r uchun tanlangan mavzularning bariga ta’magirlik degan zahar ichirib o‘ldirilgan. Misralar aro bachkana manfaat itlari dumini likillatib, qilpanglab turibdi.

– Rahimjon aka, maroqli suhbatingiz uchun sizga rahmat!

Bilasiz, biz bugunning qarichi ertaga to‘g‘­­ri kelmayotgan shiddatli bir davrda yashayapmiz. Kundan-kun atrofimizda fitnalar, al­dovlar quyuni quyuqlashib bormoqda. Nima qil­moq kerak? Kecha-yu kunduz eshik-derazani bekitib o‘tiramizmi? Ammo bu bilan muammo hal bo‘lmaydi-da.

Ha, kalavaning bir uchi o‘zimizning ichimizda. Ichki ta’lim-tarbiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymoq majburiyatidamiz. Bugun bevosita ma’naviyatimizga, madaniyatimizga tahdid soladigan g‘oyalar, qarashlar bo‘hroni adabiy jarayonga ham kirib keldi. Fohishabozlik, o‘g‘irlik, o‘ldirish sahnalaridan iborat jild-jild kitoblarni shunchaki ko‘rib ko‘rmaslikka olib turibmiz. Vaholanki, inson qalbini o‘ldiradigan bu adabiy qurollardan hech kimga foyda yo‘q. Bu adabiy qurollar qalbni yakson qiladi, buzadi. Buzilgan qalb xoindir! Har xatoning boshi va har qanday gunohning manbai buzuq qalbdir! Tashqi dushman bunchalik xatarli emas. Bu g‘animni o‘zimiz boqamiz, o‘zimiz ardoqlaymiz va o‘zimiz unga qurbon bo‘lamiz.

Shunday ekan, bu boradagi mas’uliyatli vazifa, millat oydinlarining, ijodkorlarning zimmasiga tushadi. Zero, haqiqiy ijodkor o‘z davrining vijdonidir.

Suhbatimiz asnosida ayrim achchiq-tiziq gaplar o‘tgan bo‘lsa-da, maqsadimiz zimdan birovlarning tomorqasiga tosh otish emas. Bu, xatolarni tuzatish va o‘zimizni o‘nglashga bo‘lgan kichik bir urinishdir.

Suhbatdosh: Alisher NAZAR

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.