background
logotype

Ulug‘ g‘oyalar ulug‘ insonlarni voyaga yetkazadi (Abdulla Oripov va Qulman Ochilov suhbati) (1996)

Shoir Abdulla Oripovning “Sohibqiron” dramasi hali siyohi qurib ulgurmasdan, nainki kitobxonlar o‘rtasida, balki teatr arboblari orasida ham qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Ular shu she’riy dramani birin-ketin sahnaga qo‘ymoqqa kirishdilar. Ko‘p o‘tmay, xorijdan ham xushxabarlar kela boshladi: asaringizni teatrimizda qo‘ymoqchi edik...

Qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyatining Bobur nomidagi teatrida “Sohibqiron” spektaklining namoyishi bo‘ldi. Bu nafaqat mashhur shoirimizning ijodiga, balki 660 yillik tavalludini nishonlayotganimiz Amir Temur bobomizning hayotiga ham katta qiziqishdan dalolatdir.

“Sohibqiron”dek zalvorli asarlar bir kunda dunyoga kelmaydi, albatta. U – necha yillik tinimsiz mehnat, izlanish, o‘qish-o‘rganish samarasidir. Buyuk shaxslar haqida asar yaratish uchun ijodkor ham o‘z qahramoniga munosib bo‘lishi kerak. Bu o‘rinda aynan shunday ekaniga shubha yo‘q.

Shu bois bobomizning tavallud to‘yi arafasida sevimli shoirimizni suhbatga tortdik.

Sohibqiron zimmasiga yuklangan yumush

– Abdulla aka, Amir Temur bobomizning sarkardalik, davlat arbobi va ma’rifatparvarlik faoliyati haqida kitoblardan ozmi-ko‘pmi o‘qib bilyapmiz. Lekin Sohibqiron inson sifatida qanday odam bo‘lgan? Bunday savolga javob axtarishga tushsangiz, ko‘plab rivoyatu afsonalar, latifayu hangomalarga, mish-mishlarga ham duch kelasiz. Siz uzoq yillardan buyon Amir Temur faoliyatini astoydil o‘rganib kelayotgan ijodkor sifatida bunday savolga Siz nima deb javob berasiz? Suhbatimizni shundan boshlasak.

– Umuman, buyuk shaxslar hayoti haqida turli rivoyatu afsonalar, hatto yolg‘on-yashiq gaplar, mish-mishlar ko‘p bo‘ladi. Bu – tabiiy. Bunday shaxslar ummonda suzib borayotgan ulkan kemaga o‘xshaydi – izi ham shunga yarasha, keng va mavjli bo‘ladi. Jumladan, Amir Temur hazratlari haqidagi turli mish-mishlaru rivoyatlar ham hali u kishi hayotligidayoq keng tarqala boshlagan. Masalan, u kishining dunyoga kelishini bevosita ilohiyat bilan bog‘lashgan – hazrat tug‘ilganida vulqon otilgan, chaqmoq chaqqan ekan va hokazo. Bu – buyuklikning belgisi.

Aytish kerakki, Amir Temur hazratlariday shaxslar yilda emas, asrda emas, ming yillarda bir marotaba dunyoga keladi. U kishining «Sohibqiron» deb nom olishining zamirida ham tabiatda bo‘ladigan jarayonlar o‘z aksini topgan, deb aytiladi. Ya’ni, u kishi jaddiy yulduzlar turkumi kiyik shakliga kirgan vaqtda tug‘ilgan. Bu holat sakkiz yuz yilda bir marta ro‘y berar ekan. Aytishlaricha, payg‘ambarimiz Rasuli Akram Muhammad Alayhissalam hazratlari, Iskandar Zulqarnayn tug‘ilganida ham shunday bo‘lgan – osmoni falakda Mushtariy va Zuhro yulduzlari bir-biri bilan baqamti kelib, kiyik shakliga kirgan. Aynan shu soniyada tug‘ilgan bola Sohibqiron bo‘lib yetishadi, degan aqida qadimdan mavjud.

Lekin o‘sha soniyada birgina Amir Temur hazratlari tug‘ilmagan-ku? Nega qolganlar bunday ulug‘ martabaga erishmaganlar? Albatta, bu Allohning inoyati bilan bo‘ladi. Avvalo, bobomizga Parvardigor buyuk iste’dod bergan va ayni paytda u kishining yelkasiga buyuk bir tarixiy yumush ham yuklagan. Shu jihatdan, men yuqoridagi rivoyatlarda katta bir mantiq bor, deb o‘ylayman.

E’tibor bering: xalqimiz necha yillar mo‘g‘ullar istilosi ostida ezilib keldi. Ana shu jabr-zulmdan ezilgan, jonidan to‘ygan xalqning faryod va iltijolari Haqqa borib yetgan. Alloh – serkaram, Sohibqironni jo‘natgan: borib Vataningni, xalqingni bosqinchilardan ozod qilasan, uning boshini qovushtirasan, bandai mo‘minning boshini silaysan... Shu tariqa, bul zotning zimmasiga ana shunday buyuk yumush yuklangan. Albatta, bu gaplarimning mutaassiblikka sira-sira aloqasi yo‘q.

Amir Temur hazratlarining dunyoga kelishining tabiiy va ijtimoiy sababini men shunday deb tushunaman.

– Bu yumush sabab u kishiga katta imkoniyat ham berilgan...

– Albatta, tarix guvoh: bu dunyodan qanchadan-qancha podshohlar o‘tmagan. Ularning qanchadan-qanchasi taxtga o‘tirgach, o‘z rohat-farog‘atini, maishatiyu xazinasini o‘ylash bilan ovora bo‘lib, umrini sovurgan. Amir Temur hazratlarining buyukligi ham shunda – ul zot o‘zining, saroyining mayda tashvishlari bilan o‘ralashib qolmadi. Holbuki, u kishi ham o‘z halovatini o‘ylab g‘aflatga berilishi mumkin edi. Movaraunnahrga podshoh bo‘lgach, tinchgina yashasa bo‘lardi. Shunga yarasha imkoni, boyligi bor edi. Ammo bobomiz bunday qilmadi. Elim deb, yurtim deb, uning shoni, shavkati, ozodligi deb, halovatsiz umr kechirdi. Birgina misol: ul zot bir marta besh yil, ikkinchi gal yana besh yil, uchinchi safar esa yetti yilga poytaxti Samarqanddan chiqib ketgan. Vatanni ozod qilish, unda osoyishtalik o‘rnatish, tarqoq, ezilgan ulusning boshini biriktirish uchun. Boshqacha aytganda, umri ot ustida, lashkar orasida o‘tgan. O‘zlari: amirlik zavqidan ham ko‘ra, uning azobini ko‘p tortdim, deydilar. Lekin bobomiz chekkan zahmatlarining boisi – millatning, Vatanning dardlariga darmon bo‘lish. Ulug‘ g‘oyalar ulug‘ insonlarni voyaga yetkazadi, degan hikmat bor. Amir Temur hazratlarini buyuklik darajasiga ko‘targan, dunyoga tanitgan ana shu – o‘z ulusining baxt-saodatini o‘zining halovatidan ustun qo‘ya bilganidir.

Dunyodan ne-ne jahongirlar o‘tgan, lekin ularning deyarli birortasi tarqoq ulusni birlashtirib, Amir Temurdek adolat bilan boshqara olmagan.

– Buning boisi nimada?

– Boisi bizning bobomiz qadami yetgan joyni buzmagan, balki tuzgan. O‘zlarining gapi bor: biror joydan bir g‘isht olgan bo‘lsam, o‘rniga o‘nta qilib qo‘ydim. Bunga tarix guvoh – Samarqand, Shahrisabz, Balx, O‘tror, Qobul, Isfara, Turkiston... O‘sha zamonlarda obod bo‘lgan bunday shaharlarning nomini ko‘plab keltirish mumkin. O‘zini jahonga da’vogar deb bilgan boshqa sarkardalarni, deylik, Chingizxonni oling. Chingiz lashkari o‘tgan joyda faqat quyunu kultepa qolgan. Qadami yetgan joyni buzgan, yer bilan yakson qilib, sahroga aylantirib ketavergan. Chingizxon davrida obod bo‘lgan biror kentning nomini bilasizmi? Gitler zamonida-chi? Yo‘q. Ularning fojiasi ham shunda – buzg‘unchiligida. Buzg‘unchiligi tufayli hali tirikligidayoq ular olam ahli nafratiga giriftor bo‘lgan.

Sohibqiron hazratlari qanchalik buyuk bo‘lsa, shunchalik hokisor ham bo‘lgan ekan. O‘z lashkarlarining qozonidan taom yegan, odmi kiyingan. Yevropalik muarrix-sayyoh Klavixoning yozishicha, Chin Mochinu Xo‘jandning ipak liboslari turganida, Amir Temur hazratlari ko‘pincha Shahrisabzning oddiy matosidan tikilgan (ya’ni olacha) kiyim, boshiga oddiy kalavash qo‘ndirib yurgan. Yarim dunyo tasarrufida bo‘lishiga qaramay, oyoqlari ona zamindan uzilmagan...

Sohibqiron bir gal Kavkaz tog‘larida qishni qarshilaydi. Shunda lashkarim bekor turmasin deb ariq qazdiradi va unga «Barlosariq» deb nom beradi. Hazrat hayotligida biror joyga ham o‘zining nomini qo‘ydirgan emas. «Barlosariq» esa hozir ham bor, Ozarbayjonning Qorabog‘ viloyatida. Bu afsona emas, tarixiy haqiqat.

Qazo vaqti yetib, chin dunyoga ketar chog‘ida, hokimni pirim Said Baraka poyiga qo‘yinglar, deb vasiyat qiladi. Keyinchalik Sohibqiron hazratlarining bu vasiyati amalga oshiriladi. U kishi hozir ham pirlarining poyida osoyishda. Temur hazratlari nega bunday yo‘l tutgan? O‘zini ustozining poyida ko‘rgan? Axir ul zot yarim dunyoni o‘ziga bo‘yinsundurgan jahongir edi-ku? Bobomizning bu vasiyatida ulug‘ bir hikmat bor. O‘z avlodlariga ibrat qoldirgan: fanoni unutmanglar, iymondan, to‘g‘rilik va adolatdan toymanglar, doim bamaslahat ish qilinglar, degan aqidani singdirgan.

Kishini lol qoldiradigan yana bir fazilati – Sohibqiron hazratlari mamlakatni o‘ta qattiqqo‘llik bilan idora etgan bo‘lsa-da, (busiz o‘rta asrlarda saltanatni boshqarish qiyin edi), tabiatan o‘zi ko‘ngilchan bo‘lgan. Biror jigarbandidan ayrilib qolsa, haftalab yig‘lagan ekan. Mana man degan pirlari ham jahongirni yupata olmagan, bunday kezlarda. Demak, Sohibqiron odam bolasining jonini qadrlagan. Behuda qon to‘kilishlarning oldini olgan.

Adolatli odam kushoyish topadi

– Lekin, Abdulla aka, shamshirsiz saltanatni boshqarish, ayniqsa, jahongir bo‘lish qiyin...

– Albatta. Ayniqsa, jahongir bobomiz yashagan o‘sha zamonlarda. Ammo Sohibqiron hazratlari har ishga adolat mezoni bilan yondashganligini nafaqat do‘stlari, hatto g‘animlari ham tan olishgan. Ul zotning eng sevimli shiori «rosti - rusti», ya’ni kuch adolatdadir, degan hikmatli so‘zlar bo‘lgan. Saltanatni ham shunday hikmatga amal qilib boshqargan. Umuman, jahon tarixiga nazar solsangiz, markazlashgan davlat tuzishni bobomiz boshlab berganligining guvohi bo‘lasiz. Bugungi so‘z bilan aytganda, konstitutsiya – «tuzuklar»ni ham u kishi tuzgan. Toki bir savolga har xil javob bo‘lmasin, har ishga, har bir fuqaroga bir xil – adolat ko‘zi bilan qaraylik, degan aqida bilan ish yuritgan. Chunki, adolatli odam kushoyish topadi.

Bobomizning yana bir ulug‘ fazilati – nihoyatda kechirimli bo‘lgan. Biror muhorabaga kirar bo‘lsa, shungacha o‘sha sarkash g‘animlarini necha marotaba insofga chaqirgan. O‘zi aytadiki, kengashlarimda, deylik, o‘nta masala ro‘baro‘ tursa, to‘qqiztasini tinchlik, yaxshilik yo‘li bilan yechishga harakat qildim va ilojim qolmaganida, o‘ninchisida shamshirimga qo‘l yubordim. Amir Temur hazaratlari Rahmonning do‘sti, suyukli vakili bo‘lgan.

– Bobomizning sarkardalik faoliyati haqida nima deya olasiz? Aytishlaricha, u kishining jang san’ati jahonning eng oliy harbiy akademiyalarida hozirgacha o‘rganib kelinar ekan.

– Buni, albatta, harbiylar ko‘proq bilishadi. Lekin bu borada o‘qigan kitoblarimga asoslanib ishonch bilan aytishim mumkinki, jahon tarixida ilk muntazam armiyani Amir Temur hazratlari tuzgan. Hozir «avangard» degan atama ishlatiladi harbiylarda. Sohibqiron qo‘shinining oldingi saflarida boruvchi maxsus qismini shunday – «obong‘ort» deb atagani ma’lum. Jahon tarixida birinchi harbiy paradni ham jahongir bobomiz o‘tkazgan. Qo‘shinini o‘nboshi, yuzboshi, mingboshilar rahbarlik qiluvchi qismlarga bo‘lgan. Ular o‘rtasida muntazam temir intizom o‘rnatgan.

Amir Temur hazratlarining harbiy taktikasi jahon harbiylari tomonidan keng o‘rganilishi shu kungacha bizga, sho‘ro zulmi ostida yashagan o‘zbeklargagina noma’lum edi. Aslida sovet harbiy bilim yurtlarida ham Sohibqironning jang san’ati keng o‘rgatilgani bugun sir emas. Faqat nomi boshqacha bo‘lgan, xolos.

Akademik Tarlening «Napoleon» degan kitobi bor. Ushbu kitobning 1943 yili chop etilgan nashrining 333-betida shunday ma’lumot keltiriladi. Kimki, deydi farang jahongiri Napoleon o‘z marshallaridan biriga, Amir Temur o‘z-o‘zicha jang qilgan desa, katta xato qiladi. Jahon tarixida ilk muntazam armiyani, qulay taktika va strategiyani Amir Temur ishlab chiqqan...

Bu – Yevropani tiz cho‘ktirgan Napoleonning gapi. Demak, u ham jang san’atini Amir Temurdan o‘rgangan.

Sohibqiron qaysi bir shahar yoki qishloqni ishg‘ol qilsa, o‘sha joyning eshoniyu mullasi, boyiyu kambag‘alini nomma-nom aytib bera olarkan. Bundan hamma hayron: «Amir Temur odam bolasi emas, avliyo bo‘lsa kerak. Bu yurtning boyiyu kambag‘alini qaerdan biladi. Umrida oyoq bosmagan joyda qanday ariq oqishini, uning qaeriga qanday ko‘prik qurish lozimligini qaerdan biladi?»

Bu ham jahongir hazratlarining o‘ziga xos harbiy taktakasidan dalolat. U kishi qaerga borishni lozim topsa, o‘sha yerga avval o‘z hufiyalarini – razvedkachilarini yuborgan. Qizig‘i shundaki, o‘sha hufiyalar bir-birini bilmagan, tanimagan. Jahongir esa ularning barchasidan olingan ma’lumotni jamlab, muqoyasa qilib, bir fikrga kelgan. Kimga jazo berib, kimga yaxshilik qilishni avvaldan bilgan. Ulusning ahvolidan ham shu tariqa xabardor bo‘lib turgan. Arkoni davlatlardan hech kim Sohibqironni alday olmagan.

Amir Temur hazratlarining jangu jadallarda qo‘li baland kelishining boisi, doim lashkarini rozi qilgan, uning boshini silagan. Mol-dunyosini lashkaridan ayamagan. Amir Husayn aksincha xasis, molparast bo‘lgani uchun mag‘lubiyatga uchragan.

Yurtiga tinchlik-osoyishtalik istagan sarkarda, xalq, avvalo, lashkarining boshini silaydi.

Sohibqironning sarkardalikda, siyosatda, ma’rifatda bunchalik katta muvaffaqiyatlarga erishishining sabablaridan yana biri – ul zot, hozirning iborasi bilan aytganda, behad baynalmilalchi bo‘lgan. Armiyasida turli millat vakillari xizmat qilgan. Dunyoning turli mamlakatlaridan olimlarni Samarqandga chorlab, ularga ijod uchun sharoit yaratib bergan. O‘z farzandlariga: «Ulamo, pok niyatli, toza qalb kishilarga talpinib yasha», deb uqtirib kelgan. Misrlik ibn Xoldun ismli ulug‘ arab olimi Samarqandda Amir Temur hazratlari huzuriga kirib, Qohiraga borib kelishga ruxsat so‘raydi. Sohibqiron unga, bizdan xafamisiz, deydi. «Yo‘q, – deydi olim, – u yerda mening kutubxonam qolgan». «E balli, sizga ustoz, – deydi Amir Temur. – Kutubxonangizga boring va bizga Arabiston, siz bilgan, ko‘rgan boshqa yurtlar haqida kitob yozib keling». Bu – tarixiy haqiqat. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Abdulla aka, Amir Temur hazratlari haqida gap ketganida, yana bir savol tug‘iladi. U kishi taxtga chiqqanlaridan so‘ng Samarqandda o‘tirsalar bo‘lmasmidi? Saltanatiga Movarounnahrday boy o‘lkaning mol-mulki yetmasmidi?

– Yo‘q, Sohibqironning maqsadi dunyoni bosib olish bo‘lmagan. Amir Temur hazratlarini qo‘shni davlatlarning podsholari o‘z holiga qo‘yishmagan, tinimsiz jangga tortishgan. Yaylovlarini tortib olishgan, karvonlarini talashgan, Vataniga yurishlar qilib, zabt etmoqchi bo‘lishgan. Alal oqibatda, Sohibqiron hazratlari ular bilan hisob-kitob qilishga majbur bo‘lgan. U kishining olib borgan jangu jadallarini, yurishlarini to‘g‘ri tushunish uchun tarixga mana shu nuqtai nazar, tiyrak ko‘z bilan qarash kerak. Jahongir bobomiz hech bir o‘rinda jangga birinchi bo‘lib chikqan emas. Muammoni, kelishmovchilikni murosa yo‘li bilan hal etishga uringan. Masalan, Rum sultoni Boyazidga bir necha bor maktub yo‘llab, uni murosaga chaqiradi. Sen ham, men ham musulmon, sen ham turkiy, men ham turkiy, kelishib yashaylik, jang qilsak, uyat bo‘ladi, deydi. Ammo Yildirim Boyazid: ey Temur, agar sen jangga chiqmasang, xotinlaring uch taloq bo‘lsin degan mazmunda javob yo‘llaydi. Xo‘sh, bunday haqoratdan keyin Sohibqiron nima qilishi kerak edi? U kishi jangga kiradi va Rum qaysari deb dunyoga nom chiqargan Boyazidni mag‘lubiyatga uchratadi. Lekin, har ne bo‘lsa-da, Amir Temur hazratlari Boyazid yurtida qolib, Rumni mustamlaka qilgan emas. Rumni Boyazidning Sulaymon, Mustafo, Iso va Muso ismli o‘g‘illariga bo‘lib bergan. Bu holni ko‘rgan Boyazid: «Men-chi? – deydi. – Men nima qilaman?» «Sen, – deydi Sohibqiron, – Bursada o‘tirib sultonligingni qilasan...» Bu – tarixan bor gap.

Bunday martabaga tabiatan jasur va irodali, adolatparvar bo‘lmagan kishi erishishi qiyin.

– Balli. Sohibqiron behad irodali, jasur zot bo‘lgan. Zamondoshlari yozib qoldirgan ma’lumotlarga qaraganda, u kishining g‘azablanganligani ham, xursand bo‘lganligani ham bilish qiyin ekan. Hayajoni botiniy bo‘lgan, har qanday sharoitda ham o‘zini qo‘lga ola bilgan. Janglarning birida raqibi Shoh Mansur qandaydir yo‘llar bilan Sohibqiron soqchilarini aldab o‘tib, u kishiga qilich uradi. Aksiga olib, jahongir hazratlarining qo‘lida qurol bo‘lmaydi. Haligi shahzoda bir emas, ikki emas, sakkiz marta qulochkashlab Sohibqiron boshiga qilich tushiradi. Lekin jahongirning dubulg‘asidan qilich o‘tmaydi. Amir Temur sovuqqonlik bilan turadi, o‘zini u yoqqa, bu yoqqa tashlamaydi. Buni ko‘rib hamma dodlab yuboradi. Shoh Mansur ham qo‘rqib ketadi. «Bu, rostdan ham, xudoning sevikli bandasi ekan!» – deb qochishga tushadi. Bu ham to‘qib chiqarilgan mo‘‘jiza emas, hayotiy gap. Jahongirning dubulg‘asidan qilich o‘tmagani rost.

Amir Temurning jasurligiga nafaqat do‘stlari, dushmanlari ham tamomila tan bergan. Bunday odamlarning eng taniqlisi – ibn Arabshoh. U o‘n ikki yoshligida Shomdan – hozirgi Suriyadan jahongir lashkarlari tomonidan olib kelingan. Samarqandda o‘sib-ulg‘aygan. Ammo alamzada. Bu yozib qoldirgan asarlarida yaqqol sezilib turadi. Meni Amir Temur odamlari yurtimdan ayirdi, degan o‘kinch, alam bo‘lgan unda. O‘sha Arabshoh jahongir haqida, mana bu buloqdan Amir Temur suv ichdi demaydi, ablah Temur suv ichdi, deb yozadi. Lekin shunday alamzada odam ham Temurni mard, tanti, o‘limdan qo‘rqmaydigan, olimu fuzaloni yaxshi ko‘radigan, kechirimli, adolatning etagidan tutgan odam edi, deb tan beradi.

Shu kunlargacha jahon siyosatchilari o‘rtasida kimning quroli ko‘p bo‘lsa, o‘sha kuchli degan, aqidaga amal qilib kelinar edi. Bu qurollanish poygasini keltirib chiqardi, SSSRdek ulkan imperiyaning boshiga yetdi. Lekin Temur hazratlari: yo‘q, deydi, kim haq bo‘lsa, o‘sha kuchli. Kuch – adolatdadir. Bu alal oqibatda isbotini topdi ham. Quroli qanchalik ko‘p bo‘lmasin, Gitler ham, Stalin ham niyatiga yetolmadi. Insoniyatning nafratiga uchradi. Demak, ular haq emaskan.

Sohibqiron aytadilarki, Hindistondan Bolqongacha osoyishta bir saltanat tuzdim. Bir bolaning boshiga marvarid to‘ldirilgan laganni qo‘yib, yo‘lga chiqazib yuborsam, u Bolqonga yetgunicha o‘sib-ulg‘ayadi, voyaga yegadi, lekin boshidagi marvariddan birortasi yerga to‘kilmaydi. Hisoblab ko‘rilsa, bu – salkam 40 ming chaqirim – kilometr masofa. Sohibqiron ana shunday bepoyon saltanatda qattiq intizom, tartib o‘rnatgan. O‘g‘rilik, qaroqchilik va yolg‘onning payini qirqqan. Temur hazratlari qaerdaki o‘g‘rilik, qaroqchilik bo‘lsa, mas’uliyatini o‘sha yerning hokimiga yuklaydi. Hokim arkonlari bilan yo o‘sha qonunbuzarni topadi, yoki yo‘qolgan molni o‘n baravar qilib o‘zining yonidan to‘laydi. Sohibqironning farmoni shunday bo‘lgan.

Jahongirning xazinasi qayerda?

Gap yana mol-dunyoga borib taqalgan ekan, ko‘pchilik tilida yurgan bir savolni so‘rasam: Amir Temurning xazinasi haqidagi mish-mishlar haqida nima deya olasiz? Uni hozirgacha izlayotganlar bor ekan.

– Nazarimda, ularning urinishlari behuda. Shunday gap borki, jahongirning o‘g‘li Shohruh otasi qazo qilgach, xazinaga kiradi va uni bo‘m-bo‘sh ko‘radi. Ammo quruq chiqmaydi. Bitta tanga topib oladi. Qarasa, unga otasining muhri tushirilgan. Quvonib ketadi: «Ollohga shukr, otamning merosini topdim!» – deydi.

Bu rivoyat haqiqatdan unchalik yiroq emas...

Unda, Amir Temur hazratlarining shuncha mol-mulki, dunyosi qayoqqa ketgan?

– Javobi ayon: hazrat topgan mol-dunyosini el-ulusi manfaati va ma’rifati yo‘lida sarflagan. Shahar qurgan. Yurt obodonchiligini yuqori ko‘gargan.

Sohibqirondan boshqa meros – ulkan xazina – uyg‘ongan, o‘zligini tanigan, qaddini rostlagan erksevar xalq, ozod va obod Vatan, Shohruh, Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur, Komron Mirzo kabi oqil o‘g‘lonlari qoldi. Ularning har biri butun bir davrning farzandlari bo‘la oldi. Hozir ham butun dunyo ularni Amir Temurning avlodi, deb ixlos bilan esga oladi.

Eng muhimi, Sohibqiron bobomizdan markazlashgan ulkan davlat, hayotbaxsh ta’siri ming yillarga tatigulik buyuk ma’naviy va madaniy meros qoldi. Bu merosdan, mana, necha asrlar o‘tganiga qaramay, nafaqat sizu biz, butun dunyo ahli bahramand bo‘lib kelmoqda...

Ayting, Qulman uka, bu dunyoda o‘tgan yana qaysi poshshodan, qaysi jahongirdan shunday xazina qolgan?!.

Bu gaplaringizni eshitib, ummonning sohilida suvga zor bo‘lib yashagan ekanmiz-da, deb o‘ylanib qolasan, kishi.

– Ha. Bu – mustabid tuzum davrida yashab o‘tgan ajdodlarimizning buyuk armoni. U tuzum bizdan buyuk va mangu xazinamiz – Amir Temur hazratlaridek ulug‘ bobolarimizni, buyuk tariximizni yashirib kelgan. Avval chorizm, so‘ngra sho‘ro mafkurasi bizni qo‘rquv va g‘aflatda saqladi. Chunki avom xalqni, olomonni boshqarish oson-da...

O‘zingiz ham bir zamonlar: «Qachon xalq bo‘lasan, ey sen olomon!» deb hayqirgan edingiz. Millatni qachon xalq bo‘ldi deyish mumkin?

– O‘sha zamonlardagi noahilligimizni, befarqligimizni ko‘rib, ezilib yashash menga alam qilgan va shunday iztirobli satrlar tug‘ilgan. Millat xalq bo‘lishi uchun, avvalo, uning boshi birikishi, qolaversa, o‘z Vatanini, erkini, Amir Temurdek ulug‘larini, bozoriyu mozorini tanishi, himoya qila bilishi kerak. Olloh mustaqilligimiz sharofati bilan bizga shunday imkon berdi. Bunday xayrli ishlarning boshida Yurtboshimizning turgani yanada quvonchli.

Ayni paytda kechagi kunni – sho‘ro zamonida mustamlakachilar ertayu kech qulog‘imizga quygan gaplarini ham unutmaylik: sen, o‘zbeklar shu darajada nodon va johil edinglar, senlarni biz odam qildik.

Bu siyosat birgina Temur hazratlarini qoralash bilan to‘xtamagan. Hazratning sevimli nabirasi, ilmini jahon tan olgan, asarlarini o‘qib-o‘rgangan Ulug‘bekdek munajjimni kommunistik mafkura e’tirof etmadi. Sovet davrida chop etilgan astronomiyaga oid kitoblarni varaqlab chiqing. Ulug‘bek xaqida biror ma’lumot topolmaysiz. Holbuki, gollandiyalik bir mashhur rassom yulduzlar malikasining rasmini chizib, uning atrofiga jahon tan olgan buyuk astronomlarning suratini muhrlagan. Kopernik, Gallileylarning safida, malikaning o‘ng tomonida, Ulug‘bek bobomizning siymosi tushirilgan.

Xalqimizni xurofotda saqlash rejali ravishda amalga oshirilgan: bobolarimizning kimligini yashirishgan, mozorlarimizni vayron qilishgan, masjidlarimizni buzishgan. «Sening asli o‘zi ajdodlaring nodon bo‘lgan. Shuning uchun indamaygina ketmoningni chopaver, paxtangni ekaver, planingni bajaraver. Harbiyga borsang ham, qurilish bataloniga tushasan. Loy qoriysan. Boshqa ish qo‘lingdan kelmaydi...»

«Deyman, bu kun u manim, manim...»

Oltmishinchi yillarda yaratilgan «O‘zbekiston» she’ringizda Amir Temur haqida to‘xtalib, «Demam, bu kun u manim, manim, O‘zbekiston – Vatanim manim», degan satrlar bitgan edingiz...

– Darvoqe, shunday bo‘lgan. Vatanimga atalgan o‘sha qasidani «Sovet O‘zbekistoni» gazetasiga olib bordim. She’r muharrirga juda ma’qul bo‘ldi, u kishi hatto meni bu muvaffaqiyat bilan tabrikladi. Ammo shart qo‘ydiki, Rossiya hakida ham o‘n satr gap qo‘shasiz. Biz Rossiyasiz yashay olmaymiz, bilasiz... Men aytdim: Rossiya haqida ustoz Hamid Olimjondan o‘tkazib biror gap aytishim qiyin... Xullas, gazetada qasidamni chiqarolmadim. U, oradan ancha vaqt o‘tgach, rahmatli Zulfiya opaning katta sa’y-harakatlari bilan «Saodat» jurnalida chop etildi. Shunda ham «jinday» tahrir bilan – «deyman» so‘zi «demam» deb o‘zgartirildi.

Ayni paytda, bizga Amir Temur hazratlarini bobomiz bo‘ladi, deb faxrlanish ham taqiqlangan mustabidlik yillarida butun dunyo ul zotning hayoti va faoliyatini o‘rganishdan, o‘rganib hayratga tushishdan to‘xtagani yuq. Bu jarayon Sohibqiron tavalludining 660 yilligi munosabati bilan yanada jonlandi. Ul zotning yubileyi YuNYeSKOdek mo‘‘tabar tashkilot sha’feligida Parijda keng nishonlandi. Frantsiyada Temur va temuriylar davriga bag‘ishlangan bunday xalqaro tadbirlarda Prezidentimiz Islom Karimov, Frantsiya Prezidenti Jak Shirak, YuNYeSKOning Bosh direktori Fedireko Mayor va boshqa ko‘plab davlat hamda jamoat arboblarining ishtirok etishi tantanalarga yanada ulug‘vorlik bag‘ishladi.

Bobomizga bag‘ishlangan bunday tadbirlar Amerika Qo‘shma Shtatlari, Germaniya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Eron, Pokiston, Ukraina, Rossiya kabi boshqa mamlakatlarda ham bo‘lib o‘tdi va o‘tmoqda.

Jahon xalqlari tomonidan bobomizga ko‘rsatilayotgan bunday izzat-hurmatning sababi nimada, deb o‘ylaysiz?

– Boya aytganimdek, jahongir bobomiz qadami yetgan joyni obod qilgan – yangi-yangi shaharlar, ilmu ma’rifat maskanlari bunyod etgan, adolat o‘rnattan. Bobomizning mana shunday ulkan tarixiy xizmatlari bois Yevropa keyinchalik ulkan taraqqiyotga erishdi. Ul zotni o‘zining xaloskori, deb tan oldi. Hatto, insoniyat tarixida bo‘lmagan voqea – ul muzaffar jahongirga oltindan haykal qo‘yib, tagiga «Yevropaning xaloskoriga» degan bitik o‘ydi.

Bundan tashqari, jahonning turli mamlakatlarida bobomizga bag‘ishlangan minglab badiiy, hujjatli, ilmiy, musiqiy, tasviriy san’at asarlari yaratildi. O‘ylaymanki, Amir Temur hazratlari hali uzoq yillar dunyo ijodkorlariga ilhom beraveradi. Frantsiyada Amir Temur va temuriylar davri tarixini o‘rganish va targ‘ib etish bilan shug‘ullanuvchi uyushma faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. «Temuriylar» nomi bilan maxsus almanax chop etiladi...

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Bularning barchasi jahon xalqlarining, nainki Amir Temur bobomizga, ayni chog‘da xalqimizga, ona Vatanimiz – O‘zbekistonga bo‘lgan hurmat-e’tibori, deb bilaman...

Shunday insonlar bo‘ladiki, ular hali hayotligidayoq milliy doiradan chiqib, butun insoniyatning yorqin siymolaridan biriga aylanadilar. Amir Temur hazratlari insoniyat tarixidagi ana shunday buyuk zotlardandir. Bu mening gapim emas, mashhur frantsuz olimi Jan Pol Runing e’tirofi.

Ming afsuslar bo‘lsinki, mustabid tuzum sharoitida jahonda kechgan buyuk bobomizga daxldor bunday xayrli ishlardan bexabar, uzilib qolgan edik.

Shu o‘rinda men bir haqiqatni aytay. Yoshim oltmishni qoralab qoldi. Bu dunyoning pastu balandini, yaxshi-yomonini ko‘rdim. Amir Temur hazratlaridek ulug‘ zotni yana tarix sahnasiga, xalqimizga qaytarish uchun u kishining o‘zidek jasur odam kerak edi. Va shunday zotni xudo berdi bizga. Xudoyimga beadad shukrlar bo‘lsinki, Prezidentimiz Islom Karimov bobomiz Amir Temurning yuziga uzoq yillardan buyon tortib qo‘yilgan mash’um qora pardani shartta olib tashladi. Bobomiz poytaxtimizga ot minib kirib keldilar. Nazarimda, bugun u kishi mustaqilligimizdan boshlari osmonga yetib, bizni ruhan qo‘llab turibdi. Qilayotgan ishlarimizni kuzatib turibdi. Yurtimizda ul zot orzu qilgandek tinchlik-totuvlik, osoyishtalik, tartib-intizom, barqarorlik o‘rnatalganidan quvonib turibdi.

Bularning barchasi Vatanimizning mustaqilligi, Yurtboshimizning dono siyosati tufayli ekanligini hech qachon unutmaylik. Zero, shu kecha-kunduzda yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli ishlar – qadriyatlarimizning tiklana boshlashi, bobolarimiz vasiyat qilgandek, buyuk davlat qurishga kirishganimiz, faqat bugunning yoki ertaning gapi emas, ular yuz yillarga, ming yillarga tatigulikdir. Chunki endi hech kim bizdan mustaqilligimizni, Amir Temur bobomizni, boy tariximizu porloq kelajagamizni tortib ololmaydi. Bunga endi xalqimiz hech qachon yo‘l qo‘ymaydi. Chunki biz Sohibqironning («Sohibqiron» yengilmas degani!) avlodlarimiz. Bobomiz esa hech qachon, hech kimdan yengilmagan.

«Amir Temur davrini boshqatdan o‘rganishimiz lozim, – deydi Prezidentimiz. – Nega deganda Amir Temur tuzuklarini o‘qisam, xuddi bugungi zamonning katta-katta muammolariga javob topgandek bo‘laman». Yurtboshimizning shunday deb turgani – bizning baxtimiz. Xudo bizni tarqoqliqdan, «senu men»ga borishdan asrasin. Axir Pomiru Kavkaz tog‘larida bo‘layotgan janjallarni ko‘rib-bilib turibmiz. Ulardan ham o‘z vaqtida elining boshini qovushtara oladigan dono rahbar chiqqanida, balki bunday fojialar yuz bermas edimi...

Insof bilan tan olib aytganda, o‘zimiz ham shunday jarning yoqasiga borib qolganimizni o‘sha vaqtda bilmagan ekanmiz.

– Ha, ba’zi bir maxmadanalar chiqib, rahbar bo‘lsam, O‘zbekistonni undoq qilodurman, mundoq qilodurman deb ko‘pning boshini qotirgan kezlar ham bo‘ldi. Aslida o‘ziga qo‘yib bersangiz, eskicha aytganda, kolxozning bitta brigadasini ham eplashi qiyin edi. Shukrki, Yurtboshimiz o‘z vaqtida bu xavfning oldini oldi.

Amir Temur o‘z Vatanining shon-shavkatini dunyoga tanitganidan so‘ng, oradan necha yuz yillar o‘tdi va bu voqea yana takrorlanmokda: shukrki, yurtimiz ozod bo‘ldi, jahon hamjamiyatidan o‘zining munosib o‘rnini oldi. Yon-atrofimizdagi ayrim davlatlarda bo‘layotgan turfa xil mojarolarni ko‘rib, kishining eti junjikib ketadi... Avvalo, bizda yaxshi muhit yaratilgan. Bu, albatga, elning yo‘lboshchisiga, yo‘lboshchi qanday yo‘rig‘ tutganiga bog‘liq. Prezidentimiz Amir Temur bobomizning yo‘lini – adolat, tinchlik va osoyishtalik yo‘lini tutdi. «Bizdan ozod va obod Vatan qolsin», deydi Yurtboshimiz. Ayni paytda O‘zbekistonimizni jahonning eng buyuk davlatlari safida ko‘rmoq orzusida intiladi. Bular Amir Temur tutgan yo‘l, ulug‘lagan g‘oyalar emasmi?

Yurtboshimiz aytganlaridek, har qanday chinorning ko‘rki-quvvati uning ildizlariga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan qaraganda, yurtimiz yer yuzida kecha paydo bo‘lgan davlat emas. Bizning ildizlarimiz mustahkam. Ana shunday baquvvat ildizlarimizdan biri – Amir Temur bobomizdir.

O‘zA.

(«Xalq so‘zi» gazetasi, 1996 yil 17 oktyabr)

%MCEPASTEBIN%%MCEPASTEBIN%%MCEPASTEBIN%

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.