background
logotype

Ibrohim Haqqul. “Ul quyosh oq uydayu men...” (2011)

Alisher Navoiyning ilm-fan, adabiyot, san’at, madaniyat gullab-yashnagan shahar muhitida yashab, ijod etgani hammaga ma’lum. O‘n beshinchi asrdagi qadim Hirot qurilish va ma’murlikda, obodlik va ko‘rkamlikda Navoiyning ilhomiga ilhom qo‘shadigan darajada go‘zal bir shahar edi. Navoiy shu shaharda istiqomat qilib, ko‘p bora xayolan moziyga sayohat aylab, cheksiz-chegarasiz dasht va sahrolarda kun kechirgan qadim turkiy qavm va elatlarning hayot tarzi, madaniyati, davlatchilik tajribalari kabi masalalarni ham mushohadadan o‘tkazgan.

Turkiy xalqlarning olis tarixiga nazar tashlansa, nainki axloq, urf-odat, madaniyat, balki davlat qurilishi va siyosatda ham ular o‘ziga xos ibratli natijalarga erishgani to‘la ravshanlashadi. Hatto o‘tmishga mansub badiiy ijod namunalari ko‘zdan kechirilganda ham o‘sha tarixdan xabar beruvchi so‘z, atama, belgi va ishoratlarga tez-tez duch kelasiz. Alisher Navoiyning adabiy merosi shu jihatdan ham tengsiz bir xazina yoki ulkan bir qomus desa, hech mubolag‘a bo‘lmaydi.

Mana, uysozlik madaniyatini olaylik. Turkiy urug‘lar uzoq zamonlarda asosan o‘tov, chodir, olachuq deb nomlangan va ko‘chib yashash talablariga to‘la-to‘kis javob beradigan uylarda yashashgan. Bu uylar faqat tashqi ko‘rinishi, o‘ziga xosliklari bilan emas, did, madaniyat, hunarmandlik nuqtai nazaridan ham boshqa xalqlarning diqqat-e’tiborini jalb eta bilgan. Ulkan qadimshunos olim Bahouddin O‘galga ko‘ra, eng eski Chin manbalaridan birida xitoylik bir shahzodaning turkiylarga mansub “qirmizi yung gazmollar bilan burkangan qubbali chodir” ta’riflangan she’ri saqlanib qolgan ekan. Turkiy hukmdorlardan ba’zilari umrining ko‘p qismini chodirlarda o‘tkazgani haqida ham ma’lumotlar saqlanib qolgan. Shulardan biri Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi bo‘lgan. “Hodisalarning zav­qi ila Jaloliddin to‘xtovsiz harakat holida yashardi. Shuning uchun uning hayoti saroyga qaraganda ko‘proq chodirda o‘tgan edi”, deyiladi bir kitobda (Tonari O. Xorazmshohlar. Anqara, 1993, 120-bet). Shu chodirlarda “xoni xos” deyilgan katta ziyofat yig‘inlari va har turli majlislar o‘tkazilgan.

Ulkan turkiyotchi L.N.Gumilyov “Qadimgi turklar” kitobida Xitoyning mumtoz shoiri Bo Szyuyi yozgan “Moviy o‘tov” nomli she’rni keltiradi. Unda o‘qiymiz:

Yig‘mishlar minglab qo‘ydan jun,
Yuzlab urchuqlar qilibdi butun...

Olimning ta’kidlashicha, “Xitoy shoiri tasvirlagan o‘tov, bu — o‘rtacha ta’minlangan ko‘chmanchining yashash joyidir”. “Ipak qoplamalarga burkangan”, “oltin tusli va zar suvi yugurtirilgan” o‘tovlar boshqa. Shuningdek, olim o‘tovning “moviy” deyilishini bu rang turkiylarning ramzi ekanligini ta’kidlash, deb taxmin qiladi. O‘sha she’rning quyidagi misralari o‘qilsa, o‘tov xususidagi tasavvur yetarli darajada ravshanlashadi, deb o‘ylaymiz:

Kunchiqarning moviy osmoni ostida,
Yigit o‘tov tikdi qirchin maysa ustida...
Quyun ham buzolmas o‘tov pinagin,
Yo‘qdir unda na tokcha, na burchak.
Ichi issig‘u, orom olar yurak...
Sovuqda qalqon kigiz – devor,
Bo‘ron ham to‘piqqa kelmas,
Bunda baxshi bir chetda o‘tirar,
Bunda olovda o‘yinchi o‘ynar...
O‘tovga hasad qilur rohib ham,
Qarzga botgan oddiy sohib ham.

“Qo‘rqut ota kitobi”da bayon etilishicha, xonlar xoni Boyintirxon har yili bir bora katta to‘y qilib, O‘g‘uz beklariga ziyofat berar ekan. To‘ydan avval u bir yerda qora, bir tomonda oq, yana bir yoqda qizil o‘tovu chodirlar tiklatib, o‘g‘li borlarni oq uyga, qizi borlarni qizil uyga, farzandsizlarni qora uyga kiritib, dasturxon yozdirar ekan. Vaqt o‘tishi bilan boshqa xalqlar singari turkiy qavmlarning ham ranglarga munosabati o‘zgarib, u yoki bu rang uchun belgilangan ma’no-mazmunlarda ham yangilanishlar yuzaga kelgan. Ammo bunaqa o‘zgarish va yangilanish oq rang uchun deyarli bo‘lmagan. Bir zamonlar o‘zga qavm va urug‘lari ustidan hukmronlikka erishgan elga turkiylar oq va oqsuyaklar, deyishgan. Zero, oq kalimasi hurlik, mustaqillik va hokimlikni tamsil aylagan. “Oq o‘rda” deyilganda xon, podshoh saroyi, ya’ni davlat markazi tushunilgan. “Oq uy”ning ma’no-mazmuni esa ancha keng va xilma-xildir.

“Eski turklarda bir yigit uylanganda, — deydi Ziyo Ko‘kalp, — o‘zining uyiga kelinni olib kelmaganidek, qaynatasinikiga ham u bormasdi. Zero, ichkuyovlik bo‘lmaganidek, ichkelinlik ham yo‘q edi. Yigit otasining mol-mulkidan o‘ziga tegishli ulushini, qiz esa oilasidan unga ajratilgan bisotni olib, ana undan keyin bir uy qurilgan. Mana shu yangi uyga oq uy, deyilgan”(Ziyo Ko‘kalp. Turk madaniyati tarixi. Istanbul, 2008, 300-bet).

Xon, bek, har turli mansab sohiblari, boy-badavlat kimsalar kun o‘tkazadigan dargohlar ham oq uylar bo‘lgan. Ular o‘zining ko‘rki, mahobati va yashashga juda o‘ng‘ayligi bilan ajralib turgani uchun bo‘lsa kerakki, Alisher Navoiy oq uy haqida qayta-qayta to‘xtalib, ham she’riy, ham nasriy asarlarida har turli fikrlarini bayon qiladi. Shoir “Favoid ul-kibar” devonidagi bir g‘azalida (595-g‘azal) qish faslidan so‘z yuritib:

Bu fasl aro xush erur oq uy ichra boda o‘ti,
Bu o‘t yorurg‘a mug‘anniy og‘zig‘a olmoq nay —

deydi. Demak, sovuq qish kunlarida oq uyda o‘tirish vujudga qancha rohat va huzur bag‘ishlasa, unda o‘tkazilgan yig‘in va gurunglarda ichilgan may, tinglangan kuy-qo‘shiqlardan dil yanada ortiqroq shavqlanadi.

“Munshaot”dagi maktublardan birida bitilgan quyidagi mulohazalar oq uy nainki quvonch va shodlik fursatlarida, balki g‘am-anduhli damlarda ham insonga bir tasalli, tamkinlik beradigan maskan bo‘lganligini xayoldan o‘tkazishga undaydi: “Ul qator tevakim, hijron kunida ashkim qatoridan namuna bo‘lg‘ay va ul oq uykim, firoq ayyomida sirishkim seloblari hubobidin nishona bo‘la olg‘ay yetti. Ul biri rahmat maloyikidin ashraf (rahmat farishtalariga qarganda ham sharofatli), bu biri saodat sipehridin arfa’ (ya’ni oq o‘tov saodat osmonidan ham ko‘ra yuksak) ko‘rindi.

To falak buxtilari tuzgay qator,
To to‘lin oy oq uy etgay oshkor.
 
Sarboningg‘a ul o‘lsin borkash,
Bu biri firoshingga xirgohvash”.

Navoiy oq uyni xalq yaratuvchanlik madaniyati va san’atining o‘ziga xos namunasi o‘laroq qabul qilmaganida, “Muhokamat ul-lug‘atayn” kitobida, ehtimolki, mana bunday deb yozmasdi: “Bir mutaayyin nimakim oq uydur, anga xirgoh ot qo‘yupturlar. Ammo ani ajzosini ko‘pini turk tili bilan ayturlar. Andoqki, tungluk va uzuk va to‘vurlug‘ va basrug‘ va chig‘ va qanoat va ko‘zanak va ug‘ va bog‘ish va bo‘sag‘a va erkina va alo hazal-qiyos”.

Filologiya fanlari doktori, tilshunos E.Umarov ushbu so‘zlarga asoslanib, “birinchidan, Navoiy oq uy va uning qismlarini yaxshi bilibgina qolmay, unda yashagan”, ikkinchidan, “uni qurish va tiklash” ishlarida bevosita ishtirok etgan, deya taxmin qiladi (Umarov E. Alisher Navoiy asarlarida “oq uy” atamasi. – O‘zbek tili va adabiyoti, 2005, 1-son, 31 — 32-betlar).

Shoir xotirasida oq uy – ishq-muhabbat uyi, malaksiymo ma’shuqa yashaydigan bir beqiyos dargoh maqomiga ko‘tarilgani shubhasizdirki, buning nodir dalili “Navodir ush-shabob”dagi bir g‘azaldir. U shunday so‘zlar bilan boshlanadi:

Ul quyosh oq uydayu men muztaribman har qachon,
O‘ylakim, fonusdin parvona qolg‘ay tashqari.

“Ul quyosh” — husni malohatda tengsiz yor. Oq uy atrofida iztirob tufayli charx urib aylanayotgan kimsa – jafokash oshiq. Uning holi ichkari kirolmay tashqarida, ya’ni fonusdan uzoqda qolgan parvonaga o‘xshaydi. Aynan parvona bunda bejiz tilga olinayotgani yo‘q. Chunki nur va olovga oshiq parvona o‘zini o‘tga urib, kulga aylanganidek, sho‘rlik oshiq ham oq uy ichida beparvo o‘tirgan dilbarga jonini qurbon etmoqchi:

Sadqasi bo‘lmoq erur maqsud men sargashtag‘a,
Oq uyi davrig‘a bukim aylanurmen har sari.

Oq uy atrofida aylanaverishdan hech natija chiqmaydi. Unga kirish imkonini o‘ylash kerak. Ammo imkon yo‘q. Hatto oq uyning tuynugi ham tuvurlug‘ – kigiz parda bilan yopilgan. Faqat “sabo farroshi”gina uni ochishi mumkin:

Ichkari ul gul tuvurlug‘ni ko‘tarmaslar, netay,
Ey sabo farroshi, bir lutf aylabon ul yon dari.

Oshiqning qanoati bo‘yicha, “tuvurlug‘” ko‘tarilsa, “chig‘”dan o‘zni ichkari olish osonlashadi:

Parda ketgach, men zaifi zorg‘a oson erur,
Yo‘llaridan chig‘ning solmoq o‘zumni ichkari.

Sham yonganda xonadagi barcha narsa ravshan ko‘ringani singari xirgoh ham yor jamolining nuridan munavvardir. Ana shu “mahi xirgahnishin” muhofazasi uchun karaganing orasidan ko‘zanaklar (teshiklar) emas, balki oshiqning ko‘zlari termulib turibdi:

Ey Navoiy, ul mahi xirgahnishin hifzi uchun,
Ko‘zanak ermaski, har sari tikilmish ko‘zlari.

O‘zga bir g‘azalda esa yorning ajib kipriklaridan ko‘ngulda oq uy bino qilish orzusi ta’kidlangan:

Ko‘ngulda ug‘laridan oq uy aylasam, ne ajab,
Ki ko‘nglum ichra vatan qildi mohi xirgohi.

U yoki bu voqea-hodisa tasvirlanganda, bir kun ular ko‘proq tarixiy xotira “mulki” sifatida eslanishini hech bir shoir yo yozuvchi o‘ylab o‘tirmaydi. Biroq vaqt zamonga ta’siri va hukmini o‘tkazganidek, davr va zamon ham moziy sarhadlaridan ortda qolgan narsalarni oldinga qarab sudramaydi. Bevosita, inson va millat qismatiga bog‘liq tarix esa, qay bir darajada bo‘lmasin, avlodlarda qiziqish uyg‘otadi. Aks holda o‘tmish bilan kelajak, ajdodlar bilan avlodlar orasidagi axloqiy, madaniy, ma’naviy aloqalarda uzviylik, vobastalik bo‘lmas, har avlod o‘zi bilganicha yashab, boshi adashish va tanazzuldan chiqmasdi.

“Eng qadim davrlardan, ya’ni inson farzandi oziq-ovqatini ta’minlash uchun zaminga bog‘langandan buyon ko‘chmanchilik va o‘troqlashuv o‘zaro yuzlashib kelgan. Ko‘p narsa ularni o‘zaro ajratib, bir-birlarini kamsitishga ham sabab bo‘lgan” (Jan-Paul Rouks. O‘rta Osiyo: tarix va madaniyat. Istanbul, 2006, 37-bet). Turkiylarning o‘troqlashgan va shahar madaniyatiga o‘tishlari oson kechmagan. Lekin ularning ko‘chmanchilik ­davrlaridagi madaniy hayotlarida havas qilsa arzigulik, eslasa ko‘z-ko‘z qilgulik narsalari ham kam bo‘lmagan. Navoiy ­ta’riflab, tasvirlarini chizgan oq uy ­xuddi shulardan bittasi edi. Ehtimol, shu boisdan ham o‘tov, chodir, xirgoh atalmish o‘sha uylarning umri juda uzoqqa ­cho‘zilgandir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 38-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.