background
logotype

Vafo Fayzulloh. Hurriyat sog‘inchi va sururi

http://ziyouz.uz/images/zulfiya.jpg

O‘tgan asr chin hayotini tiklash zaruriyati tug‘ilganda, o‘sha asr chin adabiyotiga ehtiyoj sezamiz. Zero, bu asr juda murakkab va qaltis jarayonlarni boshidan kechirdi, talay-talay qalamkashning yuragiga kishan, og‘ziga qulf soldi. O‘sha og‘ir kunlarda yashab ham, har qalay boy berishlar va cheklanishlar bilan ham dovruq taratgan, iste’dod kuchi bilan ezgulik yonida turgan, dardlarga malham bosgan ovozlar uchraydi. Ular yonib, hamdard bo‘lib, o‘zida yashashga imkon topdi. Zulfiyaxonim she’riyati shunday martabaga yeta olgan, deya taskin bilan ayta olamiz.

Zulfiyaxonimning erta bahor epkiniday beg‘ubor ilk she’rlari umid va havas uyg‘otdi. “Hijron kunlarida” turkumi bilan boshlangan dardli muhabbat lirikasi esa ko‘ngillarni butunasiga ishg‘ol etdi, uni shoiralarimizning birinchi qatoriga olib chiqdi. Bu tasodif emas edi. Zulfiya umr yo‘lida mardona turib, dovonlardan-dovonlarga oshiqdi, odamiylikning eng muhim burchlari va vazifalaridan so‘zladi. Alalxusus, qirqinchi yillar oxiri va elliginchi yillar boshidan boshlab, ana shu missiya — o‘zbek qizi, o‘zbek shoirasining ovozi faqat sovetlar yurtida emas, balki qit’alar osha yangradi. Zulfiyaning o‘zbek she’riyatida unutilmas sahifalar bo‘lib qolgan bir talay go‘zal va yoniq she’rlari bor. “O‘g‘lim, sira bo‘lmaydi urush”, “Bahor keldi seni so‘roqlab”, “Qatra”, “Daraxt”, “Bulut o‘yini”, “O‘zimga”, “Men o‘tgan umrimga achinmay qo‘ydim...” kabi o‘nlab she’rlari va “Mushoira” dostoni shular jumlasidan. Ular turli tillarga tarjima bo‘ldi. Zulfiyaxonim yangroq va jonkuyar ovozi bilan zamonning tabarruk va jasur onasi sifatida tanildi, tinchlik va do‘stlik ishiga ulug‘ va faxrli hissasini qo‘shdi. Yurtimizning asl nizomlari ta’qiqlangan va kamsitilgan zamonda o‘zbegimning bir qizi aziz so‘zi bilan dunyo e’tirofiga sazovor bo‘lgani, rosti, mo‘‘jizaning o‘zi edi. Zulfiyaxonimning pokiza shaxsi buyuk momolarimizning eng ulug‘ fazilatlarini o‘zida jamlab, sadoqat va vafo timsoliga aylangani millat obro‘yiga obro‘ qo‘shdi, uning nurli va pokdomon siymosini dunyoga ko‘rsatib, milliy qadrimizning go‘zal bir namoyishi bo‘ldi. Va albatta, shu jonnisor fazilatlari bilan ­istiqlolning birinchi kunlaridanoq Vatan koriga yaradi, mustaqillik g‘oyasini yaratishda ibrat va ko‘zgu bo‘ldi.

Zulfiya opa 76 yoshida istiqlolni qarshiladi. Bu yosh duogo‘y, qiblagoh momolarning tabarruk yoshi. Bu yoshda inson juda sokin, ma’naviy quvvati ulug‘, tajribasi yetuk bo‘ladi. Zulfiyaxonim ana shunday yoshda “atirgul”day portladi: oltmish yillik dardini to‘kdi. Bunga uning “Xotiram siniqlari” ­dostoni go‘zal dalildir. Dostonning doyasi ham, boisi ham Istiqloldir.

Chin adabiyot izhor va iqrordan tug‘iladi. Anglov va jarchilikdan ko‘ngillarning basirat ko‘zini ochadi. Shaxs o‘zini erkinlikda tugal tiklaganidek, bor haqiqat hurlikda o‘ziga yo‘l topadi. Zulfiyaxonimning baxti — u bolaligida shuuriga quyilgan ulug‘ kalomlar havosini simirib, ozmi-ko‘pmi milliy qadriyatlar nimaligini bilganidadir. Nachoraki, shoira ular taqiqlangan tuzumda navqiron umrini kechirdi. Saodati — bir umr ezgulikni bayroq qilib, hayoti shomida istiqlolga yetgani, izhorga ham, iqrorga ham, jarchilik va anglovga ham ­shoshilgani bo‘ldi.

Nonning haqiqiy ta’mini och qolgan biladi, deb marhamat qiladi Jaloliddin ­Rumiy. Zulfiyaxonim ham yetmish yil istiqlolga zoriqqan, uning ziloliga tashna edi. Shuning uchun ham uning:

Hurriyat, keldingmi – nahotki kelding —

misrasining zalvori, quvonchi va hayratini, ishonib-ishonolmay turgan holatini, muqaddas huquqqa yetilgandagi hayajonini to‘qson birinchi yildan keyin tug‘ilganlarning qaydnomasiga hech ham solishtirib bo‘lmaydi. Bunda chinakam qullikdan qutulgan oqila yurakning taloto‘p hislarining samimiy nidosi bor! Chunki u bu damni uzoq payt “pinhona sog‘ingan, pinhona kutgan...” edi.

Shoira tashbehlarning eng ko‘lamdorlarini chertib-chertib tasavvurni ziynatlaydi:

Yomg‘irga bag‘rini tutgan sahrodek –
Sening nasimingga qalbimni tutdim.

Ana shu munavvar shu’lada u ko‘z ochgan tuproq, bu elning ma’naviy muhitlari tayanch nuqtasi va qattol zamon manzaralari birinchi marta mayda-mayda bo‘lib yotgan aziz xotiralardan terib chiqiladi. Xotiraning aziz siniqlari millatning, komillikka intilgan insonning butunliklaridan ­roviylik qiladi:

Bu onam –Tangrining baxtli onida
Ayri ixlos bilan yaratgani chin.
Qarog‘ida mehr sha’mlari yoniq —
Gullagan o‘rikday orasta otin.
Kun toyib, shu’lalar ko‘chgach ufqqa,
Sayroqi qushlarning tinganda bazmi.
Onam dilimizni chorlab qo‘shiqqa,
Nim-nim sochar edi mumtozlar nazmin.
 
So‘fi Olloyormi, devona Mashrab
Bayozlarini o‘pib qo‘lga olardi.
Yumishmi, o‘yinmi – barini tashlab
Sehrli olamga kirib borardik.

Bu uch to‘kin to‘rtlik ikki jihatning ildizini ochadi. Zulfiyaxonim otinning qizi, demak uning qo‘liga qalam olishi o‘z-o‘zidan emas, suyak surgan fazilat. Qolaversa, ijodkorning tengsiz bir hodisaga aylanishi, uning ma’naviy maktablari, ustozlari kimligiga ham bog‘liq. Ana shu ustozlar dahosi qancha kuchli bo‘lsa, azim daryolardan to‘yingani qadar iste’dod yashnaydi. Ma’lum bo‘lmoqdaki — u “gullagan oppoq o‘rik” otin onasi orqali, adabiyotimizning buyuk avliyo siymolari So‘fi Olloyor, Mashrabdek zotlar hikmatlari mag‘zini diliga jo qilib, yo‘liga shu’la etgan. “Bolalikda olingan ­bilim toshga uyilgan naqsh bo‘ladi.” Ammo shunday onani, millat volidasi bo‘lgudek zotni battol, haqsiz tuzum ne kuylarga soldi:

Onam qo‘llarida mushtday tugunchak,
Tosh shaharni kezar avaxta izlab.
Avaxta nechadir, zor ona necha,
Nechalar yashardi zamonni “sizlab”.
 
Onam, “Suv boshidan loyqa ” derdingiz...

Adabiyotdagi favqulodda obrazlar uni yaratgan adib yo shoirning qalbiga eng kuchli ta’sir etgan tirik insonlardan olingan ulgilardir. “Xotiram siniqlari”dagi mushfiqa va daryodil ona, “metindan yaralgan” ota va milliy g‘ururi bosqinchilar ruhini yerparchin etgan aka, shubhasiz, Zulfiya opaning bir umr yuragida yashagan yaqinlari siymolaridir. Quvonarlisi, katta ijodkorlar nafasida azizlar ulkan ko‘lam kasb etadi. “Xotiram siniqlari” ham shu darajaga yetgan asar. Undan o‘quvchi millatning xuddi shunday yuzlab otalari, onalari, akalari siyratini ko‘rib, tanib, sevadi, ardoqlaydi; ular taqdiriga kuyinadi. “Xotiram siniqlari” zulmni “Xudoga solgan” otalar, mushfiqa va ezilgan, ko‘ngli yarim bulbul, mehri bilan bolalari qalbini parvozga chog‘lagan onalar, o‘sha qatlu qatag‘onda nohaq qurbon bo‘lib, bekafan, bejanoza ketgan sanoqsiz millat akalarining yorqin, fojiali qismatini esga soladigan bir manzuma.

...Aka, ko‘zingizda otash bor edi,
Aka, joningizda quyosh bor edi,
Sultonlikka loyiq kelbat, layoqat,
Sardorniki yanglig‘ bardosh bor edi.

Xalqni qullikda saqlashni ko‘zlaganlar aynan “ko‘zida otash”, sultonlikka loyiq — ortidan xalqini ergashtira oladiganlardan qo‘rqqan va aynan shundaylarni yo‘q qilish payida bo‘lgan. Lekin bu zimdan, ayovsiz tadbirlar bilan amalga oshirilganki, yarim asr eng yaqin kishilari-da ular taqdirini bilisholmadi. Ichdan ingrab, ular boshiga solingan dahshatlar xayolida, judolik dardini hech kimga aytolmay kuyib o‘tdilar. Bor haqiqatdan bexabar omma esa millatning asl, begunoh farzandlari shaxsiga shubha va gumon bilan qaradi.

Sizni-da qora tun oldilarmikin,
Qo‘lingizga kishan soldilarmikin,
Yukinish, yalinchmas – g‘ururni ko‘rib,
Vahshiy g‘azablarda yondilarmikin?!

Yig‘i chinakam iste’dod bo‘g‘zidan qo‘shiq bo‘lib, girya bo‘lib otiladi, dardni iste’dod qo‘shiq qilib tug‘adi. Yuqoridagi kabi quyma misralarning samimiyati va mardonaligi she’rxonni mutaassir qiladi, teranligi bilan har yurakda aks-sado beradi.

Aka, jonim akam – jondoshim akam,
Oltmish yil izimga qaytib yig‘layin,
Bo‘g‘zimda tosh bo‘lgan yo‘qlovlarimni
“Oh”larim eritar – aytib yig‘layin.

Xuddi shunday ota siymosiga chizilgan chizgilar ham milliy, ham shaxsiy matonat siyratidan alomatlarki, ko‘rinishidan juda oddiy millat otalari sobiq sovet davrida yo‘qotish va qulliklar oralab, kelajakni asrab qolish ilinjida umriguzaronlik qilgani, bu jarayon qanchalik qiyin bo‘lganini har bir o‘quvchi o‘zicha ­tasavvur qiladi.

Qolganda azoblar iskanjasida,
Ota, bir ko‘rmadik ko‘zingizda yosh.
Yashab umidlarning pok sajdasida,
Hatto yovingizga otmadingiz tosh.
 
Va faqat dedingiz: “Soldim Xudoga”!

Bu jinoyat uchun muqarrar jazo borligini bilgan sabrli va matonatli otaning, o‘zbek otalarining Yaratgandangina kutgan yordami.

Zero, “Bu qirg‘in doyasi xudosizlar...” edi.

Shoira ana shu qatag‘onga xalqona ismlar topadi — tabiiy ravishda tashbehlar qatorlashib keladi, umumlashma, taqqoslar, jonlantirishlar:

Va hademay sezdik bu qahratonni,
Tig‘day tillarida yalay boshladi.
Qadami yetganda har xonadonning,
Quvonchi bujmayib, so‘liy boshladi...

Bu yolqinli she’riyat ayni paytda fosh ham etadi, jar ham soladi.

...Ey gumbazigardun, qoldimmi g‘ofil,
Ishonch, e’tiqodlar chiqdi puchlarga?!
Suyanib najotlar kutgandik, nahot,
Bizga choh qazigan qora kuchlarga?!

Fosh etishda samimiyat aybni o‘ziga olishdan tug‘iladi. Axir, o‘zining g‘ofilligini anglagan ondan u zot ogohga evriladi. Qolaversa, insonning dunyo nayranglarini anglashi birdan yuz beradigan jarayon emas.

Menmi? Men shu qadar yosh edim hali.
Yoshlik – g‘am – begona biri-biriga.
Qutulmoqqa anduh botqoqlaridan
Osildim muhabbat shodliklariga.

Yolg‘on jamiyatda optimist bo‘lishdan ­boshqa imkoniyat yo‘qligi bois ichida yig‘lagan ayol rosmanasiga haqiqatni, fojialar oralagan yoniq shaxsini, umrini girya qiladi. Yo‘qotishlardan bino bo‘lganligini vasiyatday, taqdiridan nolib emas, balki kimgadir ibrat bo‘lishi uchun to‘kib soladi:

Baxt qasrimga kirib meni topdi dard,
Urush, yozda yoqqan qor kabi o‘lim.
O‘ttizga kirmayoq sochim qor yalab,
Ko‘z yoshim soyiga to‘kildi gulim.

Ammo “ustiga tog‘ qulagan”, “yashin urgan polapon”ning hammasi ham o‘zini tiklashga qodir bo‘la olmaydi. Zulfiya shaxsining kuchi shundaki, u boshqalarga kuch to‘plashga, o‘zini yo‘qotmaslikka she’riyati bilan ham dalda bo‘la oldi. Yashab yaralgani bois ham muxlislarga qadrli va hayratlanarli mana bu ­misralar:

Bo‘ldi, bas! Jangdan so‘ng horg‘in sarkarda
Tirik askarlarin tizganday qator.
Men tirik hislarim bir joyga yig‘dim
Va kuchli yashashga ayladim qaror.
 
Yurtni bo‘ron bo‘lib kezdim bosh-oyoq,
Qabristonlar aro quyunday yurdim.
Eng kichik giyoh ham nazdimda uyg‘oq,
Faqat el-elatni sukutda ko‘rdim.
Shu anglovlardan keyin tazarruga navbat yetadi. Tazarru poklanish, ma’naviy xatolarning to‘kilishi, ko‘ngil kirlarining yuvilishi. Tavbaga hozir, tavbaga yetgan ko‘ngil o‘zini shiddatli savolga tutadi. So‘fiy bobolarning yo‘li bu. Iymonli momolarning avlodlarga qoldirgan ma’naviy merosi bu.
Qay biri vazminroq savobmi – gunoh,
Yashadim-ku riyo, haromdan nari.

Halol kishi ham ortiga boqib, goh tahlikaga tushadi, qancha oqil bo‘lsa, shuncha zimmasiga mas’uliyat yuklaydi, o‘ziga talabi haddidan yuqori bo‘ladi. U qayta-qayta ikki tushuncha, to‘g‘rirog‘i, ikki hayot tarzida, gunoh va savob oralig‘ida shaxsning, insonlikning, musulmonlikning mohiyatini ko‘radi.

Bilmayman, savobmi yo koni gunoh,
Zinhor shakkoklikka yo‘ymang tilagim.
Jasadim daryoga tashlang, ruhim pok,
Obi rahmatlarda sovusin tanim...

Shunday qilib u endi ishonch-la istiqlol nashidasini tuyadi. Shoirona lutf bilan o‘zining holatiga tashbeh, asl o‘zanga burilgan xalq yo‘liga shukuhli ta’rif keltiradi:

Kelding-ey, Istiqlol, istiqbol bo‘lib,
Qalbimga nasiming bilan yo‘l solding.
Sen shu hur nazmga ixtiyor berib,
Men og‘ir bulutdek bir yog‘ib oldim...

Zulfiya opa umrining xayrli shomida, sakson yoshida (1995) bitgan “Xotiram siniqlari” asarining zalvori cho‘ng, chizgisi zarnigor va surudi asir etadigan dilnoma. Bu hech shubhasiz, XX asr o‘zbek she’riyatining unutilmas, qadrlash va e’zozlashga arzigulik hodisasi. Zero, unda istibdodning zulmi va bedodliklarini oltmish yil chekib, musibatlari aro o‘zini yo‘qotmagan, eng tansiq ne’mat — Mustaqillikka momo yoshida yetgan, yana bir ma’naviy ne’mat — shu yoshida ham Xudo bergan katta iste’dodini namoyish qilgan shoiraning san’atkorligi, rostgo‘yligi va samimiyati ko‘ngilni to‘lqinlantiradi. Tafakkurni charxlab, milliy ruhni ­o‘stirib, tarixdan saboq ­chiqarishga o‘rgatadi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 35-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.