background
logotype

«Kurashmoq uchun o‘rganmoq kerak»

Rossiya imperiyasining yirik harbiy mutaxassisi, mashhur tarixchi, 1830-1840 yillarda Xivani zabt etish uchun yuborilgan harbiy ekspeditsiya qatnashchisi general-leytenant Mixail Ignatovich Ivanin (1801 -1874) ruslarning Sharqqa dastlabki yurishlaridagi muvaffaqiyatsizliklari sababini bu o‘lkalardagi xalqlarning buyuk sarkardalari harbiy mahoratini, usul va uslublarini o‘rganmasdan ishga kirishilganlikda ko‘radi. Shu boisdan u eng avvalo Chingizxon va Amir Temurning harbiy strategiyasi va taktikasini, ko‘zlangan maqsadga erishish yo‘llarini puxta o‘zlashtirishni tavsiya kilib hamda Rossiya hukumati bu borada amalga oshirishi zarur bo‘lgan va amalga oshirgan ishlarni yoritib, kitoblar (Dva polkovodtsa: Chingisxan i Mir Temur. S-Peterburg, 1V74; Zapiski o gosudarstvennnx i obshestvenno-ekonomicheskix nujdax Turkistanskogo kraya. S-Peterburg, 1906) yozdi. Bu kitoblar o‘quvchida turli fikr-mulohazalar va xulosalar uyg‘otadi. Quyida ulardan ayrim parchalar keltiriladi.

* * *

Bizning 1839-1840 yillardagi Xivaga qilgan muvaffaqiyatsiz (omadsiz) yurishimizdan so‘ng men mo‘g‘ul-tatar va O'rta Osiyo xalqlarining Chingizxon va Amir Temur davridagi harbiy san'atini o‘rganishga kirishdim. Ularning tuzumlari va asosiy yurishlari haqidagi qisqacha bayonimdanoq mo‘g‘ul-tatarlar qo‘lga kiritgan ulkan yutuqlar faqatgina qo‘shinning ko‘pligi va jangchilarning botirligiga asoslangan edi, degan bizdagi noto‘g‘ri tushunchaning hech bir asossiz ekanligi ko‘rinib turibdi, deb o‘ylayman.

Mana shu qisqacha bayondanoq, Osiyodagi katta kuchlar bilan urush olib borish mumkinligi, ammo avval ularni yaxshi bilib olish va jangchilarni dunyoning mana shu qismiga yurishlar qilish uchun tayyorlay bilish kerakligi ko‘rinib turipti. Osiyoda yana urush bo‘lgan taqdirda (rossiyaliklar va yevropaliklarning O'rta Osiyoga yurishi ehtimoli ko‘zda tutilmoqda) biz mo‘g‘ul-tatarlardan kam sonli kishilar bilan jang qilish hamda otlar, tuyalar va chorva mollari ucharlarini himoya qila olish san'atini o‘rganishimiz, ulardan Osiyoda bo‘ladigan yurishlar uchun, hatto qishda ham oyoq ostidagi o‘t-cho‘plardan qanoatlanib ketaveradigan va quruq yem-xashakni hamisha ham talab qilavermaydigan dasht otlariga ko‘proq ega bo‘lish qoidasini o‘zlashtirishimiz kerak, deb o‘ylayman. Osiyoda bo‘ladigan uzoq muddatli yurishlar uchun yana ko‘chmanchi xalqlardan ko‘chishlar ko‘rinishidagi yurishlar qilish va shu ko‘chishlar mobaynida otlarni harbiy qiyinchiliklarga chidamliroq qila borish san'atini ham o‘rganib borish foydali bo‘lur edi.

Shunday qilib, Osiyoda urushlar qilgan taqdirda biz o‘zimizning janubiy va janubi-sharqiy davlatlarimizda yuklar, piyodalar va zaxiralarni Osiyoning keng suvsiz va qumli cho‘llaridan olib o‘tishda tuyalarni, otliq askarlarni zarurat tug‘ilganda almashtirishda kerak bo‘ladigan otlar bilan va oziq-ovqat bilan ta'minlash uchun chorva mollarini ko‘paytirish haqida o‘ylashimiz lozim. Bizning janubiy va janubi-sharqiy dashtlarimizda bu hayvonlar hamisha yaxshi boqib kelingan, faqatgina tuya u yerdagi aholining kundalik zaruriyatiga aylanishi haqida qayg‘urmasak bas.

Bundan tashqari juda oz bo‘lsa ham, cho‘l yurishlariga o‘rgatilgan tuyalarda jang qila oladigan jangchilarga ega bo‘lishimiz, buning uchun tajriba sifatida tuyalarda yuruvchi uncha katta bo‘lmagan piyoda jangchilar otryadlarini tuzishimiz, ularni keyinchalik, zarur hollarda foydalanish uchun harbiy harakatlar qilishga ham, zaxiralar va to‘plarni tashib yurishga ham o‘rgatishimiz lozim. Va, nihoyat, Osiyoni harbiy jihatdan bilib olish maqsadida dunyoning shu qismi haqida ko‘proq harbiy jihatdan muhim ma'lumotlar bostiriladigan, davlat homiyligida bo‘lgan jaridani muntazamchop ettirmoq maqsadga muvofiqdir...

O'rta Osiyoni siyosiy jihatdan hozirgi ahvolda tutib turish uchun biz Angliya bilan do‘stona hamda o‘zaro manfaatlarga asoslangan harakatlarga kelishib olishimiz kerak bo‘ladi. O'rta Osiyo uning xalqlarini yagona bir jamiyatga birlashtirishga yo‘l qo‘ymaydigan vositalarga ega bo‘lgan davlatlar (ya'ni Rossiya va Xitoy) tasarrufida yoki ta'siri ostidadir...

Dushmanda nimaiki yaxshi narsa bo‘lsa, uni izdan chiqaring, o‘ldiring, amaldorlarni va mashhur kishilar,ni mavqelariga yarashmaydigan ishlarga jalb eting, lozim bo‘lganda esa fosh qiling. Dushmanning eng yaramas odamlari bilan maxfiy aloqada bo‘ling, hukumatga xalaqit bering, har yerda nizo urug‘ini soching, norozilik tug‘diring, kichiklarni kattalarga, xizmatchilarni boshliqlarga qarshi qayrab qo‘ying.

Dushmanning qo‘shinlarini kiyim-boshsiz, oziq-ovqatsiz qoldirishga harakat qiling, ular fe'lini (asabini) bo‘shashtiruvchi musiqalar yuboring. Tamoman rasvo qilish uchun buzuq ayollarni yo‘llang. Takalluf, va'dalar va sovg‘alarga sahiy bo‘ling. Ularning sirlarini bilish uchun pulni ayamang, chunki bu pullarni qancha ko‘p sarflasangiz, shuncha ko‘p foydasi bilan o‘zingizga qaytadi. Har yerda ayg‘oqchilaringiz bo‘lsin. Xitoy harbiy yozuvchilari, Xitoy Makimvellisining aytishicha, kimki bu vositalardan foydalana olsa va dushman orasiga nizo urug‘ini socha bilsa (biz buni o‘z davrimizda Osiyo xalqlari bilan bo‘lgan urushlarda ko‘rmoqdamiz), u hokim bo‘lishga haqli va davlat uchun chin xazina hamda tayanchdir...

Agar bu ikki davlat (Rossiya va Xitoy) sog‘lom siyosat yurgizsa va O'rta Osiyo hukmdorlari o‘rtasidagi istilochilik niyatlarini bostirish uchun ahillik bilan harakat qilsa, u holda Osiyo uzoq vaqtgacha qonli larzalardan xoli bo‘lishi mumkin. Xuddi shuningdek, Angliya ham janubdan harakat qilib, bu ishda (mustamlakachilik bosqinida) qatnashishi mumkin, chunki Hindiston hamisha istilochilar uchun lazzatli luqma bo‘lib kelganligi tufayli Angliyaning xususiy manfaatlari O'rta Osiyoda kuchli yarim davlat yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik, buning uchun esa O'rta Osiyo xalqlarini yangi takomillashgan qurol-yarog‘ bilan ta'minlamaslik lozimligini ko‘rsatib turipti...

...Shuni ham nazardan qochirmaslik kerakki, Turkiston musulmonlar beshigidir. O'rta osiyoliklar hech qachon xristianlarga yon bosmaydilar. Ular dinsizlarga bo‘lgan o‘z hayoliy munosabatlarini faqat kuch ishlatilgandagina o‘zgartirishi va o‘z taqdirlariga tan berishlari mumkin.

Majid Hasaniyning “Yurt bo‘ynidagi qilich yoki istilo” (Toshkent. «Adolat». 1997) kitobidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.