background
logotype

Tilab Mahmudov. Vatan tomon borar bari yo‘l

She’r aslida insoniyat, koinot va zamon osmonida insonlarning orzu-umidlari va armonlari bo‘lib uchib yurgan buyuk qushlardir. Bu qushlarning qanotlari so‘zdan, yuragi hikmatdan, jismi ibratdan iborat. Ularning ana shu parvozi abadiy, zero, ular insoniyat yo‘lini yorituvchi, odamzodni odamiylik sari yetaklovchi yo‘lchi yulduzlardir.

Shoiraning birinchi she’riy to‘plami “Ilk muhabbat” (1968) deb nomlangan edi. Odatda, yosh shoirlar to‘ng‘ich kitobini muhabbat, bahor, ona, Vatan mavzulariga bag‘ishlaydi. Ularning aksariyat she’rlari ­his-hayajonli dil izhori bilan to‘lib-toshadi.

Oqarganda sochlar eslaymiz,
Sarxush bahor, kuz o‘tganini.
Kimlarnidir rad etganmiz biz,
Kimlar bizni rad etganini —

misralarini o‘qib, 21 yoshli Halima qanday jur’at, qanday hayotiy tajribaga tayanib umr bahori o‘tib, kuz kirib kelganiyu, sochlar oqarganini, kimlarnidir rad etib, kimlar uni rad etganini nechun she’rga soldi, axir, bunday voqealar hali uning boshiga tushmagan edi-ku, deb hayron bo‘lamiz. Darvoqe, bu she’rning o‘ziyoq o‘zbek poeziyasiga inson hayoti va taqdirini o‘z ijodiga sarlavha qila boshlagan o‘ychan shoira kirib kelayotganidan darak bergan edi. Uning o‘ylari mahzun va uzun edi. U bobolarning bir vaqtlar tovus patida qiynalib-qiynalib yozgan so‘zlarini diliga joylar ekan, shomda, peshinda, sevgi alangasida yozgan she’rlariga kelajakda kimlardir termilishini orzu qiladi. Shu bilan birga ko‘ngil kechinmalarihayot murakkabliklarining davomi ekanligini his qiladi.

Hayot, muhabbat, munosabat va yashamoq sir-asrorlarini o‘z yoshiga nisbatan ertaroq va chuqurroq his qilgan shoira she’riyat shunchaki ko‘ngilochar mashg‘ulot, ermak emasligini, ijod armonli ko‘ngilga darmon bo‘luvchi mo‘‘jiza ekanini tushunib yetadi:

Shunchaki yozmoqqa ko‘ngil to‘lmaydi,
Shunchaki yozmoqqa bormaydi qo‘lim.
Shunchaki yozganga chidab bo‘lmaydi,
Shunchaki yozmoq bu shoirga o‘lim.

Bu yosh shoiraning yetilgan tafakkuri, dunyoqarashining ifodasi edi. Halimaning maqsadi, hayoti va iqtidori ana shu buyuk niyat, ya’ni «shunchaki yozmaslik» va shunchaki yoza olmaslikka qaratilgan edi.

Halima Xudoyberdiyevaning she’rlarini o‘qir ekanman, u qaysi buloqdan suv ichgan, qaysi maskanda kamol topgan, kimning etagidan tutib ustozim degan singari savollar tug‘iladi. Halimaning Sirdaryo yoqasida gulday ochilgani ma’lum, Boyovutda bo‘y yetgani, qishloq qizlari singari o‘choqqa o‘tin qalab non yopgani, paxta terib egatlarda soch o‘rgani rost. Biroq ­she’riyat gardini unga Boyovut shamollari qanday yuqtirgan? Qachon, qanday qilib u ikki so‘zni ­­bir-biriga oshiq-ma’shuqday qovushtirib, bir umrga ajralmaydigan muhabbat mehri bilan bog‘lagan?

Bu savollarga javobni shoiraning “Bizning bog‘da” singari she’rlarida topaman. Xuddi ana shu she’rda XX asr bolasining ota-ona va yaqinlaridan eshitgan ertak, dostonlaridan olgan taassurot va hayot tafsilotlarining ruhi sezilib turadi. Halima uchun ota-onasi, ona zamin, xalq aytishuvlari uning suyanch tog‘lari, asarlarining qon tomirlari. Bu bejiz emas. Halimaning amakisi Mamatqul baxshi el orasida obro‘li baxshilardan sanalgan. U qayirmalik Sayram baxshini ham mehr bilan eslaydi. Biroq Halima dostonlarga ergashib ketmadi, o‘z yo‘lini yo‘qotmadi. Buni shoiraning turli yillarda chop etilgan to‘plamlaridagi she’rlarida kuzatish mumkin.

“Oq olmalar” kitobida Halimaning otasi Ummatqul Xudoyberdiyevga bag‘ishlagan marsiyasi bor. “Biz otamdan ayrilganmiz oq olmalar pishganda”, deb eslaydi shoira. Oq olmalar pishgan paytni eslash tufayli u otasining sochiga oq olma rangli oq tolalar tushgani, har yilgiday saf-saf pichan g‘aramlarining tiklanmay qolgani, otasining chapdast, sertomir qo‘lidagi qoraygan saxiy tuproqning rangiday tanga-tanga qadoqlar ko‘z oldidan o‘tadi. Otasiga oq olmalar terib bergan, mo‘ysafidlik umrini tilab yurgan shoira otasining kuz kelmasdan ildiziga bolta tekkan daraxt­day so‘lishini, nainki o‘g‘il-qizlari, ketmonu paxtazor ham dildirab qolganini armonli satrlariga joylaydi.

“Ilk muhabbat»dan “Chaman»gacha oradan atigi 6 yil o‘tadi. Halimaning onasiga, otasiga qizlik mehri bilan yo‘g‘rilgan ilk muhabbati endi yetiladi va yangi tuyg‘ular, kayfiyatlar, manzillarga intiladi. Oydin kechalarda, charaqlagan samo bag‘rida pastda yulduz bo‘lib porlagan juft, sho‘xchan ko‘zlarning yonishi, nogahon ro‘para kelgan qalblarning «siri sirligicha qoldi, ­mag‘rur, qushday erkin hayoti tushday o‘tib ketdi qoldirib xotira...».

Bu muhabbat iztiroblariga u o‘zini ko‘niktiradi. Nachora, buni hayot deydilar. Sevmoq, sevilmoq kishining o‘zigagina emas, o‘zgaga ham bog‘liqligi Halima Xudoyberdiyeva she’riyatining muhabbat zarvaraqlarini tashkil etadi. U bevosita o‘z atrofi va ruhiyati olamida yashab kelayotgan, hali yuragida tugunlar ko‘paymagan palladan she’riyat chamanzori sari qadam tashladi. Endi bu chamanzor unga boshqacha kayfiyat, o‘zgacha shukuh va shuur baxsh eta boshladi. Buning yorqin misoli «Begim sizni xudoyim...» she’ridir.

Bu she’rda shoira tamomila yangi qiyofada bo‘y cho‘zadi. Fikrini tuyg‘ularidan izlaydi, tuyg‘ularini xayollari, o‘ylari bilan to‘ldiradi. Shu ma’noda quyidagi misralarni chinakam poeziyaning bezavol namunasi desa bo‘ladi:

Begim, sizni xudoyim raso qilib yaratgan,
Kimlarnidir o‘ychanu, sizni kulib yaratgan.
Nogahon berib qo‘yib bu aqlni, kamolni,
O‘zi ham rashk, hasadda to‘lib-to‘lib yaratgan.

She’rda qismatni ko‘z yoshi bilan yuvmoq emas, balki ko‘ngil va tafakkurning nogahoniy zamzamalarini hazil va erkalanish tafti bilan eritmoq istagi o‘z ifodasini topgan.

Inson hayotining murakkab jumboqlar bilan to‘lib-toshgan, odam tabiatining kamalakday tovlanishi, har bir kishi o‘z hayotida “shan marhamatiyu, rutubatli aldoqlarni” kechirib, “kimlarnidir rad etib, kimlar bizni rad etib” yashashi Halima Xudoyberdiyeva poeziyasining falsafiy mag‘izini tashkil etadi.

Halimaning she’rlarida momolar rivoyati, bobolar hidoyati suyanch tog‘lariday ibrat timsollaridir. Ular go‘yo har misrada shoirani kuzatib, goho uni tuzatib turadilar. Shoira har bir yangi she’rida hayot falsafasini tuyib boradi, muhabbat, hayot, dunyo haqida mushohada yuritarkan, odamlar tabiatidagi ulug‘vorlik va ­pastkashlik, komronlik va g‘irromlik, g‘araz va g‘azab alomatlariga e’tibor qaratadi, uning tiriklik va yashashga ilhaq g‘ayrati hayratga aylana boradi.

Shoiraning lirik qahramoni behalovatlikdan halovat topa oladigan, o‘zini hayotning qaynoq jabhalarida ko‘rishga tayyor shaxs sifatida gavdalanadi. «Vatan sari yo‘l» she’rida shoira «Vatan tomon borar bari yo‘l», deb yozadi. Uning asosiy maqsadi shu ona zamin, shu ota yurt tuprog‘ini kuylashdan iborat. Shu ma’noda shoiraning «Vatan bayrog‘i» she’ri uning o‘z elu yurtiga bo‘lgan farzandlik va ijodkorlik dasturi sifatida jaranglaydi:

Yurt bayrog‘in har joygamas,
Ko‘nglingga ek. Ko‘ksingni o‘y.
Ishlov bergin, yumshatib tur
Ildiz ochsin, ko‘rsatsin bo‘y.
To bu bayroq, Vatan, nurlar
Ich-ichingga ketsin kirib...

Halima Xudoyberdiyeva poeziyasining originalligi shundaki, u biron narsa, hodisa yoki shaxsdan ta’sirlangach, tafakkuriga, tili va diliga kelgan so‘z-fikr, fikr-g‘oyaga ergashadi. Uni fikr yetaklaydi, u fikr qanotida parvoz etishni yaxshi ko‘radi. Fikrni ifodalamaydigan so‘zni, so‘zni uyg‘otmaydigan fikrni yoqtirmaydi. Shuning uchun boshqalar aytolmagan yoki aytishga ulgurmagan fikrni badiiy ifodalashga intiladi, bu fikr orqali odamlar qalbida badiiyatga, go‘zal lutfga ishtiyoq, havas, zavq uyg‘otadi.

Hayotning naqadar murakkabligini o‘tli misralarga joylarkan, shoira she’rlarida, xususan, “Nozik gulga aytganlarim”da ­navqiron go‘zallarga bir onaday nasihat qiladi. Bu nasihat hayotning achchiq-chuchugi, g‘o‘ru sho‘rini tatib ko‘rgan insonning teran kuzatish va fikr uzatishlarini eslatadi.

Shoira ruhida avval hayajon tug‘ilib, so‘ngra uni tafakkur yo‘rgaklamaydi. Aksincha, hayot quvonchi yo tashvishlari tufayli yetilgan fikr o‘ziga monand tuyg‘ular xazinasining eshigini qoqadi. Fikrga fikr ergashadi yoki ergashtiradi, so‘zlar esa bu fikrning marjonlariday tiziladi. Natijada badiiy-falsafiy mutanosiblik yuzaga keladi.

Kim mohirlik bilan chalsa bu dunyo nayin,
Kim dunyoni juda erta ololsa tanib,
Bu dunyoning kengligini anglagan sayin,
Anglarmi yo bu kenglikka sig‘mayotganin.

Halima Xudoyberdiyeva she’riyatiga xos yana bir xususiyatni ta’kidlash joiz. U so‘z rangi, jarangi, salmog‘i va kayfiyatini nihoyatda nozik his qiladi. Chunonchi, qor, yomg‘ir, jannat, tun, oy, bog‘, daraxt va ­daryolarni inson xatti-harakati, quvonchu tashvishlari, qisqasi, inson hayotiga xos xususiyat, fazilatlar talqini orqali harakatga keltiradi, jonlantiradi. ­

So‘zlarni u shunday o‘ynatadiki, ular xuddi simfonik orkestrdagi bir-biriga o‘xshamagan turli musiqiy asboblarning o‘zaro uyg‘unlikdagi ijrosi yaxlit musiqani yaratganiday, she’rlarida dunyo, inson, millat va jamiyat taqdiri haqida epik manzaralar yaratadi. Masalan, oppoq qor oq ko‘ngillarning kapalagi bo‘lib uchadi; oppoq qor hayotbaxsh tongga aylanadi; oppoq qor yer sathini, ayollar boshini oqartirgan toladay...

“Buyuk qushlar” saylanmasiga doir yuqoridagi ayrim mulohaza va taassurotlarimiz xulosasi shundan iboratki, Halima Xudoyberdiyeva poeziyasi xalq qalbini uyg‘otuvchi va ulug‘lovchi nazm qo‘ng‘irog‘i. U Vatan va xalq taqdiri — “sirli sandiq”ni butun vujudi va ­shuuri bilan idrok etishga, hazin va farahli tomonlari haqida fikr aytishga muvaffaq bo‘lgan taniqli ijodkor.

Tilab Mahmudov,

falsafa fanlari doktori, professor

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 18-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.