background
logotype

G‘ulom Abdiyev. General Jo‘rabekning chevarasi (2009)

Norqobil degan do‘stim “Seni bir farishtasifat momo bilan tanishtiraman”, — deb meni Qarshi shahrining Beshkent arig‘i bo‘yidagi o‘n oltinchi xonadonga boshladi. Uyda onaxon yolg‘iz ekan. Bizni ko‘rib, u kishining yuzida xursandchilik belgisi paydo bo‘ldi.

— Kelinglar, bolalarim o‘tiringlar, — dedi aya bir menga, bir hamrohimga yuzlanib. Onaxonga qarayman. Qo‘lida oq toshli tasbeh, divan ustida munkayibgina o‘tiribdi.

Biroz nafas rostlab olganimizdan keyin do‘stim onaxonni “O‘zbekning birinchi generallaridan hisoblangan Jo‘rabekning chevarasi” deb tanishtirdi. Shu lahza tarixchi olim Obod Jo‘raqulovning “General Jo‘rabek qadriyati” risolasini o‘qib chiqqanim va undagi o‘zbek generali haqidagi xotiralar ko‘z o‘ngimdan bir-bir o‘ta boshladi...

* * *

Jo‘rabek 1840 yili Kitob bekligiga qarashli Gulgunpush qishlog‘idagi Qalandar qori o‘g‘li xonadonida tug‘ilgan. 1852 yili Buxoro amiri Nas­rullo Shahrisabzga bostirib kirib, shahar ahlini asir oladi. Ular orasida 12 yoshli Jo‘rabek ham bor edi. To‘rt yil amir xizmatida bo‘lgan Jo‘rabek, uning ishonchini qozonadi va to‘qsabo (polkovnik) unvonini olishga erishadi. O‘n olti yoshida esa tan olingan lashkarboshi lavozimini egallaydi.

Amir Muzaffar Buxoro amirligi sarhadlariga tobora yaqinlashib kelayotgan chor Rossiyasi qo‘shinlariga qarshi jang e’lon qilganda Jo‘rabek va Bobobek boshliq Kitob va Shahrisabz bekliklari Buxoro amiri bilan o‘zaro nizolari bo‘lsa-da, birlashib jangda qatnashish istagini bildiradilar.

Zirabuloq yaqinida bo‘ladigan urushga tayyorgarlik ketayotganida Samarqandda rus chorizmiga qarshi xalq qo‘zg‘oloni boshlanadi. Samarqandning ozodligi uchun kurashayotgan minglab kishilar Jo‘rabek va Abdumalik to‘ra boshchiligida Shahrisabzdan kelayotgan 20 ming kishilik qo‘shin va qasoskorlarga qo‘shilib, Samar­qanddagi qo‘zg‘olonchilar safini to‘ldiradi. Natijada Samarqand chorizmga qarshi umumxalq kurashining o‘chog‘iga aylanadi.

Ammo Fon Kaufman hiyla va katta kuch bilan Buxoro amiriga adolatsiz sulhga imzo chektirib, Rossiya imperiyasining izmiga bo‘ysundirishga erishadi. 1870 yilning kuziga kelib Kitob va Shahrisabz bekliklari ham bosib olinadi. Ozodlik harakati yo‘lboshchilari — Jo‘rabek va Bobobek esa Qo‘qon xonligi hududi or­qali Qashqarga o‘tib, u yerda kuch to‘plab, dushmanga zarba berish niyatida chekinishadi. Biroq, Qo‘qon xoni Xudoyorxon ularni o‘z hududida qo‘lga tushirib, Fon Kaufman ixtiyoriga topshiradi...

Professor Sh.YUsupovning yozishicha, asir sifatida Toshkentga general-gubernator ixtiyoriga majburan jo‘natilgan Jo‘rabek bilan Bobobek bu yerda ancha vaqt uy qamog‘ida saqlangach, Rossiya fuqaroligini qabul qilishga va chor hukumati armiyasi xizmatiga o‘tishga majbur bo‘lishadi. Shu tariqa Jo‘rabek 12 yil Turkiston general-gubernatorligi ma’muriyatida tarjimonlik qiladi. So‘ng bu ikki bek Qo‘qon xonligining O‘zgan, Xo‘jand shaharlarini istilo qilishda hamda M.D.Skoblev otryadida Andijonni shturm qilishda qatnashadi. “Kitob tumani” to‘plamida ta’kidlanishicha, Jo‘rabek Skoblev ekspeditsiyasiga qo‘shilib, Qo‘qon xonligini qon to‘kmasdan zabt etishda o‘zining taktik mahoratini namoyish etadi...

Ammo ko‘p o‘tmay Jo‘rabek chor Rossiyasining Turkiston xalqlariga nisbatan amalga oshirayotgan siyosatining asl mohiyatini tushunib yetadi va unda norozilik kayfiyati shakl­lana boshlaydi. Ayniqsa, Fon Kaufman vafot etib, uning o‘rniga 1882 yilda general-gubernator etib tayinlangan general-leytenant M.G.Chernyayev davrida bu yaqqol seziladi. Jo‘rabek general Chernyayev faoliyatini ochiqcha tanqid qiladi, u tutgan yo‘l adolatsiz ekanini aytadi. Chernyayevga nisbatan Turkistondagi norozilik uni 1884 yilda o‘z yurtiga ketishga majbur qiladi. Undan keyingi general gubernatorlar Jo‘rabekning mahalliy aholi o‘rtasidagi obro‘-e’tiborini inobatga olib, u bilan munosabatini yaxshilashga urinadilar...

Ko‘plab xizmatlari uchun 1876 yilda Jo‘rabekka podpolkovnik, 1880 yilda polkovnik, 1901 yilda general-mayor harbiy unvoni beriladi. Akademik V.V.Bartold “Turkistonning madaniy hayoti” asarida general Jo‘rabek bilan suhbatda bo‘lgani haqida yozadi. Jo‘rabek shunday deydi: “Podsho (rus podshosi) hukmronligi xuddi mo‘g‘ul hukmronligiga o‘xshaydi. Ularda ham, ruslarda ham yuqori lavozimlarga yomon kishilar — xudbin, shaxsiyatparast va molparastlar tayinlangan”.

1906 yil general Jo‘rabek Toshkentdagi Qorasuv kanali yonidagi bog‘ hovlisida noma’lum shaxslar tomonidan o‘ldirib ketiladi. Uning o‘limini tarixchilar va tadqiqotchilar turlicha talqin qiladilar. Kimdir bu ishda Turkiston general-gubernatorining qo‘li borligini aytsa, ba’zilar bunga uning jadidlar otasi Ismoilbek Gaspirali bilan maxfiy uchrashuvlari sabab bo‘lgan, deyishadi. Har qanday holatda ham Jo‘rabekning sirli o‘limi chor Rossiyasi hukumatiga borib taqaladi!

* * *

— Men general Jo‘rabekning chevarasiman, - deydi aya. Xayoldan chekinib, yana yuzlaridan nur yog‘ilib turgan onaxonga termulaman. U kishi gapida davom etadi:

— General Jo‘rabek onam Sharofat ayaning bobokaloni bo‘lgan. Otam — Nosirxon Isoqov esa Amir Sayyid Olimxonning g‘aznachisi bo‘lib ishlagan.

Aya chuqur xo‘rsinadi, “uf” tortadi, xotiralar silsilasida g‘amgin qiyofaga kiradi. Bir past tin olib yana davom etadi:

— Onam Sharofat ayaning otasi ya’ni mening bobom Oqsaroy begi edi. Otam Qarshidan borib, ayamga uylangan. 4 ta farzand ko‘rishgan. Opalarim Tursunposhsho, Mehriniso, akam Murodxon hamda men... 3 yoshda ekanimda ota-onamdan ajralib, yetim qolganman. Etimning ko‘rgani qursin! Eh-hey!... Otam Nosirxon Isoqovni Frunze ottirgan... “Podshoning g‘aznachisi bo‘lgansan, tillolarni topib ber”, degan-da! Otam sir boy bermagan shekilli 6 oy qamoqda ushlashgan. 1929 yillar bo‘lsa kerak: otam o‘zi bilgan — yashirin xazinalarni ularga ko‘rsatgan, ammo baribir uni o‘ldirishgan! 3 yoshlik bola nimani ham eslay olardi, bolam. Menga bu haqda qamoqxonada otamga qorovullik qilgan Soyipov degan mirshab gapirib bergandi. O‘shanda otam: “Ruslarning qo‘lida o‘lmayin. Otsa ham o‘z millatdoshim Mulla Sultonni chaqiringlar, u otsin!” — debdi. N osirxonning qat’iy iltimosiga binoan Mulla Sulton hukmni ijro qilgan ekan...

Shundan so‘ng amakim Otaxon eshon va yangam Ashurxon ayaning qo‘lida qoldim. Ko‘p azob-uqubatlar chekdim. Qarovsizlik oqibatida kasallikka chalindim. Bir kuni qizamiq chiqib, yuqori haroratda bo‘lganman. Shunda yangam Ashurxon aya bolalariga qizamiq yuqishidan qo‘r­qib, amakimdan yashirincha Xo‘jailg‘or qabristoniga olib borib tashlagan. Meni yakkabog‘lik Narimon bobo degan kishi topib olib, ikkinchi amakim Ikromxonga olib keladi. Etimga ozor bersang, Allohning Arshi larzaga keladi-ya, — deya rosa gapiradi. Bir yildan so‘ng, 4 yoshimdan yana Otaxon eshon amakimiznikida yashaganman. Yillar o‘tib, Nizomxon Ochilov degan insonga turmushga chiqdim, bola-chaqalik bo‘ldik. Sakkiz nafar farzandimiz bor — hammasi o‘g‘il. Shundan 3 tasini boqib olganman. Alloh menga qiz bermadi!.. Lekin Xudoga shukur, o‘g‘illar kelinlar xabarlashib turishadi. E, qarichilik ham qursin. Ikki yil bo‘ldi, oyog‘im ishlamay qoldi. Mana, 86 yildan beri yuragimning tubida yashab kelayotgan dardlarimni eshitdinglar. Endi u og‘ir kunlar ortda qoldi, bolam. Hozirgi yaxshi kunlar peshonamizda bor ekan, YAratganga ming shukur!..

Ayaning suhbatini tinglar ekanman uning siyratida o‘zbek generali Jo‘rabek Qalandar qori o‘g‘lining siymosini ko‘rgandek bo‘ldim. Zotan, millat ozodligi uchun kurashgan, millat g‘ururini o‘z siymosida ko‘rsata olgan general Jo‘rabekning qoni avlodlari tomirida oqayotir...

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.