background
logotype

Sulton Ali Mirzo

(1483-1500)
(1498-1500)

1498-1500-yillarda Movarounnahrda hukmronlik qilgan so‘ngi temuriy hukmdor. Sulton Mahmud Mirzoning 3-o‘g‘li. Onasi - Zuhra begim. Otasining vafotidan so‘ng Qarshi viloyati hokimi bo‘lib, keyinchalik akasi Boysung‘urdan Buxoroni (1497-yil dekabr), Bobur esa, Samarqandni tortib olgan. Bobur ota meros shahri Andijon dushman qo‘liga o‘tishi mumkinligi haqida xabar topib, beklaridan birini Samarqandda qoldirib, Andijon tomon yurgan. Bundan foydalangan Sulton Ali Mirzo Samarqandni ishg‘ol qiladi (1498-yil fev.-mart). 1499-yilda Sulton Ali Mirzo bilan Muhammad Mazid tarxon orasida nizo vujudga keladi. Tarxonlar Movarounnahrda katta nufuzga ega edilar. Mazid tarxon Samarqand va uning atrofidagi mulklarni o‘z o‘g‘illari, qarindosh-urug‘lari va yaqin kishilari ixtiyoriga berib qo‘ygan edi. Sulton Ali Mirzo taxtga muqim o‘rnashib olgach, Mazid tarxonga qarshi siyosat yuritadi. Natijada Mazid tarxon Samarqanddan chiqib ketadi. Shunda Toshkent hokimi Sulton Mahmudxon jiyani Xon Mirzoni (Mirzoxon, Sulton Ali Mirzoning ukasi) mo‘g‘ul qo‘shinlari bilan Samarqandni zabt etishga jo‘natadi. Sulton Ali Mirzo Samarqand tashqarisida, Yoryayloqda bo‘lgan jangda g‘olib chiqadi. Onasi Zuhra begimning nodonligi tufayli yozilgan maktub sabab Shayboniyxon Samarqandni jangsiz egallaydi (1500). Sulton Ali Mirzo Qo‘lba yalangligida qatl etiladi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.