background
logotype

Ahror Ahmedov. “Tanlangan”mi yo “to‘plangan”? (2011)

Allomalar insoniyat hayotida so‘zning buyuk kuch ekanligini ko‘p bora ta’kidlashgan. Zero, dunyo tarixi, jahon xalqlarining o‘zaro aloqasidan tortib, oddiy oilaviy munosbatlargacha so‘z vositasida ravnaq topadi. Ana shu mantiqdan kelib chiqib, bugungi kunda ommaviy axborot vositalari, davriy nashrlar o‘rnini kamsitmagan holda, noshirlikning asosiy vositasi — kitoblarning insoniyat tafakkuriga ta’sirini yuksak darajada, deb baholash mumkin.

Hozirda Respublikamizda noshirlik anchayin yuqori miqyosda rivoj topayotgani, nashriyotlar ko‘payayotgani quvonarli, albatta. Lekin asosiy masala ko‘p sonli oldi-qochdi, yengil-elpi, “bozorbop” kitob chop etishda emas, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, ma’naviyat va ma’riftga, ilmga daxldor asarlarni chop etishda. Shu o‘rinda ularning soni va sifati qanday mezonlarga ko‘ra belgilanadi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

«Tanlangan asarlar» va «Saylanma» turkumlari «Sharq» nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasida noshirlikning eng shakllangan, muayyan tizimga tushgan, ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Aytish joizki, bu yo‘nalishlar faoliyatimizda Respublika Mustaqilligi bilan boshlandi. Eski tuzum davrida komfirqaning ko‘ngliga yo‘l topgan, unga ma’qul adiblarninggina ko‘p jildliklari chiqardi. Endilikda biz ijodkorlarimizning butun ijodini bor bo‘y-basti bilan o‘quvchilarga taqdim etishga harakat qilayapmiz. Bu tabiiy hol. Har bir xalq o‘z milliy adabiyotini imkon qadar to‘la va to‘kis ko‘rsatishga, uni jahon adabiyoti sahniga olib chiqishga intiladi.

Badiiy kitoblar, xususan, ko‘p jildliklar, saylanmalarni tayyorlash jarayoniga kelsak, jamoatchilik asosidagi nufuzli badiiy kengashimiz u yoki bu adibning asarlarini muhokama qilib, o‘zlarining xulosalarini beradilar. Keyin Bosh tahririyat qoshidagi ichki badiiy kengash «ish»ni sinchiklab ko‘rib chiqadi. Bu orada muallif bilan ishlanadi, ya’ni asarlarga oid savol-javoblar, munozara, tuzatish, o‘zgartishlar jarayoni kechadi. Bir to‘xtamga kelinib tanlangan varianti O‘zuvchilar uyushmasida bir sidra nazardan o‘tkazilib, u haqda tavsiya-xat olinadi. Bundan tashqari, ichki taqrizlar uyushtiramiz, jamoatchi muharrir, tashqi muharrirlarga o‘qitamiz, so‘zboshi, so‘ngso‘z tashkil qilamiz. Xullas, shu yo‘sinda qator chig‘iriqlardan o‘tgandan so‘ng ishlab chiqarish, ya’ni saylanmani kitob shaklida chop etish jarayoni boshlanadi.

Mustaqillik yillarida dastlabki «Saylanma»larimiz 1995–1996 yillarda boshlangan. A.Oripov, E.Vohidov, U.Azim, Sh.Rahmon, O.Odilxonov, T.Nizom, M.Mirzo, M.Toir, M.Jalil, M.Yusufning ushbu turkumdagi kitoblari o‘quvchilar tomonidan qizg‘in kutib olingandi.

«Tanlangan asar»lar, asosan, nasr yo‘nalishda bo‘lib, dastlab taniqli adiblar O‘. Umarbekov, S. Ahmadning uch jildliklari chop etildi. Keyinchalik O. O‘qubov, P. Qodirov va Sh. Xolmirzaevning asarlarini bir necha jildda nashr etishga kirishdik. Hozir ularning 4–5-jildlari nashrga tayyorlanmoqda. Qizig‘i shundaki, bugungi kunda o‘quvchilar bu yozuvchilar asarlarining oldingi jildlarini so‘rashadi.

An’anamizga ko‘ra, «tomlik»larning barchasini birdan chop etmaymiz (bu har qanday nashriyot uchun ham og‘irlik qilishi mumkin). Avval bitta jildini chop etib, kitobxonlarning munosabatini kuzatamiz, o‘rganamiz. Shular asosida yo‘l-yo‘lakay o‘zgarishlar qilishga ham to‘g‘ri keladi. Ba’zan jildlarning joylashishi yoki asarlarning tartib bo‘yicha o‘rin almashishi yuz beradi va hokazo. Qachonki sotuvda kitob adadining nihoyasi ko‘ringach, navbatdagi jild nashrini boshlaymiz.

Lekin yaqinda istisno tariqasida Abduqahhor Ibrohimovning 5 jildli «Tanlangan asarlar»ini birato‘la chop etdik. Bu katta loyihaga Respublika «Matbuot tarqatuvchi» tashkiloti homiylik qildi. Nazarimizda, yomon ish bo‘lmadi. Umuman, ayrim adiblar “tomlik”larini birdan (3, 4 yoki 5) chop etish lozimligi xususida fikrlarimiz ham yo‘q emas. Ba’zan o‘quvchilar nega hammasini birdan chop etmaysizlar, bir jildini o‘qib, keyingisini poylab qolayapmiz, deyishmoqda.

Bu boradagi ayrim ishlarimiz (hozir loyiha deyish urfga kirgan), loyihalarimiz muvaffaqiyatsiz chiqqanini ham tan olamiz. Sotuv bilan, narx-navo bilan, mualliflarning bu jarayondagi ishtiroki bilan bog‘liq holatlar doim bo‘lib turadi. Bu jarayon to‘la-to‘kis ehtiyojga aloqador, o‘quvchilar talabi biz uchun juda ahamiyatli. “Tomlik”larning taqdiri xuddi boshqa kitoblarning taqdiri kabi, shak-shubhasiz, bozor bilan bog‘liq. Sotilsa davom etaveradi. Oldingi jild kitob do‘koni javonlarida turib qolsa, keyingisini chop etish to‘xtab turadi.

Ochig‘i, noshir sifatida men shu ikki turkumdan doim cho‘chib turaman. Ijodkor borki, «Saylanma» qilsam, «Tanlangan asarlar» chiqarsam deydi.

— Qarang, biz ham 50 ga kirib qo‘yibmiz (vaholanki, 60, 70, 80 hatto 90 yoshga kirib qo‘yganlar ham bor). Shu ijodimizni bir sarhisob qilsakmikin, — deb boshlashadi gapni.

– Tabriklaymiz, – deymiz gapning nishabi qayoqqa ketayotganini anglab, horg‘inlik bilan.

Bu hadikning o‘ziga xos sababi bor. Men ko‘pincha «Saylanma»ni «Jamlanma», «Tanlangan asarlar»ni «To‘plangan asarlar», deb ham qo‘yaman, yarim hazil, yarim chin qilib. Shu o‘rinda «Saylanmalar» odobi, madaniyati, kerak bo‘lsa istiholasi haqida aytmoqchi edim.

Ayrim ijodkorlarimiz hayoti davomida nechta kitob chiqargan bo‘lsa, qancha asar yozgan bo‘lsa, hammasini shu turkumga tiqishtirish, tomlarini ko‘paytirish payidan bo‘lishadi. Agar u turli janrlarda qalam tebratgan ijodkor bo‘lsa, “Saylanma” yoki “Tanlangan asarlar”ga oddiy maqolalardan tortib piesa-yu romangacha to‘planganini ko‘rish mumkin.

Atoqli adibimiz Pirimqul Qodirov hayotlik kezlarida «Tanlangan asarlari»ni 4 jild qilib belgilab bergan edi. Vaholanki, u kishi o‘z mavqei, hurmatlari bilan 9 jildni rejalashtirsa ham hech kim e’tiroz bildirmasdi. Faqat adibning ichki madaniyati, bunday mo‘‘tabar turkumga mas’uliyati, eng muhimi, o‘quvchiga chuqur hurmati shunga yo‘l qo‘ymagan bo‘lsa kerak.

Faoliyatimiz davomida, aniqrog‘i, kitoblarni nashrga tayyorlash jarayonida yuz-xotirchilik, oqsoqol adiblarni xafa qilmaslik, yoshlarni o‘ksitmaslik, “ellikboy, oltmishboy”larga e’tibor kabi holatlar borligidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi...

Kitob olimlar tomonidan insoniyat tarixidagi eng zo‘r kashfiyotlardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki ularda inson tafakkurining eng go‘zal qirralari aks etgan, ana shu tafakkurni yanada charxlaydigan bilimlar xazinasi jamlangan. Bu xazina inson uchun butun umri davomida eng beminnat, sodiq do‘sti bo‘lib qoldi. Unga javoban sodiqlik esa, katta mas’uliyat, javobgarlikni yuklaydi.

Ahror Ahmedov,

“Sharq” nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyaci bosh tahririyati bosh muharriri

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 28-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.