background
logotype

Ergash Umarov. «Muqaddamat – ul-adab» qaysi turkiy tilda yozilgan? (2008)

Filologiya fanlar nomzodi, dotsent Masharif Safarov “XII asrda yaratilgan “Muqaddamat –ul-adab” o‘zbek tili yodgorligi hisoblanadi” degan kaminaning fikriga qarshi chiqib, o‘zining “Yozma yodgorliklar yaxlit boyligimiz” («Hurriyat» 2007 yil 19 dekabr №51 son) maqolasida shunday yozadi: “O‘zbek tilida yozilgan asarlar XIV asrdan, ya’ni umumxalq o‘zbek adabiy tili paydo bo‘lganidan keyin vujudga keldi. Undan oldin yaratilgan asarlar esa turkiy tilga (qadimgi yoki eski turkiy tilga oid hisoblanadi. Bunday qarash butun turkologlar tomonidan tan olingan. XII asrda yaratilgan “Muqaddamat –ul-adab” eski turkiy tilga oid yodgorlikdir”.

O‘zbekiston rahbariyati tashabbusi bilan Xorazmda allomaga bag‘ishlangan konferentsiyada qatnashgan olimlar yakdillik bilan Buxoroda o‘qib, Otsiz Xorazmshoh davrida kotiblik qilgan Mahmud Zamaxshariyni xorazmlik o‘zbek, u yaratgan “Muqaddamat – ul-adab”ni o‘zbek tilining noyob yodgorligi deb e’tirof etilgan bir paytda dotsent M. Safarov “Muqaddamat – ul-adab”ni – turkiy yodgorlik deb tursa-ya! Axir, Xorazmning Zamaxshar qishlog‘ida tub o‘zbeklarning ota- bobolari yashaganmi yo boshqa turkiy xalqlar umrguzaronlik qilishganmi? Xorazmda — o‘zbeklarning yurtida bitilgan yodgorlikning boshqa turkiy xalqlarga qanday aloqasi bor ekan?!

Endi shu o‘rinda bir narsani oydinlashtirib olaylik: turkiy yodgorlik degani nima o‘zi? Dunyoda yigirmadan ortiq turkiy til bor: o‘zbek, qirg‘iz, uyg‘ur, qozoq, tatar, ozor, yoqut, boshqird va boshqa. Xo‘sh, “Muqaddamat – ul-adab” qaysi turkiy tilda yozilgan? Shuni baralla ayta olamizki, bu asar o‘zbek tili yodgorligi hisoblanadi. Isbot uchun ikki misol bilan cheklanamiz. O‘zbek adabiy tili va uning shevalarida Xudo, Alloh ma’nosida Tangri, Tengri so‘zi ishlatiladi. Bu so‘z “Muqaddamat –ul-adab” ning 398-sahifasida ham xuddi shunday shaklda uchraydi: yandi tengriga- tangriga tavba qildi. Ozor va turklar bu so‘zni tanri, yoqutlar tangara, qozoq va qoraqalpoqlar tengir, qir­g‘izlar tengiri, tatarlar tangre shaklida ishlatadilar. Lug‘atda bo‘rining ma’nodoshi qurt so‘zi ham uchraydi (196 a bet.). Ozorlarda bu so‘z g‘urd, turklarda kurt, turk­manlarda g‘urt shaklida uchraydi. Bu misol ham “Muqaddamat – ul-adab” o‘zbek tiliga oidligini ko‘rsatadi. Men yana Marg‘ilonda Boburning otasi Umarshayx Mirzoning marg‘ilonlik Mirsaid Ahmadga 1469 yili uyg‘ur xatida bitilgan yorlig‘ini ham o‘zbek tiliga oidligini ta’kidlaganman. Gapimning isboti uchun yorliqning boshi: “Sulton Umarshayx bahodir so‘zim” va oxiridagi jumlani keltiraman: “muhurlik nishon uy(sigir) yil shavval oyining yigirma sakkizi Andagan (Andijon)da bituldi”. M. Safarov bu fikrimga ham e’tiroz bildiradi. Umarshayx axir, o‘zbek-ku! Bobur qaysi xalqning shoir va sarkardasi? Menimcha, hech bir yodgorlik “turkiy” degan umumiy nom bilan atalishi joiz emas. Har bir yodgorlikda u yoki bu tilga tegishli fonetik, leksik, frazeologik, morfologik belgilar ustuvor bo‘ladi. Ana shu ustuvor belgilar asosida ular u yoki bu tilga oid bo‘ladi. Turkiy, umumturkiy degan nom umumiy tushunchalardir. Xullas, “Muqaddamat – ul-adab”ni turkiy yodgorlik deb atash o‘rniga biz baralla uni o‘zbek xalqining bebaho yodgorliklaridan biridir”, desak xato bo‘lmaydi. Afsuski, ayrim olimlarimiz qadimiy qo‘lyozmalarni asliyatdan o‘qiy olmasdan hamon ba’zi eski turkshunoslarining noto‘g‘ri fikr­larini qaytarib kelmoqdalar.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.