background
logotype

Inomjon Abdiyev. Betimsol energiya manbai (2011)

Tabiiy boyliklarga ega bo‘lgan O‘zbekiston dunyodagi energiya mus­taqilligiga ega sanoqli davlatlardan biri hisoblanadi. Ammo bundan salkam yigirma besh yil muqaddam sho‘ro hukumatining bir yoqlama siyosati bois yuzaga kelgan energetik taqchillik tufayli mamlakatimiz qiyin bir vaziyatda qolgani, yoqilg‘i resurslari kimlarningdir qovoq-tumshug‘iga qarab taqsimlangani hozir ko‘pchilikning yodida ham bo‘lmasa kerak. Ha, bugun allaqachon kechmishga aylangan o‘sha kezlari, ayniqsa, mamlakatimiz endigina mustaqillikka erishgan davrda, uzoqni ko‘zlab ish tutishga to‘g‘ri keldi.

Yurtboshimizning tashabbusi bilan ketma-ket Ko‘kdumaloq neft-gaz-kondensat koni o‘zlashtirildi, Buxoro neftni qayta ishlash va Muborak gazni qayta ishlash zavodlarida tarkibida oltingugurt bo‘lgan gazni tozalash bo‘yicha ishlab chiqarish ob’ektlari, Yangi Angren issiqlik elektr stantsiya­sida energiya bloklari barpo etildi. Tabiiy gaz olish 30 foizdan ko‘proq, neft qazib chiqarish esa uch barobarga oshishi natijasida, 1996 yilda O‘zbekiston chetdan yoqilg‘i resurslarini olib kelishni butunlay to‘xtatdi. Istiqlolning tarix oldida juda qisqa muddat — ilk besh yilligidayoq energiya mustaqilligiga erishilgani bugun aytishgagina oson so‘zlar xolos. Vaho­langki, uning ortida ulkan jasorat, soha xodimlarining zahmatli va fidokorona mehnati yotibdi. Axir sotsializm nazariyotchilari tomonidan tambalab tashlangan istiqbol eshigining kaliti — iqtisodiyotning yirik tarmoqlaridan tortib, xonadonlarimiz charog‘onligigacha bo‘lgan barcha sohalar aynan energetika tizimi bilan uzviy bog‘liq edi-da.

Ma’lumotlarga qaraganda, bugun dunyoda kuniga millionlab tonna neft, gaz, uran va boshqa energiyaning tabiiy manbalari qazib olinyapti. Agar birgina «qora oltin»ning paydo bo‘lishi uchun 100 million yil kerakligini hisobga olsak, mavjud resurslar XXI asrdayoq tugash ehtimoli juda yuqori. Ammo unutmaslik kerakki, havoni ifloslantirishning 80 foizdan ko‘prog‘i aynan shu energetika sohasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Demak, atrof­muhitga yetkazilayotgan zarar miqdori juda katta. Shu bois dunyo hamjamiyati bugun qayta tiklanuvchi energiya manbalariga najot ko‘zi bilan qaramoqda. Bunday manbalarga quyosh, shamol, suv resurslari, geotermal manbalar, sanoat, maishiy va qishloq xo‘jalik chiqindilaridan olinadigan biogazlar kiradi. Ular orasida, ayniqsa, shamol energiyasi eng arzon va samaraliligi bilan ajralib turadi.

Aslida qadim zamonlardayoq ota-bobolarimiz bitmas-tuganmas havo oqimidan — shamolning kuchidan unumli foylanib kelishgan. Shamol muntazam esib turadigan hududlarda charxpalaklar qurilib, uning yordamida suv chiqarilgan, tegirmonlar yurgizilgan. Tarixiy manbalar miloddan avvalgi II asrdayoq ilk shamol tegirmonlari barpo etilgani haqida guvohlik beradi. Elektr toki ishlab chiqarishga mo‘ljallangan shamol elektr stantsiyalari (SHES) esa birinchi marta 1890 yili Daniyada bunyod etilgan.

Bugun shamol va uning qudratli kuchidan inson manfaatlari yo‘lida foydalanish ancha ommalashgan. Zamonaviy shamol elektr stantsiyalari 5 m/s. dan 25 m/s.gacha bo‘lgan tezlikdagi shamol muhiti, relefi nisbatan baland bo‘lmagan joylarda juda samarali ishlaydi. Ana shunday tabiiy muhitda joylashgan Germaniya hozir bu borada yetakchilik qilmoqda. 2020 yilga borib, bu yerda 20 foiz elektr energiyasi SHESlardan olinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Ang­liya, Kanada, Yaponiya, Ispaniya kabi davlatlarda ham bu borada izchil izlanishlar olib borilyapti. Umuman olganda, Xalqaro energetika agentligi taxminlariga ko‘ra, 2030 yilga borib sayyoramizda shamol energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj qariyb 5000 gigavatt­ni tashkil etadi.

Qolaversa, mazkur muqobil energiya turi mavjud tabiiy resurslarni tejashdan tashqari, ekologiya musaffoligi bilan ham ahamiyatlidir. Masalan, 1 MVT quvvatli SHES 10 yil davomida 15 ming tonna ko‘mir, 45 ming barrel neftni tejashi mumkin. Bundan tashqari, atmosferaga karbonat angidrid, sulfat oksidi, azot oksidilarini umuman chiqarmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, juda foydali bo‘lishi barobarida mutlaqo bezarar hamdir. Shu bois ko‘plab mamlakatlarda SHESlar barpo etishga davlat ahamiyatiga molik masala sifatida qaralmoqda. Jumladan, yaqinda ommaviy axborot vositalari Boltiq dengizida bunyod etilgan «Baltika-1» nomli shamol parki foydalanishga topshirilgani haqida xabar tar­qatdi. Ushbu shamol parki 21 ta shamol generatoridan iborat bo‘lib, har birining ba­land­ligi 160 metrga yetadi. Shamol parraklarining diametri esa 93 metr. «Baltika-1» soatiga 185 gigavatt elektr energiya ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu birdaniga 50 ming uy-joy energiya bilan ta’minlanadi, deganidir. Mana sizga shamol energiyasining salohiyati va imkoniyati.

Xo‘sh, bugun energiya manbalariga talab kuchayotgan bir paytda bizning mamlakatimizda mazkur tizimni rivojlantirishning istiqbollari qanday? Mutaxassislar tomonidan yurtimizda shamol energiyasining yalpi potentsiali 2,2 million tonna neft ekvivalentiga teng deb baholangan. Ammo bunda alohida hududlardagi, jumladan — Ustyurt va Bekobod shamol energiyasi imkoniyati to‘la hisobga olinmagan. Qolaversa, bu ko‘rsatkich 5­8 metr balandlikda hisoblangan. Aslida esa 25­100 metrda aniqlanishi kerak. Umuman, respublikamizda doimiy shamol esib turadigan ochiq hududlarning ko‘pligi bu borada umidbaxsh xayollar uy­g‘otadi.

Shamol energiyasidan yoritish, tele va radio, aloqa asboblarini ishlatish, suv tortib chiqarish, isitish va bosh­qa ko‘plab maqsadlarda foydalanish mumkin. Mamlakatimizda, xususan, Orolbo‘yi kabi ekologik nochor hududlarda yashovchi aholini, shuningdek, elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv ta’minotidan uzoqda joylashgan, ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, cho‘l, sahro, tog‘ hududlaridagi maskanlarni elektr energiyasi, issiqlik va ichimlik suvi bilan ta’minlashda shamol energiyasidan foydalanish yaxshi samara beradi.

O‘tgan asrning 80-yillarida Navoiy va Buxoro viloyatlarida bir qancha shamol energiyasi bilan ishlovchi generatorlar ishlatilib, bu borada tajriba to‘plangandi. Istiqlol bergan imkoniyatlar hamda Yurtboshimizning e’tibori tufayli endilikda soha jadal rivojlanmoqda. Masalan, «O‘zbekenergo» davlat aktsiyadorlik kompaniyasi va Koreyaning «Doojin co. ltd» kompaniyasi bilan hamkorlikda Chorvoq suv ombori hududida qurilgan 40 metrga teng anemometrik machta yiliga qo‘shimcha 2,3 million kilovatt-soat hajmda elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini bermoqda. Bu yiliga 700 ming kub metr tabiiy gaz tejab qolinyapti, deganidir. Shuningdek, Qoraqalpog‘istondagi parranda fabrikasida o‘rnatilgan shamol qurilmasi xususida ham ana shunday iliq fikrlarni bildirish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi qoshida 2005 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan «Eko-energiya» ilmiy-tadbiqiy Markazi ham tegishli korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda joylarda SHESlarni qurishda jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda. Xususan, keyingi yillarda joylarga aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va sug‘orish uchun suv ta’minotini yaxshilash maqsadida shamol generatorlari yetkazib berildi.

— Yaqinda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanining cho‘l hududidagi bo‘rdoqichilik fermasida ob’ektni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi va quduqdan suv tortib beruvchi qurilma o‘rnatilib, ishga tushirildi, — deydi markaz direktori Majid Xo‘jayev. — Odamlarning ichimlik suvi va elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirishdan tashqari, sahro bag‘rida daraxtlar, turli o‘simliklar ekib, kishining bahri dilini ochadigan bog‘ barpo etishda ham bu qurilmaning ahamiyati beqiyos bo‘lmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, shamolning bezavol va ekologik zararsiz kuchidan foydalanish ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan katta foyda keltiradi, aholi turmushi farovonligiga xizmat qiladi. Vaholanki, mamlakatimizning yuqori salohiyatli qayta tiklanadigan energiya manbalaridan to‘liq foydalanilsa, atmosfera havosiga chiqariladigan 450 million tonnaga yaqin is gazining (uglerod ikki oksidi) bartaraf qilinishiga erishish mumkin. Shunday ekan sohani yanada taraqqiy ettirish, bu boradagi izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash bugun vaziyatning o‘zi taqozo etib turgan masalalardan, desak yang­lishmaymiz.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.