background
logotype

Mahmud Hasaniy. O‘tmishda tabobat asarlari qaysi usulda yozilgan? (2009)

Tabobat tarixi — insoniyat tarixi bilan tengdoshdir. Bunday deyishimizning boisi bundan bir necha ming yil avval yashagan odamlar ham o‘z sog‘liklari uchun kurashib, ilk tibbiy ko‘nikmalar hosil qilganlar. Ba’zi davolash usullari, dorivor moddalarning tavsifi va 100 ta shifobaxsh o‘simlikning nomi hatto qadimiy kitob — “Avesto”da ham zikr etilgani so‘zimiz tasdig‘idir. Muarrixlarning qayd etishlaricha, makedoniyalik Iskandar ikki million misra she’riy matndan iborat mazkur kitobning astronomiya, falsafa va tibbiyotga oid boblarini ko‘chirib olib, qolganini yoqib yuboradi. Muqaddas kitob “Qur’on”da va ikki olam sarvari ­payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hadisi shariflarida ham davolash hamda dorivor moddalar haqidagi noyob fikrlarni o‘qishimiz mumkin.

Hatto Rasulullohning tib haqidagi hadislari to‘planib, kitob holiga keltirilgan va bu qo‘llanma “Tibb ­un-nabiy” (“Payg‘ambar tabobati”) nomi bilan keng tarqalgan.

tmishda fanning turli sohalariga oid asarlarni nazmda yozish ham keng an’anaga ega edi. Shu boisdan nasriy tabobat bilan bir qatorda nazmiy tabobat ham paydo bo‘ldi. She’rni nasrga qaraganda esda saqlab qolish oson bo‘lgani uchun ko‘proq darslik sifati­da yozil­­gan risolalarni shu tarzda tuzganlar, til qoidalari, tarix, fiqh, geografiya, kimyo, tib, hatto matematikaga oid she’riy asarlar anchagina.

Arab va fors tillarida ijod qilgan shoirlarning ijodida “Tibbiyot” nomli maxsus janr bo‘lib, unda shoirlar tabobatga oid narsalar haqida fikr yuritganlar. Islomdan avval fors tilida nazm bilan yozilgan birorta yaxlit asarning mavjud bo‘l­gani haqida ma’lumotlar yetib kelmagan. Tabobatga oid fors tilida yozilgan birinchi nazmiy asar hakim Maysariyning (IX asr) “Donishnoma”si bo‘lib, u 980 yilda kitobat qilingan. Ibn Sino tug‘ilgan yili yozilgan bu asarda tabobatning nazariy va amaliy masalalari bayon qilingan.

Tabobat­­ni urjuza (she’riy­ ­doston)­­larda bayon qilgan va o‘zidan keyingi shoir-tabiblar ijodiga katta ta’sir ko‘rsatgan allomalardan biri Ibn Sino edi. U arab tilidagi urjuzalaridan tashqari forscha g‘azal, qit’a va ruboiylarida ham tabobatga oid fikrlarini bayon qildi.

Beruniyning “Minerologiya” kitobida 84 ta, “Saydana” asarida 65 ta o‘simlik, ma’dan va hayvonotdan olinadigan dorilar haqidagi she’rlar keltirilgan. Fors mumtoz shoir­lari Amir Xusrav Dehlaviy, Nizomiy Ganjaviy, Sa’diy Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi o‘nlab shoirlarning ijodida ham bunday holatlarni ko‘rish mumkin.

Beruniyning yozishicha, hindlar ham o‘z ilmiy asarlarini turli vaznlarda tizma she’r qilib yozganlar. Buning afzalligi ko‘p bo‘lib, boshqa kishilar bu tizma she’r ichiga ortiqcha narsa kiritolmaganlar, ma’nosini buza olmaganlar. Odatda kishining ko‘ngli chiroyli narsaga talpinadi, tartibsiz, xunuk narsani ko‘rganda naf­ratlanadi. She’rlar esa o‘quvchiga lazzat va orom bag‘ishlaydi. Abu Ali ibn Sino ham “Urjuza” nomli tibbiy she’riy asarida: “Tabib badanning shohi bo‘lganidek, shoir tilning amiridir” deb yozgan edi.

Bugun Fanlar akademiya­si Sharqshunoslik ins­titutining qo‘lyozmalar fondida nazmda yozilgan yuzlab asarlar saqlanmoqda va ayni paytda o‘z tad­qiqotchilarini kutayapti. Maz­kur umum­bashariy asar­larni o‘rganish, tadqiq va tarjima qilish tabobat tarixini o‘rganishda katta ahamiyatga egadir.

Mahmud Hasaniy,

tarix fanlari doktori

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.