background
logotype

Anvarjon Halimov. Bugungi o‘quvchi nechta she’r yod biladi? (2008)

Mutaxassislarning fikricha, inson miyasi million jildlik kitobga sig‘adigan axborotni qabul qila olar ekan.

Hozir “Kompyuter xizmatlari” deb yozilgan qaysi bir joyga qaramang, bir gala talabalar referat, kurs ishi, yana qandaydir “ish”larni ko‘chirtirayotgan bo‘ladi. Aslida bu kabi ko‘chir-ko‘chirlarning kimga keragi bor.

Agar talabaning o‘zi kompyuterda yozayotgan bo‘lsa-ku, yaxshi-ya. Avvalo, u kompyuter bilan tillasha oladigan bo‘ladi, yozma nutqi rivojlanadi va qolaversa, xotirlash qobiliyati ham o‘sadi...

Aziz gazetxonlarga aytmoqchi bo‘lgan fikrimiz ham ta’lim jarayonida yodlatish usulini kengroq joriy qilish to‘g‘risida.

Bu xususda tarixga bir nazar solaylik. XV asrda ziyoli, shoir bo‘lmoq, adabiy gurunglarda qatnashmoq uchun o‘ttiz ming bayt (yigirma ming salaflardan, o‘n ming zamondoshlardan) she’rni yod bilish shart hisoblangan. Alisher Navoiy bu munosabat bilan ellik ming bayt (o‘ttiz ming salaflardan, yigirma ming zamondoshlardan) yod olganligini yozadi.

Imom al-Buxoriy, Ibn Sino, Forobiy va Beruniydek ulug‘ ajdodlarimiz madrasada yodlab tahsil olganliklari bois olamni lol qoldiradigan buyuk allomalar bo‘lib yetishganlar.

Bundan bir necha o‘n yil avval yirik matematik va kibernetik olim fon Neyman butun dunyo­ga jahonshumul xabar tarqatdi. Uning ko‘p yillik kuzatishlariga ko‘ra, odam miyasi taxminan million jildlik kitobga sig‘adigan axborotni eslab qolish imkoniyatiga ega ekan. Zamonamiz olimlari esa miyamizda bo‘layotgan jarayonlar to‘qson million qalin kitobni to‘ldiradi, degan xulosaga kelishgan.

Bir qarashda bu fikrlar aql bovar qilmasdek tuyuladi. Lekin yana bir bor tarix sahifalarini varaqlab ko‘rsak olimlarimizning tadqiqotlari natijalariga qo‘shilmaslikdan o‘zga ilojimiz qolmaydi.

Qadim tarixchilarning tasdiqlashlaricha, Yuliy Sezar va Aleksandr Makedonskiy 30 ming askar ismini va ularning yuz tuzilishini esda saqlagan.

Buyuk vatandoshimiz Imom al-Buxoriy o‘z so‘ziga ko‘ra, yuz ming sahih (ishonchli) va ikki yuz ming g‘ayrisahih (ishonchsiz) hadisni yod bilgan ekan.

Hech qanday mashhurlikni da’vo qilmagan oddiy fuqaro E. Gaon bo‘lsa hayoti davomida o‘qib chiqqan 2500 kitobni xotirasida saqlab qolgan. U sira ikkilanmasdan bu kitob­larni xohlagan qismini yoddan o‘qigan.

Moziydan mavzuga qaytsak-da, bugungi ayrim yoshlar to‘rt qator she’rni yod bilmasdan umumta’lim maktabini bitirayotganini ham e’tirof etsak. Aytishlaricha, bugungi kunda amerikalik o‘quvchilar kalkulyatordan keng foydalanishlari natijasida oddiy arifmetik amallarni bajarishga ham no‘noqlashib borayotgan ekan. Fan-texnika yutuqlari yoshlarni aqliy yal­qovlashib qolishiga sabab bo‘layotganini inkor etmasligimiz kerak.

Yaqinda 10-15 ta kitobi nashrdan chiqqan yaxshigina iste’dodli shoir bilan talabalarning muloqoti bo‘ldi. Tabiiyki, shoir she’rlari haqida so‘radi. Afsus, birorta talaba ijobiy javob bera olmadi. Holbuki, ularning deyarli barchasi bo‘lajak adabiyot o‘qituvchilari edilar. Yodlash tugul she’r o‘qimayotgan bunday talabalardan ertaga qanday o‘qituvchi chiqishi mumkin?

Bas, shunday ekan, bolalar bog‘chasidan oliy o‘quv yurtigacha bo‘lgan ta’lim maskanlarida yodlatish usullarini keng joriy qilish lozim emasmikin? Bu borada pedagog-psixologlarning amaliy tavsiyalari zarur. Qolaversa, pedagog olimlar bobolarimiz madrasalarda qo‘llagan yodlatib o‘qitish tajribalarini chuqurroq o‘rganib, zamonaviy ta’lim jarayonlariga tatbiq etish borasida izlansalar, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Shundagina yoshlarimiz global miqyosda fikrlaydigan, professional, ma’naviy yetuk insonlar bo‘lib yetishadilar. Zero, hukumatimiz olib borayotgan yoshlar siyosati mazmun-mohiyati ham ta’lim samaradorligini oshirish, kelajak avlodni komil inson qilib tarbiyalashga qaratilgan.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.