background
logotype

Saroy Mulk xonim (Bibixonim)

Saroy Mulk xonim chig‘atoy ulusiga mansub mo‘g‘ul xonlaridan Qozonxonning qizi bo‘lib, 1341 yilda tug‘ilgan. Qozonxon taxtdan azl etilib, qatl qilingan chog‘da Saroy Mulk xonim hali besh yoshda edi. Saroy Mulk xonim balog‘atga yetgach, 1355 yilda Movarounnahr hukmdori amir Qozog‘onning nabirasi amir Husayn uni nikohiga kiritdi. 1370 yilda sohibqiron Amir Temur jangda amir Husaynni yengib, uni qatl qildirgach, Movarounnahr hukmronligini o‘z qo‘liga oladi. Tabiiyki, amir Husaynning bir necha xotinlari bo‘lib, haramning ulug‘ bekasi — Tarmashirinxonning qizi Suyunch Qutlug‘ Og‘o edi. Sohibqiron Amir Temur maqtulning haramidagi malikalar orasidan Qozonxonning qizi—Saroy Mulk xonimni, Bayon Sulduzning qizi — Ulus Og‘oni, Xizr Yasuriyning qizi—Islom Og‘oni hamda Tag‘oy Turkon Xotunni tanlab olib, idda muddati uch oy o‘tgach, o‘z nikohiga kiritadi.
Sohibqiron Amir Temur Saroy Mulk xonimni o‘z nikohiga kiritgach, «ko‘ragon» unvoniga musharraf bo‘ldi. Ko‘ragon iborasi mo‘g‘ulcha so‘z bo‘lib, «kuyov» degan ma’noni ifodalaydi. Zero, Saroy Mulk xonim mo‘g‘ul xonlaridan birining qizi bo‘lgani tufayli sohibqiron Amir Temur mo‘g‘ul xonining kuyovi, ya’ni «Amir Temur Ko‘ragon» nomini olgan edi.
Sohibqiron Amir Temur malika Saroy Mulk xonimni o‘z nikohiga kiritgunga qadar, haramida boshqa xotinlari ham bor edi. Lekin xon avlodiga mansub Saroy Mulk xonim haramdagi barcha malikalardan ulug‘rog‘i hisoblanib, «katta xonim» yoxud «Bibixonim» degan unvonga noil bo‘ladi. Albatta, bunday e’zozga musharraf bo‘lish uchun aql-zakovat, did-farosat, fikrlash doirasining ulkanligi bosh omil bo‘lgan. Zotan, tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Saroy Mulk xonim zamonasining yuksak idrokli, farosatli, tadbirkor va aql-zakovat sohibasi, husn-latofat bobida ham benaziri edi. Saroy Mulk xonim insonparvar, vatanni sevguvchi, mamlakatning siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotidan yaxshigina xabardor bo‘lgan, saltanat ishlarida dono maslahatlari bilan qatnashib turgan ayol edi. Ayniqsa, ilm-ma’rifatga alohida e’tibor ila qarar, tolibi ilmlarga homiylik qilardi.
Sohibqiron Amir Temurning harbiy yurishlarida Saroy Mulk xonim ko‘pincha birga yurgan. Tarixiy manbalarning yakdillik bilan bergan ma’lumotlariga ko‘ra, o‘ta ziyrak, tadbirkor Saroy Mulkxonim saltanatni boshqarishda vujudga kelgan ayrim muammolarni hal qilishda o‘zining oqilona maslahatlari bilan faol qatnashgan. Amir Temur Saroy Mulk xonimga oshkora bo‘ysunmasa-da, biroq uning oqilona maslahatlariga o‘zida qandaydir ehtiyoj sezib turgan. Naql qilishlaricha, Amir Temur Eronga qarshi yurish boshlaganda, Isfaxonning qamali ko‘pga cho‘zilib, qo‘shinni ozuqa bilan ta’minlashga mablag‘ yetishmay qoladi. Nihoyat, Amir Temur Samarqandga chopar yo‘llab, Saroy Mulk xonimga maktub jo‘natadi. Maktub qisqa 6o‘lib, «Qo‘shinning zahirasi tugadi, xazinadan zar yuboring», deyilgandi. Saroy Mulk xonim maktub mazmunidan ogoh bo‘lgach, maktubning orqa tomoniga «Ulug‘ amir, zaringiz tugagan bo‘lsa, siyosatingiz ham tugadimu?»—deb yozadi va uni choparga tutqazadi.
Amir Temur maktubni olgach, Saroy Mulk xonimning kinoyali zamzamasini o‘ylab-o‘ylab, nihoyat bir qarorga keladi: lashkargohda so‘yib yeyilgan qo‘y, qoramol, ot va tuya suyaklarini o‘sha kuniyoq yig‘dirib, turli hajmlarda qirqtirib, katta hajmdagisiga katta qiymat, kichigiga kichik qiymat belgilab, unga po‘lat muhrni qizdirib tamg‘a bostiradi hamda muvaqqat pul o‘rnida muomalaga kiritishga farmon beradi. Natijada, qo‘shni shahar va qishloqlarda suyak pulga qo‘shin uchun oziq-ovqat sotib olinadi. Tez kunda Isfaxon shahari taslim bo‘lgach, suyak pullar zar bilan almashtiriladi.
Amir Temur saroyida joriy qilingan tartibga ko‘ra, chet ellik elchilarni qabul qilish marosimlarida hukmdor yonida xotiilari ham ishtirok etishgan. Ispaniya qiroli Genrix III ning Samarqand hukmdori Amir Temur huzuriga yuborgan elchisi Ryui Gonzales de Qlavixoning yozishicha, 1404 yil 8-sentyabr dushanba kuni Amir Temur Samarqand chetidagi «Dilkusho» bog‘ida elchilarni qabul qiladi. Qabul marosimi katta ziyofat va tantana bilan boshlangan. Klavixoning hikoya qilishicha, qabul marosimida hukmdor Temurning yonida Saroy Mulk xokim boshliq boshqa xotinlari ham yuzlariga parda tashlab o‘tirganlar. Ispan qiroli yuborgan hadyalar orasida hukmdorga ko‘proq qizil movut ma’qul bo‘lgan. Bu haqda u o‘z xotinlari, avvalo Saroy Mulk xonim bilan fikrlashadi. 1404 yil 17-oktyabr juma kuni Saroy Mulk xonim ham katta ziyofat beradi. Ziyofatda boshqa elchilar qatorida ispan elchisi Ryui Gonzales de Qlavixo ham qatnashadi. Klavixo Temur bog‘larida berilgan ziyofatlarning to‘kin-sochinligi, bog‘lardagi rang-barang ipak chodirlar, undagi oltin-kumush jihozlaru bog‘larning o‘ta did va farosat bilan jihozlangani haqida maroq ila hikoya qiladi.
Naql qilishlaricha, Saroy Mulk xonim kunlardan bir kun o‘z jamg‘armasi hisobiga, savoblik uchun xudo yo‘lida bir madrasa bino qildirishga eri Amir Temurdan ijozat so‘raydi. Hukmdordan ruxsat bo‘lgach, otasi Qozonxon tomonidap sovg‘a qilingan bir juft olmos baldog‘ini sotuvga qo‘yib, bu mablag‘ni madrasa qurilishiga sarflaydi. Saroy Mulk xonim madrasa qurilishi jarayonnda qurilish maydoniga tez-tez kelib ish boshqaruvchilarga fikrini aytadi. Madrasa qurilishi nihoyasiga yetayotganda ham Saroy Mulk xonim odati bo‘yicha o‘z kanizlari bilan qurilish maydoniga kelib, ustaboshiga binoning kam-ko‘stlari haqida ko‘rsatmalar beradi. Ustaboshi Saroy Mulk xonimning yuzini ko‘rmagan bo‘lsa-da, uning jozibali so‘z ohanglaridan oqila va o‘tkir zehnli ayol ekanligiga imoni komil bo‘ladi. Malika ketgach, ustaboshi xonim bilan bo‘lgan bir nafaslik muloqotdan olgan taassurotini ichiga sig‘dirolmay, hissiyoti g‘alaba qilib, atrofidagi ustalarga:
— Yopiray, ayol zoti ham shunchalik dono va oqila bo‘ladimu?.. Xonim haqida shu kungacha eshitgan barcha ta’rif-tavsiflarning hammasi to‘g‘ri ekan. Qani endi hamma ayollar ham shunday nafosatga ega bo‘lsaydi, — deb chuqur uf tortadi.
Ustaboshining beg‘ubor so‘zlari tez orada qurilishdagi barcha korfarmon, usta va mardikorlar orasida tarqaladi. Bir-ikki kun o‘tgach, mish-mishlar zo‘rayib, «nima deysan, ustaboshi xonimga g‘oyibona oshiq bo‘lib qolgan emish», degan so‘zlar tarqab ketadi. Tabiyki, bu mish-mishlar Saroy Mulk xonim qulog‘iga yetib boradi. Ustaboshi o‘zining bemulohazaligidan o‘kinib, suyaksiz tilning jarohatidan nolib turgan bir vaqtda, Saroy Mulk xonimning xos kanizlaridan biri qo‘lidagi ro‘molga o‘ralgan laganchani ustaboshiga uzatarkan:
— Xonim ushbu tuxumlarni sizga yubormishlar. Toki mazkur yetti xil rangga bo‘yalgan yetti dona tuxumni tanovul aylab, alarning mazasi bir xilmu yoxud har birining mazasi alohidamu, ushbuni farqlab bergaysiz. Javobini ertaga qiyom paytida eshiturmiz,— deb qaytib ketadi.
Ustaboshi ro‘molni ochib, yetti xil rangdagi tuxumni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgach, xonim nimaga shama qilayotganini tushunib, chuqur iztirobga tushadi.
Shu kunlarda sohibqiron Amir Temur navbatdagi yurishdan qaytib kelyayotgani, bugun-erta Samarqandga yetib kelishi haqida ovozalar tarqaladi. Ustaboshining ko‘z-o‘ngi qorong‘ulashib, qo‘li ishga bormaydi.
«Mish-mishlar boshimga balo bo‘ldn, hademay sohibqiron yetib kelsa, meni sog‘ qo‘ymaydp, jazoga mustahiq qilmog‘i muqarrardur. Nachora, taqdiri azalda bitilg‘on erkanda. Ammo chiqmagan jondin umid, deganlar mashoyixlar, bu yerdin qochmoq chorasini izlamoq darkor. Darvoqe, qochib ham qaerga boraman. Pastga ham tushib bo‘lmaydur, darhol tutub zindonga solurlar. Ne qilmoq kerak?» deb og‘ir o‘yga toladi.
Ustaboshi o‘ylab-o‘ylab oxiri bir qarorga kelgach, shogirdini yoniga chaqirib, uni o‘z rejasidan voqif qiladi. U o‘ziga ikkita qanot bog‘lab, gumbaz ustidan sakraydi. Qanot yordamida shahar chetidagi bir yaylovga sho‘ng‘iydi. Ammo qo‘nishga ulgurmayoq boshi yerga qadalib, olamdan o‘tadi. Bu manzarani kuzatib turgan shogird «Eh, attang, ustoz andak xatoga yo‘l qo‘yibdurlar. Qanot bilan birga, dum ham bog‘lamoq lozim erdi»,— deb o‘ziga qanot va dum bog‘laydi-da, gumbazdan yalanglikka parvoz qiladi. Voqean shogird dum yordamida sihat-salomat yalanglikka qo‘nib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. Shundan buyon xalq orasida «ustasidan shogirdi o‘zgan» degan maqol qolgan deyishadi.
Saroy Mulk xonim qurdirgan madrasa XIV asr oxiri va XV asr boshlarida Samarqanddagi madrasalar orasida ulkan va mahobatliligi jihatidan ajralib turgan. Madrasaga zamonasining yetuk mudarrislari tayinlannb, ular tolibp ilmlarga diniy va dunyoviy ilmlardan dars berganlar. Saroy Mulk xonim madrasa tolibi ilmlarining ahvolidan tez-tez xabar olib, ularga homiylik qilib turadp. Rivoyatlarga ko‘ra, Saroy Mulk xonim o‘z odaticha, qosh qoraygach, o‘zining yaqin kanizlari bilan kiyimlarinn o‘zgartirib, madrasa tomon yo‘l oladi. Negaki, Saroy Mulk xonim madrasa tolibi ilmlarining ahvoli ruhiyasi, kim qanday tirikchilik o‘tkazayotganiyu tunda qanday ish bilan mashg‘ul ekanliklarini zimdan tekshirib turar edi. Bir kecha xonim madrasaga yetnb kelganda hujralarning deyarlik barchasida chiroq o‘chgan, tolibi ilmlar tun og‘ushida uyquga cho‘mgan edilar. Faqat birgina hujrada sham yonib, ichkaridan tovush eshitilardi. Saroy Mulk xonim kanizlarini madrasa hovlisida qoldirib, o‘zi ohista yurib, hujra eshigi yonida ichkariga quloq soladi. Tolibi ilmlardan biri ikkinchisiga deydi:
— Qani, aytingchi birodari aziz, hozir ko‘nglingiz nima istayabdi?
— E, birodar nima bo‘lardi, qo‘y go‘shti, qo‘y yog‘ida damlangan bir lagan seryog‘ palov bo‘lsa, bilakka paxta bog‘lab, bir to‘yib yer edik-da,— deya javob bergach, sherigidan so‘radi:—Xo‘sh jo‘rajon, o‘zingizni ko‘nglingiz nima istayabdi?
— E, birodar, ko‘nglimda tamoman boshqacha orzu. Ushbu madrasa sohibasi Saroy Mulk xonim dunyoda tenggi yo‘q go‘zal, deb eshitganmen. Qaniydi iloji bo‘lsa, shu xonim bilan bir kecha suhbatlashsam,— javob berdi birinchi tolibi ilm.
Sherigidan bunday qaltis so‘zni eshitgan jo‘rasi: — E, ovozINGIZNI o‘chiring, birodar, nima deyayotganingizni bilasizmi, tag‘in bir falokatni boshlamang,— deb unga dashnom berdi.
So‘z shu yerga yetganda Saroy Mulk xonim hujra eshigidan uzoqlashib, kanizlari bilan saroyga qaytadi.
Ertasi kun peshindan og‘gach, nadimlardan uch-to‘rttasiga madrasaga borib, barcha tolibi ilmlarni saroyga olib kelishlarini buyurdi. Tolibi ilmlar bu nogahoniy taklifdan hayajonda, nadimlar qurshovida saroyga keladilar. Faqat ikki tolibi ilm bu taklifdan shubhalanar va tundagi qaltis orzuning qurboni bo‘lish dahshatidan qaltirardi. Barcha tolibi ilmlarni katta mehmonxonaga kiritib, ziyofat beradilar. Ziyofat oxirida qo‘y go‘shti, qo‘y yog‘ida tayyorlangan seryog‘ palov tortiladi. Shundan so‘ng, mehmonxonaga kanizlar qurshovida, yuziga parda tortgan holda Saroy Mulk xonim kirib keladi va maxsus o‘rindiqqa o‘tirgach, tolibi ilmlar orasidan tungi suhbatdoshlarni tanib o‘z huzuriga chorlaydi:
— Xo‘sh, mulla yigitlar, bilakka paxta bog‘lab yeydigan palov bo‘libdimi?— deydi.
Haligacha qo‘rquvdan qaltirab turgan ikki tolibi ilm darhol tiz cho‘kib:
— Qulluq xonoyim, ta’rifdin ziyoda palov bo‘libdur, madhiga tpl ojizlik qiladur,— deya ta’zim qilibdilar.
Saroy Mulk xonim birinchi tolibi ilmga yuzlanarkan:
— Endi sizning orzuingizga kelsak. Qo‘rib turganingizdek, men sohibqironning nikohlaridamen, binobarin siz birlan suhbat qurmog‘im mumkin emas. Binoan alayhi o‘zimning go‘zal kanizlarimdan birini sizga nikohlab berurmen? Rozimudursiz?—deydi.
Haligacha tili kalimaga kelmay, es-hushini yo‘qotayozgan tolibi ilm, darhol o‘zini xonim oyog‘iga tashlab:
— Uzr, afv etsunlar xonoyim, bu beadab qullarining gunohidan o‘tsunlar,— deb iltijo qiladi.
Shu asnoda Saroy Mulk xonimning ishorasi bilan mehmonxonaga qozi va imom kirib keladi va barcha tolibi ilmlar guvohligida kanizlaridan birini tolibi ilmga nikohlab qo‘yadilar...
Afsuski, Saroy Mulk xonim madrasasi uzoq turmadi. Rivoyatlarga ko‘ra XVI asr oxirida Buxoro amiri Abdullaxonning temuriylarga xusumati tufayli, maxsus farmon bilan madrasani buzdirib tashladi. Faqat madrasa yoniga qurilgan maqbaragina saqlanib qolgan. Maqbaraning old tomoni rang-barang koshinlar bilan bezatildi. Maqbaraning ichki qismidagi bezaklarga yashil, qizil va qora bo‘yoqlar bilan jilo berildi. Izoralarga yulduz shaklida ko‘k naqshlar ishlanib, koshinli hoshiyalar bilan o‘raldi. Maqbara dahmasiga tashqaridan maxsus eshik orqali kiriladi. Dahma devorlari xilma-xil koshinlar bilan bezatilgan bo‘lib, dahma ichiga tosh tobut qo‘yilgan.
Samarqandda mashhur Bibixonim masjidi jome’si ham bor. Bu masjidni amir Temur Hindiston yurishidan qaytib kelgach, 1399—1404 yillar mobaynida o‘zining ulug‘ bekasi Saroy Mulk xonimga atab qurdirgan. Binobarin, bu «Bibixonim» masjidi jome’yi nomi bilan mashhur bo‘lgan. Masjidi jome’ O’rta Osiyodagi obidalarning eng yirigi sanaladi. Uning hovlisining sahni 63,8X76,0 metr bo‘lib, atrofi ravoq va peshtoqlar bilan o‘ralgan. Masjidning umumiy sahni esa 167x109 metrdir.
Davr o‘tishi mobaynpda Bibixonim masjidi zilzilalar ta’sirida ancha futurdan ketib, vayronaga aylandi. Hozirgi kunda Bibixonim masjidi bir-biri bilan bog‘lanmagan olti bo‘lakdan iborat bo‘lib, hovlining yuqori qismida mehrobli baland peshtoqli bino, poygakda masjidning ikkiga ajralgan peshtoqi hamda shimoli-g‘arb qismida yakka holda saqlanib qolgan minora. O’z davrida mazkur bo‘laklar uch qator oq marmar ustunli, yengil ravoqli peshayvonlar bilan bir-biriga birlashtirilib, ularning ustida 400 ta gumbazchalar bo‘lgan. Ustunlarning jami 480 ta bo‘lib, oralig‘i — 3,5 metr, ostki qismi maxsus tagkursili, o‘rta qismi o‘yma naqshkor, yuqori qismi rangli koshinlar bilan qubba shaklida ishlangan. Hovli o‘rtasiga marmar toshdan ulkan lavh — Qur’on qo‘yib o‘qiladigan maxsus kursi qo‘yilgan. U avvallari asosiy bino ichida bo‘lib, 1875 yilda gumbazning qulash xavfi tug‘ilganda hovli o‘rtasiga chiqarib qo‘yildi. Mazkur lavh Ulug‘bek Mirzo ko‘ragonning farmoni bilan yasalgan. Lavhga «Sultoni a’zam, oliy himmatli xoqon, din-diyonat homiysi, Hanafiya mazhabining posboni, aslzoda sulton ibn Sulton amir al-mo‘minin Ulug‘bek ko‘ragon» deb yozilgan.
Bibixonim masjidiga kiraverishdagi katta peshtoqning ustki qismi 1897 yilgi zilzilada qulab tushgan. Peshtoqning ichki qismida kichikroq ikkinchi ravoq va uning o‘yma marmar hoshiyali darvozasi ham bo‘lgan. Darvoza ustiga o‘rnatilgan lavhada masjidning qurilgan yili va amir Temurning shajarasi bitilgan. Masjidning «haft jo‘sh»—etti xil metall qotishmasidan yasalgan qo‘sh tabaqali darvozasi bo‘lgan. Bu darvoza keyinchalik yo‘qolib ketgan.
Bibixonim masjidi ayni davrda vayrona holda bo‘lsa-da, serhasham bezaklarning o‘ta nafisligi kishi diqqatini o‘ziga jalb etadi. Rang-barang shakl va naqshlar o‘sha davr ustalarining nozik did va yuksak mahoratidan dalolat berib turadi.
1405 yil !8 fevralda sohibqiron amir Temur O’trorda vafot qilgach, Samarqand taxtiga uning nabirasi Xalil Sulton Mirzo (1384—1411) o‘tirdi. Ibn Arabshohning bergan ma’lumotiga ko‘ra, Xalil Sulton Mirzoning xotini Shod Mulk begim 1408 yilda Saroy Mulk xonimni zaharlab o‘ldirgan. Saroy Mulk xonimning jasadini o‘zi qurdirgan madrasasi yonidagi maqbaraga «tosh tobut»ga solib, mo‘miyolanib dafn qilingan. 1941 yil iyun oyida Go‘ri Amir maqbarasida abadiy uyquga ketgan amir Temur, Shohruh Mirzo, Muhammad Sulton Mirzo va Ulug‘bek Mirzolarning qabrlari ochib tekshiriladi. Saroy Mulk xonim qabri ham ochilib, jasadni tekshirish maqsadida Toshkentga olib kelishgan. Keyinchalik yana Samarqandga olib borib qo‘yilgan.
Sohibqiron Amir Temur Saroy Mulk xonimdan farzand ko‘rmagan. Ammo sohibqiron o‘z o‘g‘li Shohruh Mirzoni, suyukli iabiralari Muhammad Sulton Mirzo, Xalil Sulton Mirzo, Ulug‘bek Mirzo va boshqa mirzolarii bevosita zukko Saroy Mulk xonim tarbiyasiga topshirgan edi.

Turg‘un Fayzievning “Temuriy malikalar” kitobidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.