background
logotype

Shodmulk Xotun

Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, Shodmulk Xotun Samarqand shahrining quyi tabaqasiga mansub hunarmand oilasida dunyoga keladi. Amir Temurnmpg suyukli nabirasi Xalil Sulton Mirzo (Mironshoh Mirzoning o‘g‘li, 1366—1408) kunlardan bir kun shahar chetidagi bog‘ ko‘chadan otda o‘tib ketayotib, Shodmulkka ko‘zi tushadi va uni sevib qoladi. Xalil Sulton Mirzo (1384—1411) jasoratli, harbiy salohiyatli va iste’dodli yigit bo‘lgan. Balog‘atga yetgach, uni aslzoda xonadon qiziga uylantirishgan. Undan bir o‘g‘li ham bor edi. Ammo Shodmulkni sevib qolgach, o‘z zamonasining taomiliga qarshi o‘laroq, shu qizga uylanadi. Tabiiyki, bunday «tengsiz» nikohga Temur boshliq butun avlod qarshi turishgan. Biroq Xalil Sulton Mirzoning qat’iy qarori g‘olib chiqadi. Amir Temur avvalida qattiq g‘azablangai bo‘lsa-da, keyinchalik nabirasiga bo‘lgan yuksak e’tiqodi tufayli uning gunohini kechiradi.
Amir Temur vafotidan so‘ng, 1405 yil mart oyida Xalil Sulton Mirzo Samarqand taxtiga o‘tiradi. U saltanatni boshqarishda adolatni bosh mezon qilib, mamlakat ichki va tashqi ahvolini yaxshilash choralarini izlaydi. Lekin xotini Shodmulk begimning saltanat ishlariga faol aralashuvi natijasi o‘laroq, arkoni davlat orasida ayrim noroziliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Shodmulk begim Temurning barcha beva xotinlari-yu xos kanizaklarini harbiy boshliqlar va amaldorlarga in’om qilish haqida Xalil Sulton Mirzoga maslahat berib, uni ko‘ndiradi. Jumladan, 1406 yilda Temurning beva xotini Tuman Og‘o begimni amir Shayx Nuriddinga xotinlikka beradi. Ibn Arabshohning yozishicha, Saroy Mulk xonim bilan Tukal xonimlarni Shodmulk begimning maxfiy buyrug‘iga binoan zaharlab o‘ldirganlar. Temur davridagi bek va amaldorlarga yetarli iltifot ham ko‘rsatilmaydi. Xazina va saltanat ishlarida Shodmulk begimning faoliyati battar kuchayadi. Shodmulk begimning xohish-irodasi ila quyi tabaqaga mansub kishilar yuqori lavozimlarga ko‘tariladi. Temur safdoshlariga qarama-qarshi o‘laroq, Shodmulk begimning xohishiga muvofiq, qandaydir Bobo Turmush degan kimsa to‘la huquqli vazirlik mansabini egallaydi. Avvalgi amaldorlardan Ollohdod va Arg‘unshohlarga ham hech qanday rag‘bat bo‘lmaydi.
Arkoni davlat o‘rtasida vujudga kelgan bunday nobarobarlik saltanat poydevoriga rahna solishi muqarrar edi. Zotan, ana shunday qulay vaziyat Shohruh Mirzo uchun asqotdi. 1409 yil bahorida Shohruh Mirzo qo‘shini Bodxez mavzeiga kelib to‘xtaydi. Xalil Sulton Mirzoning qo‘shini esa Shahrisabzda jangga tayyor holda turardi. Shu asnoda shimolda amir Xudaydod boshchiligida qo‘zg‘olon ko‘tarilgani xaqida xabar qeladi. Xalil Sulton Mirzo asosiy qo‘shinni Shahrisabzda qoldirib, 4000 askar bilan amir Xudaydodga qarshi borishga majbur bo‘ladi. 1409 yil 30 mart kuni Xalil Sulton Mirzo amir Xudaydod tomonidan asirga olinib, Samarqandga keltiriladi va keyinchalik Farg‘onaga olib ketiladi. Uning xotini Shodmulk begimni esa Shohrux Mirzoga topshiradilar. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, Shohruh Mirzo Shodmulk begimni tahqirlab, ko‘p azob-uqubatlarga duchor qiladi. Nihoyat, Xalil Sulton Mirzoni Farg‘onadan O’trorga keltirib, amir Shayx Nuriddin vositachiligida Shohruh Mirzo bilai Xalil Sulton Mirzo o‘rtasida bitim tuziladi. Bitimga muvofiq, Xalil Sulton Mirzo Movarounnahr hukmronligidan voz kechadi. Buning evaziga Ray viloyatining hokimi etib tayinlanadi. Xotini Shodmulk begim qaytarib beriladi. Ko‘p o‘tmay, 1411 yil 4 noyabr chorshanba kuni Xalil Sulton Mirzo Ray shahrida betob bo‘lib, vafot etadi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, u zaharlanib o‘ladi. Shundan so‘ng 1411 yilning oxirida eridan keyin yashashni istamagan Shodmulk begim zahar ichib olamdan o‘tadi.

Turg‘un Fayzievning “Temuriy malikalar” kitobidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.