background
logotype

Yo‘ldosh Solijonov. Zukko olim, sadoqatli do‘st edi

http://ziyouz.uz/images/bahodir_sarimsoqov.jpgYaxshi insonning bahosi bormi?.. Aziz umrining qirq yilini ilmga, tinimsiz izlanishga bag‘ishlagan filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Sarimsoqov haqida o‘ylaganimda xayolimga shu savol kelaveradi.

U ilmda ham, davralar u yig‘ilishlarda ham ismi jismiga mos — Bahodir yigit edi. Munozaralarda fikrini aniq ilmiy manbalar asosida isbotlab berar, davralarda mumtoz qo‘shiqlar aytib, barchaning ko‘nglini olar, tabiatan kirishimliligi tufayli barchaga birdek yoqib qolardi. Ayniqsa, ilmiy anjumanlarda biron noto‘g‘ri fikr aytilsa, darhol so‘z olib aniq manbalarga tayangan holda mulohazalarini dalillab berardi. Bu ayrimlarga qaysarlikdek tuyulgan bo‘lsa ajab emas. Bahodir esa o‘zining bilimdonligini ko‘rsatishni mutlaqo xayoliga keltirmas, aksincha, ­fanda xato qarashlar, noto‘g‘ri fikrlar ko‘payib ketishini ­istamasdi.

Men uni talabalik yillaridan bilardim. 1963 yili ­Farg‘ona davlat pedagogika ­institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetiga o‘qishga kirgach, bir yildan so‘ng harbiy xizmatga chaqirildi. Uch yillik xizmatni o‘tab qaytgach, o‘qishni davom ettirdi va institutni imtiyozli diplom bilan bitirdi. Men “Qardosh xalqlar adabiyoti”, “O‘zbek adabiyoti” va “Ifodali o‘qish” fanlaridan dars berardim. Bahodir kursdoshlariga qaraganda yoshi xiyla kattaligi bois o‘zini sipo tutar, ammo dars davomida aytilgan fikr-mulohazalarga darhol munosabat bildirib, o‘zining haqligini isbotlardi. Bundan ayrim o‘qituvchilar og‘rinishar, darsga aralashaveradi, deb nolishardi. Talabalar tushunmagan savollarini undan so‘rab, jo‘yali javob olardi.

Institutni bitirgach, B.Sarimsoqov Toshkentga kelib O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining folklor bo‘limiga laborant bo‘lib ishga kirdi. Uch yilga yetmay “Saj’ va uning o‘zbek folklorida tutgan o‘rni” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Yosh ilmiy xodim tirishqoqligi tufayli Hodi Zarif, Izzat Sulton, To‘ra Mirzaev, Muzayyana Alaviya, Mansur ­Afzalov singari fan darg‘alarining mehrini qozondi, faqat folklorni emas, balki adabiyotshunoslikning barcha sohalarini chuqur o‘rganishga harakat qildi. U bilan hamsuhbat bo‘lgan kishi mumtoz o‘zbek adabiyoti, adabiyot nazariyasi, XX asr o‘zbek adabiyoti, jahon adabiyoti, matnshunoslik, hatto tilshunoslik sohalari bo‘yicha ham chuqur bilimga ega ekanligiga ishonch hosil qilardi.

Olimning filologiya fanlari nomzodi N.Hotamov bilan hamkorlikda tayyorlab, nashr ettirgan “Adabiyotshunoslik terminlarining ruscha-o‘zbekcha izohli lug‘ati” qariyb 30 yil mobaynida oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari talabalari, maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari uchun qo‘llanma sifatida xizmat qildi. Shundan so‘ng “O‘zbek marosim folklori” nomli monog­rafiyasi nashr etildi.

Bahodir Sarimsoqov adabiy jarayonni sinchkovlik bilan kuzatib boradigan, yuz berayotgan yangiliklarni tez ilg‘ab oladigan va ularga darhol munosabatini bildiradigan olim edi. Bu fikrimizga uning adabiyotshunos E.Ochilov bilan “Hozirgi o‘zbek she’riyatining taraqqiyot tamoyillari” mavzusidagi ilmiy-adabiy muloqoti (“O‘zbek tili va adabiyoti”, 2005 yil 3-soni), “Absurd ma’nisizlikdir” sarlavhali munozarali maqolasi (“O‘zAS”, 2002 yil, 28 iyul) dalildir. Qolaversa, o‘zbek adabiyotshunosligida ilk bor “Adabiy turlar haqida mulohazalar”ini bildirgan olim ham aynan B.Sarimsoqov edi (“O‘zbek tili va adabiyoti”, 1993 yil, 5 — 6-sonlar). “Mana, yigirma to‘rt asrdan oshibdiki, — deb yozadi ushbu maqolasida muallif, — qadimgi yunon faylasufi Arastu “Poetika” asarida poeziya san’atini – badiiy adabiyotni uch katta turga ajratadi. Ular adabiy turlar deb ataladi va hozirga qadar hech qanday o‘zgarishlarsiz adabiy amaliyot va nazariyada qo‘llanib kelinadi”. Vaholanki, davr o‘tishi, tafakkurning o‘sishi tufayli adabiyotda bu turlar qolipiga sig‘maydigan qanchadan-qancha asarlar yaratildi. Jahon adabiyotida ro‘y bergan bunday o‘zgarishlarni e’tiborga olgan B.Sarimsoqov “takror-takror aytilganlarni yana takrorlash, qayta-qayta ko‘chirish” fanning bir joyda depsinib turishiga olib kelishidan tashvishlanadi. Uningcha, olimlar qachonki “qotib qolgan fikr va qarashlarga “shubha” bilan qarab, ularni yangi-yangi muammolar misolida sinab ko‘rsa, yangi fikr va farazlar bilan boyitsa, fan shu paytda haqiqiy fanga ­aylanadi”.

Fanning rivojlanishini ko‘zlab, yangi fikr va farazlarni aytishga bel bog‘lagan olim ilmiy jamoatchilikka badiiy adabiyotning to‘rtinchi – paremiya turini tavsiya etdi. Ayni shu masala bo‘yicha keyinchalik yanada jiddiyroq shug‘ullanib, “Yangi adabiy tur haqida” (“O‘zAS”, 2002 yil, 7-iyun) ikkinchi maqolasini e’lon qildi. 2004 yili bosilgan “Badiiylik asoslari va mezonlari” nomli risolasida bu masalaga chuqurroq yondashib, badiiylik mohiyati hamda ruhiy va aqliy asoslariga tayangan holda lirika, epos, drama va paremiya turlarining o‘ziga xos xususiyatlarini batafsil izohlab berdi.

Arastu fikrlarini “tuzatish”ga jasorat bilan yondashganligi, ilmiy tafakkurining kengligi, dadil fikrlar bildirishi, haqligini isbotlash yo‘lidagi qat’iyati bois u adabiy, ilmiy jamoatchilikning e’tiborini tortdi. Albatta, yangi davr har bir masalaga yangicha estetik yondashuvni talab qiladi. Mustaqillik davri adabiyotining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlarini aniqlash, adabiyotshunoslik fanining yangicha metodologik asoslarini yaratish, adabiy tur va janrlar tarkibi hamda tabiatini qaytadan ishlab chiqish bu paytda jiddiy ilmiy ehtiyojga aylangandi. Shuni nazarda tutib, B.Sarimsoqov institut xodimlarining ilmiy salohiyatiga tayangan holda “Adabiyot nazariyasi”ning uch jildli fundamental nashrini tayyorlashga kirishdi. Bu ulkan tadqiqotni amalga oshirishga viloyatlardagi tajribali olimlarni ham jalb etdi. Afsuski, bu xayrli ish tashabbuskor olimning bevaqt vafoti tufayli nihoyasiga yetmay qoldi.

O‘zi ta’lim olgan Farg‘ona davlat universiteti rektorati uni 2000 yilda yosh tadqiqotchilarni ilmiy ishga ko‘proq jalb etish, magistratura bo‘limini ochish niyatida o‘rindoshlik asosida o‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasining professori lavozimiga taklif qildi. 2004 yilgacha B.Sarimsoqov universitetga kelib, talabalar va magistrlarga saboq berdi, kafedra a’zolari bilan ilmiy suhbatlar o‘tkazdi. Tez orada buning samarasi ham ko‘zga tashlandi. Hozir kafedrada faoliyat ko‘rsatayotgan fan doktorlari, fan nomzodlari bevosita Bahodirdan yo‘l-yo‘riq va ilmiy maslahatlar olishganini minnatdor bo‘lib eslashadi.

Ha, olim sifatida ham, inson sifatida ham, do‘st sifatida ham, Bahodirning bahosi yo‘q edi. U qalbimizda ana ­shunday bebaho shaxs bo‘lib yashayveradi.

Yo‘ldosh Solijonov,

filologiya fanlari doktori

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 14-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.