background
logotype

Til — ruhimiz tarjimoni (adabiyotshunos olim Vahob Rahmonov bilan muloqot) (2014)

– Har bir millatning mavjudligini, yashayotganini namoyon etadigan omillar bo‘ladi. Til ana shunday mavjudlik hodisasidir. Til shunchaki so‘zlashish vositasi emas. Til millat ma’naviyati va madaniyatining toshoynasidir. Modomiki, millatning o‘z tili bor ekan, demak, uning dunyoga aytar so‘zi ham bordir.

Shu tiriklik dunyosining bir qismi o‘laroq asrlar osha jahonga o‘z so‘zimizni aytib keldik. U uzoq asrlar naridan goh O‘rxun-Enasoy bitiklari, goh “Devonu lug‘atit turk”, goh “Qutadg‘u bilig” bo‘lib jaranglab turibdi. Chunki bu tilni yo‘l-yo‘lakay ne-ne ulug‘ zotlar tengsiz zakosi va fidoyiligi bilan asrab kel­dilar, sayqalladilar. Zero, Vatanning chegaralari qay darajada himoyaga muhtoj bo‘lsa, uning ma’naviy boyliklari ham shu qadar hi­moyaga muhtojdir. Shu ma’noda, milliy tilimiz qarshisida har doim mas’uliyatli bo‘­lish majburiyatidamiz.

Milliy tilimiz jozibasi, imkoniyatla­ri va muammolari haqida gapirish uchun 21-oktyabr­ni kutish shart emas. Modomiki, u bizning tiynatimiz ko‘zgusi, ruhimiz tarjimoni, tarbiyamiz hosilasi ekan, unda unga hayot-mamot masalasi sifatida qarashga o‘rganishimiz lozim. Ulug‘larimiz bu haqiqatni hech qachon unutmaganlar.

Vahob aka, ushbu so‘nggi gapimizga tarixdan bir-ikki misollar keltirsangiz...

– Har bir millatning ulug‘ vakillari o‘z tili va adabiyotini shu xalq yo millatning, avvalo g‘ururi, shu bilan birga muomala vositasi deb hisoblaydilar va ularning taraqqiyoti uchun kurashadilar. Shunday millat fidoyilaridan biri XI asrda yashab o‘tgan Xoja Ahmad Yassaviy bo‘lib, u turkiy til mavqeini baland ko‘targan edi. U xuddi Alisher Navoiy kabi turkiy oiladan chiqqan olimlarning o‘z ona tilini mensimaganligini yoqlamadi. Alisher Navoiy “Turkiston mulkining shayxul-mashoyixi” deb ta’riflagan bu zot hatto Qur’oni karim va hadisi shariflarning ham ona tili – turkiyda yangrashini istagan edi:

Xushlamaydur olimlar bizni aytgan turkini,
Oriflardan eshitsang, ochar ko‘ngil mulkini.
Oyat, hadis ma’nosi turkiy bo‘lsa muvofiq,
Ma’nisiga yetganlar yerga qo‘yar bo‘rkini.

Bilasizmi, davr tili va adabiyoti taraqqiyoti davlat tepasiga qaysi xalq vakili kelishi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan. Misol uchun, O‘rta Osiyoda hukm­ronlik qilgan Qoraxoniylar davrida Ahmad Yassaviyning turkiy tildagi ijodi gullab-yashnagani ma’lum. Shuningdek, sohibqiron Amir Temur va temuriyzodalar hukmronlik qilgan yillarda adabiyot, shu jumladan, til masalasi kun tartibiga chiqdi. Alisher Navoiy ko‘ngil tug‘yoni mahsuli bo‘l­gan “Muhokamat ul-lug‘atayn”da maxsus qayd etadi: “Hukmronlik tizgini arab va fors sultonlaridan turk xonlariga o‘tganidan so‘ng, Halokuxon zamonidan sulton sohibqiron Amir Temur Ko‘ragon zamoniga qadar turkiy tilda ijod qilgan maqtovga arzigulik shoirlar paydo bo‘lmadi. Ammo Sohibqiron Amir Temurning izdosh farzandi Shohrux Sulton zamonining oxirigacha turk tilida ijod qilgan shoirlar zuhur etdilar. Hazratning avlod va nabiralaridan ham xushtab’ sultonlar yetishib chiqishdi. Shoirlardan Sakkokiy, Haydar Xorazmiy, Atoiy, Muqimiy, Yaqiniy, Amiriy va Gadoiylar yashab ijod etdilar. Biroq ularning safida nomdor forsiy shoirlarga badiiy mahorat va qudratda yuzma-yuz bo‘la oladigan kishi paydo bo‘lmadi. Birgina mavlono Lutfiyni aytishimiz mumkinki, iste’dod egalari qoshida o‘qishga arziydigan bir necha matla’lari – boshbaytlari bor. Shu jumladan, biri budirki:

Bayt:

Ulki husn etti bahona elni shaydo qilgali,
Ko‘zgudek qildi seni o‘zini paydo qilgali”.

Hazrat Navoiyning bu gaplarini mushohada qila­digan bo‘lsak, uning nazarida XIV-XV asrlar­gacha yirik forsigo‘ylarga teng kela oladigan tur­kigo‘y ijodkorlar bo‘lmagan yoki buyuk ijod namunalari saqlanib qolmagan.

Ha, Alisher Navoiy o‘z ona tili va adabiyoti­­ning hayotiyligini mustahkamlash va uning rivoji uchun qayg‘urib, astoydil muntazam kurashgan buyuk til­­shunos olim ham edi. O‘z xalqi adabiyotini ravnaq top­tirish va til boyligini rivojlanti­rish har doim Ali­sher Navoiy faoliyatining diqqat-markazida tur­gan dolzarb muammolaridan biri bo‘lib kelgan. Shu bois o‘z xalqi oldida turgan bu muammoni hal qi­lish maqsadida «Muhokamat ul-lug‘atayn» asarini o‘z davrining ijtimoiy-siyosiy va madaniy talab­la­ridan kelib chiqib yozishga qaror qilgan.

– Domla, uzr, gapingizni bo‘laman. “XIV-XV asrlargacha yirik forsiygo‘ylarga teng kela oladigan turkiygo‘y ijodkorlar bo‘lmagan yoki buyuk ijod namunalari saqlanib qolmagan” degan so‘zlarni eshitish kishiga juda alam qi­lar­kan. Chunki Hazratning o‘zlari “Majolis un-nafois” tazkirasida o‘nlab turkiygo‘y shoirlarning nomini keltiradilar. Ta’bi nozik temuriy shahzodalarni qo‘ying, o‘z davrining fozillari sanalmish Mavlono Lutfiy, Gadoiy, Atoiy, Yaqiniy, Haydar Xorazmiy, Mavlono Sakkokiy, Muhammad Ali G‘aribiy, Muhammad Solih, Mavlono Latifiy, Mavlono Hoji Abul Hasan singari o‘ttizdan ortiq shoir va adib­larning nomi zikr qilingan. Nima, ular turkiy tilni bilmaganmi? Yoki turkiyda yozgan shoirlarga qandaydir moneliklar bo‘lganmi?

– Navoiy bayonotidagi og‘riqli nuqta shundaki, zamonning navqiron shoirlari, o‘zlari o‘zbek oilasidan bo‘lsalar-da, zamon an’anasi va o‘zlarini elga tanitishday shuhratparastlik tufayli, asosan, forsiy tilda ijod qilganlar. Albatta, fors adabiyoti hukmronligi an’anasi ta’siridan yosh Navoiyning o‘zi ham chetda qolmagan. Dahoning “Mu­ho­kamat ul-lug‘atayn”dagi o‘z e’tiroficha ilk she’­riy mashqlari forsiy tilda bo‘lgan. Faqat kamolot bosqichiga yuksalgani sari o‘z asarida qayd et­gan qoidaga amal qilgan: o‘zbek oilasi farzandi bo‘lgani uchun ona tilida ko‘proq, forsiy tilda oz­roq asarlar yaratgan.

Siz hozir tazkirada sanoqqa kirgan shoirlarni sanab o‘tdingiz. Bilasizmi, ularning ozginasi sohibdevon bo‘lganlar. Shuning uchun ham Alisher Navoiydek turkiy til va adabiyot bayroqdori nazarida turkiygo‘ylar juda oz bo‘lib ko‘ringan.

Bu xususda shoir o‘z armon va istaklarini shunday izhor etadi: “Endiki, turkiy tilning cheksiz imkoniyatlari shunchalik dalillar bilan isbot qi­lindi, kerak edikim, bu xalq orasidan chiqqan is­te’­dod ahli salohiyat va qobiliyatlarini o‘z tillari turganda o‘zga til bilan zohir qilmasalar va ishga solmasalar edi. Agar ikkala tilda ijod etish qobiliyatlari bo‘lsa, o‘z tillarida ko‘proq yozsalar edi va ikkinchi tilda ozroq aytsalar edi. Agar mu­bolag‘a qilgudek bo‘lsalar, ikkala tilda baravar yozsalar edi”... (“Muhokamat ul-lug‘atayn”).

Haqiqatdan ham Sulton Husayn Mirzo zamoniga kelib manzara bir muncha o‘zgardi. Xuroson adabiyot va san’at jannatiga aylandi. Husayn Boyqaro Xurosonning shoir, adib va olimlar mamlakatiga aylangani bilan faxrlanadi. U o‘z zamonidagi adabiyotning umumiy ahvoli, hatto shoirlarning sa­no­g‘igacha sinchkovlik bilan qiziqib maxsus “Risola” ham yozgan edi. Sulton Husayn – Husayniy o‘z risolasida Xuroson mamlakatida mingga yaqin kishilar qalam tebratayotganlarini g‘urur bilan qayd etadi va bu hodisani o‘z zamonining baxt-saodati deb atay­di. Shu barobarinda, “Risola”da mavzuimizga aloqador yana bir gap bor. Ya’ni Sulton Husayn Mirzo risolasida buyuk turkiygo‘ylar yo‘qligidan o‘kinadi: «...Lekin ma’nolarning bokira tanasiga (ishlatilmagan nozik ma’nolarga) hech kishi turkona libos kiydirmagandi (turkiy tilda yozmagandi) va o‘sha nozaninlarni bu zebo kiyim bilan jamolini namoyon qilishgacha olib kelmagandi va bu mushk hidli ra’nolar yalang‘ochlikda panada qolganlar va bu hurdek zebolar kiyimsizlikdan yuzlarini namo­yish qila olmaganlar».

Bu shohona afsuslar birdan Alisher Navoiy zikrini boshlash bilan faxru iftixorga o‘z o‘rnini bo‘shatib beradi: «... Mir Alisher «aslahallohu shonahu»kim, «Navoiy» taxallusi bilan (el orasida) mashhur bo‘lgan va she’rlarida bu taxallusni qo‘llaydi. U turk tilining o‘lgan jasadiga Masih nafasi bilan jon kirgizdi, bu ruhni topganlar turkiy so‘z o‘rish-arqog‘idan to‘qilgan kiyim va yengil ko‘ylak kiydilar. So‘z gulistonida shoirlik nav­bahoridan jonga rohat bag‘ishlovchi yog‘inlar bilan rang-barang gullar ochdi va she’riyat daryosiga fikr­lar bulutidan parvarishlovchi tomchilar bilan turli durlar sochdi».

Xo‘p, savolingizning yana bir muhim javobi: Alisher Navoiy davrida o‘zbek shoirlarining ko‘p­roq boshqa tilda ijod qilishlariga asosiy sabab shu bo‘lganki, ular o‘zbek tilining ifoda imkoniyatlaridan bexabarliklari tufayli boy adabiy an’a­nalari davom etib kelayotgan va nisbatan oson bo‘lgan fors tilida ijod qilishgan. Bu hol fors­larning o‘zbek tili ijod uchun noqis til degan fikrga kelishlariga sabab bo‘lgan. Aslida esa bunga asosiy sabab o‘zbek tili qonuniyatlarining to‘la ishlab chiqilmaganligi, o‘zbek tilining fors tiliga xos bo‘lmagan, lekin ijod uchun muhim bo‘lgan o‘ziga xos xususiyatlari ochib berilgan nazariy asoslari yaratilmaganligidadir.

– Tushundim. Demak, Navoiyning “Muho­ka­mat ul-lug‘atayn” asari hayotiy zarurat tufayli dunyoga kelgan. Xususan, uning yaratilishiga ma’lum ma’noda zamon podshohi Sulton Husayn mirzoning, asosan, Alisher Navoiyga bag‘ishlangan “Risola”si ham ma’lum ma’noda turtki bergan ko‘rinadi.

Domla, endi o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: “Mu­­hokamat ul-lug‘atayn” asari o‘z davri ijod­­korlari uchun muhim qo‘llanma sifatida o‘z­bek tilining o‘ziga xos xususiyatlarini qay da­ra­jada ochib bergan? O‘zbek tili va adabiyoti­ning susaygan badiiy mavqeini ko‘tarishda ona tilimizning qaysi jihatlariga ahamiyat ber­gan?

– Alisher Navoiy bu asarida asosan o‘zbek tilining fors tiliga xos bo‘lmagan, lekin ijodkor uchun muhim bo‘lgan xususiyatlarni ochib bergan. Shulardan biri o‘zbek tilida fors tiliga nisbatan umumiy tushunchalarni anglatuvchi so‘zlardan tashqari, juz’iy tushunchalarni bildiruvchi so‘z­larning ko‘pligi va ularning ayrimlari fors tiliga ham o‘tgan, ikkinchisi shakldosh so‘zlarning ko‘p­ligi, bunday so‘zlar tajnis va iyhom san’atlari uchun zarur, uchinchisi o‘zbek tilida fors tilida bo‘lmagan, lekin nutq uchun zarur bo‘lgan grammatik shakl va unsurlarning mavjudligi, misol uchun o‘zbek tilida kelishik kategoriyasi bor, fors tilida esa yo‘q. To‘rtinchisi, o‘zbek tilining fonetik xususiyati qofiya uchun fors tilinikiga nisbatan qulayroqligidir. Asarda shoir o‘zbek tilining ijod uchun muhim bo‘lgan qirralari haqida mukammal bayon qiladi.

Bu asarning yozilishida rasmiy ravishda amalga oshirilgan qator siyosiy islohotlar ham ma’lum ahamiyat kasb etgan. Ya’ni, Alisher Navoiy suyangan tog‘ – Husayn Boyqaroday ma’rifatparvar hukmdor bo‘lsa-da, turkiy til va adabiyot taraqqiyoti uchun kurashish va yana kurashish lozim edi. Navoiy amalda o‘z ona tilining mislsiz boyligi va adabiyotining qudratli ekanligini o‘z badiiy va ilmiy ijodi bilan do‘ndirib qo‘ygan bo‘lsa-da, “Oldingdan oq­qan suvning qadri yo‘q» deganlaridek, nafaqat for­siygo‘ylar, ba’zi turkiygo‘ylar ham Alisher Navoiy dahosini u tirikligida aniq tasavvur eta olganlar, deb bo‘lmaydi. Shuning uchun Navoiy o‘z tilida so‘zlashuvchi qalam ahliga, ziyolilarga “Muhokamat ul-lug‘atayn” nomli bayonnoma bilan yuzlandi. Ular­ga o‘zbek tilining mislsiz boyligi, badiiy so‘z yaratish uchun qulay imkoniyatlari cheksizligini jon­bozlik bilan kashf qilib berishni o‘z oldiga ulug‘ maqsad qilib qo‘ydi va bu buyuk himmati uning uzil-kesil muvaf­faqiyatini ta’minladi.

O‘zbek tili olami nechog‘lik hayratlarga arzir­li ekanligini Alisher Navoiy ijodkorga shunday manzur etadi: “Shuur yoshiga qadam qo‘yilganda Haq subhona va taolo ta’bimga g‘aroyibotlar sari mayl­ni zotiy, diqqat va zahmatkashlikka jasorat­ni tug‘ma qilgani uchun mushohada va mulohaza meni turkiy tilga yo‘lladi: shunday zeb-ziynatli bir olam ko‘z oldimda namoyon bo‘ldiki, o‘n sakkiz ming olamdan ortiq va tab’imga shunday fazlu yuksak­lik osmon tabaqasi ochildiki, to‘qqiz falakdan ortiq hamda bir xazina uchradiki, durlari yulduz gavharlaridan ham yorug‘roq, bir gulshan yo‘liqdi: gullari osmon sayyoralaridan porloqroq, maskani atrof-tevaragi el oyog‘i yetmakdan forig‘ va g‘aroyib narsalari begona qo‘llar daxlidan omonda. Ammo xazinasining iloni qonxo‘r va gulshanining tikanlari son-sanoqsiz. Xayolga keldiki, bu ilonlar nishi nashtaridan qo‘rqib iste’dodli oqillar bu xazinadan bahra topmay o‘tiptilar va ko‘nglimdan shunday kechadiki, go‘yo bu tikanlar ninalari zararidan nazm ahli guldastachilari bazm tuzishga yetarli gul teraolmay chetlab ketib qolibdilar”.

Savolingizning ikkinchi qismiga kelsak, “Mu­hokamat ul-lug‘atayn” asarini chuqur tadqiq qilgan akademik Alibek Rustamovning qayd qilishicha, Alisher Navoiyning o‘zbek xalqiga til jihatidan ko‘rsatgan bebaho xizmatlaridan biri shu bo‘lganki, u o‘zbek tilini o‘ziga qadar o‘zbek adabiy tilida ishlatilmagan turkiy lahjalardagi so‘zlardan unumli foydalanib, ularning adabiy tilda saqlanib qolishiga erishgan va bu bilan adabiy tilni yangi so‘zlar bilan yanada boyitgan. Ikkinchi xizmati shuki, u mavjud so‘zlar va qo‘shimchalar asosida o‘zicha yangi so‘zlar yaratgan va badiiy talablarga javob beradigan lug‘aviy birliklarni hosil qilishning nozik va ajoyib usullarini kashf qil­gan. Uchinchisi turkiy lahjalar va folklordan unumli istifoda qilib adabiy tilda o‘zigacha ishlatilgan so‘zlarni yangi ma’nolar bilan boyitgan.

Alisher Navoiyning to‘rtinchi buyuk xizmati shundan iborat bo‘lganki, u til lug‘at fondi va sheva so‘zlari hi­sobiga adabiy tilning so‘z shakllari, sintaktik gap tuzilishlarini ko‘paytirib ularning ma’no va qo‘llanilish doiralarini kengaytirdi. Ma­na shu xizmatlari tufayli o‘zbek adabiy tilining istifoda imkoniyatlari kengaygan, estetik qimmati yuksak darajaga yetgan, qolaversa, ilmiy-badiiy qudrati ham oshgan.

– Alisher Navoiy Sohibqiron Amir Temur saltanatining tiklanishi bilan o‘zbek tiliga davlat va adabiyot tili sifatida keng imkoniyatlar eshigi ochilgani, ammo tuzukkina turkiy shoirlar bo‘lmagani, faqat Shohrux Mirzo zamoniga kelib Sakkokiy, Haydar Xorazmiy, Atoiy, Muqimiy, Amiriy, Yaqiniy va Gadoyidek bir guruh yaxshi turkiygo‘y shoirlar yetishib chiqqanini qayd etadi.

Amir Temurning o‘z farmonlarini ona tilida yozdirgani Muhammad Haydar mirzoning “Tarixi Rashidiy” nomli fors tilida Kashmirda yozgan (1541–1546) tarixiy asarida aniq ko‘rsatilgan. Davlat hujjatlarini uyg‘ur baxshilari yozishgani inobatga olinsa, bu asardagi ushbu buyruq parchasiyoq Sohibqiron farmonining ona tilida yozilganiga shak-shubha qoldirmaydi. Chunki forsiy tilda bitilgan kitobga, agar Amir Temur farmoni-hujjati hurmati bo‘lmaganda Sohibqiron buyrug‘i tug‘rosida "Suyurg‘atmish yorlig‘idin Temur Ko‘ragon so‘zum” singari o‘zbek tilidagi so‘zlar kiritilmas edi. Ammo Husayn Boyqaro davrida til masalasi davlat siyosati darajasiga yetgan ekan-da.

– Xuddi shunday. Sulton Husayn mirzo Shohrux Mirzo davlatidagi o‘zbek tili va adabiyoti ta­raqqiyotini endi o‘z davrida yanada yangi, yuksak bosqichga ko‘tarishga harakat qildi. Alisher Navoiy sa’y-harakati, o‘z ona tili bo‘lgan o‘zbek tiliga hurmat va e’tiqodi tufayli o‘zi ham turkiy tilda ijod etib, sohibdevon shoir sifatida nom qozondi va o‘zbek tili va adabiyotiga davlat ahamiyatiga molik ish sifatida qarab, maxsus buyruqlar chiqarib, o‘zbek oilasidan chiqqan iste’dodlarni ona tilida ijod qilishga chorladi.

U yoki bu tilning so‘z boyligi, til qonu­niyat­larining mukammalligi va qudratli adabiyot yaratish imkoni muayyan til boyligi, so‘zlarning yaqin ma’noli yoki ma’nodosh so‘zlarga boyligi hamda bir so‘zning bir necha ma’noda kelishi bilan ham izohlanadi. Navoiy “yig‘lamoq” tushunchasi forsiyda “giristan” bo‘lsa, o‘zbek tilida uning yaqin ma’nodoshlaridan yig‘lamsinmoq, ing­ramoq, singramoq, siqtamoq, o‘kurmak, inchkir­mak singari shakllari borligi va ularning har biri yangi-yangi ma’no va ta’sirchanlik ifodasi bilan tafovutli ekanligini uqtiradiki, bu hisobda forsiy va turkiy tildagi so‘z nisbati yettiga bir bo‘lgan.

“Muhokamat ul-lug‘atayn” muallifi nazariyotchi va amaliyotchi tilshunos sifatida o‘zbek tili lug‘at boyligi, fonetik va morfologik hodisalar tufayli tushuncha ifoda va ma’no imkoniyatlari chek-chegarasizligini birma-bir dalillar ekan, tur­­kiy tilining mislsiz boy va ta’sirchan, badiiy qud­rati ortiq ekanligini o‘z ijodi tahlilida namoyish etib ulgurgan. Navoiy ijodining birinchi buyuk tadqiqotchisi Sulton Husayn mirzo bo‘lib, unga “Risola” bag‘ishlagan bo‘lsa, ijodining umumlashma bahosini Navoiyning o‘zi ushbu asarida ikkinchi bo‘lib bergandir. Savol tug‘iladi: nega Navoiyning o‘zi “Muhokamat ul-lug‘atayn”da o‘z ijodining o‘zbek adabiyotidagi o‘rnini bunchalik jonkuyarlik bilan tahliliy aniqlashtirishga urindi?

Xuddi Abulg‘ozi Bahodirxon “Shajarai turk” asarida ota-bobolari va o‘z tarixini o‘zi yozganidek, Navoiy ham uning ijodiga Sulton Husayn mirzo “Risola”sidan keyin maxsus tadqiqiy yondashuvchi asar o‘zbek tilida yozilmasligini xuddi bilgandek, bu ishni qildi. To‘g‘ri, Alisher Navoiy hayoti, faoliyati, shaxsi, siymosi, ijodiga doir tavsifiy-tahliliy talqinlar G‘iyosiddin Muhammad Xondamirning “Makorim ul-axloq” asarida maxsus, Abdurahmon Jomiyning o‘ndan ortiq asarlarida, Zayniddin Mahmud Vosifiyning “Badoe’ ul-vaqoe’” esdaliklarida, Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Vaqoe’” (“Boburnoma”) singari memuar va talay tarixiy asarlar, dostonlarida ham mavjud. Biroq “Boburnoma”dan boshqalari, hammasi forsiy tildagi asarlar ekanligini inobatga olsak, Navoiyning o‘z ijodiga tahliliy-nazariy daxli juda to‘g‘ri bo‘lgan. Negaki daho Navoiy ijodining shu darajadagi tahliliy ma’rifati, kim biladi, XV asr ziyolilari, xususan o‘zbek adib va shoirlari uchun ma’lummidi yo yo‘qmi...

Bundan-da muhimi: o‘zbek tilining jahon­shu­mul asarlar yaratishga qodir buyuk so‘z xazinasi ekanligini Navoiydan boshqa qaysi so‘z san’atkori ijodida isbotlash imkoni bor edi?

Shunga ko‘ra Navoiy o‘z ijodi ona tili va adabiyotining oliy namunasi ekanligini yaxshi bilardi. Shuning uchun ham asar muallifi o‘z oliy maqsadi – o‘zbek adib va shoirlarini ona tilida yozishga rag‘batlantirish va chorlash uchun o‘z-o‘zini, o‘z ijodini tahliliy kashf etishga burchli ham edi.

– Rahmat, domla. Biz til haqidagi mulo­qotimizga asosan Hazrat Navoiyning “Mu­ho­kamat ul-lug‘atayn” asarini asos qilib oli­shimizdan maqsad shu ediki, Hazrat ona tilimizning barcha yutuqlarini nazariy ji­hatdan muxtasar tahlilu talqin etib, nohaq hasadgo‘ylar da’volarini chilparchin qi­lib, bu masalaga uzil-kesil nuqta qo‘ydi. Bu ulkan muammoni u quruq da’vo bilan emas, balki chuqur asosli dalillar, yorug‘ fikrlar, teran ilmiy mulohazalar bilan hal qilib berdi. Buyuk da­honing bu jonbozligi asrlar osha bizga ib­rat bo‘lib kelmoqda.

Suhbatdosh: Alisher Nazar

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 10-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.