background
logotype

So‘ylasin Urxun xati (tilshunos olim, professor Ergash Umarov bilan suhbat) (2009)

Turkiylar milodning VII-VIII asrlarida Markaziy Osiyoning keng hududlarida yashab, turkiy davlatni yaratgan. Hoqonlar o‘z qahramonliklari haqida toshlarda turli xil bitiklar qoldirganlar. Bu tosh bitiklar fanda runa Yozuvi, runik Yozuv, Urxun xati, Urxun-Yenisey Yozuvi nomi bilan atab kelinmoqda. Bu Yozuvlarni o‘rganish ishlari 116 yil ilgari boshlangan bo‘lsa-da, ayrim masalalar hamon o‘z yechimini kutmoqda.

Shu munosabat bilan muxbirimiz tilshunos olim, professor Ergash Umarov bilan suhbatlashdi.

— Domla, dastavval, runa Yozuvida ayni paytda muammo bo‘lib turgan bahs­talab masalalar haqida suhbatlashsak...

— Avvalo bu qadimgi yodgorliklar nega “runa“ yoki “runik” deb atalishiga izoh bersak. Gap shundaki, “runa” so‘zi nemischasiga “no’malum” degan ma’noni bildiradi. Shu bois fanda bu Yozuvlar ana shunday qo‘llanilib kelinadi.

“Urxun” va “Yenesey” atamalari esa joy nomlari bilan bog‘liq. Urxun — Mo‘g‘ilistondagi daryo nomi. Yenesey ham daryo nomi. Eng qadimgi tosh bitiklar esa ilk bor ana shu daryolar atrofidan topilgan. Shu sababli ushbu yodgorliklar shunday nom olgan. Runa Yozuvida asosan, uchta bahstalab masala bor: Birinchisi nega unli harflar uchun 4 ta belgi olingan? Ikkinchisi nima sababdan b, d, y, l, r, n, t, s undoshlari ikki xil runa bilan yozilgan? Uchinchisi shoxsimon runa qanday tovushni anglatadi?

Bu muammoni yechish uchun ikki masalani hal qilish kerak. Birinchidan, tosh bitiklarga andoza bo‘lgan yodgorlikni topish lozim. Ikkinchidan, urxun xati ustida ishlagan ota-bobolarimiz yozib qoldirgan lug‘at ma’lumotlariga asoslanishimiz kerak. Afsuski, ikkala masalaga ham hozirgacha amal qilinmadi. Natijada runologiyada anglashilmovchilik vujudga keldi. Tosh bitiklarni har kim o‘zicha o‘qiy boshladi. Ish shu darajaga yetdiki, b, d, y, l, r, n, t, s harf­lari yoniga raqam qo‘yib yozish boshlandi. Bu xatolarning hammasi Alisher Navoiy va Bobur kabi mumtoz adabiyotimiz buyuk namoyandalarining o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, eshitib, o‘z qo‘li bilan yozgan ma’lumotlarga yevropalik olimlarning bepisand qarashlari natijasida ro‘y berdi.

— Runa yodgorligining andozasi topildimi?

— Runa yodgorliklarining andozasi ko‘p vaqt noma’lum bo‘lib keldi. “Turkiy xalqlar bu Yozuvni yaratayotganlarida biror yodgorlikdan andoza olgan bo‘lishlari kerak”, — degan umid mutaxassislarni tinch qo‘ymasdi. Ularning umidlari o‘laroq, namuna bo‘lgan yodgorlik topildi. Bu — axmoniylar hukmdori Doro I ning Bihistun qoya toshlariga o‘yib yozdirgan mixxatlari bo‘lib chiqdi. Ikkala yodgorlikdagi Yozuvlar Doro I ning g‘alabalariga bag‘ishlangan. Yodgorliklar orfografik va uslub (stilistik) jihatdan bir-biriga o‘xshash bo‘lgan. Har ikki yodgorlikning materiali ham bir xil — tosh.

— Demak, runa Yozuvining andoza nusxasi topilibdi. Unga asoslanib tarixiy bitiklarni qanday o‘qish kerak?

— Bu ma’lumotlar asosida runik yodgorliklarni joriy alifboga boshqatdan harfma-harf o‘girish kerak. Ilgari bu yodgorliklar Yevropa olimlari tomonidan yevropa tillariga xos qattiqlik-yumshoqlik, old qator—orqa qator, ya’ni belgilari bilan noto‘g‘ri nashr qilingan. Shu sababli akademik A.Kononov runa Yozuvi tarixiga bag‘ishlangan risolasida “hanuz ko‘p narsalar noaniq bo‘lib qolmoqda”, — deb yozgan edi. Agar buning yoniga sho‘ro olimlarining turkiy tillar tovush tizimini boshi berk ko‘chaga kiritish uchun to‘qib chiqargan “singarmonizm” atamasini qo‘shsak, masalaning qanchalik murakkab ekanini tushunish qiyin emas. Singarmonizm tufayli mumtoz adabiyotimiz vakillari asarlarini sayыn, yыl, qыlыng, mыng, sыngыl shaklida yozib, ularni haqorat qilayotganimizni hali tushunib yetmaganlar ko‘p. Oqibatda bir so‘zni adabiyotshunoslar boshqa, tilshunoslar o‘zgacha yozmoqdalar. Bechora o‘quvchi kimga ishonsin?!

— Bihistun qoyalariga yozilgan mixxatning runa Yozuviga qanday aloqasi bor?

— Bu yodgorlikda ham runa yodgorligidagi kabi cho‘ziq unli uchun belgi yo‘q. Bir tovushni anglatuvchi ikki xil belgining ayrimlari sof undoshni, ayrimlari bo‘g‘in vazifasini bajargan.

— Demak, Urxun Yozuvi ham forsiy mixxatlarga o‘xshab harf va bo‘g‘in asosida tuzilgan ekan-da...

— Runa Yozuvida so‘zlar harf va bo‘g‘in asosida tuzilgan. Cho‘ziq unlilar uchun belgi yo‘q. b, d, y, l, r, n, t, s undoshlari ikki xil runa bilan yozilgani buni isbotlaydi. Birinchi runalar harfni ifodalasa, ikkinchilari bo‘g‘in vazifasini bajargan. Masalan: birinchi runa sof b ni ifodalasa, ikkinchisi ba, ab, ub, bu, ib, bi bo‘g‘inlarini ang­latgan. Bihistun yodgorligida ham cho‘ziq unli uchun belgi yo‘q. Ayrim belgilar harfni, ayrimlari bo‘g‘inni ifodalagan.

— Qadimgi turkiy tillarda unlilar cho‘ziq talaffuz qilinganiga dalil bormi?

— Turkiylar dunyoda qadimgi yodgorliklarga ega bo‘lgan xalqlardan sanaladi. Dastlabki turkiy yodgorlik — Kultegin tosh bitigi milodiy 735 yilda yaratilgan. Akademik A. Kononovning ta’kidlashicha, badiiy jihatdan bunday puxta asar yaratilguniga qadar turkiylar grammatik va uslubiy jihatdan shakllangan tilga ega bo‘lganlar. Olimning ta’kidlashicha, bu til hozir xalq baxshilari ijodida saqlanib qolgan. Shu sababli baxshilar “tili”ni o‘rganish tosh bitiklardagi ayrim muammolarni hal qilishga yordam beradi. Darhaqiqat, baxshilarning doston kuylayotganlarida tovushlarni cho‘zib talaffuz qilishlari gapimga isbot bo‘la oladi. Turkiy xalqlarning bepoyon kengliklardagi chorvadorlik hayoti ham tovushlarni cho‘zib talaffuz qilishni taqozo qilgan. Qadimda va o‘rta asrlarda yaratilgan hamma qomuslarda cho‘ziqlik maxsus atamalar orqali ko‘rsatilgan. Agar turkiy tilda cho‘ziqlik bo‘lmaganida edi, Alisher Navoiy aruzda ko‘p va xo‘p yoza olmagan bo‘lur edi. Zero, aruz tovushlarni cho‘zib talaffuz qilishni taqozo etadi.

— Domla, runa Yozuvi ilk bor qachon va qaerda paydo bo‘lgan?

— Turkshunoslikdagi eng keyingi izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, runa Yozuvi avval Mo‘g‘uliston shimolida paydo bo‘lgan. So‘ngra xoqonlik yemirilgandan so‘ng boshqa hududlarga tarqalgan. Yozuv birinchi turk xoqonligi davrida ya’ni milodiy 552-630 yillar orasida yaratilgan.

— Urxun xati qaysi alifbo asosida yaratilgan?

— Runa Yozuvi (urxun xati) so‘g‘d alifbosi asosida yuzaga kelgan. Alifbo yaratuvchilar so‘g‘d harflarini ko‘r-ko‘rona ko‘chirib olmaganlar, balki professor V. Lifshits yozganidek, ularga ijodiy yondashganlar. Harf shakllariga o‘zgartirish kiritganlar. Eroniy va turkiy xalqlarning iqtisodiy, harbiy va madaniy sohadagi do‘stona aloqalari runa Yozuvining shakllanishiga olib kelgan. Tadbirkor so‘g‘dlar ko‘p masalalarda turkiylar bilan hamkorlik qilganlar. Bizningcha, bir guruh so‘g‘d va turkiy ziyolilar maslahatlashib, bu Yozuvni shakllantirgan. Shuni alohida qayd etish kerakki, turkiylar runa Yozuvi paydo bo‘lgunga qadar birmuncha vaqt so‘g‘d Yozuvidan foydalangan. So‘g‘d harflarida bitilgan turkiy yodgorliklar hozirda Berlindagi qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda.

— Unda tosh bitiklar kim tomonidan yozilgan?

— Kultegin yodgorligi oxirida muallif o‘zi haqida shunday yozgan: tosh bitidim Yo‘llug‘ tegin. Yo‘llug‘ so‘zining ma’nosi yo‘lchi. Hozir ham yo‘lda tug‘ilgan bolaga Yo‘lchi ismini qo‘yadilar. Ammo Tuyuquq yodgorligi muallifi hozircha noma’lumligicha qolmoqda. Ha, aytganday Tuyuquq so‘zining o‘zagi tu-tuy bo‘lib, u ong, aql ma’nosini anglatadi. U hozirgi tuymoq, tushunmoq so‘zlari tarkibida saqlanib qolgan.

— Urxun Yozuvida nechta belgi bor?

— Bu alifbo asosan o‘ttiz bir belgidan iborat. Mashhur turkshunos A. Shcherbakning fikricha, u bir martalik Yozuv sifatida yaratilgan. Shu sababli mukammal emas. Runik belgilar hamma turkiy tovushlarni to‘liq aks ettira olmaydi. Chunonchi, sakkizta unli uchun to‘rtta belgi olingani fikrimizni tasdiqlaydi.

— Ayting-chi, bu Yozuv qancha vaqt iste’molda bo‘lgan?

— Yozuvdan taxminan ikki yuz yil atrofida foydalanilgan. Turkiylar runa Yozuvi nomukammalligi tufayli uyg‘ur Yozuviga ko‘chganlar. Bu alifbo runa Yozuviga nisbatan birmuncha mukammal. Masalan, runa Yozuvida cho‘ziq unlilar uchun belgi bo‘lmagan, uyg‘ur Yozuvida esa bir harfni ikki marta yozish orqali cho‘ziqlik ko‘rsatilgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, turkiy xalqlar undan olti yuz yil davomida foydalanib keldilar. Bu Yozuv temuriylar davrigacha yetib kelgan. Lutfiy, Xo‘jandiy asarlari arab harflari bilan birga uyg‘ur Yozuvida ham bitilgan. Undan Boburning otasi Umarshayx ham foydalangan.

— Urxun-Yenisey yodgorliklarining qadimiyligi haqida ham to‘xtalsangiz?

— A.Shcherbakning Urxun Yozuvi Yenisey yodgorliklaridan ham qadimiyroq degan fikriga qo‘shilaman. Agar ikkala yodgorliklardagi harflarni o‘zaro solishtiradigan bo‘l­sak, Yenisey yodgorliklaridagi belgilar nomukammal. Chunonchi “b” harfi 16, “g” harfi 8 xil ko‘rinishga ega. Urxun bitiklaridagi belgilar asosan bir xil ko‘rinishga ega. Urxun Yozuvining qadimiyligini yodgorliklardagi voqealarning izchil bayo­ni ham tasdiqlaydi. Turkiy xalqlarning boshidan kechirgan tashvish va quvonchlari Urxun daryosi yaqinidan topilgan yodgorliklarda yaxshi bayon etilgan. Yenisey Yozuvi garchi XII-XIII asrlargacha davom etgan bo‘lsa-da, ularda turkiy xalqlar hayotiga oid muhim voqealar yo‘q. Bu yodgorliklardagi jumlalarning ko‘pi uzuq-yuluq.

Sitora Shamsiddin qizi suhbatlashdi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.