background
logotype

Hamid Norqulov. Kitob inson ma’naviyatini boyitadi (2009)

“Hurriyat”ning shu yil 17 iyundagi 25-sonida chop etilgan jurnalist Ahror Ahmedovning “Eng buyuk kashfiyot yoki bugungi kitobxonlik va noshirchilik xususida” deb nomlangan maqolasini o‘qib, anchadan buyon mening ham ko‘nglimdan kechgan gaplarni, fikr-mulohazalarni o‘qigandek bo‘ldim. Rost, kitobni nonday aziz bilib, ardoqlab voyaga yetganmiz. Hatto biror gazeta yo jurnalda to‘rt qator bitigimiz chiqsa-ku, bizdan baxtli odam yo‘q edi...

Matbuotda bugun kimdir yoshlar kitob o‘qiyapti deb yozsa, kimdir o‘qimayapti deb yozg‘iradi. Xullas, bu gaplar yangilik emas. Ko‘pgina qishloq yoshlarining kundalik hayotidan boxabar inson sifatida men ham yoshlar deyarli kitob o‘qimayapti deb aytaman. Kimdir fikrimga qo‘shilmasligi ham mumkin. Lekin maktab o‘quvchisi, talaba o‘quv jarayonlarida qaysidir kitobni olib o‘qishi yoki o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etishi mumkin. Lekin qishloqda qo‘ltig‘iga kitob qistirgan bolani kam uchratasiz.

Biz yoshlar deganda faqat talaba bilan o‘quvchini tushunmaymiz, axir. Oliy o‘quv yurtini yoki kollejlarni bitirib, biron bir sohada ishlayotgan 25 dan to 40 yoshgacha bo‘lganlar ham yoshlar hisoblanadi. Ular ham kitob o‘qishlari kerakmi? YO maktabda, yo o‘quv yurtida o‘qigani yetadimi? Albatta, bu savollarga “o‘qishi kerak” deb aytamiz. Xo‘sh, agar shunday bo‘lsa, uni qayerdan olib o‘qiydi? Hamma ham Toshkentga kitob izlab boravermaydi-ku? Xullas, bunday savollar keng miqyosdagi amaliy ishlarni bajarishni talab qiladi. Gapni qayta-qayta aytavergan bilan ishda siljish bo‘lmaydi, albatta. Avvalo kitob o‘qishga bolalarimizni oiladan o‘rgatib borish kerak. Bir oilani bilaman, haftada bir kun ota farzandlari va nevaralari bilan o‘zbek dostonlarini o‘qishni yo‘lga qo‘ygan. Bolalar qiziqish bilan eshitishadi va o‘zlari ham nav­batlari kelganda qiroat bilan kitob o‘qishadi.

Agar bolada yoshligidan kitob o‘qishga ishtiyoq uyg‘onmas ekan, uni ke­yinchalik hech qanaqa yo‘l bilan o‘rgatib bo‘lmaydi. Axir, biz bolaga axloq-odobni, orasta kiyinishni va xushmuomalalikni doimo o‘rgatib boramiz-ku. Nega endi kitob o‘qishga o‘rgatishimiz kerak emas? To‘g‘ri, oilangizda to‘rt nafar farzandingiz bo‘lsa, ularning hammasida ham kitobga bo‘lgan ishtiyoq bir xil bo‘lmasligi mumkin. Lekin xohlaysizmi-yo‘qmi, kitob o‘qigan o‘z taassurotlarini baribir akasiga yoki ukasiga, opasiga yoki singlisiga gapirib beradi.

Bolalar bog‘chalarida ertak kitoblar o‘qish har qalay yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Faqat bolalarni mulohaza yuritishga undovchi usullarni ko‘proq ishlatish kerak. Chunki bola har bir narsadan tez zerikadi, yangilikka o‘ch bo‘ladi. Men bir joyda ko‘rdim, bog‘cha bolalariga “Alpomish” dostoni haqida tarbiyachi avval qiziqarli qilib ma’lumot berdi. U bolalarni shunchalik qiziqtirib qo‘ydiki, ular o‘qib bering, o‘qib bering deb qiyqiriq solishdi. Va “Alpomish” dostoni qiroatli o‘qish bilan yangray boshladi.

Endi maktablardagi ahvol to‘g‘risida. To‘g‘risini aytish kerak, maktablardagi kitob fondlari keyingi paytlarda ancha boyitildi. Bunda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan boshlangan tashabbuslar tufayli o‘tkazilgan turli tadbirlar, homiylar va ota-onalar tomonidan tuhfa etilgan kitoblar asosiy o‘rin tutadi. Demak, kutubxonalarda o‘qish uchun har qalay kitoblar bor. Endi uni kimlar olib o‘qiyapti, bu boshqa masala. Menga bir maktab kutubxonachisi shunday degan edi:

— Kutubxonaga ko‘proq 5-6-7 sinf o‘quvchilari kirishadi. Ular badiiy va tarixiy asarlarni so‘rashadi. 8-9 sinflardan esa kam kiradi...

E’tibor berayapsizmi, bola kattalashgani sari kitobdan uzoqlashib borayapti. To‘g‘ri, ularning hayotiga kitob o‘qishdan tashqari boshqa juda ko‘plab narsalar kirib keladi. Shuning uchun ham qo‘ltig‘iga kitob qistirgan boladan ko‘ra, qulog‘iga telefon tutgan bolani ko‘proq uchratamiz.

Hozir Internet adabiyoti shakllanib borayapti. Ishonamanki, yaqin kunlar ichida u yanada rivoj topadi. Lekin hamma qishloq yoshlarining uyida ham kompyuter bor emas-da. Maktablardagi mavjud kompyuterlarni mukammal ishlatishga esa yetuk mutaxassislar yetishmaydi. Mana shunday paytda oilada kitobga bo‘lgan havas yetilib, chanqoqlik sog‘inchga aylanadigan bo‘lsa, o‘sha yosh kitobni izlab topadi, yoki aksincha.

Odamlarning kitob­dan uzoqlashib borayotganiga yana bir sabab bor nazarimda. Har bir viloyatning tuman markazlarida ilgari 2-3 ta kitob do‘koni bor edi. Hozir esa bunday do‘konlar bor joyda bor, lekin aksariyat hududlarda ular turli do‘konlarga aylantirib yuborilgan.

Yaqinda ilgari kitob savdosida ishlagan bir onaxon o‘g‘illari bilan yangi do‘kon ochib, bu xizmatni yo‘lga qo‘ymoqni maqsad qilibdi. YAxshi niyat bilan shahar chetidagi bir joyni ajratishlarini so‘rab, ariza yozibdi. Arizasini hech hal qilolmagach, tuman rahbarlarining biriga kiribdi va niyatini tushuntiribdi. Rahbar esa pinagini ham buzmay “u joyni oziq-ovqat do‘koni uchun ajratdik, xola, kitob qorin to‘yg‘izmaydi” debdi... Onaxon niyatiga yetolmadi, hozir esa hech bo‘lmaganda ko‘chma kitob do‘koni ochish taraddudida.

Ba’zan o‘ylab qolaman: kim bugun bu ishga jon kuydirishi kerak? Axir, Yurtboshimiz ma’naviyatning yuksalishida uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash muhim o‘rin tutishini o‘zining «YUksak ma’naviyat — yengilmas kuch” kitobida atroflicha ochib bergan-ku? Demak, mahalliy rahbarlar ichida ma’naviyat jonkuyarlari ham topilib qolar, degan umid bilan yashayveramiz.

Kitob o‘qimagan odamni majburlab o‘qitib bo‘lmaydi. Buning ustiga yaxshi kitob bo‘lsa, ortiqcha tashviqotning ham o‘rni qolmaydi. Shu o‘rinda yaxshi-yaxshi kitoblar juda kam nusxada chop etilib, poytaxtdagina tarqatilayotganini, joylarda esa mahalliy shoir va Yozuvchilarning kitoblari borligini ro‘y-rost aytishimiz kerak.

Yana bir yomon tomoni, “sariq matbuot”dagi she’r, qissa, doston, hikoya, hatto romanlar saviyasini bilib turib, uni ko‘pchilik o‘qiyotganini bilamiz. Odamni ishontira olmaydigan voqealar girdobida o‘quvchi garangsirab qoladi, yig‘latadigan joyini o‘qib, yaxshi asar ekan deb o‘ylaydi.

Xullas, bugun kitobdan uzoqlashgan odamni kitobga qaytarish oson emas. “Gazetani nima uchun o‘qiydi, odam” deb menga bir tanishim dabdurustdan savol berganda, achchig‘im kelib, savodini chiqarish uchun degan edim. Bundoq o‘ylab qarasam, kitobni nima uchun o‘qiymiz deb savol berish ham aslida to‘g‘rimikin?

Kitob insonga aql beradi, mulohazaga chorlaydi, hayotni tushunishga yordam qiladi degan fikrdaman-u, yana nimadir yetishmayotgandek bo‘laveradi. Menimcha, kitob inson ma’naviyatining chanqog‘ini bosuvchi qaynoq buloqdir. Bu buloq suvidan ichish, nachora har kimning o‘z ishi ekan...

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.