background
logotype

Shukrullo: “Olimdan chiqqan qassoblar xavfli” (1989)

«Davrning beomon to‘foni ne-ne siymolar holini zabun etgani, hayot shamini so‘ndirgani sir emas. Nainki ular juvonmarg bo‘ldi, balki tabarruk nomlari badnom etildi, madaniyatimiz tarixi sahifalaridan, garchi muayyan vaqtga bo‘lsa-da, o‘chirib tashlandi. Ular nainki «xalq dushmani»ga chiqarildi, balki oilasi, zuryodlari, qavmu qarindoshi ham yaqin-yaqingacha yomonotliq bo‘lib, eldan chiqib qolishdi. Inson bolasi nasl-nasabiga qo‘shib bunchalar oyoqosti qilinishi o‘tmishning eng qaro kunlarida ham kamdan-kam uchraydi, — adabiyotimizning oqsoqollaridan biri Shukrullo shunday deydi. Ajoyib she’r va dramalari, «Javohirlar sandig‘i» kabi nasriy asarlari bilan ittifoq kitobxonlari mehrini qozongan bu taniqli shoir 1951 yili qatag‘on qilingan, yigirma besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan, mahbuslik jafosini chekkan. Ehtimol, bu fakt ko‘pchilik jurnalxonlarga ma’lum emasdir. — Shundan beri ham salkam qirq yilcha vaqt o‘tdi, — deydi Shukrullo, — lekin o‘sha kunlar sitami zardob yanglig‘ hamon yuraklarda silqib turibdi».

Shoir bilan suhbat shu haqda.

G‘affor Hotamov: — Shaharga mudhish sokinlik cho‘kkan. Yarim kecha. Banogoh darvoza taqiltadi. «Kim ekan? Bemahalda?!» Bezovta qo‘zg‘aldingiz. Egningizga choponni ilib, zimiston yo‘lakka chiqdingiz. Darvoza oldida ikki ko‘lanka sizni kutib turar edi. «Shukrullo Yusupov?..» «Ha». «Siz qamoqqa olindingiz!» Ular qo‘lingizga kishan solishdi?..

Shukrullo: — Yo‘q, bir oz boshqacha bo‘lgan: ellik birinchi yilning yanvari, nashriyotda muharrirman, yetti yot bir kishi ishxonaga sim qoqib meni darakladi. Muxlisim emishmi-ey, ko‘rishgisi, bir suhbatlashgisi keliptimi. Xullas, shunaqa. Ish vaqti tugab borayotgan edi, shuning uchun ham uzrimni aytdim, zudlik bilan topshirish lozim bo‘lgan korrektura bor, bandman, dedim. Yo‘q, gapimga so‘nmadi u, shu atrofdaman, xo‘p desangiz atigi bir daqiqa vaqtingizni olaman, xolos, dedi, dedi-yu, aftidan, telefon qo‘ndog‘ini ilib qo‘ydi. Ko‘z yumib-ochguncha bo‘lmay bir hamkasbim eshikni ochdi-da, dedi: — yo‘lakda sizni bir kishi kutib turibdi, ikki og‘iz gapim bor, deyapti.

Chiqdim. Chindan ham kutib turgan ekan, aytdiki, harbiy komissariatdanman, biletingizni ko‘rishim kerak...

Rosti, hayron bo‘ldim. Vatan urushi yillari emaski, kelsa, tekshirsa, xudoga shukr, tinchlik zamoni.

— Bilet?.. Uyda edi-ku?

— Yuring unda!

Pastga tushdik. Ko‘chada mashina kutib turgan ekan, chiqdik, barvasta o‘ris yigit, komissariat vakili — uchalamiz uyga keldik. Qo‘limga kishanni yo‘lda solishdimi yoki uydami — aniq esimda qolmagan. Xonalarning tit-pitini chiqarib tintuv qilishdi, mendan so‘rashgani — taqiqlangan siyosiy adabiyotlar bormi, bor bo‘lsa, qaerga yashirilgan — shu, xolos. Yodimda, hatto gazeta parchalarini ham nazardan qochirmay, ehtimol, qandaydir «xalq dushmanligi»ni qidirishar edi.

O‘g‘lim to‘rt yashar edi o‘shanda, tabiiyki, hech vaqoga aqli yetmas, shuning uchun ham u notanish amakilarning oyog‘i ostida o‘ralashib yurar edi. Shohidlikka chaqirilgan qo‘shni ayol kelib uni qo‘liga oldi, so‘ng to‘zg‘ib yotgan xonaga alangladi va biz — baxtiqarolar qanday kunlarga qolganligimizni anglab yetdi shekilli, o‘g‘limni bag‘riga bosgancha sho‘rlik uvlab yig‘lab yubordi...

Men o‘sha kunlar yodi bilan yashashni istamayman, xotira yozib nom chiqarishni ham. Rost, so‘nggi paytlarda: «Siz nega qamalgansiz?» «Necha yil turmada yotgansiz?» deb so‘rovchining sanog‘i yo‘q. Ehtimol, bu mudhish ko‘rgulik, ayanchli taassurotlarni eshitish bo‘lakchadir, lekin men uchun yorug‘ kunlar kelishiga umid qilib, har qanday sitam va musibatga, azob va uqubatga chidagan, har qadamda ajal bilan yuzma-yuz kelgan, mahkumlikning, xo‘rlikning jamiki dahshatlarini boshidan kechirgan kishiuchun o‘sha kunlarni eslash, endigina xayolingdan ko‘tarilgan ayanchli xotiralarga berilish nihoyatda og‘ir va ko‘ngilsiz. Shuning uchun ham qamoq balosidan qutulib, eson-omon o‘z uyim — o‘lan to‘shagimga kelgach, xoh ishoning, xoh ishonmang, u yoqdagi hayotni yodga solishi mumkin bo‘lgan hamma narsani, hatto Norilskiy lagerida birga sitam tortgan, ozodlikka chiqqach, hol so‘rab maktub bitgan moskvalik A.            Viktorning xatlarini ham yoqib yubordim. Zero, bizda ishonch yo‘qolgan, yaqin-yaqinlargacha ko‘ngildan shubha arimagan edi. Tasavvur qiling: ikki kishibir xonada oylab, yillab shishib yotsa-da, suhbatlashish tugul hatto bir-biriga imo-ishora qilmasa! Axir shunday bo‘lgan-ku! «Manavi ikki xalq dushmanining avvaldan yaqinligi bor ekan», degan ayb bilan yana o‘n yil qo‘shib berishlarini kim ham istardi, deysiz.

«Qamoqxonada qorovul mahbusdan so‘radi:

— Nega qamalgansiz?

— Hech narsaga.

— Aldayapsan, yaramas! Hech narsa uchun o‘n yil berishadi, senga o‘n besh yil berishgan-ku!»

Axir, bu latifalar bejiz to‘qilmagan-ku!

G‘. H.: — Xalqimizda shunday gap bor: ketgan ketdi, qolganga qiyin. Qatag‘on qilinganlar kulfatidan farzandlari ko‘rguligi kam bo‘lmagan.

«1937 yil otam — Moskvadagi Qizil professura instituti tinglovchisi... repressiya qilindi. Bizning oila ovulga ko‘chib o‘tdi va men uchun borki mushkullik, mashaqqatli hayot boshlandi.

O‘sha og‘ir yillarda ammam Qoraqiz opa bizning jonimizga ora kirdi...

Ahvol juda og‘ir edi...

Bir kuni ukam Ilgiz bilan, — hozir u yirik olim, Qirg‘iziston SSR Fanlar akademiyasi Fizika va kon ishlari mexanikasi instituti direktori, — o‘tin terib yursak, bir otliq kishi otining boshini biz tomonga burdi. O‘zi ham jiyron otda deng, juda ozoda kiyingan.

— Hoy, kimning bolasisizlar? — deb so‘radi.

Qoraqiz opamiz, shunday paytda hech ikkilanmay boshingni egmay, so‘rovchining yuziga tik qara otangning kimligini ayt der, qayta-qayta uqtirar edi. Otamiz haqida nima gaplarni yozishmagan, aka-uka ikkalamiz bundan g‘azablansak, Qoraqiz opa bizni ovutar edi. Omi ayol shular ig‘vo ekanligini, aslida unday bo‘lishi aslo mumkin emasligini qanday anglagan, hayronman... O‘sha kezlar razvedkachi chekistlar haqida ko‘p kitob o‘qir, ich-ichimdan esa, qani endi otam Sovet hukumati oldida begunoh ekanligini isbot etsam deb orzu qilardim.

Shunday qilib, qayrilib kelgan otliq bizda asli-naslimizni surishtirdi. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, boshimni ko‘tardim va uning ko‘zlariga tik qaragancha otamning ismini aytdim...» (Chingiz Aytmatov).

Sh: — «Xalq dushmani» sifatida ayblangan kishilarning bola-chaqasiga ham oson bo‘lmagan. Bu bevosita davr va jaholat bilan izohlanadi. Odamlar soyasidan ham qo‘rqib qolishgan edi-da. Qolaversa, «xalq dushmani» degan ayb yurakda hazilakam vahm qo‘zg‘amaydi. Lekin... «O‘zbeklar ishi» degan tavqi la’nat ham qo‘rqqulik edi, albatta. Respublika Kompartiyasi Markaziy Komitetining XV plenumidan keyin shu «yorliq» bo‘yicha ozmuncha odam qamalmadi. Ular orasida, shubhasiz, aybdorlar bor edi, ayni paytda begunohlar ham yo‘q emasdi.

Eng muhimi, adiblar xalqning sha’nini himoya qila olishdi. Kishilar ham hibsga olinganlarning barchasi birdek jinoyatchi ekanligiga ishonishgan yo‘q. Sir emas, bugungi kunga kelib, jinoyatchi hisoblanganlarning besh yuzdan ziyodi ozod qilindi, nohaq hibsga olinganligi rasman e’tirof etildi. Inson o‘z haq-huquqini tanimas ekan, jaholatda aslo qutula olmaydi.

O‘ttizinchi, elliginchi yillarda qatag‘on qilinganlar va ularning bola-chaqasi kuni kechaga dovur ro‘shnolik ko‘rmagan, tabiiyki, bu ishda qatli om qilganlarning, sho‘rliklarga adolatsiz ayb qo‘yganlarning «xizmati» beqiyosdir!

G‘. H.: — Shukrullo aka, mana, siz Habibulla Qodiriy qalamiga mansub bo‘lmish «Qodiriyning so‘nggi kunlari»ni ham o‘qib chiqdingiz. Qatli om jafolari haqida hikoya qiluvchi ilk salmoqli asar bu. O‘sha davrni ko‘rgan, o‘sha jafolarni boshidan kechirgan siz kabi jabrdiyda shoir qalbida u tizginsiz g‘alayon qo‘zg‘ashi tabiiy.

Sh.: —Albatta-da. Bu jafolarni so‘z bilan ifodalash qiyin. O‘sha yillar kulfatini aniqroq tasavvur etish uchun ijodiy uyushmamizning bir yig‘iniga borish, bahsu muloqotlar so‘ngida zalda yolg‘iz qolish kifoya. Xayol qilingki, boya dilbar she’ri, darddosh so‘zi bilan dillarni o‘rtagan shoirlar yo‘q, nosirlar yo‘q endi, faraz qilingki, ular hibsga olingan, o‘lik-tirigi noma’lum! Axir, shunday bo‘lgan-ku! O‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganmiz-ku shuni! Usmon Nosir hibsga olinganida endigina yigirma besh yoshga to‘lgan edi! Cho‘lpon va Qodiriylar esa qirchillama qirq yoshida...

Abdulla yo Omonsiz, Rauf yo Solihsiz, Usmon yo Yo‘ldoshsiz, Shavkat yo Azimsiz, bugungi navqiron nosir va shoirlarsiz ijodiy uyushmamizni, nainki uyushma, balki adabiy muhitni bir tasavvur qiling! Xudo ko‘rsatmasin, shu kunlarda ulardan ajralib qolishni ko‘z oldingizga bir keltiring! Dilingizda qanday g‘alayon, qanday nafrat qo‘zg‘alar ekan! Dahshat emasmi bu? Dahshat! Nuqul bilib-bilmay «dahshat!» deymiz biz, ammo o‘sha judolikni tasavvur qilish boshqa, ko‘rish boshqa! Shu ma’noda Habibulla meros qoldirgan xotira qissa jon qadar azizki, kishini u hushyorlikka, olamga sergak nazar solishga undaydi, bir-birimizga mehribon, imoni but va diyonatli bo‘lishga, hatto boshga qilich kelganida ham rost so‘zlashga bizni da’vat etadi.

G‘. H.: — Asarni nashrga tayyorlashdan avval, tabiiy ravishda qo‘lyozma taqdiriga turlicha qarashlar bo‘ldi. Xalqimizning azaliy taomillaridan kelib chiqib, adabiyot tarixidan, binobarin, shuurimizdan joy olgan shaxslarning sharoit nobopligi tufayli qilgan nomaqbul ishlarni ochish ularning aziz nomlariga soya solmasmikin, degan istiholaga ham bordik. Albatta, murakkab davrlarda har qanday shaxs umri silliqqina kecha qolmagan. Jurnalda chop etilgan ushbu asar va munosabat o‘sha shaxslar ustidan chiqarilgan hukm emas, balki o‘sha davr yuzasidan hukm deb qaralsa to‘g‘ri bo‘lar edi. Qolaversa, qissa muallifi Habibulla Qodiriy ham olamdan o‘tdi. Endilikda uning qarashlari marhumning marhumlar haqidagi fikriga aylandi; qissada nomi tilga olingan biz bilan hamnafas adib va shoirlar masalasiga kelsak, ular adolatning yuzaga chiqishiga monelik qilmaydilar, degan umiddamiz. Zero, adabiyotimiz oqsoqoli Komil Yashin aytgani kabi, o‘ttizinchi yillardan tortib, to elliginchi yillarning boshlarigacha bo‘lgan davrda bekorga aziyat chekkan, eng aziz umrlarini boy bergan ajoyib yozuvchilarimiz, olimlarimiz va san’atkorlarimiz haqidagi bor gaplarni bilish, jon saqlash maqsadida ularga bo‘htonlar yog‘dirgan, tuhmatlar uyushtirgan, familiyalarini yashirib, laqab ostida ish ko‘rgan, Sjov, Apresyan, Leonov, Og‘abekov degan qonxo‘rlarga in ixlos bilan xizmat qilgan, ta’qibga uchraganarning hisobiga yashaganlar kimlar ekanini hamma, ayniqsa, yosh avlod bilib qo‘ysin!

Sh.: — Boshqalar qanday tushunsa tushunar, lekin len Yashin akaning aytgan gaplariga yuz foiz qo‘shilaman. Habibulla Qodiriy shuncha yil yuragida saqlagan va o‘limidan oldin aytgan oxirgi So‘zning tarbiyaviy ahamiyati mana shunda. Men o‘ylaymanki, muallifning niyati ham kimningdir aybini ochish yoki uni sharmisor qilish emas, balki otalar yo‘l qo‘ygan xatodan kelajak nasllarni ogoh etish, shunday toyishlardan ularni saqlash umididir. Gapning o‘roli kelsa otangni ham ayama, deyishadi. Qarang, qatli om qilishda bemisl «ko‘rsatkich»ga erishgan va behisob lagerlarga ega mamlakat sifaida SSSR Ginnesning rekordlar kitobida qayd etilgan ekan. Bu — noxush, albatta. Biroq yuz minglab ziyolilarning hasad yo g‘araz tufayli o‘sha yerlarda yostig‘i quriganligi ma’lum-ku! Bu — insoniyat tarixidagi eng mudhish va kechirib bo‘lmas fojia-ku! Biz shu haqda so‘z yuritilsa, nuqul aybni jamiyatga to‘nkaymiz. Lekin halol odamlarga nohaq ayb qo‘ygan, birovning umriga zomin bo‘lgan kishilarning barchasi ham, afsus-nadomatlar bo‘lsinki, ayblarini mardona tan olishayotgani yo‘q!

Ayon bo‘lishicha, dilbar shoir Usmon Nosirga ayb qo‘yganlardan biri Uyg‘un ekan. Yaqinda undan so‘rashibdi: «Siz ham o‘shanda ayblovchilardan biri bo‘lgan ekansiz, bu hol qanday yuz bergan? Hozirgi fikringiz qanday?» Shunda Uyg‘un qanday javob beribdi deng: «Usmon Nosir dushman sifatida otilishi haqidagi ayblovga qo‘l qo‘y desalar, qo‘l qo‘yishga hozir ham tayyorman!» — Nodira Rashidova «Adolat» komissiyasi yig‘ilishida shu gapni aytsa, men yoqa ushlabman.

Zamona xatoliklarida mana shunday kishilarning hissasi bor ekan, demak, undan o‘zgalar voqif bo‘lishi, haqiqatni bilishlari adolatdan-ku!

Yana ikki og‘iz — «Qodiriyning so‘nggi kunlari» haqida: tarixiy hujjatli asar bu. Inqilobdan to bugungacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga qamrab olgan. Tili shirali va ravon, urf-odat, taomillar tasviri, sharoit va odamlar, munosabatlar — hamma-hammasi shu qadar dard va mahorat bilan ifoda etilganki, rosti, men hayratdan lol qoldim. Musibatli yillar sitami haqida men ham «Tundagi quyosh» deb atalmish nasriy asar yozayotgan edim, qarasam, Habibulla Qodiriy men qog‘ozga to‘kkan dardlarni juda qoyil qilib bitib ketgan ekan. Xotira qissa tarbiyaviy xususiyati bilangina emas, balqi qora kunlar haqida aytilgan rost SO‘Z sifatida ham biz uchun qadrlidir.

Habibullaning kechinmalariga e’tibor qiling-a, axir, duch kelgan har qanday farzand ham otasi qismatiga bunchalar kuyib, o‘zini fido etavermaydi-ku! Sharqona, go‘zal xislat...

Asarning tahsinga sazovor yana bir jihati — Abdulla Qodiriy nechog‘lik nozikta’b, ulug‘ adib ekanligi bizga ayon edi, u bitgan har bir asar — xoh hikoyalari, xoh «Mehrobdan chayon» yo «O‘tgan kunlar» bo‘lsin, faqat shu haqda so‘zlar, bu mumtoz obidalar tengsiz jozibasi bilan kishini hayratga solardi, lekin ularni yaratgan zot aslida qanday shaxs bo‘lgan, bu bizga qorong‘i edi. Xotira qissani o‘qir ekansiz, solih va kamtarin, kengfe’l va to‘g‘rigo‘y, olijanob inson ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Va bundan buyon ham dilbar fazilatlari bilan u bizga ibrat bo‘lib qolishiga ishonasan kishi. Shunda Yusufbek hojiyu Otabek, Kumushbibilarni ham elga suyumli etgan munavvar tuyg‘ular, dilbar xislatlar bo‘lak bir xilqatdan emas, balki Qodiriyning o‘zidan, yuragidan ko‘chganligiga beixtiyor iqror bo‘lasan.

«Qodiriyning so‘nggi kunlari» sovet voqeligi fojialarini dalillar asosida tavsiflagan asar. Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin bo‘lsa ham chiqar ekan-da! Mana, buning yorqin misoli.

Habibullaning ushbu qissasi Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiy faoliyatini izchil tadqiq etishda bebaho manba bo‘lib qolishi shubhasiz.

Mening tilagim shuki, Abdulla Qodiriy, shuningdek, o‘sha qatli om yillari juvonmarg bo‘lgan Cho‘lpon, Fitrat, So‘fizoda, Usmon Nosir kabi o‘nlab siymolarni ko‘rgan-bilgan kishilar ular haqida guvohlik bersalar, o‘zlarining xolis munosabatlariny bildirsalar, faol yodnomalar bitsalar savob bo‘lur edi.

G‘.H.: — Shukrullo aka, akademik shoirimiz G‘afur G‘ulomni siz ustoz sanaysiz. Xotira qissani o‘qigach, tabiiyki, she’rxonlarning mo‘‘tabar shoirimiz shaxsiga (ijodiga emas, albatta!) nisbatan munosabatlari bir qadar o‘zgaradi. «Javohirlar sandig‘i»da G‘afur G‘ulomni yod etib, ehtirom ila bitgan so‘zlaringiz, demoqchimanki, shoir haqidagi fikrlaringiz isloh qilinadimi yoki?..

Sh.: — Bu g‘oyat noxush, ko‘ngilsiz savol. Qissada anchayin gap aytilmagan, unda qayd etilgan hujjatlar — ular faqat G‘afur G‘ulomning o‘zigagina tegishli emas, albatta! — imoni but har qanday odamni ham og‘ir o‘yga toldirishi muqarrardir.

Oshkoralik sharofati tufayli avval ko‘pchilikdan pinhon tutilgan, vaqtida «qaytib ochilmaydi» deb o‘ylangan hujjatlar endi elu yurt hukmiga havola etilayotgan ekan, bu — yaxshi. Oqni oq, qorani qora deyishga imkon tug‘diradi.

Abdulla Qodiriydek adibga nisbatan G‘afur G‘ulomdek shoirning shunaqa munosabatda bo‘lishi kimning xayoliga kelipti deysiz!

G‘. H.: — 1951 yilning sentyabrida ijodiy tashkilotning kengaytirilgan majlisida ardoqli shoir Maqsud Shayxzoda va boshqa qator «xalq dushmanlari»ning taqdiri masalasi ko‘rib chiqilgan. O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining ikkinchi bo‘lim, 66-moddasi bo‘yicha Shayxzoda ishi yuzasidan 1143-sonli tergov ishi olib borilgan, oradan bir yil o‘tgach, roppa-rosa 21 sentyabrda u hibsga olingan. Shoirga qo‘yilgan ayblardan biri — Qodiriy, Cho‘lpon, Usmon Nosirlar bilan yaqin bo‘lganligi. Shuningdek, Tuyg‘un 1938 yili Cho‘lponni millatchi sifatida ayblab chiqish qilgach, Shayxzoda uni «o‘z xalqining dushmani» degan (Tuyg‘un shunday guvohlik beradi). Ayupov, Mirhojievlarning kafolaticha, Shayxzoda «millatchilarning rahnamolari qamoqqa olinishiga bo‘lgan nadomatlarini izhor etgan, xalq dushmanlari — Akmal Ikromov va Fayzulla Xo‘jaev go‘yo o‘zbek xalqining buyuk arboblari ekanligini isbot etishga uringan». Shu va shu singari ayblar asosida Maqsud Shayxzoda yigirma besh yillik muddat bilan qattiq rejimdagi qamoq jazosiga... hukm etilgan.

Maqsud Shayxzoda o‘zbek ma’rifati istiqbolini bu qadar jonfidolik bilan himoya qilgan ekan, nahotki uni, uning ortidagi adolatni yoqlaguvchi biron bir kishi topilmasa? Butun boshli uyushma nahotki bir a’zosini kafolatga ololmasa? Uyushmaga o‘sha kezlar kim rahbar bo‘lgan o‘zi?

Sh.: — 1951 yilning yanvar oyida meni hibsga olishdi, Maqsud Shayxzodani esa picha keyinroq. Shuning uchun ham u kishi haqida Yozuvchilar uyushmasida nima gaplar bo‘lgan, muhokama chog‘i unga qanday ayblar qo‘yishgan — menga qorong‘i bu. Eshitishimcha, shoirning ozodlikdan mahrum bo‘lishi o‘sha yilning kuziga, aniqrog‘i, sentyabr oyiga to‘g‘ri kelgan. Ayni shu paytda ijodiy uyushmaga kim rahbarlik qilgan, bu ham menga noayon.

Yozuvchiyu shoirlarni bo‘hton va ayblardan muhofaza qilish masalasiga kelsak, to‘g‘ri, birinchi navbatda adiblarning o‘zlari, shuningdek, uyushma, qolaversa, jamiyat, huquq organlari bu ish bilan mashg‘ul bo‘lishlari kerak edi. Butun fojia shundaki, qama-qamani ijodkorlar emas, o‘sha davrda qaror topgan siyosat va nomaqbul shu usulni o‘ylab topgan hukumat arboblari boshlab berishgan edi. Bu ayanchli jarayon butun mamlakat bo‘ylab kechgan, barcha sohaning iste’dodlari, ishbilarmonlari, haqso‘z kishilari bu zug‘umdan chetda qolmagan. Bu bilan men: «Kimdir nohaq jabr chekkan bo‘lsa, buning uchun omon qolgan hamkasblari, uyushma rahbarlari javob bermaydi, ular aybsizdir», demoqchi emasman. Lekin barchani birday ayblash ham insofdan bo‘lmasa kerak. Gap shundaki, Qodiriyni ham, Shayxzodani ham begunohligini aytgan, himoya qilishga uringanlar bo‘lgan, afsuski, «yo‘q, ular bizga yot, dushman!» deganlarning qo‘li ustun kelgan. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor: birov «zamonning bo‘lgan-turgani shu-ku, rost gapni aytding nimayu aytmading — nima? Bari bir, hukumat bilganidan qolmaydi», deya tushkunlikka tushib, o‘zini chetga olgan, boshqa birovlar jonining huzurini o‘ylab, oshkora tuhmatga yuz burgan, munofiqlik qilgan. Ikkinchi holatda shubhasiz, qora hasad, shaxsiy g‘araz va adovat, amalga intilish kabi illatlar asosiy omil bo‘lgan. Qo‘rqib, vijdoniga, do‘stlariga xiyonat qilganlar ham yo‘q emas.

Qabih guvohlar orasida «iste’dodlar qatag‘on qilinsa, ro‘yobga chiqamiz» degan ilinjdagi o‘rtamiyonalar ham, «maqtovni butunisicha oladigan bo‘ldikda» degan o‘ydagi talantli shuhratparastlar ham bo‘lgan. Tadbirkor hasadgo‘y nihoyatda xatarli. Asli qassob jallodga nisbatan olimdan chiqqani xavfli, oddiy odam bilib-bilmay jinoyatga qo‘l ursa, aqlli kishi munofiqlik qilishi, balandparvoz gaplar aytib o‘zgalarni chalg‘itishi muqarrar. Ishbilarmon, yovuzligi pinhon ichiqoradan zinhor va zinhor xiyonatkor chiqmasin, bundaylar iste’dodning, elning, jamiyatning sho‘ridir!..

Ko‘ngilsiz u kunlarni eslash nihoyatda ortiqcha tashvish. Ammo eslashning zarurati shundaki, kishilarni ma’naviy poklikka o‘rgatmasdan, jamiyatda adolat o‘rnatib, nohaq jabrlanishlardan qutqarib bo‘lmaydi.

IZOH: «Shoir va dramaturg Uyg‘un tashkilotchi va jamoat arbobi hamdir. U 1951—1954 yillarda O‘zbekiston SSR Yozuvchilar soyuzining raisi vazifasida ishladi. Bir necha bor O‘zbekiston SSR Oliy Sovetiga deputat qilib saylandi» (“O‘zbek sovet adabiyoti” darsligi, 1983 y).

G‘. H.: — Shukrullo aka, 1937 yil 16 aprelda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Sovet Yozuvchilar uyushmasining majlisida, Cho‘lpon jumladan shunday deydi: «... «Hamlet» Londonda ham dovrug‘ bo‘ldi, lekin biror joyda tarjimoni eslatilmadi. «Ona»ning tarjimasida esa tarjimon ismini texnik redaktorlar qatorida qo‘yishdi. «Hamlet» O‘zbekistonda ham, Moskvada ham muvaffaqiyat topayotgan bir paytda o‘rtoq To‘raqulovning maqolasi chiqdi.

Men ruscha nasriy tarjimadan ag‘dargan bo‘lsam, u Lozinskiy tarjimasini olib meni so‘kdi... Hech bir sovet matbuotida ishlatilmay turg‘on terminlar bilan so‘kadi. Menga gazetada himoya uchun yetarli imkon berishmadi. Faqat qisqagina xatimni berib, javob yozishga ham yo‘l qo‘yishmadi...»

Cho‘lponning ta’na-malomati Mirtemir domlaning hikoyasini eslatdi menga. 1978 yil bo‘lsa kerak. Yozning ilk kunlari. Erta-indin pushkinxonlik boshlanadi, degan kezlar. Bilasiz, bu shoir she’riyatidan o‘girilgan dilbar namunalar Mirtemirning qalamiga mansub. U kishi bilan «Toshkent oqshomi» uchun suhbat hozirlash niyatida huzuriga bordim. Oqsoqol savol-javoblar so‘ngida horidi shekilli, «yuring» dedi-da, hovliga chiqdi, kechmishidan, qamoq jafolaridan va, nihoyat, qaysidir rayon o‘t o‘chiruvchilari nishoniga sazovor bo‘lganidan so‘z ochdi, gap aylanib kelib Cho‘lponga, uning Shekspirdan qilgan tarjimalariga taqaldi. «Bir oqshom Falonchi Pismadonchi shundoq uyga kirib keldilar, andak kayflari ham bor edi, qo‘llarida qandaydir qo‘lyozma desangiz. «Mana shuni ustidan bir ko‘rib, forsiy, arabiy so‘zlardan tozalasangiz!» — menga yumush aytdilar. U kishining o‘tinchini ixlos bilan o‘tar edim, shu bois rozilik bildirdim, ketdilar, qo‘lyozmani qo‘limga oldim, ne ko‘z bilan ko‘rayki, Cho‘lponning Shekspirdan tarjimasi. Yuragim bir uvishdi. Qalam tegizishga sira haddim bo‘lmadi, yo‘liga — qayta boshdan ko‘chirib chiqdim. Uch-to‘rt kunni o‘tkazib u kishi yana tashrif buyurdilar, andak shirakayf edilar. «Xo‘sh?» dedilar, yumush o‘talganini aytdim va qo‘lyozmani olib chiqdim.

Oradan ko‘p o‘tmay shu tarjima u kishining nomi ostida yorug‘lik ko‘rdi. Ajabki, undagi na forsiy, na arabiy so‘zlar xususida biron kimsa bir so‘z degani yo‘q. Holbuki, Cho‘lpon shu so‘zlarni ishlatgani uchun tayoq ostida qolgan, xalq dushmaniga chiqib, repressiya qilingan edi...»

Cho‘lpon yuqorida bir necha asarlarni ag‘darganini aytgan. Ularni chop etish, Cho‘lponning va xalqning mulkiga aylantirish mavridi keldi deb o‘ylayman. Ha, darvoqe, «sayyor» tarjimalar haqida davralardan davralarga gap ko‘chib yuradi. Ko‘pni ko‘rgan oqsoqol sifatida bu masalaga siz qanday qaraysiz?

Sh.: — Har qanday ijodkor ham birovning tarjimasi va yoki asarini dabdurustdan o‘zlashtirishga jur’at eta olmaydi. Qamalib ketgan hamkasbining asarini, boringki, tarjimasini «endi u qaytib kelmaydi!» degan xayolda o‘ziniki qilish, ismu sharifini qo‘yib (yoki shunga rozi bo‘lib) chop ettirish qaroqchilikdan battar. Jinoyat bu, jinoyat! Men shunday deb hisoblayman...

G‘. H.: — Shukrullo aka, nechundir siz hatto o‘sha kezlar — azob-uqubatlar, jabru jafolar so‘ngida ham yuragingizni o‘rtab yotgan dardu ohni ro‘yi rost qog‘ozga to‘kmagansiz, aksincha:

Munchalar orombaxsh Sibirning tongi!
Go‘zallikka to‘la, ohangga to‘la, —

deb yozgansiz «Sibir tongi»da. «Rossiya»da esa shunday satrlar bor:

Men yotgan uy go‘zal Sibirning
Bir chekkasi, uzoq bir qismi...

Men o‘sha kezlar chiqqan she’rlaringizni, ellik sakkizinchi yilgi «Tanlangan asarlar»ingizni bir-bir o‘qib, rosti, sizni qamashga asos bo‘lgulik biron-bir satrni uchrata olmadim. Bayronning «yig‘layotgan qizga» atalgan she’rini, aftidan, endi qamoqdan chiqqan kunlarda o‘girgansiz, yolg‘iz shu asar dilingizga dildoshdek tuyuldi menga.

Yig‘la, baxtsiz malika, behad,
Qahr qildi yurtingga tangri.
Sen oqizgan ko‘z yoshlar shoyad
Gunohini yuvsa otangning.
Yig‘la! Sening iltijolaring
Yetar xalqing — jafodoshingga.
Shu orqapusht beradi taskin
Oqqan har bir tomchi yoshingga.

Sh.: — Respublika Xavfsizlik organi hibsxonasida yotgan chog‘im — qog‘oz yo‘q, qalam yo‘q — shu bois xayolan Gyotening «Umid» she’rini tarjima qildim:

Yolvoraman umid parisi,
Ish chog‘lari menga bo‘lgil yor!
Tugatmasdan ishning barisin,
Toliqishga erk berma zinhor!
Ishonaman! Ro‘yobga chiqar
Taskinlaring ketmay behuda:
Umid bilan suqilgan tayoq
Mehnat, chidam natijasida
Bir kun berar meva va yaproq.

Qiynalgan kezlarim bu asar menga dalda bo‘ldi, ertangi kunga umid va ishonch bilan qarashga undadi. Bunday paytlar «endi nima qildim?» deb o‘ylayversang, sil bo‘lib ketasan kishi. Qolaversa, hech mahal o‘zimni gunohkor deb bilmaganman. Ertadir, kechdir, haqiqat yuzaga chiqar, bu nohaqlik uzoq davom etmas, degan ilinjda yashaganman. Axir, zulm ko‘rgan yolg‘iz men emas, minglab, millionlab kishilar edi.

Yotig‘i bilan aytsam, xullas, hukm e’lon qilindi va bizni qizil vagonga tiqib, qaygadir jo‘natishdi. Qozog‘iston cho‘llari ortda qolgach, fahmladikki, Sibir sari ketayotirmiz. Har holda, rus o‘rmonlari bepoyon, u xayolingni chalg‘itadi, yashillik, har qalay, taskinmi, yupanchmi, ko‘zga orommi beradi. Lekin mahbussan, nazoratchi hukmiga itoat etishga mahkumsan, ona tabiat qo‘yniga sho‘ng‘ib ketolmaysan. Shu armonlar qaynoq yosh bo‘lib ko‘zlaringdan sizib chiqadi. «Rossiya» o‘sha kechinmalarning, erkka chanqoqlikning mevasi asli. Faqat men uni 1953—1958 yillarda bitganman. U paytlar boshqacha yozish mumkinmidi, axir?!

Vujudimni tilib, tilka-tilka ayla,
Vijdonimni sotmayman,
Xalq dardini joyladim dilga,
O‘ldir, o‘limdan ham qaytmayman...

Ushbu satrlar 1939 yilda yozilgan. Shoir har qanday sharoitda ham yuragini o‘rtab yotgan dardni qog‘ozga to‘kadi, biroq bunday asarlar vaqtida matbuot yuzini ko‘rmaydi, muayyan qiyinchiliklar bilan chiqadi...

Zamon shunday ediki, salbiy hodisalar, illatlar, jabr-zulmlar haqida she’r yozish u yoqda tursin, hatto o‘ylashga ham qo‘rqarding! Mabodo shu kabi xayol dilingdan kechsa bormi, tag‘in og‘zimdan chiqib ketmasin deb yurak hovuchlar, vahmu arosatda qolar eding! Davr tug‘dirgan eng og‘ir fojia shundaki, kishilar ko‘rgan-bilganini ro‘yi-rost yozishdan, nainki yozishdan, xayolan muhokama qilishdan mahrum bo‘lib qolishgan edi!

Stalin, Jdanov, Beriyaning nomini eshitgan zahoti vahm bosadigan kishilar yo‘q deb o‘ylaysizmi?! Bor, hatto hozir ham! O‘sha mudhish asorat izlari hali-hali butkul o‘chib ketgani yo‘q...

G‘. H.: — Stalinning so‘nggi qatliomiga ham, mana, qirq yilcha bo‘ldi, qancha suvlar oqib o‘tdi, lekin vaqt o‘tgan sari bu fojia atrofidagi bahsu munozaralar, nuqtai nazarlar to‘qnashuvi shiddatli tus olmoqda. Endilikda bu falokat sun’iy ravishda boshlab yuborilganligi va muayyan reja asosida osiyu noosiy qatag‘on qilinganligi ravshan. Hatto shu darajaga borilganki, aniq ko‘rsatma belgilab qo‘yilgan: obkom kotibi qirqta, raykom kotibi yigirmata «ichki dushman»ni tutib berishi lozim. Buning sirligi qolmadi endi.

Vaqtida Turkiston O‘lka Harbiy prokurorining katta yordamchisi polkovnik Bыchkov Habibulla Qodiriyga shunday deydi: «Bir kuni menga keksa bir ayol ariza ko‘tarib keldi. Arizada ayol erining haqsiz otilganligini, ishini qaytadan tekshirib, oqlashlarini so‘raydi. Men ariza bo‘yicha uning delosini toptirib, tanishib chiqdim. Ayolning eri Turkiston O‘lka GPUsining maxsus ishlar bo‘yicha boshlig‘i bo‘lgan ekan.

Tergovchi aybdor(GPU boshligi)ni: «Sen maxsus davlat topshirigini bajarmading!», deb ayblaydi.

Aybdor javob qiladi: «Axir menga Turkiston o‘lkasi bo‘yicha sakson ming odamni qamab, otishga buyruq berilgan edi! Men bu buyruqni to‘la bajardim-ku!»

Hatto shunday nokas ham garchi sadoqat ko‘rsatib sakson ming odamning yostig‘ini quritgan bo‘lsa-da, bari bir, sakson ming birinchi o‘qdan o‘z jonini asrab qololmagan!

Bu fojia XX asrda, yer yuzidagi eng insonparvar jamiyatda, ya’ni bizning mamlakatda sodir bo‘lgan.

— Mustabid shoh o‘ldi! — Beriya 1953 yilning bahorida — hali Stalinning joni uzilmayturib, tag‘in uning naq bosh-uchida xuddi shunday degan. Oradan yarim asrcha vaqt o‘tib, nari borsa, shu gap sharhlanayotir, lekin Stalinning mustabidligi, buning zamirida yotgan asoslar Beriyaga ma’lum bo‘lganchalik ayon emas bizga.

Bundan bir necha yil muqaddam Belgraddagi kitob rastasida bir suratga ko‘zim tushdi, u kitob muqovasiga solingan bo‘lib, o‘sha kezlar Toshkentdagi qaysi etikdo‘zning do‘koniga kirmang, devorga osig‘liq shu suratni ko‘rish mumkin edi: Iosif Vissarionovich Stalin.

Nechundir kitob jildidagi siymo zardobga botib ketayotgandek tuyular, ustiga ustak surat qamoqxona ramzi bo‘lmish panjara bilan bo‘lib tashlangan edi, shubhasiz, bu dilda og‘riq qo‘zg‘agan, haqorat kabi tuyulgan. Negaki, hali biz Stalinning asl qiyofasini yugoslavlarchalik, o‘sha suratni ishlagan musavvirchalik bilmas edik. U haqda ota-bobomizdan neniki eshitgan bo‘lsak, shunga tayanar, keksalar esa ellik oltinchi yilga qadar radio karnaylari quloqlariga quygan gaplarni hamon ko‘tarib yurishardi. Ular hatto Nikita Xrushchev o‘ttiz yil burun, ya’ni Birinchi kotib bo‘lgan paytlari partiya s’ezdida so‘zlagan, xorijiy mamlakatlarda allaqachon chop etilgan «Shaxsga sig‘inish va uning oqibatlari to‘g‘risida»gi dokladdan ham bexabar edilar. Zero, uning sovet matbuotida yuz ko‘rishi uchun roppa-rosa o‘ttiz uch yil kerak bo‘ldi. Qolaversa, shu matbuot Stalin hokimiyat tepasiga chiqqach, ya’ni 1924 yildan boshlab uni madh etgan, so‘zdan mahobatli haykal tiklashgan; «Stalin bizni xalqqa sodiq o‘stirdi, Mardlikka, mehnatga bizni ruhlantirdi...»

Matbuotning qaysi gapiga ishonsin kishilar: kechagi hamdu sanosigami va yoki bu kungi ayblovlariga?!

Shu yilning boshlarida adabiyot gazetasi bosh muharrir muovini Ibrohim G‘afurov menga buyurtma aytib, qo‘limga besh yuztacha xat tutqazdi. Maqola Iosif Stalin va u xalq boshiga keltirgan kulfatlar haqida bo‘lishi, uni yozishda o‘sha maktublarga tayanishim lozim edi. Gap shundaki, gazetada «Ha, razolat ramzi sifatida qoladi» degan maqola chiqqach (unda Stalin shaxsiga munosabat bildiriladi), redaktsiyaga xat yog‘ilib ketgan, urush qatnashchisi deysizmi, o‘n sakkiz yashar qiz deysizmi, ishqilib, jamiki faollar birdan oyoqqa turgan, maqola muallifini xatbo‘ron qilishgan, ta’na va malomatga ko‘mib tashlashgan edi. Albatta, bama’ni gaplar ham oz emas edi ularning ichida: «Tirikligida maqtagan edinglar-ku, endi ayblayapsizlarmi?!.»

«Stalin davrida o‘g‘ri bo‘lmagan...» «Odamlar jinoyatga qo‘l urishdan cho‘chishardi». «Amal sotib-olish, tamagirlik yo‘q, arzonchilik edi...» — o‘sha xatlar shu va shu kabi e’tirozlardan tarkib topgan bo‘lib, Stalin faoliyati deyarli yoqlangan edi.

Bu borada hakamlik qilishga ojiz qolasan kishi: u davrni ko‘z bilan ko‘rmagansan, axir. Lekin o‘shandan beri ham Lenin vafotidan keyingi yillar, yakka hokimlik, toyishlar, yo‘qotishlar haqida ozmuncha ma’lumot e’lon qilinmadi. Ular Stalin faoliyatining qatli om va qisman Vatan urushi bilan bog‘liq tomoni haqida birmuncha tasavvur beradi.

Ehtimol, o‘sha paytlar jinoyat chindan ham kam, o‘g‘ri esa bo‘lmagandir? Lekin gap qatli om haqida-ku! Dahshatli bu mexanizmni Stalin ishga solganligi haqida-ku! Buni unutmaslik, uning tarafini olishdan burun jamiyat va odamlar qalbida u qoldirgan mislsiz jarohatga bir nazar tashlash lozim.

Stalinga xayrxoh kishilar bilan ehtimol hozir ham chiqishib bo‘lmas?! Chunki o‘sha davrning haqiqiy basharasi respublika matbuotida tugal aksini topganicha yo‘q hali, andishali xalqmiz-da, marhumlar ruhini bezovta qilmaylik deymiz, garchi ular ko‘zi tirikligida ming-minglab kishilarni sil qilgan, yostig‘ini quritgan va daryo-daryo qon oqizgan bo‘lishsa-da. Qamoqxonalarda xazonday sarg‘aygan Anna Barkova bejiz nola chekmagan:

Ko‘rdik, bor ko‘rgulik o‘tdi yurakdan,
Kaltak va o‘q yedik, shunday sovrildik.
Shuncha tuban ketdi bu yovuz Vatan
Bolalari shunda bo‘lmasmi yovuz?!

Stalin mustabidligi va uning zamirida yotgan omillar tadqiqi biz suv ichgan daryolar qayoqdan kelishi, buloqboshi qaerda ekanligini, jillaqursa, o‘sha tuzum tabiatini o‘zida namoyon etadi-ku.

Stalinning xizmatlaridan ko‘z yummagan holda nega u aynan shu yo‘lni tutdi? Hokimiyatni saqlab qolish uchunmi? Kishilardagi ortiqcha faollikni, yurtga ortiqcha mehrni, ortiqcha kurashchanlik va erkni mahv etish uchunmi? Ularning ko‘zini qo‘rqitish, o‘z shaxsini ko‘tarish uchunmi? — hammasini: o‘rta va quyi qatlamda kimlar unga sherik bo‘ldi va bu jarayon qay tarzda kechdi? — bor haqiqatni aytish kerak. Shundagina shafqatsiz jazoga mustahiq bo‘lganlar xotirasi oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi.

Bu muqarrar kechadigan jarayon.
Mudhish asoratni yurakda saqlab yashash og‘ir.

Fyodor Dostoevskiy, qon to‘kish evaziga qo‘lga kiritilgan har qanday yo‘l raeolatga olib boradi, deydi. Behisob qonlar to‘kildi, shu hisobdan yashaldi ham. Jamiyat izolyatorga aylandi va kishilar tashqi olamdan uzib tashlandi. Qayta qurish sharofati tufayli Markaziy televidenie xorijiy ilg‘or mamlakatlar, asrdoshlarning ish usuli va turmush tarzidan bizni ogoh etayotir. Shunda beixtiyor ularning tafakkur olami, dunsqarashi, sodda qilib aytganda, shaxsning kamoloti zamonaga uyg‘un ekanligini his etasiz. Bizlar, har qalay, turg‘unlik pallasida unib-o‘sdik, demakki, ta’lim noetuk. Sizlar, Shukrullo aka, elliginchi yillar repressiyasi tahlikasida ulg‘aydingizlar, ma’naviy jarohat hamon bitmagan. Ungacha bo‘lgan avlod beomon qirg‘inning guvohi bo‘lgan — o‘ttiz yettinchi yilning farzandlari. Modomiki, shunday ekan, istaymizmi-yo‘qmi, shaxsning kamoloti johil muhitdan kechgan, bundan ko‘z yumish hech mumkin emas, u arosatda yashagan.

Hayot esa insonga bir marta beriladi!

Bu avlodlarning chala, fojiiy kechgan hayoti uchun, axir, kim javob beradi?!

Sh.: — Tangrim, o‘zing, o‘zing yorlaqa,
O‘zingdan hech o‘zga madad yo‘q!
Na do‘stim bor, na dard tinglovchim,
O‘zingdan hech o‘zgaga had yo‘q!

O‘ttiz yettinchi yil kishisining chorasizlik zulmiga botiniy isyoni bu!

Bizning butun fojiamiz e’tiqodsizlik, jamiyat Yolg‘onning ustida turib qolganligi (men Stalin davrini nazarda tutaman) bilan izohlanadi.

Oshkoralik. Nima degani bu? Menimcha, shu paytga qadar eng ayanchli muammolarni ham pinhon saqlab keldik, degani. Yashirish — mavjud narsani nomavjud deyishdir. Aslida bor bo‘lgan narsadan ko‘z yumish yoki uni niqoblab yashash riyokorlik-ku, axir!

«Tanqid kelajakning mevasi!» — shunday aqida bor. Dastlab uni Stalin o‘rtaga tashlagan. Xo‘sh, tanqid kelajakning mevasi ekan, biz nimani tanqid qilishimiz kerak? Nuqson va illatlarnimi?! Odatda, shunday bo‘lishi lozim. Aynan shu yo‘lni tutgan arboblar, ijodkorlar ne ko‘yga tushishdi?

E’tibor qiling: «1946—1948 yillarda VKP(b) Markaziy Komiteti adabiyot va san’at masalalari yuzasidan muhim qarorlar qabul qildi. Bu qarorlar, ayniqsa, «Zvezda» va «Leningrad» jurnallari haqida» (1946 yil 14 avgust) hamda «Dramatik teatrlarning repertuarlari va uni yaxshilash tadbirlari to‘g‘risida»gi (1946 yil 26 avgust) qarorlari adabiyot taraqqiyoti uchun alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.

Partiya Markaziy Komiteti sovet adabiyotining kuchi uning partiyaviyligi va xalqchilligida ekanini alohida ko‘rsatib o‘tdi va galdagi vazifalarni belgilab berdi...

Qarorda g‘oyasizlik, maslaksizlik sovet adabiyoti uchun yot, xalq manfaatlari uchun zararli ekani ta’kidlandi.

«Dunyoda eng ilg‘or adabiyot bo‘lgan sovet adabiyotining kuchi shundaki, — deyiladi qarorda, bu adabiyotning xalq manfaatlaridan, davlat manfaatlaridan boshqa manfaatlari yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas», — bu uning darslikdagi izohi. Markaziy Komitet sekretari A. A. Jdanovning g‘oyasizlik va kosmopolitizmga qarshi dokladidan, bu qarorlardan keyin o‘sha haqso‘zlar boshida yana tayoq sina boshladi. She’riyat, umuman, adabiyot o‘ldi. Siyosatdonlar sara asarlarni ayblashga tushishdi. Jumladan, mening «Dengizda bir tun» she’rimga ham tamg‘a bosildi: «Unda mehnat ko‘rsatilmay, quruq dengiz manzarasi maqtalgan».

«Albomga», «Sonet», «Tasodif» kabi tizmalarni ellik yettinchi yildan so‘nggina to‘plamlarimga kiritish mumkin bo‘ldi.

Ayni navqiron paytimiz urush boshlandi deng, «Guliston», «Yosh kuch» va bo‘lak nashrlar taqa-taq yopildi. G‘alabaga undovchi asarlargina «Qizil O‘zbekiston»da chop etilardi, xolos. Ayni paytda. istagan kishi senga istagan aybini qo‘yishi mumkin edi. Respublika Kompartiyasi Markaziy Komitetining o‘sha kezdagi kotibi M. Vahobov «Qizil O‘zbekiston»da mening asalarimni g‘oyasizlikda aybladi, malomat qildi, shu va shu kabi da’volar oxir-oqibat repressiya o‘pqoniga meni tortib ketdi. O‘zing haqsan, biroq qani endi shuni isbotlash mumkin bo‘lsa!

Yoshlar o‘sha davrni, tanglikni, jaholatni yaqqolroq tasavvur qilishlari uchun «Ogonyok»ka, Yuriy Karyakinga murojaat qilsam: «Boshqirdiston obkomining favqulodda plenumida Jdanov gapni qisqa qildi. Aytishicha, «rahbariyatni nazoratdan o‘tkazish» uchun kelgan. Tayyor qarorni o‘qidi u: «Markaziy Komitet qaror qiladi — Bikin va Isanchurin (birinchi va ikkinchi kotiblar — Sh.) ishdan bo‘shatilsin...» Plenum tugashini ham kutmasdan Bikin va Isanchurinni zaldan olib chiqib ketishdi. Bikin: «Mening hech qanday aybim yo‘q!» deb qichqirishga ulgurdi, xolos. Isanchurin mardona turdi: «Bikinga ishonganman, ishonaman ham». Har ikkalasi ham otib tashlandi. Shuningdek, Bikinning ikkiqat xotiniyam otildi».

Biz ana shu qattolning — Jdanovning tasarrufida ijod qildik.

Ayolga, onaga, hatto hali yorug‘ dunyoga kelmagan go‘dakka qarata o‘q uzgan Davrda yashadik...

U kunlar hech qachon qaytmasin, o‘sha sitamlar hatto dushmanimizning boshiga ham tushmasin!

Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq deguvchi, ro‘shnolik kunlarga ham tezda moslashib oluvchi jdanovchilar, stalinchilar haliyam yo‘q emas, ular qatli om qilgan, o‘zgalar azobidan rohat olgan, shundaylarning nuqsi bola-chaqamizga urmasin!

«Asli biz to‘g‘ri yo‘l tutganmiz!» deb ular kenja naslda asorat qoldirishmasin. Mahv etilgan avlodlar haqqi, insof, adolat haqqi kelajakni riyodan saqlab qolaylik. Shuning uchun ham, xatoliklar qayta boshdan takrorlanmasligi uchun ham Yolg‘ondan yuz o‘girish, diyonat bilan yashash kerak bo‘ladi! Zero, donishmand aytgan: hamma narsa boy berilgan taqdirda ham oldinda kelajak bor hali!

G‘. H.: — Taskinbaxsh so‘zlaringiz uchun rahmat, Shukrullo aka.

O‘zbekiston SSR Prokuraturasiga sim qoqib shuni biz aniqladikki, dastlabki ma’lumotlarga qaraganda 1930—1950 yillar mobaynida O‘zbekiston territoriyasida faoliyat ko‘rsatgan uchlik (troyka) chiqargan qarorlar oqibatida 18 ming 652 kishi jabrlangan. Shundan 6 ming 38 kishi o‘lim (otish) jazosiga hukm etilgan. 1987 yilning avgustidan 1988 yilning mayiga qadar ikki mingdan ziyod kishining ishi ko‘rib chiqildi, ular aybsiz deb topildi va oqlandi. Navbatda turgan ishlar ko‘rilayotir, bu jarayon hali davom etadi.

Mavridi bilan biz bu mavzuga yana qaytamiz.

Suhbatni Sobir O‘nar yozib oldi

“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 7-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.