background
logotype

Suvon Meli. Vaqt falsafasi yoxud sirli hodisaning poetik talqini

Vaqt hodisasi bir yo‘la bir necha — fizika, matematika, astronomiya va boshqa fanlarda o‘rganiladi. Vaqt ishtirok etmagan jarayonning o‘zi yo‘q. Badiiy adabiyot otlig‘ yaratiqning ham zaruriy ingredienti, o‘ta nozik, ko‘z ilg‘amas, ammo hamisha har yerda hoziru nozir masallig‘ vaqtdir. “Tarix — bu vaqt doirasida kechadigan jarayonlarni o‘rganish bo‘lib, lekin vaqt nima ekanini hech kim bilmaydi”, deb yozadi mashhur olim L.Gumilev.

Vaqt kabi yuzaki qaraganda jo‘n, zamiriga ­boqilsa o‘ta tilsim va mavhum narsani (uni ­narsa deb ham, narsa emas ham deb bo‘lmaydi) poetik mavzu qilib olish, uni munosib tarzda yuksak poetik mezonlarda ochib berish uchun bu ishga qo‘l urgan ijodkor bir vaqtning o‘zida ham ulug‘ shoir, ham faylasuf bo‘lmog‘i, ya’ni mavhum fikrdan she’r yaratmog‘i, fikr qa’ridagi ­jozibani kashf etmog‘i kerak.

Buyuk donishmand Aristotel o‘zining ­“Fizika” asarida vaqt haqida to‘xtalar ekan, masalani “vaqt mavjud narsalar sirasiga kiradimi yoki nomavjud narsalar sirasiga, so‘ng uning tabiati qanaqa” tarzida qo‘yadi. Binobarin, vaqt fizikaviy aniq yoki poetik hissiy shaklda o‘rganilmasin, hamisha sirli hodisa bo‘lib qolaveradi.

“Vaqt” she’ri yaratilishidan sal o‘tiboq, 1946 yili (she’rga 19.9.45 sanasi qo‘yilgan) “Hozirgi o‘zbek adabiyotidagi tizma so‘zning cho‘qqisi” (A.Qahhor) deya baholangan. She’rning yozilishiga turtki bo‘lgan voqea sarlavha ostida aniq qayd etilib, “Menga soat taqdim etgan jiyanim Hamidulla Husan o‘g‘liga bag‘ishlangan” deb yozib qo‘yilgan. Bu shunchaki oddiy bag‘ishlov bo‘lmay, uni semiotik ochqich, deb baholash mumkin. Bag‘ishlovda boshqa tafsilot yo‘q. Lekin tarjimon Aleksandr Naumov shoir tilidan yozib olgan “Yo‘l tugamaydi” (“Put ne ­konchaetsya”) sarlavhali suhbatida G‘afur G‘ulomning qator asarlari, jumladan, “Vaqt” she’ri haqida qimmatli ma’lumotlar beradi. Unda aytilishicha, shoirga zobit jiyani taqdim etgan soat ­oddiy, ya’ni do‘kondan xarid qilingan yangi soat emas, balki trofey soat bo‘lgan. Soat azal-azaldan vaqt o‘lchagich asbob, lekin trofey ­soatning boshqa qo‘shimcha belgisi ham bor, u tutilgan, dushmandan o‘lja tarzda olingan buyum. Buni qayd etish muhim.

Shoir ushbu suhbatda ham hassos ijodkor, ham teran adabiyotshunos sifatida “Vaqt”ning tug‘ilishidagi ikki jihatni aniq qayd etadi.

Birinchi jihat. Shoir sovg‘a haqida gapirib, deydi: “Uni oldimu sal ijirg‘andim, soatni ko‘riboq o‘yladim, uni qandaydir nemis, fashist taqqan, buning ustiga u halok bo‘lgan... Shunday qilib, soat 45-yil mayigacha qaydadir yotdi. Bayram tantanalari avji qizigan payt tasodifan oldimdan chiqdi. ­Ongimda aniq shakllangan fikr bo‘lmasa-da, men uni endi taqishim mumkin, deb o‘yladim. Bir to‘yda qadah so‘zi aytar ekanman, dedim: mening bilagimdagi trofey soat bejizga emas, ­ilgari u dushman uchun vaqtni o‘lchasa, endi u bizning vaqtni ko‘rsatmoqda!

Bizning vaqt... Lekin bu o‘ta umumiy ramz bo‘lib, u hamma narsani o‘ziga sig‘dirardi. She’r zaruriyati ongda pishib yetilgandi; lekin Vaqt obrazi xuddi bepoyon suv sathidek edi: men bir sohilda turar, ikkinchi sohilni esa ko‘ra olmasdim...”. (Qarang: Biografiya zamыsla. Besedы s masterami uzbekskiy literaturы, zapisannыe Aleksandrom Naumovыm. T., 1974. 28 — 29-betlar. Mazkur kitobga G‘.G‘ulomdan tashqari Oybek, Uyg‘un, A.Qahhor va Zulfiya bilan qilingan suhbatlar, aniqrog‘i, ularning o‘zi va ijodi haqidagi monologlari kirgan. Bu mo‘‘jaz kitob XX asr o‘zbek adabiyotini o‘rganishda muhim manba, deyish mumkin. Uni to‘lig‘icha o‘zbek tiliga o‘girish zarur. Zero, yirik adiblarimiz yaratgan asarlarni ularning o‘z nigohi ­orqali o‘rganish yoqimli).

Ikkinchi jihat. Yana allomaning so‘zlari: “Bir kuni, chala-yarim uyqusiz tundan keyin tongda shahar aylanishga chiqdim, ko‘chada sayr qilib yurib, nashriyot eshigiga kelib qolibman. Adabiy tahririyatda ikki kishi bor edi — muharrir do‘stlarimdan biri va korrektor qiz. Men beixtiyor salomlashdim, beixtiyor savolga javob berdim; qiz menga yonlab turardi, men uning uzun mayin kipriklariga boqdim. Ular xuddi tungi kapalak qanotiday ko‘tarilib-tushardi... Men yana qaradim: kapalak yana qanotlarini yozdi. Ko‘zini pirpiratdi... va men ushbu oniy lahzaniarang ilg‘ay oldim. Mana sizga mangulikning ikkinchi chegarasi, ibtidolar ibtidosi! Ayni shu emasmi lahzaning jonli obrazi... ko‘z ochib-yumgulik lahza? Va ilk kalit band, meni uzoq qiynagan, uni topish amrimahol mo‘‘jiza, xuddi havodan moddiy nimarsa hosil qilishday tuyulgan tansiq band to‘satdan o‘z oyog‘i bilan keldi va xuddi bayramda otiladigan mushak kabi mening tasavvurim osmonida portladi”.

Ushbu so‘zlar noyob dalillar bo‘lib, ularni shoirdan yozib olgan A.Naumovdan minnatdor bo‘lishimiz lozim. Bunda alloma o‘zi yaratgan muazzam she’rning kurtaklanish onlarini, ta’bir joiz bo‘lsa, badiiy embrionini ko‘rsatmoqda. Masala yechimining ilmiy aniq kalitini bermoqda. Faqat bu kalitni she’rning dil qulfiga solib, nazokat bilan burash qoladi, xolos.

Shoirning tasavvur osmonida portlagan ilk bandga nazar solsak, ko‘ramizki, she’r ikki hodisa qiyosidan boshlanadi: “G‘uncha ochilguncha o‘tgan fursatni, Kapalak umriga qiyos etgulik...”. Yuqorida keltirilgan suhbatdan bilamizki, alloma hodisaning ikkinchi sohilini bejiz izlamagan. Agar qiyoslanuvchi nuqta, maxraj — lahza topilmasa, umuman, “Vaqt” she’ri uchun qiyos printsipi yetakchi printsip sifatida kashf etilmasa, she’r tug‘ilmagan bo‘lardi. “Qiyosga sig‘mas taqqos” (T.Adashboyev) deyilganidek, yalpi qiyos “Vaqt” she’rining struktur yaxlitligini ta’minlaydi, uning badiiy-struktur qiyofasini tayin etadi. She’rda dominant so‘z va dominant tushuncha — lahza. Unda qadam-baqadam lahza va unga ma’nodosh so‘zlar fursat, nafas, dam, on, sekund uzoq vaqtga (mangulik, cheksizlik qadar) baqamti qo‘yilib, lahzaning qadr-qimmati (“Bir onning bahosin o‘lchamoq uchun, Oltindan tarozu, olmosdan tosh oz”) quyma misralarda ta’kidlana boradi. Poetik fikr tantanasi oxirdan oldingi bandda yuz ko‘rsatadi:

Har lahza zamonlar umridek uzun,
Asrlar taqdiri lahzalarda hal.
Umrdan o‘tajak har lahza uchun
Qudratli qo‘l bilan qo‘yaylik haykal.

Lahza uchun qo‘yilgan haykalni lahzaga qo‘yilgan haykal deb ham talqin qilish mumkin. Lahzaga haykal qo‘yish uni to‘xtatishga urinish, hech bo‘lmasa, shunga ilinj demakdir. Ushbu nuqtada “Vaqt” she’ri Gyotening “Faust” tragediyasi bilan fikr-g‘oya jihatidan kesishadi. Faustning Mefistofel, iblis bilan tuzgan shartnomasi aynan lahzaga oid edi:

Agar men bir onni ulug‘lar bo‘lsam,
“To‘xta, ey soniya!” — deb aytsam agar,
Seni tutquningman mayli o‘sha dam.

Ikki o‘rtadagi kesishuv nuqtadan ma’no chiqarish maxsus ilmiy izlanishlar mavzusidir. Lekin bir fikrni aytish joiz. Nega Mefistofel, iblis o‘ziga ishongan holda bunday shartnomaga jur’at qiladi, u inson, ya’ni Faust hech qachon lahzani (asliyatda Der Augenblick) ulug‘lamaydi, to‘xta, ey soniya deb aytmaydi, ya’ni hayotdan shu darajada ma’naviy ­lazzat topa olishiga ishonmaydi, shekilli. Dastlab bunga Faustning o‘zi ham ishonmaydi. Gyotening ­realist san’atkorligi shundaki, asar oxirida uning Fausti bunday baxtga (baxtli onga) to‘liq ­erishmaydi, u faqat inson qachondir yetishi mumkin bo‘lgan baxtli onlarni tasavvur qilibgina, ya’ni nasiya tariqasida deydi:

O‘shal soniyani sezib oldindan,
Eng oliy lahzada turibman bu dam.

“Vaqt” she’rida esa “Umrdan o‘tajak har lahza uchun” haykal qo‘yishga da’vat etiladi. Bu insonni tinimsiz ijodga, yaratishga, lahzani bo‘ysundirishga undash demakdir. Binobarin, inson yaratgan buyuk ­ma’naviy obidalar ushbu “eng oliy lahzada” dunyoga kelgan va o‘tkinchi, chopag‘on vaqtga qo‘yilgan sobit ­haykallar emasmi?

She’rning ichki olamiga yanada ­chuqurroq kirishga imkon beradigan bir holat bor. Bu asar yaratilgan paytda hokimi mutlaq bo‘lgan, shu bois she’rga suqilib kirgan Stalin nomi bilan bog‘liq.

“Vaqt” she’rining ilk nusxasida bu nom ikki marta uchraydi. Jami o‘n besh band, oltmish misradan iborat she’rning dastlab 7-bandida, so‘ng 14-bandida. Keyingi o‘rinda bir oz nojo‘ya ishlatilgandek tuyuladi: “Har lahza Stalin umridek uzun...”. ­Shuning uchun shoir bu nom o‘rniga ­bandga va she’rga uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashgan “zamonlar” so‘zini qo‘yib, asar potentsiyasidagi asl ma’noni go‘yo qayta tiklaydi.

7-banddagi uchinchi misra keyinchalik ancha evrilishlarga uchraydi. Dastlab misra “Tirik Stalinning nafasdoshimiz” bo‘lgan, so‘ng uni shoirning o‘zi “Barhayot Leninning avlodlarimiz” deya o‘zgartirgan. Istiqlol davrida chop etilgan “Tanlangan asarlar”da (2003) misra “O‘zbekning barhayot avlodlarimiz” shaklini olgan. Shoir tavalludining 100 yilligi munosabati bilan bosilgan, “Vaqt” she’ri o‘rin olgan bukletda misra “Barhayot ­Navoiy avlodlarimiz” tarzida berilgan. Diqqat qilinsa, keyingi o‘zgartirishlarda muallif ­izidan borilgan. Lekin, bizningcha, bu o‘rinlarda ilk nusxada ­mavjud bo‘lgan va she’rning ­ma’no-mazmun mehvaridan mustahkam joy olgan bir ma’no qurbon qilingan. Buni anglash uchun bandni to‘liq ­keltiramiz:

Bebaho damlarning tirik joni biz,
Har oni o‘tmishning yuz yiliga teng.
Tirik Stalinning nafasdoshimiz,
Nafaski, mazmuni fazolardan keng.

Odatda, band, jumladan, ushbu band ham nisbiy tugal butunlik bo‘lib, o‘z arxitektonikasi, to‘qilmasiga ega. Ikkinchi misradagi “tirik” so‘zi uchinchi misradagi shakldoshi “tirik” bilan uchrashadi, yana shu misradagi “nafasdosh” oxirgi misradagi “nafaski”ni talab qilib olib, murakkab ma’no tarmog‘ini hosil qiladi. Keyingi nashrlarda uchinchi misra tamom o‘zgartirilgach esa bunday ma’no uyg‘unligiga putur yetadi. Natijada so‘nggi misradagi “nafaski” “har nafas”ga aylanib, nega uning “mazmuni fazolardan keng” ekanligi bir qadar yopiq qoladi. Chunki u o‘zidan oldingi misradagi tayanch ma’nodan mahrum bo‘lgan.

Endi ilk nusxadagi bandning ­badiiy falsafiy ma’nosini ­chaqishga urinib ko‘raylik.

Damlar bebaho, avval aytilganidek, “Bir onning bahosin o‘lchamoq uchun, Oltindan tarozu, olmosdan tosh oz”, bu ma’lum. Lekin bu bandda ma’noning yangi o‘rami yuz ko‘rsatmoqda. Ya’ni damga jon bag‘ishlovchi, uni tiriltiruvchi biz, ya’ni inson. Tirik vaqt, oniy lahza o‘tmishning, o‘tib ketgan vaqtning yuz yiliga teng. Yuz yil bu yerda ko‘plikni bildiruvchi bir belgi xolos, uni o‘tmish tomon cheksizlik qadar cho‘zish mumkin. Lekin bu uncha muhim emas, muhimi — bizdan, nafas olayotgan vaqtimizda kechayotgan vaqt, hozir — lahza o‘tib ketgan, o‘tmishga aylangan lak-lak vaqtdan behad qimmat. O‘sha o‘tmish vaqt hozir — lahzaga tobe. Lekin hozir — lahza tizginsiz, chopag‘on, uni to‘xtatib bo‘lmaydi. She’rda quyma tarzda aytilganidek, “Nurlar qadami-la chopgan sekundning Barini tutolmas ayhannos ovoz”. Lekin uni to‘xtatib bo‘lmasa-da, u har lahzada (bejiz u lahza emas) yangilanib turaveradi va hozir — lahza sifatida hamisha hukmron mavqeda turadi: dam shu damdir, o‘zga damni dam dema. O‘zga dam esa endi o‘tmish, u hamma tomonga cheksiz yo‘nalgan bo‘shliq — fazoga singib ketadi.

Ayni shu lahzada, band boshidagi “dam” so‘zi (“Bebaho damlarning...”) mutlaqo bejiz emasligi, bu so‘z faqat fursat, lahza yoki vaqtni anglatib qolmay, nafas, tin ma’nolarini ham anglatishi, shu tufayli uchinchi va to‘rtinchi misradagi “nafasdosh” va “nafas” so‘zlari yuqoridagi “dam” bilan topishishi ma’lum bo‘ladi. Nafasdosh, ya’ni hamnafas bir xil va bir paytda nafas oluvchini anglatib, hozir – lahzada nafas olayotgan, ya’ni barcha tirik odamlar qaysi bir olamiy nuqtada qondosh va qarindoshdir. Shuning uchun “Tirik Stalinning nafasdoshimiz” misrasidagi nom deyarli ahamiyatga ega emas. Misrada tayanch so‘z-tushunchalar “tirik” va “nafasdosh”dir. Bizga qolsa, misrani “Tirik buyuklarning nafasdoshimiz” tarzida o‘zgartishni, she’rning yangi nashrlarida aynan shunday yozishni taklif qilgan bo‘lardik. Bir paytlar “Tong, Toshkent va G‘afur G‘ulom” (“O‘zAS”, 2000 yil 5 may) sarlavhali maqolamda she’rdagi “sovet” so‘zini “bashar”ga almashtirgan va so‘ng deyilgan edi: “Bunda men haqiqatga zid bordim yoki tarixiylikni buzdim, deb hisoblamayman, aksincha, haqiqat qaror topdi, deyman. Bu kabi o‘zgartishlar bir qonuniyat mavjudligidan darak beradi: tagi baquvvat, asli butun she’rlar, ular qanday zamonda yartilgan bo‘lmasin, xuddi tirik organizm kabi yangi sharoitda ham yashovchanlik iqtidorini namoyish etadi. Badiiy butunlik shunday mustahkam imorat ekanki, u juz’iy ta’mirdan lat yemaydigina emas, hatto kuchayar ham ekan. Bunday asarlar asl ­tiklanish zamonini kutib yotar, ­balki”. Bu fikr ­“Vaqt”ga ham ­taalluqli.

XX asr fizika fanida ulug‘ kashfiyotlar — nisbiylik nazariyasi va kvant mexanikaning fazo va vaqt haqidagi olamshumul g‘oyasida uch o‘lchamli fazo o‘rniga to‘rt o‘lchamli fazo (to‘rtinchi o‘lcham – vaqt) tushunchasi yetakchi mavqega ko‘tarildi. Mazkur g‘oyani ilk marta nemis fizigi G.Minkovskiy “Fazo va vaqt” (1908) maqolasida isbotladi. U shunday yozadi: “Bundan keyin fazo o‘z-o‘zicha va vaqt o‘z-o‘zicha yo‘qlikka yuz tutib, endi faqat ularning nozik birikuvi(eine Art Union)gina o‘z mustaqilligini saqlab qolishi zarur”.

Buyuk fizik, nisbiylik nazariyasi ijodkori A.Eynshteynga bag‘ishlangan kitobda yozilishicha, “Nisbiylik nazariyasi fazo va vaqt orasidagi bog‘liqlikni ochib berdi” (Aleksandrov A.D. O filosofskom soderjanii teorii otnositelnosti. M., 1979. 120, 133-betlar). Yana shu yerda yozilishicha. “Olamning eng oddiy unsuri — bu voqea deb atalmish narsa. U xuddi zum o‘chib-yonadigan chiroqning oniy chaqnashi monand “xol-xol” hodisaga o‘xshaydi”. Nisbiylik nazariyasida olamning fazo — vaqt strukturasi haqida gap ketganda unga shunday ta’rif beriladi: fazo — vaqt olamdagi barcha hodisalar to‘plami bo‘lib, bunda bir hodisaning ikkinchi hodisaga ta’sir etish nisbati alohida e’tiborga ega.

Voqea-hodisalar xol-xol bo‘lib ro‘y beraveradi, beto‘xtov o‘taveradi. Vaqt kechaveradi. “Vaqt” she’rida aytilganidek,

Zamona soati zang urar mudom,
Minglab hodisalar minutlarga qayd.
Qahramon tug‘ildi, shahar olindi,
Bir gigant qurildi sharafli bu payt.

Ilk nashrda birinchi misradagi ko‘chimsiz aniq “Kreml kuranti” o‘rniga qo‘yilgan keng qamrovli metaforik jumla “zamona soati” (buni “vaqt soati” tarzida ham talqin qilish mumkin) she’rning yalpi ruhiga mos. Biz bu o‘rinda juz’iy ta’mirchining badiiy didiga tahsin aytamiz.

Yana “Bebaho damlarning tirik joni biz...” deb boshlanadigan 7-bandga qaytamiz. Undagi “Nafaski, mazmuni fazolardan keng” misrasida yuqorida so‘zlaganimiz fazo – vaqt o‘zaro uchrashadi va to‘qnashadi. Bunda ham she’rda yetakchi bo‘lgan qiyos printsipi yopiqroq tarzda mavjud, ya’ni lahza (nafas) fazolar bilan qiyoslanmoqda va fazolardan keng ekanligi ta’kidlanmoqda. Buning ustiga, bu nafas tirik buyuklarning nafasi.

Ezoterik ilmlarga oid kitoblarda yozilishicha, “Vaqt uch o‘lchamli fazo chegarasidan tashqari chiqadi. Biz his qiladigan vaqt to‘rtinchi o‘lchamdir” (Uspenskiy P.D. V poiskax chudesnogo. SPb., 239-bet). Vaqt fazodan tashqari chiqqan, undan ajralgan holda fazoga ta’sir o‘tkazadi, unga harakat, keng ma’noda olganda hayot baxsh etadi. Zero, fazo vaqtda, vaqt orqali va ta’bir joiz bo‘lsa, vaqt vujudida yashaydi. Yana shu yerda yozilishicha, “Agar biz vaqtni chiziq deb tasavvur qilsak, ushbu chiziq har bir nuqtasida abadiylik chizig‘i (vertikali) bilan kesishadi. Abadiylik vaqtdan bir o‘lchamga ortiq. Shuning uchun agar vaqt to‘rtinchi o‘lcham bo‘ladigan bo‘lsa, abadiylik beshinchi o‘lchamdir”.

Bunday to‘xtamga, aytish joizki, kvant mexanika, ya’ni zamonaviy fizika kelmagan. Bu uning ezoterik ilmlar oldida ojizligini ko‘rsatmaydi, fizika fani aniq ilmiy asos va dalillarga tayanib ish ko‘rishini anglatadi, xolos. Abadiylik, ya’ni beshinchi o‘lcham haqida gap ketganda yana bir holatni aytmoq lozim. Yangi fizika asoslarini yaratgan olimlarning barchasi botiniy jihatdan sakkiz ming olamni yaratgan Tangrini tan olishgan. Abadiylik esa qodir Olloh izmi va huzuridagi sir-sinoatdir. Ne tongki, “Vaqt” she’ri ham abadiylikka doxil muazzam band bilan yakun topadi.

Shoir ijodidagi zamonasozlik haqida gapirib, ba’zan “Vaqt” she’rini ham shu oqimga qo‘shib yuborishadi. Zamonasozlik zamonga, davr talabiga qarab ish tutishlikni, ijod qilishni anglatsa, unda “Vaqt” she’ri bunday zamonasozlikdan ancha yuqori turadi. Umuman, bu kabi asarlarga oddiy mezon bilan yondashib ham, bunday mezonlarni “Vaqt” kabi she’rlarga qo‘llab ham bo‘lmaydi. She’rni zamonasoz asarlar sirasiga kiritganlarni unda joriy zamonaga oid voqea-hodisa va shaxslar tilga olinishi chalg‘itgan bo‘lishi mumkin. Lekin siz ijodkor o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring, vaqt haqida yozib, o‘sha vaqtdagi, zamonadagi hodisalarni tilga olmaslik mumkinmi? Vaqt faqat vaqtdan ulgi oladi, boshqa hech bir narsadan emas. Shu bois zamonasozlik bilan zamonaviylikni farqlash lozim. “Vaqt”ga yuksak zamonaviylik, ya’ni zamon bilan, o‘zi nafas olayotgan on, lahza bilan birgalik, hamnafaslik xos. Zero, muayyan badiiy darajaga erishgan asar hamma davrlar uchun zamonaviy, barcha davrlarga zamondosh. “Vaqt” she’riga kelsak, u uzluksiz, mutlaq vaqt haqida, zamona esa shu vaqtning bir parchasi, abadiyat nigohidan qaralsa, u mutlaq vaqtning bir lahzasi, xolos. Shu bois “Vaqt” she’rini zamonasoz asarlar sirasiga kiritish uning mohiyatini anglamaslikdan boshqa narsa emas. Zero, “Vaqt” zohiran sodda, botinan tushunilishi qiyin she’rlardan. Misralar sirtdan oddiy bo‘lib ko‘rinadi, ularning bilquvva ma’nosi birdan anglashilmaydi. Ma’no anglanmaguncha ongda poetik obraz shakllanmaydi. Bir tur she’rlarda avval obraz yaqqol ko‘zga tashlanib, obraz bilan ma’no deyarli bir paytda namoyon bo‘lsa, “Vaqt”da avval so‘z va misradagi ma’noni chaqish lozim bo‘ladi, shundan keyingina obrazli tasavvur ishlay boshlaydi. “Vaqt” she’ri chalg‘ituvchi soddalikni bosib o‘tib, zamirda zil ma’nolar yashiringan misralarni anglashga uringan, shunday urinishdan zavq tuya oladigan intellektual kitobxon mulkidir.

Qahramon adibimiz Said Ahmad “Vaqt”ning tug‘ilishi (Bir she’r tarixi)” xotira-maqolasida yozishicha, oxirgi band uning da’vati bilan bitilgan. Nima bo‘lganda ham, mazkur band butun she’r kabi ilhomning yuksak onlarida tug‘ilgan, undagi har bir so‘z o‘z o‘rnida qoim. Bunday paytda so‘z quyilib keladi, bunday so‘z qa’ridan hech kutilmagan ma’nolar g‘imir-g‘imir qilib chiqib kelaveradi. Bunda ma’no avtonomiyasi deyish mumkin bo‘lgan hodisaga duch kelamiz. Ma’no muallif ixtiyoridan tashqari harakat qilayotgandek tuyuladi go‘yo.

Hayot sharobidan bir qultum yutay,
Damlar g‘animatdir umrzoq soqiy.
Quyosh-ku falakda kezib yuribdi,
Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy.

Said Ahmad yuqorida tilga olingan maqolada yozadi: “Shu bilan tongotar paytda G‘afur G‘ulom nomini juda uzoq ellarga olib borgan she’rga nuqta qo‘yildi. Bu she’r ulkan shoirning falsafiy qudratini, so‘z san’atkorligini, hayot hodisalarini nihoyatda chuqur bilishini namoyish qilgan edi”.

So‘nggi band nafaqat she’rni yakunlaydi, u she’rni, she’rdagi yaxlit poetik mazmunni yangi orbitaga, samoviy yuksaklikka olib chiqadi. Yakka umr o‘tkinchiligi, foniyligini koinot boqiyligi bilan muvozanatlaydi. Bu tabiiy va qonuniy yechim edi. Platon “Timey” asarida vaqtni “abadiyatning harakatdagi monandi” deb ataydi. Chunki abadiyatda ham hayot bor, faqat bundagi hayot sobit va butun. “Vaqt” she’ri lahza bilan abadiyat orasiga ko‘prik qo‘yib, abadiyat bekatida sobit qoladi.

Yirik sharqshunos olim Ye.Bertels o‘zining mashhur “Navoiy va Attor” maqolasida sufizmning bosh g‘oyasi “individual “men”ning kosmik “men”ga qorishib ketishidir”, deb ta’kidlaydi. Har qanday ijodkor, agar u chinakam katta shaxs bo‘lsa, hech qachon individual “men” doirasida qolmay, muqarrar kosmik “men” masnadiga ko‘tariladi.

Yuqorida tilga olingan Said Ahmad maqolasida “Vaqt”ning so‘nggi bandi haqidagi gap o‘ziga xos yo‘riq bo‘la oladi: “G‘afur aka o‘ylanib turdi-da, darrov ruchkani oldi.

— G‘afur G‘ulomniki boshqacha bo‘ladi. G‘afur G‘ulomniki G‘afurovskiy bo‘ladi.

U shunday deb yozishga tushib ketdi”.

Avval aytilgan “Vaqt”ni struktur butunlik sifatida tutib turgan qiyos printsipi so‘nggi bandda ham bor kuchi bilan ishlaydi. “Bir qultum” lahzaning boshqa bir shakli, “nafas”ning sharobga bog‘liq ekvivalenti. Nafas olinadi — chiqariladi. Sharob esa yutiladi, qultum holida. Bir qultum ham bir lahzadir. Lahza yana g‘animat damlar sifatida “umrzoq soqiy” bilan qiyoslanmoqda. O‘ta nozik ishora bilan “g‘animat” “umrzoq”qa, “damlar” mangulikning hoziru nozir vakili “soqiy”ga qarshilantirilmoqda. Lekin ikki holatning — g‘animat dam bilan umrzoq soqiy muvozanati yarim, ammo to‘liq tasalli emas. Shuning uchun mangulikka sobit timsol kerak, mana u: “Quyosh-ku falakda kezib yuribdi...”. Quyosh emasmi, manguligimiz kafolati. Chindanam, “Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy”. Yana bir sezgi bor shu yerda. Quyosh aniq, shoyon hodisa bo‘lishi bilan birga u yanada yuksakroq xilqatga ishorat qilayotgandek... Zero, hozirgi falakiyot ilmi isbotlaganidek, quyosh ham mangu emas. Har bir yaratiq kabi u ham bir kun kelib so‘nadi.

Xullas, “g‘uncha” bilan ochilgan she’riy maydon “falak” bilan, koinot qadar kengaygan fazo bilan yakunlanmoqda.

Shoir yashagan, xususan, “Vaqt” she’ri yaratilgan payt g‘oyat murakkab, sharqona-o‘zbekona fikr cheklangan, fikr-mulohaza markscha-lenincha dahriy aqidalar bilan tang‘ib tashlangan davr edi. Shoir ushbu aqidalar chizig‘idan tashga chiqish xavfli ekanini bilar, lekin shu doira ichida turib ham “Vaqt” kabi mumtoz she’rni yaratolgan edi. Shu o‘rinda taniqli adib Omon Muxtorning quyidagi so‘zlari ayni muddao: “Hali aytganimiz, minbardagi (yalovbardor) shoir sifatida tanilgan G‘afur aka aslida faylasuf, mutafakkir edi. Davr imkon bersa, u faqat falsafiy, umuminsoniy she’rlar yozardi. Zotan, XX asr o‘zbek she’riyatida G‘afur akaga yetkazib, “eng kichik zarradan Yupitergacha ...”, deya keng nafasda so‘zlagan boshqa shoir uchramaydi”.

Yuqorida vaqtning sirliligi, uning asl mohiyatini hech kim bilmasligi aytildi. Haqiqatdan ham shunday, chunki vaqt Olloh taolo izmidagi sir-sinoatdir. Vaqt haqida shunchalik mukammal she’r yozgan shoir shu haqiqatni bilmasmidi? Bilardi. Lekin she’r bitilgan paytda bunday gapni aytib bo‘lmasligini ham bilardi. Shoirning qizi Olmos opa o‘z esdaliklarida ul zotning do‘st-nadimlari (e’tiborlisi shundaki, ularning barchasi eskicha ta’lim olgan, madrasa ko‘rgan milliy ziyolilar) yarim tunda allaqaysi radioto‘lqinlardan Qur’on tilovatlarini tinglab, yig‘lab o‘tirishganini ko‘rgani haqida yozgan. Bu totalitar davrda yashagan ma’rifatli o‘zbek ziyolisi ikkiyoqlama, avra-astar hayot kechirganidan dalolat. U qobiqda, avrada sho‘ro g‘oyalarini qabul qilgani holda astarda, ichda asriy zotiy o‘zakdan voz kechmagan, aniqrog‘i, voz kecholmagan.

Maqolani ikki kichik xulosa bilan yakunlasak: birinchidan, shoir ijodi, nazm va nasrda vaqt badiiy kontseptsiya maqomiga ega; ikkinchidan, “Vaqt” she’rida vaqt falsafasi lahza falsafasi tarzda namoyon bo‘ladi. Binobarin, lahza falsafasi yalpi vaqt falsafasining xususiy ko‘rinishi deyish mumkin.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 45-46-sonlaridan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.