background
logotype

Alisher Nazar. Rost so‘z ehtiyoji (2003)

Yaqinda shoir do‘stlardan biri o‘zini nufuzli deb biladigan gazetalarimizdan biriga turkum she’rlarini taqdim qilibdi. Bir payt shoirning “kasallik varaqasini” o‘qib chiqqan muharrirning qovog‘i uyulib: “She’rlaringi ancha tushkun. Siz vatan haqida she’r yozib keling”, - debdi...

Xo‘sh, shunga nima qilibdi dersiz? Hech narsa qilgani yo‘q. Faqat bechora shoir vatan haqida she’r yozib borolmadi. Natijada “tushkun” she’rlar stol tortmasidan joy oldi. Demak, stol tortmalaridagi she’rlar, maqolalar yana bittaga ko‘paydi.

Men shoirga maslahat berdim: “Siz, yaxshisi, o‘zingiz bitta gazeta ochib oling, shunda xohlagan she’rlaringizni chop qilish imkoni bo‘ladi”. Shoir hozirjavoblik qildi: “Vaqtim yo‘q!” Xursand bo‘lib ketdim. Yaxshiyamki uning vaqti yo‘q ekan. Agar vaqti bo‘lganida shu devona ham bitta gazeta ochib Bosh muharrir bo‘lib olardi. Chunki bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida har xil uydirma yolg‘ondan iborat gazeta chiqarib, so‘zfurushlik qilish bilan efirga chiqib xirgoyi qilishdan osonroq ish qolmadi. Yaqinda hamkasblardan biri pisanda qilib qoldi: “Siz bu qo‘lbola gazetalarning ustidan kulmang, ularning tiraji anavi quruqsavlat gazetalaringizdan eng kamida ikki marta ko‘p”. U haq edi. Lekin men unga yolg‘onning xaridori ko‘p bo‘lishi tabiiyligini, shuning uchun bunday natijadan quvonish shart emasligini aytmadim. Chunki uning: “Unda rostgo‘y gazetangni ko‘rsat” deb qolishidan qo‘rqdim.

O‘tgan yillarda matbuot sahifalarida mamlakatimizda tutruqsiz G‘M radio kanallari bolalab ketganligi, bu holat yoshlarimizni gipnoz qilib qo‘yayotgani haqida turkum tanqidiy maqolalar chop qilindi. Bu xil tanqidiy chiqishlarning samarasi o‘laroq endilikda tuturuqsiz qo‘lbola gazetalar ham urchib bormoqda. Nachora, bozor iqtisodiyoti. (Yaxshiyam shu bahona bor) Lekin... har qalay, ma’naviyatning bozorga chiqishi...

Ko‘pchilik o‘tgan yili “Davlat sirlarini saqlash” inspektsiyasining tugatilishini matbuotning so‘nggi yillardagi eng katta yutug‘i deb baholadilar. Aslida rostdan ham bu hodisa matbuot uchun olamshumul hodisa edi. Lekin bu hodisa qanchalik kutilmaganda sodir bo‘lgan bo‘lsa, shunchalik kutilgan natijalarni berdi. Chunki endi “cho‘mich” o‘zida qolgan muhtaram Bosh muharrirlarimizni stoldan ajralib qolish tuyg‘usi ta’qib qila boshlagan edi. Aslida bu qo‘rquvning ham asosi yo‘q emas edi. Natijada shakllar o‘zgardi, mazmun esa eski libosida qolaverdi.

To‘g‘ri, buguni matbuotning nuqsonlariga faqatgina Bosh muharrirlarning jur’atsizligi sabab, deyish adolatdan emas. Chunki bugun mutlaqo o‘ziga xos fikr ayta oladigan, yangicha mulohazalarni o‘rtaga tashlaydigan ijodkorlarimiz juda kam. Borlari ham negadir o‘zlarini “saqlayaptilar”. Albatta, bu holning ham o‘z sabablari bor. Masalan, deylik, men xalq ta’limiga tegishli biror muammoni ko‘tarib chiqmoqchi bo‘ldim. Maqolani boshlashdan oldin o‘ylayman: shu bilan nima o‘zgaradi? Rostdan ham shu harakatlarimdan biror natija chiqadimi? Mana mening tsenzuram. Chunki bugun amaliyot shuni ko‘rsatayaptiki, onda-sonda bo‘lsa-da, matbuotda ko‘tarilayotgan muamolar hech kimni qiziqtirmayapti. Aksincha, muammo bir chekkada qolib, shu masalani ko‘tarib chiqqan muxbirning boshida kaltak sinadi.

Xullas, nima bo‘lganda ham shunisi ma’lumki, matbuot yana xaridorsiz qolayapti. Ana shunday bir vaziyatda televideniega bo‘lgan ehtiyoj bir qadar ortib bormoqda. Televideniemiz esa tom ma’noda ahloqsizlikni targ‘ib qilayotgan teleseriallarni namoyish qilish bilan ovora. Yaqindagina “Esmeralda” deganidan qutulgan edik. Shu kunlarda esa “O‘zbekiston” telekanali orqali “Kamilla” nomli serialni xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz “miriqib” tomosha qilayaptilar. Otaning qiziga qo‘shmachilik qilayotgani-yu, bitta erkakka talashayotgan ona-bolaning sarguzashtlarini og‘zidan so‘lagi oqib tomosha qilayotgan ukangga qarab rahming keladi. Bir kelinning butun boshli oiladagi erkaklarni “ta’minlayotgan”ini ko‘rib o‘tirgan singlingning oldida o‘zingni qaerga qo‘yishingni bilmay qolasan (“Muhabbat qahvasi” seriali nazarda tutilmoqda). Eng dahshatlisi, ular bu manzaralar qarshisida qilt etmaydilar, qizarinmaydilar. Shunda beixtiyor farang shoirining “Kimdaki qizarish qobiliyati bo‘lsa unga ishonish mumkin”, degan gaplari yodingga tushadi. Lekin bu achchiq haqiqatlar qanchalik seni iztirobga solmasin, baribir ukang bilan singlingni “asray olmaysan”. Chunki biz bugun chet el seriallarini qo‘yaturaylik, o‘zimizning-da milliy san’atimiz va ahloqimiz mezonlari andak o‘zgarganday. Iqrorim shulki, o‘tgan hafta davomida “Yoshlar” telekanalida “Qaytmas” nomli... (kechirasizu, film deyishga til bormaydi) namoyish etildi. Biri-biridan bachkana xatti-harakatlaru tufuklab yopishtirib qo‘yilgan voqealar tafsilotiga to‘xtalib o‘tirishning hojati yo‘q.. Faqat bir gapni aytmasak bo‘lmas. Tomosha qilayapmiz: oshiq yigit yaxshi ko‘rgan qizini uchrashuvga taklif qilish uchun uning uyiga keldi. Baxtsizlikni qarangki, yigit qizga endi “signal” berayotganda bo‘lg‘usi qaynotaning qo‘liga tushib qoldi. Qaynota kuyovni tappa bosdi. Shunda qaerdandir Qaytmasboy kelib, ularni murosaga chaqirdi: “Xursand bo‘ling, qizingizning shunday kelishgan oshig‘i bor ekan”, dedi. Ota xursand bo‘lib ketdi. Hatto oshiq yigitdan kechirim ham so‘radi. Pirovardida “kuyov”ga nasihat qildi: “Sen qizimga bunaqa yaqin joyda emas, uzoqroqda xiralik qilgin”.

Yaxshilar, nahotki shu o‘zbekning gapi bo‘lsa? Nahotki, biz shu darajaga kelib qolgan bo‘lsak? Kelganda qandoq. bugun bizda bu xil gap-so‘zlarga, voqealarga nisbatan ko‘nikma paydo bo‘ldi. Kechqurunlari bola-chaqa bilan dasturxon atrofida o‘tirganingizda ekranda xonanda opamiz paydo bo‘ladilar: “Baxtiyorman tushlarimda qovushib, Bir qarab o‘ting bizga leytinant”. Ortidan ikkinchisi chiqib keladi: “Sizni qancha sevsam haqqim ketmaydi, Akajonim, akam o‘zingiz bo‘las”. Bu “klassika” xirgoyilarini hazm qilib ulgurmay, uchinchisi chiqadi. Qarshisidagi suluvgina juvonga tikilib: “Bilaman, qaerda holing bor, Ko‘nglingda nima bor bilmayman”, deydi. Yer yorilmaydi-yu, yerga kirmaysan. Bilmadim, bu “asar”lar qanday qilib millionlar sahnasiga chiqib kelayapti? Balki buyuk Gyote haqmikin-a? Eshitgandirsiz, unga: “Eng qiyin narsa nima?” deb savol berishganida: “Ko‘z oldingda turgan narsalarni ko‘rishdir”, deb javob berganlar.

O‘rni kelganda yana bir gapni aytib qo‘yaylik. Bilasizmi, Rasputin nima degan? “Agar Pushkin enagasi Arina Rodionovnaning mungli allalarini emas, bugungi estradani tinglab ulg‘ayganida edi, Pushkindan Pushkin emas, Dantes chiqardi”. Xo‘sh, bizning bugungi estradamiz pushkinlarni tarbiyalayaptimi, danteslarni? Xudo qozi bo‘lsin! Chunki bu haqda yozishdan armon qolmadi. Hatto hammani xursand qilib, televideniening o‘zida ham shu muammoga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuvlar uyushtirildi. Ana shu ko‘rsatuvlardan birida televidenie rahbarlaridan biri shunday purma’no gaplarni gapirdiki, beixtiyor: “Ana endi kunlaringni ko‘rasanlar”, - dedik. Lekin... ko‘rsatuv yakunlanishi bilan hozirgina avra-astari chiqarib tanqid qilingan “san’at asar”lari yana ekranni zabt etdi.

Achinarlisi shundaki, ana shunday bir vaziyatda xalqimiz, yoshlarimiz ma’naviyati uchun mas’ul idoralar negadir sukut saqlashmoqda. Vaholanki, bu sukunat ertaga qimmatga tushishi mumkin. Ba’zan hayron qolasan, matbuotda ozgina tanqidiy fikr aytib qo‘ysang bas, darrov surishtirish boshlanadi. Seni qora ko‘zoynakli odamga chiqaradilar. Pessimizmda ayblab qoladilar. Lekin biz hozirgina ta’kidlab o‘tgan holatlar uchun, ya’ni saviyasizlik uchun hech kim javob bermaydi. Shuning uchun ham bugun ko‘rsatuv tayyorlayotgan yoki maqola yozayotgan jurnalist ko‘pam o‘zini qiynab o‘tirmaydi. Albatta, u gapni mustaqillik sharofati-yu, totalitar tuzumning kirdikorlaridan boshlaydi.

Tan olaylik, bugun respublikamiz ommaviy axborot vositalarida tayyor qoliplar paydo bo‘ldi. Bo‘lar-bo‘lmasga millat, mustaqillik, vatan haqida balandparvoz gaplarni gapiraveramiz. Bilasizmi, oltinni qancha qo‘lda ko‘tarib yursang, shuncha qadri ketadi. Biz bugun oltinga topilmas ana shu so‘zlarimizni takrorlayverib-takrorlayverib, hissiz va iztirobsiz jumlalarga aylantirib tashladik. Vatan haqida shu qadar ko‘p yozdikki, oqibat, bu tushuncha bizning boshqa tuyg‘ularimiz yanglig‘ siyqalashib qoldi. Bu tarzdagi oshkora va ommaviy “vatanparvarlik” kishiga biroz erish tuyuladi.

Darhaqiqat, butun dunyo o‘zgaryapti. Shu bilan birga yurtimizda ma’naviy tiklanishlar silsilasi kechmoqda. Bu yangilanishlar shiddati esa odamlarimizdan jahonga ochiq ko‘z bilan qarashni, tafakkur qilishni talab etmoqda. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyosdir. Shunday ekan, bu mas’uliyatni bugungi ijodkorlarimiz yanada chuqurroq his qilishlari lozim bo‘ladi.

“Mohiyat” gazetasi, 2003 yil, 7 fevral

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.