background
logotype

Roberto Rossellini: “Men kinoning tarbiyaviy qudratiga ishonaman” (2008)

Italyan kinosida neorealizm oqimi asoschilaridan, mashhur kinorejissyor Roberto Rossellini nomi kino olamida dovruq qozongan. Roberto Rossellini o‘lmas asarlari bilan jahon kino san’atini boyitish bilan birga o‘ziga xos maktab ham yaratdi. Bu maktabda saboq olgan ajoyib san’atkorlar XX asr jahon kinomatografiyasi tamadduniga munosib hissalarini qo‘shdilar.

Roberto Rossellini (1906-1977) o‘limidan so‘ng uning intervyusi e’lon qilinadi. Buyuk maestroning qimmatli fikrlari bugungi o‘quvchini ham befarq qoldirmasa kerak. (“Film a doba” jurnalidan qisqartirib olindi, Praga).

Neorealizmda yaratilgan dastlabki kinoasar “Rim — ochiq shahar” filmi avval Italiya, so‘ng butun jahon ekranlariga chiqqaniga ham mana o‘ttiz yildan oshdi. O‘sha paytda endigina qirqqa chiqqan Roberto Rossellinini “neorealizm otasi” deb ataydilar. Garchand deyarli yigirma yildirki, Roberto Rossellini o‘zining so‘zlari bilan aytganda, “didaktik filmlar” ishlayotgan bo‘lsa-da, bu ta’rif butun kinematografiya tarixida hamon saqlanib turibdi.

Roberti Rossellinining o‘sha paytda, ya’ni o‘tgan asrning 80-yillarida kutilmaganda qabul qilgan qarori, ayniqsa, uning “Kino — o‘likdir” iborasi hammani esankiratib qo‘yadi, go‘yoki to‘fon ko‘taradi, atrofda bir-biriga zid fikrlar qizishiga sabab bo‘ladi. Bu bilan u nimani nazarda tutdi ekan?

— O‘shanda aytgan gaplarimdan hozir ham tonmayman, — deb javob beradi italyan kino ustasi. — Men hozir mavjud va G‘arbda aynib, buzilgan ko‘rinishdagi kinoga barchaning diqqatini qaratmoqchi edim. Bu haqda statistika ma’lumotlari xabar qiladi, yildan-yilga aholining kinoteatrlarga borishi pasayib ketmoqda. Agar shunday ta’riflash mumkin bo‘lsa, bularning bari tizimning o‘zi, butun G‘arb tsivilizatsiyasi o‘zgarib, buzilayotganiga dalolat bo‘la oladi. Tarixdan ma’lumki, ma’naviy qashshoqlik, ma’naviy tanazzul hamisha tsivilizatsiya halokatiga olib keladi. Bu hol ilgari ulug‘langan, e’zozlangan bari qadriyatlarning toptalishi, tahqirlanishida, haddan tash­qari shahvatparastlikda, individual (yakka) va ijtimoiy zulm-zo‘rlikning kucha­yishida namoyon bo‘ladi. Buning uchun Petroniy, Yuvenalni o‘qish, shunga o‘xshash faktlarni topish, tasdiqlash uchun Rim imperiyasining qulash jarayonini misol qilib keltirish kifoya.

G‘arb mamlakatlarida ham xuddi shunday holatlar kuzatilmayaptimi axir? Ommaviy axborotning hozirgi tizimi, ayniqsa, kino va televidenie tsivilizatsiya tanazzulining shunday ko‘rinishlarini zo‘r berib yoymoqda, hatto aytish mumkinki, eng rasvo usullar bilan bema’nilarcha namo­yish qilmoqda. Men mana shuning uchun ham bu toifa film­larni (aksariyat qismi) o‘lik, deb atadim. Ularni albatta boshqalari bilan almashtirish shart.

— Aftidan, insonning begonalashib, uzoqlashishiga qarshi kurashishga intilmasdan, tomoshabinni voqelikka qaytarishga urinadigan, zudlikda hal qilish talab qilingan muammolarni namoyish qiladigan neorealizm oqimi sizning hafsalangizni pir qilganga o‘xshaydi?

— Ha, neorealizm men uchun, avvalo, voqelikka yangicha ma’naviy-axloqiy munosabatda bo‘lishni anglatardi. Unda albatta eski tartibdan qutulish, narsalarni aslida qanday bo‘lsa, shundayligicha ko‘rsatish zarur edi. Men bu oqimda mantiqan to‘g‘ri borardim: ana shu jihat doimiy tarzda yangi voqea-hodisalarni o‘rganish, ularni tushunishni talab etardi. Urushdan keyingi davrda hammasi ravshan va bir xilda davom etardi — fashizmni fosh etish, uning qoldiqlarini tugatish, garchand turli siyosiy pozitsiyalarda bo‘lsalar-da, jamiyatni isloh qiluvchilar frontini mustahkamlash kerak edi. Endi esa vaziyat butunlay boshqacha tus oldi, kinorejissyor vazifasi ham murakkablashib ketdi.

— Siz bu vazifalarni nimalarda ko‘rasiz?

— Avvalo rejissyor o‘zini allaqanday ilohiy ijodkor deb bilmasdan, shunchaki yaxshi kino xodimi, o‘z ishining ustasi bo‘lishi kerak. Bizning jamiyatimizda ijodkor shaxs hamma narsa mumkin bo‘lgan idolga (bu o‘rinda til tekkizib bo‘lmaydigan but) aylanib qolgan. Ana shu ijodkor shaxs ommaga, xalqqa xizmat qilishi kerakligi unutilayozdi. Axir, biz bugun ijodkor deb atagan kishilarimiz qachonlardir o‘z kasblarining mohir ustalari, faqat hunarmand bo‘lganlar, xolos. Hatto Mikelanjelloning o‘zi ham men insoniyatga tangri irodasi bilan biror belgi qoldiraman, deb o‘ylamagan, o‘z kasbini yaxshigina egallaganligi unga kifoya qilgan. Garchand bunday hodisa ma’lum darajada so‘nib borayotgan bo‘lsa-da, bugunga kelib, bunga qarama-qarshi ravishda, ijodkorga hamma narsa mumkin, degan fikrlar hukmronlik qilmoqda. Masalan, iste’dodsiz ijodkorlar shunchalikka borib yetdilarki, bir parcha matoga sigara cho‘g‘ini o‘chirib, shuni ham san’at asari deb e’lon qilmoqda.

Misol tariqasida bir qiziq voqeani keltiray. Rizadagi mashhur Kampo-Santo ibodatxonasida XII-XIV asrlarga tegishli qadimiy freska (surat)lar bor. Bizning nazarimizda perspektiva (bu o‘rinda ko‘rinib turgan manzarani to‘g‘ri, boricha tasvirlash san’ati), anatomiya va boshqa qonunlar kashf etilguniga qadar yaratilgan bu suratlar yassi, sodda ko‘rinadi. Kunlardan bir kun bu suratlarga shikast yetadi. Ta’mirchilar ana shu suratlar ostida dastlabki xomaki qolipni ko‘rib, og‘zilari ochilib qoladi — chunki bu xomaki chizgilar muallif o‘sha davrlarda ham anatomiya va perspektivani yaxshi bilganligidan dalolat beruvchi favqulodda mukammal asarlar edi. Muallif buni bila turib, ulardan voz kechgan! Nega? Chunki rassom freskalarni soddalashtirish, o‘zi yaratgan timsollarni imkon qadar zamondoshlari tushunchalariga yaqinlashtirish maqsadida shunday qilgan. Bu ko‘nglidagi tuyg‘ularni insonlarga aniq-ravshan yetkazish uchun panaga chekingan san’atkorning ijtimoiy ongiga yaxshigina misol bo‘la oladi, deb o‘ylayman.

— Aniqlik, ommaboplik tamoyili sizning “didaktik film”ingiz kontsep­tsiyasi asosini tashkil etadi. Siz bu fikrga qanday keldingiz?

— Ehtimol, bu gap ajablanarli bo‘lib tuyular. Men Yan Amos Komenskiy (XVII asrda yashab o‘tgan chex pedagogi) asarlarini o‘qib-o‘rganarkanman, 50-yillar oxirida o‘z ishim haqida o‘ylay boshladim. G‘arbiy Yevropada Komenskiy haqida faqat pedagoglar bilishardi, xolos. Shunday qilib, men bu odam to‘g‘risida iloji boricha ko‘proq narsalarni bilmoqchi bo‘ldim. Chunki men tabiatan haddan tashqari qiziquvchanman. Men uning barcha traktat (ilmiy asar)larini o‘qib chiqib, shunday xulosaga keldim. Komenskiy o‘sha davr pedagogik tizimini ortiqcha so‘z ishlatilgani uchun tanqid qilgan. U o‘qitishning ko‘rgazmali tartibini yoqlab chiqqan, ana shu o‘quv tizimi chinakam har tomonlama bilimli va teran inson shaxsini tar­biya­lab, yetishtirishini ta’kidlagan. O‘shanda men o‘zimizdagi ifoda qurolidan yetarlicha foydalana olmasligimizni, hali-hamon so‘zlarga asir ekanligimizni, obrazlardan bezak uchun foydalanishimizni anglab yetdim. Odatda, bunday obrazlar aldamchi bo‘ladi, ular mutlaqo ko‘rsatilayotgan faktlar mohiyatini aks ettirmaydi. Men shunda o‘z oldimga Komenskiy tamoyillarini amalda qo‘llashni, tomoshabinga imkon qadar muayyan mavzuga oid yanada to‘liq ma’lumotlar keltirish bilan birga yaqqol misol va dalillarni taklif etishni ham maqsad qilib qo‘ydim.

— Bu mavzularning hammasi tarixiy “Lyudovik XIV ning taxtga o‘tirishi” deb nomlangan filmingiz “qirol-quyosh” davrini yodga soladi. “Suqrot”, “Blez Paskal”, “Dekart” filmlarida faylasuflar hayoti tasvirlanadi. Bundan kelib chiqadiki, bu mavzular badiiy janrdan ko‘ra hujjatli janrga yaqinroq, shundaymi?

— Garchi mening filmlarim asl hujjatli asar ta’siri kuchiga ega ekanligini inkor etmasam-da, ular aslo “hujjatli” deb atalishi mumkin emas. Boshqa tomondan, bu filmlar o‘zida kino yoki televideniega xos tarixiy materialni drama shaklicha keltirishni o‘z ichiga olmaydi. Qandayligidan qat’i nazar, men to‘qimadan qochaman, faqat tarixning o‘zidan olingan faktlarnigina o‘rtaga tashlayman. Albatta, men tomoshabinga iloji boricha ma’lum izchillikda, katta hajmdagi axborotni havola etaman. Avvalo men tomoshabinga ishonaman va bunga suyanaman: odamlar bir-birlaridan bilimlari darajasi bilangina farq qiladilar. Men tomoshabinni muayyan tarixiy shaxslar va ular yashab o‘tgan davrlari bilan tanishtirgan holda uning aqliy salohiyatini ko‘tarishga harakat qilaman. Tomoshabin oldindan bilgan narsaga chuqurroq kirib borishga ko‘maklashaman. Men butun vujudim bilan kinoning buyuk tarbiyaviy qudratiga ishonaman.

— Tomoshabinlar filmlaringizni qanday qabul qiladi?

— Men sarflagan sa’y-harakatlarim, mehnatimga teng keladigan javob olyapman, deya olmayman. Filmlarimni tarqatishni zimmalariga olgan qator tashkilotlardan tashqari, men davlat tomonidan ham, madaniyat muassasalari tomonidan ham yordam olganimcha yo‘q. Hozircha kinoprokatning ko‘ngilochar turdagi filmlarga intilishini yengib o‘tish juda qiyin kechyapti. Lekin men boshlagan ishim bir kun kelib samara berishiga aminman. O‘z kontseptsiya va uslublarimni ishlab chiqishim uchun o‘n besh yil ketdi. Qilgan ishimning insoniyatga nafi tegadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Bu ish madaniyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shadimi, u odamlarga xizmat qiladimi, mana shu — muhimi.

Ма’suma Ahmedova tayyorladi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.