background
logotype

Abduvali Qutbiddinov. Vatanni sevish ilmi (2011)

«Ikki daryo oralig‘idagi jannat». «Yaratgan yarlaqagan manzil». «To‘rt faslning to‘rt gulzori». Yana... shunga o‘xshash va bundan-da purma’no, samimiy, hayrat va parvonalik bilan aytilgan yuzlab ta’riflar bor ona Vatanimiz haqida.

Ba’zan o‘ylab qolasan, yurtimiz shu qadar go‘zal bo‘lmaganida, tarixiy musibatlardan ham qutulib qolarmidik. Ne-ne bos­qinchilar ko‘z olaytirib ajdodlarimiz iste’dodi ham­da tabarruk tuprog‘imiz mehridan yaralgan boyliklarni talon-toroj qilish maqsadida qilich ko‘tarib kelmasmidilar?

Lekin bu o‘ylovlar shunchaki oniy, ba’zida inson xayo­liga yopirilib keladigan puch xayollar kabi zum o‘tmay o‘chib ketadi. Aslida, shu aziz tuproqda yotgan yetmish yetti pushtimiz va biz — yashayotganlarning, ertaga navbati yetib keladiganlarning nomai a’moliga — shu buyuk Vatanni, nozanin, malaksiymo diyorni ko‘z qorachig‘idek asrash, uning zeboligini qiyomat qadar avaylash yozilgan.

Pahlavon Mahmud deydi:

“Kimdaki bo‘lmasa zamona g‘ami,
Yo olamda emas, yo odam emas”.

Voqean, yurt farzandi zamon bilan hamnafas, hamqadam, uning quvonchu tashvishlariga sherik bo‘lib, har daqiqada zarurat tug‘ilsa jonini berishga tayyor bo‘lmasa – bu juda ham qayg‘uli. Vatanga muhabbat, unga sadoqat inson uchun insoniylik taxtidir. Bu taxtga o‘tirganlar Vatandan hech narsa so‘ramaydilar, aksincha, men Vatanga nima berdim deya, o‘zlarini yurt ravnaqi uchun safarbar etadilar.

Chunonchi, unutmaylikki, Vatan deya na’ra tortib, umrining har bir lahzasi muqaddas tuprog‘imizning sha’ni, or-nomusini himoya qilish bilan o‘tgan, Samarqandni mo‘g‘ullar istilo qilganidan so‘ng to xalok bo‘lgunicha biror marta kulmagan, qovog‘ini uyib quturgan arslonlar galasiga doimo sherday tashlangan mingyilliklar qahramoni Jalolidin Manguberdi bizning bobokalonimizdir. Binobarin, uning hayoti biz uchun Vatanni sevish ilmi, uni qadrlamoq san’ati, haqiqiy farzandlik maktabidir.

Jaloliddin Manguberdi haqida juda ko‘p asarlar yozilgan. Qahramonliklari el og‘zida doston bo‘lib afsonalarga aylangan. U otasi Muhammad Xorazmshohning katta o‘g‘li sifatida muhorabalarda pishgan, yetuk sarkarda bo‘lib tanilgan edi. Shu bois, hammadan oldin Chingizxon qo‘shinlari kundan-kunga kuchayib borayotgani va kun kelib Osiyoning eng gullab-yashnagan o‘lkasiga hamla qilishi mumkinligini bilar, bu haqda otasiga, saroy a’yonlariga aytar, qo‘shinlarni qal’alarga bo‘lmasdan, barini bir joyga to‘plab, chegarani mustahkamlash zarurligini uqtirar edi. Ammo, taassuflarki, buyuk sarkardaga zamon peshvolari ishonishmadi. Boz ustiga, unga tuhmatlar yog‘dirib, taxtdan mahrum qilishga intilishdi. Dushmanga qarshi birlashish o‘rniga shaxsiy manfaatlar, o‘tkinchi hoyu havaslarga berildilar. Mo‘g‘ullar Jaloliddin aytgandek, birin-ketin qal’alarni kulini ko‘kka sovurdi. Qudratli qo‘shinidan ayrilgach, Orol dengizidagi orollardan biriga yashirinishga majbur bo‘lgan Muhammad Xorazmshoh tarixiy xatosini anglab yetdi. Yurtining oyoq osti bo‘lishiga yo‘l qo‘yganidan iztirob chekib, og‘ir xastalikka uchradi. To‘ng‘ich o‘g‘li Jaloliddinni huzuriga chaqirib, taxtni unga topshirdi. Vatan ozodligi uchun so‘nggi tomchi qoni qolguncha kurashishini so‘rab olamdan ko‘z yumdi.

Jaloliddin aynan shu lahzada ilk bor sherday na’ra tortgan bo‘lsa ajabmas. Dast­lab 300 sadoqatli yigiti bilan mo‘g‘ullarning 700 kishilik bo‘linmasini Nisoda yanchib tashlaydi. Butun sharq olami saltanatlariga nomalar yo‘llab vahshiy galalarga qarshi kurash yo‘lida birlashishga da’vat etadi. Chor-atrofdan ming-minglab uyi kuygan, qishlog‘i xarobazorga aylantirilgan mard o‘g‘lonlar kelib sulton askarlari safiga qo‘shiladi. Ko‘p o‘tmay Kandahorni qamal qilib turgan mo‘g‘ul qo‘shinlariga hamla qilishadi. Barini yer tishlatadi. 1221 yili Valiyon qal’asiga hujum qilayotgan bos­qinchilar tor-mor etiladi. Nihoyat, Chingizxonning mohir sarkardasi Shikki Xo‘tuxi no‘yonning jangovar qo‘shinini puxta o‘ylangan harbiy strategiya evaziga yengishadi. Aytish joizki, bu mag‘lubiyat chingiziylarning Markaziy Osiyo sarhadlarida uchragan ilk mag‘lubiyati edi.

Shundan so‘ng Chingizxon jazavaga tushadi. Ehtimol, shu paytda u Muhammad Xorazmshoh o‘g‘li Jaloliddinga o‘z qo‘shinini bir necha yil oldin ishonib topshirganida chegaradayoq mo‘g‘ullar mag‘lub bo‘lishi muqarrarligini o‘ylab qo‘rqib ketgandir. Taassufki, Jaloliddinning deyarli ko‘n­gillilardan iborat qo‘shini puxta tayyorgarlik ko‘rgan qo‘shinga qo‘qqisdan hujum qilaverish oqibatida holdan toygan edi. Bundan foydalangan Chingizxon Jalollidin va uning askarlarini Hind daryosi qirg‘og‘iga siqib keladi. Sarkardalariga Jaloliddin va uning oilasini asir olishlarini buyuradi. Naql qilishlaricha, shunda Chingizxon tasavvuriga sig‘dira olmagan hodisa yuz beradi. Jaloliddin oilasini daryoga cho‘ktiradi. Qilich yalan­g‘ochlab vahshiy to‘dalar orasidan to‘rt ming yigiti bilan yorib o‘tib oti bilan daryo­ga sakraydi. Daryo­ning o‘rtasida ot to‘lqinlar ustiga otilib chiqadi. Jaloliddin qilichini Chingizxonga qaratib qat’iyat bilan siltaydi. Naql qilinishicha, Chingizxon buni ko‘rib “Ota o‘g‘il shunday bo‘lishi kerak!” degan ekan.

Jaloliddin shundan keyin ham Chingizxon qo‘shinlariga tinimsiz zarbalar beraveradi. Ammo uning sharq xalqlari orasida “xaloskor” sifatida cheksiz hurmat-e’tiborga sazovor bo‘layotgani hukmdorlarga yoqmaydi. Jaloliddin ko‘targan ozodlik bayrog‘i ostida birlashish o‘rniga, unga qarshi jang qilishga ahd qilishadi. Natijada Jaloliddin ham sharq hukmdorlari, ham mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashishga majbur bo‘ladi.

Uning eng so‘nggi jangi ham bosqinchilarga qarshi kechadi. Yaralangan, qilich ko‘tarishga holi qolmagan buyuk insonni mukofot olish ilinjida yurgan badbaxt kimsa xiyonatkorona ravishda o‘ldiradi.

Jaloliddin Manguberdi halok bo‘lgach, sharq osmonini qora tutun qoplaydi. Yarimta oyga o‘xshash olovli qilichni ko‘tarib, mazlum xalqlarni himoya qilishga qodir boshqa mard topilmaydi. Sultonning ishonchini sotgan hukmdorlar ham mo‘g‘ullar qo‘lida halok bo‘lishadi. Achinarlisi, biror millat, elu elatdan Jaloliddindek sarkarda Sohibqiron Amir Temurga qadar yetishib chiqmaydi.

1998 yilda Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligini nishonlash to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori e’lon qilinadi. Unda Jaloliddin Manguberdi jasoratini, tariximizda tutgan beqiyos o‘rnini, Vatanga muhabbatini, yorqin xotirasini e’zozlash va qadrlash, targ‘ib-tashviq qilish bilan bir qatorda uning sharafiga Urganch shahrida yodgorlik majmuasini barpo etish belgilab beriladi. 1999 yil, 5 noyabr kuni davlatimiz rahbari ushbu yod­gorlik majmuasi ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda nutq so‘zlab, shunday degan: “U bizning ozodligimizga, istiqlolimizga tajovuz qilmoqchi bo‘lgan har qanday yovuz kuchga qarshi tik turib kurashishga, mardona zarba berishga qodirligimizning tasdig‘i va timsolidir.

Bu bahodir zotning muborak nomi, uning qahramonligi kelajak avlodlarga, birinchi galda siz bilan bizga, tarixiy xotira oldida boshimizni mag‘rur tutib yashamog‘imiz uchun to‘la huquq beradi”.

Ha, Jaloliddin Manguberdi bizga g‘urur baxsh etgan zot. O‘z navbatida Sulton Jaloliddin Istiqlol tufayli qadr-qimmat, ehtirom, e’zoz topgani ham ayni haqiqat. Muarrix Nasafiyning Jaloliddin Manguberdi haqida yozgan kitobida quyidagi jumlalar bor: “Uning botirligiga kelganda aytish kerakki, sulton arslonlar orasidagi eng kuchli sher edi. Bir so‘zli, kek saqlamaydigan, ochiq ko‘ngil, to‘g‘ri odam edi. U jiddiy shaxs edi.” Illo, Vatanimiz tinchligini qo‘riqlayotgan harbiylarimizning ham har biri ana shu ta’rifga mos ekaniga ishonging keladi. Chunki ozod yurtimizning har bir farzandi qalbida Jaloliddin Manguberdidan meros — jasorat va Vatanga muhabbat mash’alasi bor.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.