background
logotype

Said Abdullaxon

(?– 1933-yil, Krivoy Rog shahri, Ukraina)
(1918-1920)

Xiva xoni, qo‘ng‘irotlardan. Feruzning o‘g‘li. Ukasi Asfandiyorxon suiqasd natijasida o‘ldirilgach, Junaidxon tomonidan Xivaga xon qilib ko‘tarilgan (1918-yil 3-oktabr). Said Abdullaxon jismoniy jihatdan zaif va irodasiz bo‘lib, Xiva xonligidagi barcha ishlarni amalda yasovulboshi Davlatmurod mahram orqali Junaidxon boshqargan. Junaidxon o‘z kishilari: Choriqboy (Toshhovuz), Safar Depmechi (Ilyali), Qilich Qora (Porsu), Goklan bola (Mang‘it), Anna Geldibek (Taxta), Xalil Maxsum (Urganch), Shixim Sulg‘un (Xiva)larni hokim qilib tayinlagan. 
Xiva xonligi qizil askarlar tomonidan bosib olingach, Said Abdullaxon taxtdan voz kechishga majbur bo‘ldi (1920-yil 2-fevral) va iltimosiga ko‘ra, u Xivada qoldirilgan. Biroq, Xivadagi Muhammad Aminxon madrasasida qozikalon Ibrohim Oxun boshchiligida bo‘lgan ulamolarning qizil askarlarga qarshi ko‘targan isyoni (1920-yil 23-iyun)dan keyin, bu isyonga hech qanday aloqasi bo‘lmasa ham Said Abdullaxon va uning harami, yaqin qarindoshlari, 10 to‘ra hamda Hikmatilla Oxun (qoziaskar), Obid Oxun va boshqalar Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (XXSR)dan badarg‘a qilingan (1920-yil yozi). Dastlab Moskvadagi Lubyanka - 2; Novospassk, Ivanovo monastirlaridagi qamoqxonalarga tashlangan. 1923-yilda Said Abdullaxon va uning avlodlari Ukrainaning Yekaterinoslav gubernyasiga surgun qilingan. U surgunlikda 10 yil yashagan. So‘ngra kasallanib, vafot etgan. Xorazmlik adib Qo‘zi Davat Said Abdullaxon haqida “Xusumat” (Nukus, 2001) tarixiy romanini yozgan.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.