background
logotype

Tohir Malik: «Qayerda san’at, adabiyot pulga xizmat qilar ekan, undan xayr kutib bo‘lmaydi» (2016)

17 yanvar kuni Toshkent shahridagi “Kitob olami” markazida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning “Hilol-nashr” nashriyotida chop etilgan “Mehmon tuyg‘ular”, “Falak”, “Zulmat saltanati” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tgan edi. Uchrashuvda Tohir Malik muxlislarning savollariga atroflicha javob berib, qimmatli maslahatlar berdilar. Quyida ana shu fikrlarni e’tiboringizga havola qilamiz.

Alloh taolo Qur’oni karimda «Isrof qilmanglar!» deydi. Jamiyatimizdagi eng katta illatlardan biri ham – isrofdir. Men ozroq eslayman, yoshlishimizda nonga kechasi bilan navbatda turishardi. Hozirgi yigitlar kechagi nonni yeyishmaydi. Mana shuni nonko‘rlik deydi, isrof deydi. Ba’zi artistlarning nodonligidan g‘ashim keladi. Ular «garderobimda ellikta kostyumim» bor, deb isrofgarchiligidan maqtanadi.

Non isrofi qanchalik gunoh bo‘lsa, vaqt isrofi ham shunchalik katta gunohdir. Iqtidor, zehnning ham isrofi bor. Kimgadir Alloh taolo matematik bo‘lish zehnini berdimi, endi u shu iqtidorini kamolga yetkazsin. Boy bo‘laman deb bozorga chiqib ketmasin. Aks holda u mana shu Alloh bergan iqtidorni isrof qilgan bo‘ladi. Chunki Alloh buni hammaga ham bermagan.

Afsuski, vaqtni isrof qilish bo‘yicha ham ko‘pgina xalqlardan ilg‘ormiz. Vaqt isrofi bo‘yicha erkaklarimiz ayollardan qolishmaydi. Saudiyalik bir do‘stim hazillashib aytib qoldi: «Sizlarga juda qiyin ekan. Kuniga bir mahal ovqatlanarkansizlar xolos». «Nega endi?» deya taajjub bildirsam, «Saxardan oshga borarkansizlarda, ziyofatlar kechqurun tugarkan», dedi.

Bir kitobimda «stolba qorovullari» haqida yozgan edim. Bu kechqurun simyog‘och yorug‘ida o‘tirib, soatlab gaplashib o‘tiradigan yigitlar haqida. Erkak kishi 2-3 soat nima haqida gaplashishi mumkin? Shu bekor ketgan vaqt o‘rniga kuniga bitta hadis o‘rgansangiz, yiliga 366 ta hikmat qalbingizga jo bo‘ladi.

Messi, Ronaldu degan eng qimmatbaho futbolchilarning maydondagi har bir hatti-harakatini kompyuter hisoblab boradi. Ular bitta o‘yinda 15-16 kilometr yuguraradi. Tinimsiz mehnat qiladi. Shuncha yugurganiga yarasha, natijasi ham yaxshi bo‘ladi. Bizning dumbul futbolchilarimizning eng yaxshisi ham 5 kilometr zo‘rg‘a yuguradi. Shunga yarasha natijani ham ko‘raverasizlar. Kechayam yutqizishdi-ku. Ularning hammasining bo‘yniga omoch boylab, dalada qo‘sh haydatish kerak. Bular na o‘z qadrini biladi, na vaqtning. Sizlar ham shular kabi tanbal bo‘lib qolmanglar!

— Yozuvchining asar yozishdan maqsadi, niyati qanday bo‘lishi kerak?

— Har sohada ham avvalo, niyat xayrli bo‘lishi kerak. Qaysi ish bo‘lmasin, agar undan moddiy manfaat olish niyat qilinsa, uning oxiri yaxshi bo‘lmaydi. Menda ham biron asar yozishdan avval undan moddiy foyda olish niyati bo‘lmagan. Men nimaiki o‘qib-o‘rgangan bo‘lsam, hammasini siz kitobxonlarga qaytarish niyati va bu yo‘lda Alloh rizoligini istash bor.

Ba’zilar adabiyot nasihatga aylanmasligi kerak, deydi. Mening asarlarimni ham tanqid qiluvchilar ko‘p. Nega adabiy asarlarida Qur’ondan oyat, hadis keltiradi, «bismilloh» bilan boshlaydi, deyishadi. Unda Alisher Navoiyni ham tanqid etamizmi? Axir, hazratning har satri hikmat-ku! Adabiyot asli «Odobul kulliyot» (odoblar kulliyoti) deyiladi-ku! Adabiyot odamlar tarbiyasiga, xalqqa Allohning buyruqlarini yetkazishga xizmat qilishi kerak.

— Texnologiyalar rivojlanishi bilan muloqot jarayonida o‘zbek tilining buzilish holatlari, savodsizlik kuchayib bormoqda. Bu muammoni yechishda qanday amaliy ishlar qilinmog‘i kerak?

— Til eng ulug‘ ne’matlardan biri. Bugun ziyolilar, ota-onalar yosh avlodning savodxonligidan tashvishga tushmoqdalar. O‘zbek tiliga davlat maqomi berilganda barcha xursand bo‘lgan edi. O‘sha paytlar odamlar asosan ruscha qo‘shib gapirsa, hozirda umuman tushunarsiz so‘zlar qo‘shib gapirish urf bo‘lgan. Bunday muammolar hukumat qarorlari bilan emas, insonning farosati, savodini oshirish bilan bartaraf etiladi.

Haqiqatan, tilga e’tibor — elga e’tibor. Ba’zida ma’nosini bilmagan holda so‘kinayotganlarni eshitib qolamiz. Ayol o‘z bolasini «juvonmarg bo‘lgur» deb koyiydi. Agar ma’nosini (yoshligingda o‘lib ket) bilganida bunday deb so‘kmas edi. Xalqimiz qadimdan koyish so‘zlarini ham yaxshi niyat bilan ifodalagan: «juvonmarg bo‘lmagur», «qurib ketmagur».

— Tarixni adabiyot orqali o‘rganish kerakmi? Nima uchun hozirgi kunda tarixiy romanlar deyarli yozilmayapti?

— Sovet davrida «tarixiy asar yozish mumkin emas» deb ochiq aytishardi. Pirimqul Qodirov «Yulduzli tunlar»ni yozganlarida o‘n yil chiqarishmadi. Sharof Rashidov o‘qib, mas’uliyatni zimmamga olaman, degandan so‘ng chiqdi. Mustaqillikdan so‘ng yaxshi tarixiy asarlar yoziladi, deb o‘ylagan edim. Lekin buni kitobxon yaxshi qabul qilmayapti. Buning sabablari bor. Tarixiy asar yozish uchun tarixning o‘zini bilish yetarli emas. O‘sha tarixning ruhiga ham kirish kerak. Amir Temur haqida yozadigan odam Islomni yaxshi bilish kerak. Bir tanishim tarixiy asar yozaman deganlarida, siz avval namozni tushuning, degan edim. Asar qahramoni 5 rakaat namoz o‘qiydi. Ba’zilar besh vaqt bilan besh rakaatning farqiga bormas ekan…

Jahon adabiyotida ko‘p yillardan beri tortishuv bo‘lib keladi: tarixiy asarda tarixiylik kuchli bo‘lishi kerakmi yo badiiylik? Men badiiylik tarafdoriman. Mashhur rus yozuvchisi aytganidek, «tarixiy dalil tugagan joyda tarixiy asar boshlanadi». Tarixiy dalillarni tarix kitoblaridan ham o‘qish mumkin. Badiiy asarning vazifasi mushohadaga chorlashdir. Bunga quruq dalilning o‘zi bilan erishib bo‘lmaydi.

«Alisher Navoiy» degan asarni bilasizlar. Undagi Guli bilan Navoiy muhabbati mutlaqo noto‘g‘ri va bema’ni. Chunki podshoh bilan vazirning bir qizni talashishi men uchun bema’nilikdir. Tarixiy asarda ham to‘qima bo‘lsin, lekin bunaqa bema’ni, ishonarsiz to‘qima bilan asarning ma’nosiga putur yetkazmaslik kerak.

— Yozuvchilik tug‘ma qobiliyatmi yoki mehnat mahsuli?

— Rus yozuvchisi Maksim Gorkiy bu haqda «1 foiz talant, 99 foiz mehnat» degan. Alloh taolo ato etgan iqtidor bo‘lmasa bu narsaga erishish juda qiyin. Muhimi ana shu zehnni tarbiyalay bilishda. Men bir asarni boshlashdan oldin o‘zimni yosh yozuvchi deb tasavvur qilaman, agar taniqliligimni unutmasam yaxshi yozolmayman. Yozuvchilarga shuhrat yomon ta’sir qiladi.

Men olim emasman, olimlarning muxlisiman. Sizlarga nasihat qilish, aql o‘rgatish niyatim yo‘q. Chunki o‘quvchilarim orasida mendan ko‘ra aqlli, bilimlilari ko‘p. Yozayotganda shunga e’tibor beraman.

— Asarlaringizni yozishda Islom dinining ta’siri, o‘rni qay darajada?

— Men eski davrlarda ham qo‘lyozmalarimni «bismilloh»dan boshlab yozardim (albatta bu qismi bosma asarda chiqmas edi). U paytlarda Islom dinini o‘rganish juda qiyin edi.  Ateistlarning kitobini o‘qirdim. Ular dinni tanqid qilishda Qur’oni karimdan oyatlar keltirishardi. Men shunisini olardim xolos. Moskvadagi bir do‘stim Bolgariyaga borganda unga Qur’oni karimning ruscha tarjimasini sovg‘a qilishgan ekan. Do‘stimga kitobning fotonusxasini (u paytlar kserokslar yo‘q edi) olib ber, desam u ko‘chirib chiqishni maslahat berdi. Moskvaga ikki oyga borgan edim. Ijodiy ishlarimni bir chetga surib, kitobni ko‘chirishga tushdim. Kitobni olib, o‘n kundan so‘ng uyga qaytdim. Ko‘chirib bo‘lib, do‘stimga telefon qildim, kitobni pochtadan yubormoqchi bo‘ldim. Do‘stim: «Sen qanday musulmonsan? Shu kitobni pochtadan yuborib bo‘ladimi», deb tanbeh berdi. Kitobni olib ertalab Moskvaga uchib, kechki reysda qaytib keldim. Shunda ichimga bir ruh tushgan edi.

Kitoblarimni «Bismillahir rohmanir rohim» bilan chiqarish katta orzum edi. Sovet tsenzorlarini aldashga majbur bo‘ldim. «So‘nggi o‘q» romanim bismilloh bilan boshlanadi. Faqat muallif nomidan emas, qahramon nomidan: — Bismillohir rahmonir rahim — Jahongir shunday dedi-da, miltiqni o‘qladi…

Shundan so‘ng Alloh ishimni o‘nglab, bismilloh bilan chop etilishda davom etdi.    

— Hozirgi kunda ham xuddi «Shaytanat» kabi ommabop bo‘lgan biron asar yozishni rejalashtirganmisiz?

— 1974 yili Mirzo Ulug‘bek hayotidan «Falak» degan asar yozgan edim. U paytlar tarixiy asar yozish mumkin bo‘lmagani uchun fantastikaga bog‘lab chiqargandim. Uni davom ettirmoqchi bo‘ldim. Tajribam yetmadi, ruhan tayyor emasdim. Hozir shu asarni to‘ldirish ustida ishlayapman. Bu asar tarixiy yo‘nalishda bo‘ladi.

— Hozirda saviyasi past bo‘lgan nashrlar ko‘payib ketgani bor gap. Ularning saviyasini oshirishda kitobxonlar nima qilishi kerak?

— Hozirda kitoblar juda ko‘p chop etilmoqda. Lekin o‘qimishlilik darajasi haqida ijobiy fikr aytish qiyin. Detektiv yozish oson deyishadi. Hozir ko‘pchilik yozib yotibdi. Yozuvchi yozayotgan mavzusini juda yaxshi bilmog‘i kerak.

Bir nashr men bilan suhbatga o‘z muxbirini yuborib, «Tohir akadan so‘ranglar, gazetamizni nima qilsak, yaxshi bo‘ladi. Shuni ham bilib kel», deb tayinlabdi. Men ularga hazil aralash javob berdim: «Gazetangizni yopsangiz yaxshi bo‘ladi».

Qaerda san’at, adabiyot pulga xizmat qilar ekan, ulardan xayr kutib bo‘lmaydi. Televizorda kino, qo‘shiqlarni tanqid qilishadi-yu, o‘zlari o‘sha bema’ni film va ashulalarni efirga qo‘yishadi.

— Kitob, axborot texnologiyalari kitob o‘rnini bosa oladimi?

— Bizda har bir oilada ham kompyuter yo‘q. Ularning hammasida ham internet mavjud emas. Undan hamma ham foydalana olmaydi (masalan, men ham). Kitob hech qachon internetga o‘z o‘rnini bo‘shatib bermaydi.

Yaponiyada tsunami bo‘lganda ko‘rsatishgan edi. Katta bir zalda yotgan yosh yigit kitob o‘qiyapti. Shuncha musibatdan so‘ng ham u kitob o‘qishga mayl topa oldi. Shu payt Yaponiya imperatori kelib, o‘sha bolaga ta’zim qilib salom berdi. Mana, ilmning sharafi qaerda.

Kitobim – oftobim, deymiz. Lekin kompyuterni oftob deyolmaymiz, u elektr tokisiz ishlamaydi.

Sizning ilm yo‘lidagi qilgan harakatingiz, Alloh yo‘lida yozilgan kitoblarning har bir sahifasidan olgan ilmingiz uchun O‘zi ajrlar yozsin!

Davronbek Tojialiyev yozib oldi.

Suhbatni MP3 formatda tinglang.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.