background
logotype

Vafo Fayzulloh. Chin she’riyat yo‘li insoniyat qalbiga tutash

http://ziyouz.uz/images/rauf_parfi.jpg

Har safar chinakam she’riyat bilan diydorlashuv muhabbatni anglash, saodatni his qilish, inson qalbini tushunish lahzalari bo‘ladi. Shuning uchun ham bu onlar ko‘ngil bayramidir. Inson qismati go‘zal, yoniq, pok tarona va so‘z ila ziynatlidir. “So‘zda sehr, she’rda hikmat bor”, deb bekorga aytilmagan-da. Darhaqiqat, bashariyatning ibrat va saboq, umid va ishonch manziliga she’riyat ma’rifati bilan ham boriladi.

Rauf Parfining shaxsi va she’riyati favqulodda betakror, jozibali. Shoir shakli ma’nodor, ma’nosi husnli va ta’sirchan she’riyat yaratdi. Muhimi, insonning qadri, hurligi uchun yongani, so‘zga — she’rga o‘zini bag‘ishlagani hayrat, hurmat va muhabbat uyg‘otadi bu she’riyatga, bu shoirga nisbatan. Rauf Parfi she’riyat manzara va manzillarini o‘zgartirgan maktabdor shoirdir. She’riyatimiz kelgusiga nazar tashlash uchun ham beixtiyor uning shaxsi va she’riyatiga, favqulodda yaratiqlariga murojaat qilinaveradi.

Ota-ona mehriga qonib o‘sgan Abduraufda bolalikdan hurdil bir ruhiyat shakllandi. Mana shoirning e’tirofi: “Dadam meni juda erkalatgan. Agar istagimni olib bermasa, qo‘limga qaychini olib, kokilimni kesib tashlayman, derdim”.

Bolalikdan erkin, erka bo‘lgan, asralgan, qadrlangan, royiga borilgan inson shu mehr-muhabbat, go‘zal oqibat tufayli ham yaxshi inson bo‘lib voyaga yetar ekan. Farzandlarining xotirlashicha, Rauf aka ­uyiga kimdir eshigini taqillatib kelsa, “Kim u, yaxshi odam” deb qarshilar ekan.

Rauf Parfi she’riyatiga xos rostgo‘ylik va teran hikmat uning ruhiyati oziqlangan bolalikka borib tutashadi. Umrining oxirida bog‘bonlik qilgan otasining qo‘li ochiq va oshnoparastligi xonadonida ma’rifiy gurunglarga yo‘l ochgan va bu diltortar suhbatlar, dilkash ulfatchiliklarda bog‘bonning do‘stlari — ziyolilar, shoirlar davraga qo‘r kiritishar edi. Yosh Tursunali bu suhbatlarni miriqib tinglar, gurungning javharini anglab-anglamay ruhiyatiga singdirardi. Ular uning shaxsini toblab, keyinchalik she’riyatida sado berdi.

O‘quvchilik yillarida qizil saltanatning kuchli bosimi oilada qulog‘iga quyilgan haqiqatlarni unuttirib yuborguday edi. “Kolxo‘zimiz juda mashhur edi... Komil Yashindan tortib, Javoharla’l Nerugacha kelishgan... Pol Robsonlar tashrif buyurishganda biz qizil galstukni bo‘yinga bog‘lab, pionerchasiga “doim tayyor” bo‘lib kutib olganmiz”, deb yozgandi shoir.

She’r yo‘lida birinchi ustozim deb bilgani shoir Abdurahmon Vodiliy Sharq mumtoz adabiyotining chuqur bilimdoni edi. Uning ta’sirida 12 – 13 yoshida she’riyatga jiddiy ishqi tushadi, undan an’anaviy she’r qurilishini o‘rganadi. Dastlabki mashqlaridanoq o‘ziga xos yozishga urinadi, yangilikni tabiatdan izlaydi, sobitlikni ham tabiatda ko‘radi. Uning ilk she’rlari anchagina. Biroq she’rga talabi yuksak shoir kitoblarida birinchi to‘laqonli she’r sifatida “Kunduz o‘yga cho‘mar, tun yaqin...”ni e’lon qilib keldi. Rauf Parfi ijodining ilk davriga oid ancha-muncha yangilik beradigan o‘n uchta xatjild (papka), bir talay daftarlarni shoir umrining oxirigacha asragan. Ularni tartibga keltirish, ishlash fikrida bo‘lgan.

1960 — 1965-yillarda u Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) filologiya fakulteti jurnalistika bo‘limida o‘qidi. Zero, u ana shu talabalik yillaridan boshlab ijodkor sifatida o‘zini anglash yo‘liga kirdi. Dunyo ahvoli, millat qismati, inson botiniga teran nigoh tashladi: “Ikkinchi kursda o‘qiyotgan paytimda menda ikkilanish paydo bo‘ldi. Shungacha judayam baxtli zamonda yashayotuvdim. Hamma narsa xalq uchun deb. Domlalarimdan ko‘ra adabiyotning o‘zi fikrimni o‘zgartirgan”.

Dastlabki ijodida ochilish, ko‘tarilish ayni shu yillarga to‘g‘ri keladi. Dunyo adabiyoti, ayniqsa, jahon xalqlari she’riyatini qizg‘in o‘rganishga kirishadi. Blok, Takuboku, Lesya Ukrainka she’rlarini tarjima qiladi. Nozim Hikmat she’riyati bilan tanishib, uning “Inson manzaralari” epopeyasini tarjima qilishga kirishadi. Hikoyalar mashq qiladi.

Uning ko‘zi ochiq shoir bo‘lib shakllanishida o‘sha davr o‘zgarishi, sobiq ittifoqda ozgina vaqt davom etgan “iliq”lik davrining ham ta’siri bor. O‘sha paytda ­shaxsga sig‘inish oqibatlari tanqid qilinib, nohaq qatag‘onga uchraganlar shaxsi oqlangan, zulm azobidan hali ko‘ngillari zada bo‘lmagan yoshlar bu to‘lqinlarning oldingi qatorida paydo bo‘lishadi. Taqdir Rauf Parfiga shoir va shaxs sifatida qayta tug‘ilishni ayni shu davrda ravo ko‘rdi. U shu pallada anglagan haqiqatlaridan oxirigacha ko‘z yummadi, ko‘rib, tushunib, belgilab olgan ideallari yo‘lida bo‘ldi. Fikrini keskir, she’rini go‘zal qildi.

1968 yili uning birinchi kitobi “Karvon yo‘li” nashr etildi. O‘shanda 25 yoshda edi. Tirikligida yillar osha yana sakkiz kitobi — “Aks sado” (1970), “Tasvir” (1973), “Xotirot” (1975), “Ko‘zlar” (1977), “Qaytish” (1978), “Sabr daraxti” (1986), “Sukunat”(1989) va “Tavba” (2000) yorug‘lik yuzini ko‘rib, ko‘nglining yolqinini ko‘rsatdi. Uning yana o‘z qo‘li bilan tartib bergan “So‘nggi vido” (2006) she’rlar kitobi ma’lum. U nasr bilan ham shug‘ullangan, ayrim hikoyalarini matbuotda ham e’lon qilishga ulgurgan edi. “Muhojir” nomli roman qoralagani haqida o‘zidan eshitganmiz...

Uning she’riyatiga qiziqish, bahs ilk kitoblaridanoq boshlangan va hamon to‘xtagani yo‘q. She’rlari dovrug‘i uzoqlarga yetgan. Turk, ozarbayjon, ingliz, rus, latish, eston va boshqa tillarga tarjima qilingan. O‘tgan asrning saksoninchi yillari boshida Boltiqbo‘yida eston tilida alohida bir kitobi nashr etiladi. Ayni shu yili Latviyadagi bir adabiy nashr uning ellik ikkita she’rini latish tilida e’lon qiladi.

Rauf Parfining shoir, nosir, tarjimon sifatidagi ijodiy-ijtimoiy faoliyati munosib taqdirlandi. Shoirga 1998 yili O‘zbekiston xalq shoiri unvoni berildi.

Rauf Parfidan katta she’riyat qoldi. Unda yurt qayg‘usida yongan, yaqin salaflari Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriy, Usmon Nosirlardan meros go‘zal iztiroblari aks etgan. Faqat bu tiniq tuyg‘ular izlanishlar bois yillar o‘tgan sari tobora ochildi, betakror shakl oldi. Asr boshida Cho‘lponlar boshlagan yangicha tajribalar asr oxirida Rauf Parfi ijodida takomil topdi. Bu XX asr dunyo she’riyatining o‘rganguvli voqeasi. Uning yangiliklari (fikr tarzi, quyuq metaforalarida, sonet guldastalari shakli va ma’nosida) e’tirofga molikdir. Avvalo, bu izlanishlar shaklda ham, ma’noda ham o‘zbek she’riyatiga yangi jilo berdi. Uning ijtimoiy mavzudagi she’rlari ham shaxsiy dard, kechinmadek qalbga yaqin va ta’sirchan.

Uning she’riyatidagi ohorli so‘z, yangicha va har xil ohang, ramziylik va ishoralar, turlicha topilgan ritmika-sur’at, fikr va hislarning qatlam-qatlamligi, eng achchiq va katta haqiqatlarning ochiq va timsoliy shamoyili favquloddadir. U ba’zan oshkora ifodaga imkon yo‘qligidan misralarini tashbehlardan tikladi, ba’zan yalang‘ochlik, jo‘n bayon badiiyatning kushandasi ekanini bilganidan ramz va allegoriyalar, obrazlilik tilida haqiqatlarini parda ortida ko‘rsatdi.

Uning dastlabki yigirma yilgi ijodi (1957 — 1977) tabiiy ko‘z ochishi bilan yangi va zilol suvli buloqdek manzur bo‘lgan bo‘lsa, keyingi chorak asrdan ko‘proq (1977 — 2005), “Muhabbat” sonetlar guldastasidan boshlangan she’riyati o‘zining katta she’riyatga merosxo‘r va haqliligini anglagani, qadrlangani bois avjlandi, teranlashdi. Bu hassos ovoz, “ichilmagan suv”, “sinmas soz”ning sonetlar guldastasi ustalik bilan ishlanishi, ko‘lami va zalvori jihatidan mumtoz she’r aytishning san’atkorona namunasidir.

Rauf Parfi yangi o‘z hissiy yo‘li va fikriy ifoda uslubi, izlanishlarida ovrupa, yapon, xitoy, hind, rus va turk she’riyatlaridan katta o‘rganishlarini jamlab, sintezlashtirib, go‘zal bir she’riyat yaratdi. Uning bizga qadrli, dunyoga yanayam shavqli va o‘ziga xosligining oqilona jihati ba’zi bir “yangichi”larga o‘xshab milliy yo‘llarimizni rad etmadi, barmoq va aruzdagi an’analarimizdan uzilib qolmadi, ayniqsa, barmoq vaznida mumtoz she’r namunalarini yaratdi. U milliy she’riyatimizda sarbast (verlibr), mansur she’r janrlariga asos solgan novator shoirlardan biridir.

Rauf Parfi ijodiy faoliyati davomida tarjimachilik bilan ham jiddiy shug‘ullandi, jahon she’riyatining eng yaxshi, eng yangi namunalarini tilimizga yangratish payida bo‘ldi. Ayniqsa, uning Nozim Hikmat she’rlari va “Inson manzaralari” epopeyasi, Jorj Gordon Bayronning “Manfred”, Muhammad Hodiyning “Hayot sadolari” (ustozi Abdurahmon Vodiliy bilan birgalikda), Aleksandr Tvardovskiyning “Xotira huquqi” dostonlari, Karlo Kaladzening “Dengiz xayoli ” she’riy to‘plami, Pablo Neruda va boshqalardan qilgan turkum tarjimalari o‘zbek tarjimachiligining muvaffaqiyatli sahifalaridan. Uning muharrirligida G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida chop etilgan “Asr ovozi” antologiyasi keyingi chorak asrda she’riy tarjima borasida erishilgan alohida voqea, jahon she’riyati miqyosida izlanishlar va o‘ziga xosliklarni ko‘rsatadigan bir majmua bo‘ldi. Bu antologiyaga Rauf Parfi qatorida o‘shanda yosh, bugun zamonaviy o‘zbek she’riyatining ko‘zga ko‘ringan vakillariga aylangan yigirmaga yaqin shoirning iqtidor va ruhiyatlariga bir qadar yaqin va muqobil shoirlardan qilgan sara tarjimalari kirgan.

Har qalay, bir ustivor haqiqatga havasingiz keladi: Rauf Parfi she’riyati shunchalik sirli va sehrli, ta’sirchan, yoniq va jozibali, teran va qatlamli, shakl va pafosda ruhiyonaki, hayrat va sururga to‘lasiz; ilhom va to‘lqin olib, sevmoq va ezgulanmoq ilmini zehningiz qadar, aqlingiz yetganicha o‘rganasiz. Chin she’riyatning qismati, o‘tar yo‘li esa insoniyat qalbiga tutash.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 28-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.