background
logotype

Xadicha begim

Xadicha begim Sulton Husayn Mirzo Boyqaroning suyukli xotini edi.
Xadicha begim 1451 yilda Hirotda tug‘ilib, 1457 yilda Sulton Abusayid Mirzo Hirotni olgach, unga hadya etilgan xos kanizaklardan biri edi. Sulton Abusayid Mirzo Xadicha begimni 1465 yilda o‘z nikohiga kiritadi. Sulton Abusayid Mirzodan Oqbegim ismli bir qiz ham bo‘lgan. 1469 yilda Sulton Abusayid Mirzo Iroqda halokatga uchragach, Hirot taxtiga o‘tirgan Sulton Husayn Mirzo Boyqaro marhum Sulton Abusayid Mirzo haramida Xadicha begimni ko‘rib, uni sevib qoladi va shar’iy iddasi (uch oy) tugagach, o‘z nikohiga kiritadi.
Xadicha begpm yosh, go‘zal, dimog‘dor, yengil tabiat ayol bo‘lib, ayni vaqtda tabiatan ichi qoralik va makr-hiylaga moyil edi. Zahiridin Muhammad Bobur Mirzo (1483—1530) Xadicha begim haqida: «O’zini oqila tutar edi, vale beaql va purgo‘y (ko‘p gapiruvchi, ezma) xotun edi, rofiziya (shiiylik mazhabining bir oqimi) ham ekandur»,— deb yozadi. Darhaqiqat, Xadicha begim tez fursatda o‘zining jozibali husn-latofati-yu makkorona iltifotlari bnlan Sulton Husayn Boyqaroni o‘ziga rom qilib, haramda ulug‘ bekalik o‘rnini egallaydi.
Sulton Husayn Boyqaroning xotinlari va xos kanizaklaridan 14 o‘g‘il va 11 qizi bor edi. Shohg‘arib Mirzo (1471 — 1489), Muzaffar Husayn Mirzolar (1473— 1509) Xadicha begimdan tug‘ilgan edilar. Xadicha begim o‘z farzandi — tantiq va shuhratparast Muzaffar Husayn Mirzoni Sultonning barcha o‘g‘illaridan ustun qo‘yishga jon-jahdi ila harakat qilardi. Binobarin, turli makr-hiylalar ishlatib, ota bilan o‘g‘illar o‘rtasida nizo chiqarishga muvaffaq bo‘ladi. Bu nizolar ko‘pincha qonli jangu jadallar bilan tugardi. Sulton Husayn Boyqaro tobora Xadicha begimning makriga uchib, Muzaffar Husayn Mirzodan bo‘lak o‘g‘illariga unchalik iltifot ko‘rsatmas va xavf-xatarda yurardi. Xadicha begim o‘g‘li Muzaffar Husayn Mirzoni ota taxtiga valiahd qilib tayinlatish masalasida xufiyona harakatni boshlab yuboradi. Ammo valiahdlik haqqi taomilga ko‘ra, Sultonning katta o‘g‘li Badiuz-Zamon Mirzoniki (1458—1511) edi. Garchi Sulton Husayn Boyqaro Badiuz-Zamon Mirzoni unchalik suymasa-da, har holda uni rozi qilishi lozim edi. Ayni vaqtda, Alisher Navoiy boshliq saroy ahlining ko‘pchiligi valiahdlikka Badiuz-Zamon Mirzoning 11 yashar o‘g‘li — Mo‘min Mirzoni (1486—1497) munosib hisoblar va bu haqda mulohazalarini Sultonga ochiq bildirgan edilar. Tabiiyki, arkoni davlat orasida bo‘layotgan bunday mulohazalar Xadicha begimning hasad olovini alangalatmasdan qo‘ymasdi.
1497 yil bahorida Sulton Hisorga qarshi yurish boshlaydi. Sultonning farmoniga ko‘ra, Astrobodda hukmron bo‘lib turgan Badiuz-Zamon o‘z o‘rniga o‘g‘li Muhammad Mo‘min Mirzoni qo‘yib, o‘zi otasining qo‘shiniga kelib qo‘shiladi. Jang tugagach, Sulton Husayn Boyqaro o‘g‘li Badiuz-Zamon Mirzoni Balx viloyatiga, suyukli o‘g‘li Muzaffar Husayn Mirzoni esa Astrobodga hokim qilib tayinlaydi. Sultonning bu farmoni Badiuz-Zamon Mirzoning hamiyatiga tegadi. Chunki Astrobodni o‘g‘li Mo‘min Mirzoga nn’om qilish taraddudida edi. Binobarin, Badiuz-Zamon o‘z o‘g‘liga Astrobodni qo‘ldan boy bermaslik haqida xabar yubbradi. Bu mojaro Sulton bilan Badiuz-Zamon Mirzo orasida qonli to‘qnashuvga sabab bo‘ladi. 1497 yil 2 mayda Badiuz-Zamon qo‘shini tor-mor keltiriladi. Ayni vaqtda Muzaffar Husayn Mirzoning qo‘shini Astrobodni zabt etib, Muhammad Mo‘min Mirzoni asirga oladi va Hirotga keltirib, Ixtiyoriddin qal’asiga qamaydilar. Ko‘pdan beri qulay vaziyatni kutib yotgan Xadicha begim Murg‘ob harbiy o‘rdagohida vazir Nizom ul-Mulk ishtirokida Sultonning mastligidan foydalanib, Muhammad Mo‘min Mirzoni zudlik bilan qatl etish haqidagi farmonga muhr bostirib oladi va o‘sha kechasiyoq hukm ijro etiladi.
1506 yil aprelda Sulton Husayn Boyqaro vafot etadi. Xadicha begimning kaltabinlik ila saltanat ishlariga aralashuvi natijasi o‘laroq, taxtga ikki shahzoda — Badiuz-Zamon Mirzo va Muzaffar Husayn Mirzo o‘tiradilar. Shayboniyxon Xurosonga hujum boshlaganda, ikki shahzoda ikki mavzeda — Badiuz-Zamon Qorarabotda, Muzaffar Husayn Mirzo Tarnobda turardnlar. Birinchi zarbadayoq ikki shahzoda ikki tarafga — Badiuz-Zamon Qandahor orqali Turkiyaga, Muzaffar Husayn Mirzo Astrobodga qochadilar. Hirot mudofasi esa Xadicha begim boshliq uch-to‘rtta iste’dodsiz a’yonlaru xotin-qizlarga qolgan edi. Shayboniyxon Hirotni osongina qo‘lga kiritadi. Xadicha begim Hirotdan tashqariga chiqmay, uy mahbusligida yashaydi. 1509 yili o‘g‘li Muzaffar Husayn Mirzoning Astrobodda ekanlignni eshitgach, Shayboniyxon tarafidan Hirot dorug‘asi (hokimi) qilib tayinlangan Jon Vafo Mirzodan ruxsat olib, o‘g‘lini ko‘rgani Astrobodga boradi. Xadicha begim Astrobodga yetib borganda, o‘g‘li Muzaffar Husayn Mirzo tuzalmaydigan kasalga mubtalo bo‘lib, o‘lim to‘shagida yotardi. Qo‘p o‘tmay — vafot etadi. Xadicha begim o‘g‘lining ta’ziyasini o‘tkazgach, yana Xirotga qaytib keladi...

Turg‘un Fayzievning “Temuriy malikalar” kitobidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.