background
logotype

Ismoil Somoniy

Ismoil ibn Ahmad Somoniy 
(849-yil, Farg‘ona – 907-yil, Buxoro)
(874-907)


O‘zbek davlatchiligi tizimida hukmronlik qilgan somoniylar sulolasining yirik vakili. Unga “amiri-moziy” - “dunyodan o‘tgan amir” degan laqabni berganlar. Abbosiy xalifa Mu`tamid (870-892) Rofe ibn Lays qo‘zg‘olonini bostirishda yordam bergan sulola asoschisi Somonxudotning o‘g‘illaridan Nasr I ibn Ahmadni Movarounnahrga noibi (873-893), Ismoil Somoniyni esa Buxoroga hokim etib tayinlagan. Ammo aka-uka o‘rtasida ixtilof paydo bo‘lib, ular ikki bor o‘zaro urush qilgan. Birinchisi sulh bilan yakunlangan, ikkinchisida Ismoil Somoniy g‘olib kelganiga qaramay, akasining hokimiyatini tortib olmagan. 
893-yil Nasr I vafot etgach, xalifa Mu‘tazid (892-902) Ismoil Somoniyni uning o‘rniga Movarounnahrga noib qilib tayinlagan. U shu yiliyoq Taroz shahrini egallagan, 899-yil xalifaning Xurosondagi noibi Amr ibn Lays qo‘shinini tor-mor keltirib, uning tasarrufidagi yerlarni bo‘ysundirgan. 902-yil esa u Tabariston, Ray, Qazvin va Daylamni zabt etib, o‘zini xalifalikdan mustaqil hukmdor deb e‘lon qilgan. U 907-yil vafot etgach, o‘rniga o‘g‘li Ahmad ibn Ismoil hokimiyat tepasiga kelgan. 
Ismoil butun Movarounnahrni o‘z qo‘li ostida kuchli bir davlat qilib birlashtirdi. Xurosonda tashkil topgan Safforiylar davlatiga barham berdi va uni o‘z davlatiga qo‘shib oldi. Natijada poytaxti Buxoro shahri bo‘lgan zamonasining eng yirik mustaqil o‘rta asr davlati tashkil topdi. Bu davlatni somoniylar xonadonidan bo‘lgan hukmdorlar – amirlar X asr oxirlarigacha idora qiladilar. 
Ismoil Somoniy, tarixiy ma‘lumotlarga ko‘ra, oqil, odil va ulamolarga homiy hukmdorlardan bo‘lib, markaziy hokimiyatni mustahkamlash, kuchli qo‘shin tuzish, itoatsiz amirlarni bo‘ysundirish yo‘lida qattiq kurashgan. U mamlakat obodonchiligiga ham katta e‘tibor berib, ko‘plab me‘moriy inshootlar qurdirgan. Narshaxiy bergan ma’lumotga ko‘ra, Ismoil Somoniyning hukmdorlik muddati 30 yil bo‘lib, shundan 20 yili Xuroson amiri ham edi. Uning davrida Somoniylar sulolasidan chiqqan hamma amirlar Buxoroda turadigan bo‘ldilar. Undan oldingi Xuroson amirlarining hech biri Buxoroda turgan emas.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.