background
logotype

Ulug‘bek Hamdam: “Yurakni so‘zlarga ko‘chiraylik” (2014)

http://ziyouz.uz/images/ulugbek_hamdam.jpgYozuvchi va adabiyotshunos olim Ulug‘bek Hamdam bilan suhbatimiz tarjimashunoslikning bugungi kundagi muammo va yutuqlari xususida bo‘ldi.

— Yaqinda “Jahon adabiyoti” jurnalida “Tarjima — millatlararo ko‘ngil muloqoti” sarlavhali maqolangizni o‘qib qoldim. Mutolaa jarayonida bir necha savollar tug‘ildi. Sizningcha, ruhiyat tarjimaning bosh mezonimi?

— Ha, fikrimcha, tarjimada, eng avvalo, asar ruhini to‘laqonli bera olish birlamchidir. Qolgan barchasi bezaklardek gap. Bezaklar ham lozim, lekin asarning mazmun-ruhi imoratning poydevori, devorlari va tomiga o‘xshaydi. Mana shular risoladagidek bo‘lgan taqdirdagina bezaklar yarashadi.

Badiiy tarjimaga, ayniqsa, talabim hamisha katta. Hujjat va shu kabi ­boshqa matnlar, yana tarixiy, rasmiy, adabiy-tanqidiy mazmundagi asarlar tarjimasi — ish, qora mehnat, lekin badiiy tarjima ishdangina iborat emas, u ayni paytda, ilhomga yo‘g‘rilgan ijoddir. Chinakam badiiy tarjima — yuksak ijodiy ish. Menga qolsa, tarjimon ham xuddi ijodkor yanglig‘ mudom izlanishda yashamog‘i kerak. Ya’niki, u tarjima etiladigan asarni qidirib yursa, uni topganda esa botiniga ijod iztirobi inib, halovatini yo‘qotib qo‘ysa, shundan keyingina uni o‘girishga tutinsa, deyman. Ayrim yoshlarimiz esa tilga tezroq tushish ilinjida bu ishga qo‘l urayotganining guvohi bo‘layapmiz. Hozir mamlakatimizda tarjimaga katta ahamiyat berilayapti. Lekin ko‘pchilik havasmandlar tarjima degan ijodiy ish mohiyatiga yetarlicha kirib borolmayotgandek, tarjima mas’uliyatini teran his qilmayotgandek tuyuladi menga. Ayniqsa, jahon she’riyatidan bosilayotgan ko‘pgina tarjimalarning darajasidan qanoat hosil qilmayman. Chunki, bunday tarjimalarning aksari faqat qora mehnatning natijasi bo‘lib qolayapti. Vaholanki, yuqorida aytilganidek, ular ilhom va ijodning ham mahsuli bo‘lsagina o‘quvchiga yuqadi.

— Asarning ruhiyatiga kirolmay qilingan birgina tarjima yozuvchini ham, tarjimonni ham malomatga qo‘yishi mumkin. Bu jaryonda, avvalo, kitobxon aziyat chekadi. Mazkur hodisaga fikringiz qanday?

— Bu ishning g‘oyat muhimligi shundaki, yangi yo‘llar izlanayotgan davrlarda dunyo bosib o‘tgan tajribaga ehtiyoj seziladi. Bu tajribadan boxabar bo‘lishning eng qisqa va eng unumdor yo‘li — tarjima! Uzoqqa bormasdan, o‘z tariximizga e’tibor beraylik: XX asr avvali milliy uyg‘onish yillarida ko‘pgina ijodkorlarimiz tarjimaga qo‘l urishgan. Mustaqillikka erishganimizdan keyin yana xuddi shunday ehtiyoj bilan yuzma-yuz kelib turibmiz. Boshqacha aytganda, bugun dunyo adabiyoti, san’ati va madaniyatiga doir hamda bizning olg‘a ketishimizga qaysidir ma’noda yordam beradigan durdonalarning imkon qadar hammasini tarjima qilib, o‘z mulkimizga aylantirishimiz judayam muhim.

— Maqolangizda ikkilamchi tildan qilingan tarjimalar ham muvaffaqiyatli chiqishini aytgansiz. Biroq, shu narsa ham haqiqatki, jahonda ikkilamchi tildan qilingan tarjimalarga asl tarjima sifatida qaralmaydi. Bugungi adabiy jarayonda ikkilamchi tildan qilinayotgan tarjimalar asliyat tilini bilmaslik natijasimi yoki turli tillardan bevosita o‘giradigan tarjimonlar yetishmaslik oqibatimi? Bu jarayon hali uzoq davom etadi, deb o‘ylaysizmi?

— Nazariyada bunday: avvalo asliyat, keyin undan to‘g‘ridan to‘g‘ri qilingan tarjima muhim. Ammo birlamchi tilni puxta biladigan tarjimonlar kam bo‘lsayu asarga suv va havodek ehtiyoj bo‘lsa, nima qilamiz? Qo‘l qovushtirib o‘tirib bo‘lmaydi-ku! Asliyat tilini o‘rganishga esa uzoq yillar, ba’zan hatto umrlar sarf bo‘ladi. Mana shunday paytlarda ikkilamchi tildan o‘girmalar ham o‘sha katta ehtiyojga bir qadar darmon bo‘ladi. Mening qarashim shu ma’noda. Vaqti keladiki, yaxshi tarjimani birlamchi tildan amalga oshirish mumkin bo‘ladi va shunda siz aytayotgan bosqichga ko‘tarilamiz. Ammo masalaning boshqa jihati hamisha saqlanib qolaveradi. Ya’niki, birlamchi va ikkilamchi til tarjimonlari katta iste’dod sohiblari bo‘lsa va ular o‘girayotgan asar har ikkisining ruhiyatiga muvofiq tushsa, demak, bunday tarjimalar ham yashashda davom etaveradi. Masalan, xitoy tilidan ruschaga, so‘ngra esa ruschadan o‘zbekchaga o‘girilgan bir asarni olaylik. Bu o‘rinda rus va o‘zbek tarjimonlari xitoycha asar mazmun-mohiyatiga kira bilib, uni yuksak saviyada ilhom bilan ro‘yobga chiqarsalar, demak, bunday tarjima xitoychadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zbekchalashtirilgan o‘rtamiyona tarjimadan baland turishi mumkin. Lekin bu kamdan-kam uchraydigan noyob hodisa bo‘lgani uchun uni mutlaqlashtirishdan yiroqman va zarurat tug‘ilmasa, asliyatga murojaat qilaverish kerak, deb hisoblayman. Misol uchun, yaqinda Nobel mukofotini olgan xitoy yozuvchisi Mo Yan asarlarini olaylik. Unga nega, qanday xizmatlari uchun mukofot berildi, degan savolga tezroq javob topgimiz keladi. Jahon OAVning shov-shuvlari o‘z yo‘liga, biz o‘z ko‘zimiz bilan o‘qib, o‘z aqlimiz bilan mushohada qilib ko‘rishni istaymiz Lekin xitoy tilini mukammal biladigan va uni shunday darajada o‘zbekchalashtira oladigan biron mohir tarjimonni, masalan, men bilmayman.

Masalani ikki tarjimon vositasida ham yechish mumkin. Buning uchun esa xitoycha va o‘zbekchani yaxshi biladigan birinchi (taglama) va uni o‘zbekcha badiiy tarjimaga aylantiradigan ikkinchi (badiiy tarjima) — tarjimonlar tandemini uyushtirish, moddiy-ma’naviy rag‘batlantirish talab etiladi.

— O‘zingiz ham ijodiy faoliyatingiz davomida tarjima bilan shug‘ullangansiz. Badiiy asar tarjimasida birlamchi ahamiyat kasb etadigan talablar nimalardan iborat, deb o‘ylaysiz? Til bilish o‘z yo‘liga. Biror-bir xorijiy tilni qonun-qoidalari bilan puxta biladigan mutaxassis bir she’r yoki hikoyani asliyatdan puxta-pishiq qilib o‘girolmasligi mumkin. Tarjimon uchun eng muhim xususiyatlar nimalardan iborat?

— Fikringizga to‘la qo‘shilaman. Til bilish — bu hali hammasi emas. Avvalo, asar mohiyatini-ruhini yaxshi uqish lozim, keyin esa tarjimada shu mazmun-ruhni go‘zal shakllarda (albatta, asliyat shakliga uyg‘un ravishda) ifoda qilish kerak. Muhimi, mana shu. Lekin bu g‘oyat umumiy bir javob. Maydalab qaraydigan bo‘lsak, ishni, asarning bugungi kun o‘quvchisi ma’naviy-ruhoniy ehtiyojlariga qay darajada javob berishidan boshlamoq kerak. Hatto buyuk ijodkorlarning asrlar davomida maqtalgan asarlari ham zamondoshlarimiz uchun unchalik qiziqarli bo‘lmasligi mumkin. Bitta misol keltiray: yaqinda bir do‘stim jahonda uzoq o‘n yilliklar mobaynida mashhur bo‘lib kelgan romanni Toshkentga ko‘tarib keldi-da, bir haftalar davomida o‘qib yurdi. Katta hajmli romanning yarmiga borganda esa “bas, o‘qimayman!” deb qoldi. Sababini so‘rasam, “asardan o‘zimni topolmadim” dedi. Bu to‘g‘ri javob edi. Chunki bugun dunyo tamomila o‘zga sharoit va ­kayfiyatda nafas olayapti. Romanda aks etgan voqelik va odamlarning dunyoqarashlari esa muayyan mamlakat kishilarining qisqa bir vaqt oralig‘igagina (XIX asar adog‘i va XX asr avvaliga) tegishli bo‘lib, hozir u yerda ham butunlay o‘zga hol hukm surmoqda. (To‘g‘ri, chuqur gumanizm g‘oyalari bilan sug‘orilgan, ayni paytda, badiiy jihatdan pishiq-puxta asarlar, agar ramziy-majoziy tilda bitilgan bo‘lsa, zamon tanlamaydi. Lekin do‘stim “hazm qilolmagan” romanning qay bir tarafi, nazarimda, ana shu talablarga javob bermas edi). Unday romanlar endi asosan mutaxassislar yoki judayam tor o‘quvchilar guruhi uchungina qiziqarli bo‘lishi mumkin. Nima demoqchiman? Tarjima uchun tanlanayotgan asar yetarli miqdordagi o‘quvchilar guruhining qiziqish va ehtiyojlariga javob bersin, uni fikrlashga, ezgulik va yovuzlik kurashida birinchisining yonida turishga undasin, qalbida yorug‘lik va hayotga muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otsin! Mana shu tanlovdan keyin esa tarjima mahoratiga kelamiz. Yana shuki, har qanday mutarjim istalgan asarning tarjimasiga tutinmasligi joiz deb bilaman. Har bir tarjimon “o‘z asari”ni, botiniy olamida aks sado berguvchi “matni”ni topsin!

Tarjimada nafaqat so‘z, ayni paytda, ma’no, aforizm, vaziyat va turli xil holatlar muqobilini ham topish muhim hisoblanadi.

— Xabaringiz bor, bugungi kunda o‘zbek adabiyoti namunalarini xorijiy tillarga tarjima qilishni tashkillashtirish borasida faol ish olib borilmoqda. Bunday tarjima asarlar kitob holida chop etilayotir ham. Shular haqida fikringiz qanday? Bu tarjimalarning saviyasi haqida nima deya olasiz?

— Albatta, o‘zbek adabiyotining sara namunalarini dunyo ham o‘qishi kerak. Buning uchun esa tarjima lozim. Lekin qanday tarjima? O‘z asarlarim boshidan o‘tganlardan xulosa qilib aytsam, bu ish biz o‘ylaganchalik oson emas ekan. Chunki bitta roman, bir qissa va bir necha hikoyalarimni rus tiliga tarjima qildirib, mutaxassislar e’tiboriga havola qilib ko‘rdim: qissada o‘zbek va rus tarjimonlarining dueti ishtirok etgani uchun yaxshi baho oldi, lekin ayrim hikoyalarimning tarjimasi bo‘yicha aytilgan mulohazalar tanqidiy ruhda bo‘ldi. O‘zim ham solishtirib qaradim: mutaxassislarning haqli chiqqan o‘rinlari talay. Inglizcha tarjimalar borasida esa umuman gapirmasa ham bo‘ladi. Hayotiy tajriba va mushohadalardan keyin shunday xulosaga keldimki, tarjimon, avvalo, ijodkor bo‘lishi va ikkala tilni puxta bilishi, ayniqsa, tarjima etilayotgan tilda har kuni gaplashishi, uning butun nozikliklarini, ma’no tovlanishlarini o‘z vujudida his qilib yurgan bo‘lishi zarur ekan. Ya’ni lug‘at orqali u yoki bu tilni bilish, bu tilda onda-sonda gurunglashib yurish bilan haqiqiy badiiy tarjimonlik o‘rtasida yer bilan osmoncha farq borligini achchiq tajribalar isbot qildi. Demak, o‘zbekchadan xorijiy tilga o‘girilgan asarlar, o‘sha chet til egasi bo‘lmish, buning ustiga ruhdosh, zamondosh ijodkor nigohidan o‘tishi shart.

— O‘zbek tarjima tarixi boy tajribaga ega. Jahon adabiyotining juda ko‘plab durdonalari keyingi bir, bir yarim asr mobaynida ona tilimizga o‘girildi. Bundan o‘ttiz-ellik, hatto yetmish yil oldin qilingan tarjimalar eskirmadimikan? Ulardagi ko‘plab so‘z va iboralar iste’moldan chiqib ketgan... Shu ma’noda, o‘sha asarlarni qayta tarjima qilish zarur deb o‘ylaysizmi?

— Til — harakatdagi hodisa. Shunday ekan, chindan-da ma’lum davrlar o‘tgach, asarning yangi tarjimalariga ehtiyoj sezilaveradi. Lekin yangi tarjima oldingisining soyasida qolib ketmasligi, aksincha, undan har jihatdan balandda turmog‘i taqozo etiladi. Shunday bo‘lgan taqdirdagina yangi tarjimaga qo‘l urish o‘zini oqlaydi. Shu bilan birga, avvalgi tarjima o‘ta muvaffaqiyatli amalga oshirilgan bo‘lsa, bunday tarjima shu el va uning tilidagi leksik va grammatik poydevor bor bo‘lgan muddatcha yashab qolishi mumkinligini ham e’tibordan soqit qilmaslik lozim.

— O‘zingizning asarlaringiz ham xorijiy tillarga tarjima qilinganidan xabardormiz. Chunonchi, taniqli olim va tarjimon Ninel Vladimirova “Isyon va itoat” romaningizni rus tiliga o‘girgan. So‘ramoqchi bo‘lganim, asaringiz tarjimasidan qoniqish hosil ­qildingizmi?

— Albatta, “Isyon va itoat”ning tarjimasi uchun ustoz tarjimon, professor Ninel Vasilevnadan bir umr minnatdorman. Ayrim mutaxassislar tarjimada juz’iy kamchiliklar mavjud deganiga va o‘zim ham ulardan ko‘z yummaganimga qaramay, nazarimda, bu ishning zabardast tajribali tarjimon tomonidan amalga oshirilgani qimmatli fakt bo‘lib qolaveradi. Lekin, chamasi, endigi gap boshqa narsa haqida borishi kerak. Yaqinda asarning yangi nashri bosilib chiqdi va men unda ancha-muncha jiddiy tahrirlarni amalga oshirdim. Demak, tarjimani ham qayta ko‘rib, tahrirdan o‘tkazish taqozo etilmoqda.

— So‘nggi savol: bo‘lg‘usi va yosh ijodkorlarga qisqa maslahat va tilagingiz?

— Ruxsatingiz bilan aytadiganimni nazmiy yo‘sinda izhor etsam:

Yurakni so‘zlarga ko‘chiring,
G‘o‘r bo‘lsa, ayamang, o‘chiring.
Zo‘r bo‘lsa, tuzatib-kuzatib,
Ellardan ellarga uchiring,
Yurakni so‘zlarga ko‘chiring!

Chunki ijodda eng muhimi, yurakdagi o‘z gapingni, ya’ni dardingni oq qog‘oz yuziga eson-omon olib chiqishdir. “Eson-omon” deganimiz, botindagi haqiqatga xiyonat qilmay, ayni damda, san’atning yuksak talablariga javob bera oladigan asarlar bita olish deganimiz bo‘ladi.

Sanjar Tursunov suhbatlashdi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 20-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.