background
logotype

Umarali Normatov. Oltin zanglamas

http://ziyouz.uz/images/shuhrat.jpg

Asli ismi-sharifi G‘ulom Alimov, adabiy taxallusi esa Shuhrat bo‘lgan benazir ijodkor el-yurtda, adabiyot dunyosida Shuhrat degan nom bilan tanildi. O‘zidan katta ustozlari, shuningdek, tengdoshlari, o‘zidan kichik shogirdlari unga “G‘ulom”, “G‘ulomjon” yoki “G‘ulom aka” deb emas, balki “Shuhrat”, “Shuhratjon”, “Shuhrat aka” deb murojaat etardi. Bu ism-taxallus unga nihoyatda yarashardi, asl ismi G‘ulom zamiridagi ma’no – tobelik uning tabiatiga butunlay yot edi.

Shuhrat akaning ham ijodkor-adib, ham ona-yurt fuqarosi, kuyunchak inson sifatida talay ibratli xislatlari bor edi. U, avvalo, bir qo‘lda qurol bilan jang qilgan, bir qo‘lda qalam bilan shu aziz Vatanini kuylagan, ulug‘lagan — so‘zi va ishi bir adib edi. U nihoyatda mehnatsevar, tartib-intizomli, saranjom-sarishtali, farishtali odam bo‘lgan. Hayotning ko‘p achchiq-chuchugini tatigan, boshiga og‘ir savdolar tushganda ham o‘zini yo‘qotmagan, imon-e’tiqodiga gard yuqtirmagan bukilmas iroda egasi edi. Odam bolasi goho eng aziz pinhoniy tuyg‘ularini, yurak sirlarini kimgadir aytgisi, qalbini tushunadigan kimsa bilan sirlashgisi keladi. Shuhrat aka shaxsan men tanigan, bilgan yozuvchilar orasida ana shunday tabarruk zotlardan bo‘lgan. Ulkan adib Abdulla Qahhor umrining so‘nggi daqiqalarida Shuhratni Moskvaga o‘z huzuriga chaqirib, eng so‘nggi yurak ­rozini, ­vasiyatini shu odamga ­ishonib aytgani bejiz emas...

Endi Shuhrat akaning adabiyotimizda tutgan o‘rni, ijodiga xos ayrim xususiyatlar haqida bir necha og‘iz so‘z. Shuhrat XX asr milliy adabiyotimizning o‘rta avlodi vakillaridan. Bu avlodga g‘oyat mushkul, chigal ijodiy taqdir nasib etdi. Ular 30-yillarning ziddiyatli muhitida, ma’naviy-ijodiy hayotga mustabid siyosat, qatag‘on balosi tahdid solib turgan, ulkan iste’dodlar boshida qora bulutlar quyuqlashgan kezlari qo‘lga qalam oldilar. So‘ng ikkinchi jahon urushi, urushdan keyingi ­mashaqqatlar, adabiy hayotdagi ­tangliklar, og‘ir yo‘qotishlar....

1951 yili shoir boshiga og‘ir musibat tushdi. Bir qator qalamkashlar safida “sovetlarga qarshi millatchilik faoliyati”da ayblanib qamoqqa olindi, so‘ng 25 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Shaxsga sig‘inish qoralanib, nohaq qatag‘on qilinganlar oqlangach, Shuhrat ham surgun azoblaridan qutulib yurtiga qaytdi. 50-yillar o‘rtalaridan u ijtimoiy hayotda yuz bergan muayyan o‘zgarishlar, “eruvgarchilik” ta’sirida qizg‘in ijodiy faoliyat bilan mashg‘ul bo‘ldi. Birin-ketin ­“Bizning ko‘cha”, “Kavkaz daftari”, “Shinelli yillar daftari”, “Dunay sohillari”, “Qiz tabassumi”, “Buyuk muhabbat” kabi she’riy turkum va to‘plamlari, balladalar, she’riy tarjimalar, hikoyalari paydo bo‘ldi. «Shinelli yillar», «Oltin zanglamas», «Jannat qidirganlar» romanlarini e’lon etdi.

Mana shu asarlarning hammasi o‘n-o‘n besh yil ichida yaratildi. Men o‘sha kezlarda Shuhrat akadan bunday sermahsul ijod sirlarini so‘raganimda, u: «Men va men tengilar 30-yillar murakkabligi, urush davri mashaqqatlari, urushdan keyingi ko‘rgiliklar tufayli yigirma yillik vaqtimizni, eng ko‘rkam yigitlik davrimizni boy berib qo‘ydik. Ko‘ngilda aytadigan gaplar ko‘p. Shoshilmaslikning esa iloji yo‘q. Dildagi gaplarimizni maromiga yetkazib aytolmayotgan, shoshilayotgan bo‘lsak, kitobxon bizni to‘g‘ri tushunar, deb o‘ylayman», degan edi. Shuhrat va umuman, o‘rta avlod adiblari ijodi haqida fikr yuritganda shu holatni, ular adabiyot maydoniga qadam qo‘ygan kezlardagi chigal muhitni, albatta, nazarda tutmoq darkor.

Yozuvchining ilk romani «Shinelli yillar» harbiy vatanparvarlik adabiyotining yaxshi namunalari qatoridan o‘rin oldi, roman o‘zbek va rus tillarida qayta-qayta nashr etildi. «Shinelli yillar»ni roman-xronika deb atash mumkin. Asar asosida o‘zbek yigiti Elmurod taqdiri yotadi. Elmurod obrazi asarda kompozitsion markaz rolini ham o‘taydi, romandagi barcha personajlar, hodisalar shu obraz bilan aloqador holda beriladi. Yozuvchi Elmurodni urushning boshidan to oxiriga qadar olib o‘tadi, bu obraz sarguzashtlari orqali yozuvchi jang xronikasini berishga, urushning turli bosqichlaridagi vaziyatni ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ladi.

Shuhrat ikkinchi romani «Oltin zanglamas»da «Shinelli yillar»ga qaraganda ancha ilgarilab ketdi. «Oltin zanglamas» romani bilan muallif o‘zbek adabiyotida ochilmagan qo‘riqqa qo‘l urdi, adabiyotimizga yangi mavzu-material olib kirdi, mamlakatimiz hayotida yuz bergan 30-yillar qatag‘oni qurbonlari hayotini qalamga oldi.

«Oltin zanglamas» qahramoni Sodiq taqdiri haqiqatan ham romangaarzigulik. Yozuvchi Sodiqni hayotning g‘oyat sermashaqqat va murakkab yo‘llaridan olib o‘tadi, uning boshiga ko‘p og‘ir savdolar tushadi. Lekin Sodiq shunchaki jafokash bir kimsa emas, u hammadan burun kurashchan shaxs. Qahramon eng mushkul vaziyatlarda ham taqdirga tan berib qo‘ya qolmaydi. Aksincha, vijdoniga gard yuqtirmaydi, ezgu ideallarga sodiq qoladi, shu ideal yo‘lida mardlarcha kurash olib boradi. Ona-yurt o‘g‘lonining e’tiqodi – bu oltin, bu oltin etiqodning olijanobligi, metinligi, sinovlardan g‘olibona o‘tib tantana qilishi, ya’ni oltinning zanglamasligi bosh qahramon xarakterining hayot falsafasini, romanning asosiy pafosini tashkil qiladi.

Shuhrat “Oltin zanglamas”dan so‘ng shitob bilan «Jannat qidirganlar» nomli roman ustida ishladi. «Jannat qidirganlar» «Oltin zanglamas» romanining mantiqiy davomi: asar voqeasi «Oltin zanglamas»ga qo‘yilgan oxirgi nuqtadan boshlanadi. Roman bosh qahramoni Ummatali go‘yo «Oltin zanglamas» qahramoni Sodiqdan estafetani o‘z qo‘liga oladi. Ummatali obrazi orqali yozuvchi “eruvgarchilik” deb atalgan davrdagi mamlakat hayotida yuz bergan muhim jarayonlarning muayyan tomonlarini haqqoniy aks ettirishga erishadi.

Shuhrat garchi nasrda serbaraka ijod etgan, romannavislikda muvaffaqiyat qozongan bo‘lsa-da, avvalo, u — shoir, ijodda shoir bo‘lib tug‘ilgan edi, umrining oxirigacha shoirligicha qoldi. Shuhrat shaxsiyati, Shuhrat iste’dodining qirralari hammadan burun she’riyatida namoyon bo‘ldi.

Shuhrat haqiqiy ma’noda lirik qalb egasi. Bu qalbning o‘ziga xos tomoni shundaki, u yoniq, hayotga, go‘zallikka tashna, bir oz mag‘rur, tezkor, ammo nihoyatda saxiy, dilkash, pokiza qalb, u ichidagini sir tutolmaydi, ichida gap saqlolmaydi, dilidagining hammasi tilida. O‘zi aytganiday:

Ne chora! Shoirning qalbi she’rida.
She’rida sir saqlab yolg‘on aytmaydi.
She’rida aytganin, hatto go‘rida
Turg‘izib aytsang ham aslo qaytmaydi.

His-tuyg‘ular jilosi: mehr bilan qahr ham, sevinch bilan g‘am ham — barchasi uning qalbida har doim taranglashgan holda namoyon bo‘ladi. Shuhrat she’rlarida hayot hodisalari ana shunday qalb toriga urilib aks sado beradi, shoir she’rlarida falsafa shunday qalb prizmasidan oqib chiqadi. Bu narsa ham shoir she’riyatiga takrorlanmas ohang, alohida rang bag‘ishlaydi. Shuhrat she’riyatining kuchli va zaif tomonlarini ana shu qalbning o‘ziga xos tomonlari bilan izohlash joizdir.

Shoirda hayotga mehr, hayotdan lazzatlanish, hayotdan minnatdorlik, o‘z hayoti bilan faxrlanish hissi nihoyatda kuchli. Shuning uchun ham uning nigohi, birinchi galda, hayotning nurli tomonlariga tushadi, u hammaga ham ko‘rish muyassar bo‘lavermaydigan oddiy hodisalarning go‘zal qirralarini ko‘ra oladi, shoir qalami tekkanda jo‘ngina tuyulgan narsa-hodisalar ham go‘zallashib ketadi.

She’rlaridan birida u shunday yozadi:

Qalbingda bor ekan o‘zga bir qudrat,
Qudratki, boshqada uchramas, kamyob,
Sen uni yashirma, dur qilib tarat,
Nur qilib yoy uni misoli oftob.

Shaxsan men tanishgan kunlardan tortib to umrining oxiriga qadar bu qaynoq qalb egasi hamisha jo‘shqin ilhom og‘ushida yashab o‘tdi. Uning g‘ayrat-shijoatida ona-yurti saratonining harorati ufurib turar, ish stoli ustida hali qiyomiga yetmagan qo‘lyozmalar taxlanib yotar, xayoli bitilajak kitoblar, yangidan-yangi o‘y-rejalar bilan limmo-lim edi. U o‘zidagi “o‘zga bir qudrat”ni, “boshqada uchramaydigan kamyob” iste’dodni “nur qilib yoyish”, “dur qilib tarqatish”, shu orqali kitobxon qalbiga o‘t solish ishtiyoqi bilan umr o‘tkazdi. Mana shu ezgu niyat, zo‘r ishtiyoq adib hayotlik chog‘idayoq e’tirof etildi. Shuhratning she’riy to‘plamlari, romanlari takror va takror katta tirajlarda bosildi, qo‘lma-qo‘l o‘qildi. Uning ijodi Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Izzat Sulton, Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo‘shjonov kabi ulkan adib, adabiyotshunoslar diqqat-e’tiborini o‘ziga jalb etdi.

Shuhrat faqat asarlari bilan emas, shaxsiy hayotdagi ibrati, qalb saxovati, samimiyati bilan ham e’tibor qozondi. U har doim ustozlar hurmatini joyiga qo‘yar, tengdoshlari mehnatini yuksak qadrlar, yoshlarga rahnamolik qilar, hayotda, ijodda o‘z yo‘lini topib olishida mehr-muruvvatini ayamasdi. O‘nlab yosh qalamkashlar Shuhrat mehr-muruvvatidan baxramand bo‘lganlar. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Vali G‘afurovning igna bilan yozilgan “Vafodor” romanining ro‘yobga chiqishida ham Shuhratning xizmati katta bo‘lgan, nogiron havaskor qalamkash qo‘lyozmasi tajribali adibning adabiy jihatdan jiddiy tahriri orqali kitob holiga kelgan.

Ayrim hamkasblarimiz Shuhrat akani ko‘proq jabrdiyda, mehnatlari o‘z vaqtida qadrlanmagan, omadsiz ijodkor tarzida ko‘rsatishga urinadilar. Bir qarashda shunday tuyiladi. Darhaqiqat, u shafqatsiz zamonda yashab ijod etdi, taqdiru azal bu odam boshiga og‘ir sinovlarni, ko‘p mushkul savdolarni soldi: fashizmga qarshi janglarda necha bor yaralandi; qatag‘onga uchradi; umrining so‘nggi o‘n yili og‘ir xastalikda kechdi... Biroq u Alloh in’om etgan mustahkam e’tiqod, cheksiz sabr-bardosh tufayli shuncha ko‘rgiliklarning barchasini yengib o‘tib, o‘nlab jildlarga jo bo‘ladigan chin haqiqat va nurli tuyg‘ular bilan yo‘g‘rilgan asarlar yaratishga erishdi, umrining so‘nggi kunlariga qadar qo‘ldan qalamini qo‘ymadi. Bular baxt, omad emasmi! Shuhrat umr bo‘yi orzu qilgan, qalbining to‘rida saqlagan armoni, asl tilagi – Mustaqilligimizning ilk qadamlariga shohid bo‘ldi. Elmurod, Sodiq kabi qahramonlarining o‘z ona-yurtida o‘ziga bek, o‘ziga sodiq bo‘lib yashash uchun nurli kunlar kelganini dil-dildan qutlashga musharraf bo‘ldi. Bu chin baxt emasmi! Uning she’r va romanlari o‘sha mash’um zamonlarda ham el orasida katta shuhrat qozongan edi, mustaqillik yillarida ham shuhratini yo‘qotmadi, qayta-qayta nashr etilayotir. Nihoyat, mustaqillik shabadalari esa boshlagan kezlari “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” unvoni, vafotidan keyin esa “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Bular baxt, omad emasmi! Kitob holida chop etilgan va yana yozilayotgan esdaliklarda ko‘rk to‘kib turgan adibning yorqin siymosi allaqachon millatning iftixoriga aylanib ulgurgan. Qisqasi, yoniq qalbi, bukilmas, pokiza imon-e’tiqodi, shu xislatlar ufurib turgan sara asarlari orqali XX asr taloto‘mlaridan omon o‘tib, shu qutlug‘ kunlarga yetib kelishi Yaratganning bebaho tuhfasi. Bosh asari nomini uning o‘ziga, shaxsiyatiga, ijodiy merosiga ham nisbat berish mumkin – darhaqiqat, oltin zanglamas!

Umarali Normatov,

O‘zMU professori

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 17-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.