background
logotype

Naim Karimov. Shahidlar yodi (2008)

O‘z ozodligi, erkinligi, tinch hayoti yo‘lida kurashib, behisob qurbonlar bergan ota-bobolarimiz jasorati tarixiy xotiramizdan hech qachon o‘chmaydi.

Islom Karimov

Tarixiy kun

2000 yilning 12 may kuni. Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Bo‘zsuv yoqasida joylashgan maydon. Prezident Islom Karimov tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilgan “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuining ochilish marosimi.

Yodgorlik atrofi tumonat odam bilan to‘la. Prezident qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmuini ochib, qariyb 150 yil davom etgan mustamlakachilik davrida jafokash xalqimiz boshiga tushgan og‘ir sinovlar, musibatli kunlar to‘g‘risida hayajon bilan so‘zlar ekan, hozir bo‘lganlarning xayolida mudhish davr voqealari birma-bir jonlanar, kim otasini, kim bobosini, kim boshqa bir yaqin qarindoshini ko‘z oldiga keltirar va bu hol ularning ko‘zlaridan marjon bo‘lib to‘kilayotgan ko‘z yoshlaridan ayon bo‘lib turardi. Ana, ramziy sag‘ananing yaqinida turgan mashhur kompozitor Mutal Burhonov. Uning akasi, ikki amakisi va pochchasi Fitrat 37-yilning qurbonlari bo‘lishgan. Agar o‘sha mudhish kunlarda u Moskvaga qochib ketmaganida, o‘zi ham ularning fojiali taqdiriga sherik bo‘lgan bo‘lardi. Mutal Burhonovning yonida Abdulla Qodiriyning qizi Adiba aya, uning yonida Cho‘lponning jiyanlari Rafiqaxon va Hotamjon, ularning yonida esa Bahrom Haydariyning o‘g‘li Najot va boshqalar turishibdi. Ularning hammasi uchun bu kun — ham motam kuni, ham jabrdiyda ajdodlari xotirasining abadiylashtirilayotgan kuni. Shuning uchun ular qalbi va shuurida ikki xil tuyg‘u baravar mavjlanib turibdi.

Ushbu unutilmas kundan roppa-rosa bir yil avval Prezident I.A. Karimovning mustamlakachilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha tarixiy Farmoyishi e’lon qilingan edi. Farmoyish televidenie orqali e’lon qilinishi bilan qatag‘on qurbonlarining oila a’zolari sevinchlarini ichlariga sig‘dira olmay, bir-birlariga qo‘ng‘iroq qilib, tarixiy adolatning tiklana boshlagani bilan tabriklashdi. Ertasiga mazkur masala bilan shug‘ullanuvchi jamoatchilik komissiyasi joylashgan xona ular bilan to‘lib-toshib ketdi. Kuni kecha “xalq dushmanlari”ning qarindosh-urug‘lari bo‘lganligi uchun xo‘rlangan va insoniy huquqlari toptalgan kishilar “oyning yorug‘ o‘n beshi” kelganidan behad baxtli edilar. Qatag‘on davri jabrdiydalari xotirasining e’zozlanishi va abadiylashtirilishiga qaratilgan maqolalar, chiqishlar, intervyular matbuot, radio va televideniening bosh mavzularidan biriga aylandi. Mahalla va tashkilotlarda mudhish davrning achchiq tuzini totgan kishilarga bag‘ishlangan xotira kechalari o‘tkazildi. Suyaklari sobiq ittifoqning sovuq o‘lkalarida qolgan, respublikamizning maxfiy qatlgohlarda otib tashlangan ajdodlarimizni davlat va umumxalq miqyosida yodlash ishlari boshlanib ketdi.

Ochilgan “temir sandiq”lar

Respublika Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 22 iyul kuni qabul qilgan qarori asosida “Shahidlar xotirasi” xayriya jamg‘armasi tuzildi. Jamg‘arma garchand qatag‘on qurbonlarining oila a’zolariga, ayrimlar o‘ylaganidek, moddiy yordam ko‘rsatish yoki ko‘cha va maktablarni ular nomi bilan atash imkoniga ega bo‘lmasa-da, “temir sandiq”lari ochilgan respublikamiz arxivlarida ko‘z nurlari bilan birga ko‘z yoshlarini ham to‘kib, taqdiri nomalum bo‘lib kelayotgan yuzlab kishilarning fojiali hayotiga oid ma’lumotnomalarni yetkazib berdi. Sovet davlatida o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, qatag‘on etilgan shaxs tarixdan butkul o‘chirilar va ularning keyingi taqdiri oila a’zolari uchun qorong‘i bo‘lib qolardi. Shuning uchun ham, avvalo, Yurtboshimiz nomiga, qolaversa, jamg‘arma nomiga quyidagidek xatlar yog‘ilib keldi:

“Mening yoshim oltmish yettida. Otam Inomboy Xolyigitov qassob bo‘lgan... NKVD xodimlari otam yashagan Chortoq tumani Ayqiron qishlog‘idagi uyida tintuv o‘tkazib, uning bor mulikini olib ketishgan. Uy-joyimizni tortib olib, kolxozga berishgan. Men u paytlarda uch yashar bola bo‘lganman. Otamni “sho‘ro hukumatiga qarshi millatchi unsur” sifatida qamoq jazosiga hukm qilishgan... Onamning etagida to‘rt go‘dak, uy-joydan ayrilib, darbadar ko‘chada qolganmiz. Akam, ukam va singlim ochlik va kasallik tufayli o‘lib ketgan.

Keyin onam vafot etdi...” (Shamsiddin Inomov xatidan).

“O‘ttizinchi yillarda nohaq qamalgan va qatag‘onga uchragan kishilar orasida mening otam ham bor. 1937 yilning boshlarida otam Obid Usmonov ukasinikiga borgan vaqtida NKVD xodimlari ushlab, olib ketishgan. Dadamga qanday ayb qo‘yishgan, necha yilga qamashgan va u qachon vafot etgan, buni aniq bilmayman...“ (toshkentlik Matluba Obidova xatidan).

“1937 yilning kuzida otam Mehmonxon Muzaffarovni hibsga olishgan. Uychidagi klubda otam va yana bir necha kishi sud qilingan, hammasiga oliy jazo belgilangan...

Men 1948 yili Toshkentdagi huquqshunoslik bilim yurtiga o‘qishga bordim. Hatto paxta terimiga ham borib keldik. Bir kuni direktor meni qo‘qqisdan o‘z xonasiga chaqirib qoldi. Ichkarida bir necha begona kishilar ham bor ekan. Ular mendan: “Otang qamalganmi?” - deb so‘rashdi. “Ha, lekin keyinchalik oqlangan”, - dedim men. Ular boshqa gap aytishmadi, ketishdi. Shundan so‘ng meni o‘qishdan haydashdi...” (Said Muzaffarovning xatidan).

Bunday xatlarning barchasida otalarining nima uchun qamalgani, qachon va qaerda vafot etgani to‘g‘risida ma’lumot berish va, agar imkon bo‘lsa, suratlarini yuborish so‘ralgan edi.

Bunday xatlarni ko‘z yoshisiz o‘qish qiyin edi. Undan ham qiyini shunday xatlarning egalariga biror ma’lumotnoma topib yuborish uchun tegishli arxivlarda o‘tirib, bekordan-bekorga qamalgan, tuhmatdan iborat so‘roqnomalarga qo‘l qo‘ydirib olish uchun boshiga balo toshlari yog‘dirilgan, otuvga yoki uzoq muddatli jazoga hukm qilingan mahbuslarning ko‘z yoshlari bilan dog‘langan tergov hujjatlarini o‘qish edi. Shunga qaramay, jamg‘armaning Rustam Shamsutdinov, Xolida Ahrorova, Sherali Turdiev, Sirojiddin Ahmedov singari fidoyi faollari sa’y-harakati bilan jabrdiyda vatandoshlarimiz xotirasini abadiylashtiruvchi o‘nlab risola va kitoblar, yuzlab maqolalar e’lon qilindiki, buning uchun kamina sobiq hamkasblarimdan cheksiz minnatdorman.

Uyg‘oq xotira maskani

2001 yilning 1 may kuni Prezident I.A. Karimovning yangi Farmoni e’lon qilindi. Shu qarorga ko‘ra, 31 avgust mamlakatimizda Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni deb belgilandi. Shu yildan boshlab Mustaqillik bayrami arafasida o‘tkazila boshlangan Qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimi xalqimizning milliy an’ana va milliy qadriyatlaridan biriga aylandi. Mazkur Farmonga muvofiq, o‘sha yilning 31 avgust kuni “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi ochildi.

O‘sha vaqtda sobiq sovet respublikalarining birortasida bunday muzey hali tashkil etilmagan edi. Faqatgina Rigada “Latish o‘qchilari” muzeyi qayta qurilib, “Latviyaning bosib olinishi” muzeyi sifatida faoliyat ko‘rsata boshlagan edi, xolos.

Qatag‘on qurbonlarining uylarida qariyb birorta surat, hujjat, kitob va boshqa buyumlar qolmagani, shaxsan ularga tegishli mol-mulk musodara qilingani va yo‘q qilib yuborilgani sababli muzey ekspozitsiyasini yaratish ishlari oson kechmadi. Jamg‘armaga amaliy yordam berib turgan Milliy xavf­sizlik xizmati arxividagi “delo”lar orasida ham, asosan, jabrdiydalarni ayblash maqsadida to‘plangan hujjatlar, musodara qilingan kiyim-bosh hamda mol-mulk ro‘yxatidan tashqari, muzeybop eksponatlar mutlaqo yo‘q edi. Mahbuslarning suratlarini olish ishi esa asosan Toshkentda 1937 yildan boshlabgina joriy etilgan. Har kuni yuzlab kishilar qamoqqa olingan “dolzarb” oylarda esa, suratkash ularning suratlarini olishga jismonan ulgurmagan. Shunday qiyinchiliklarga qaramay, qisqa muddatda muzey eks­pozitsiyasi barpo etildi. XIX asr­ning 60-yillarida O‘rta Osiyoning, jumladan, hozirgi O‘zbekistonning bosib olinishidan to Mustaqillikkacha bo‘lgan davrda ro‘y bergan jabr-zulmlar, milliy-ozodlik harakatlarining shafqatsizlik bilan bostirilishi, Sovet mustabid davlati olib borgan ichki siyo­satning fojiali oqibatlari o‘zining ozmi-ko‘pmi ifodasini topdi. Jamg‘arma faollari olib borgan ilmiy izlanishlarining natijasi sifatida ekspozitsiya yangi materiallar bilan boyitib borildi. Muzeyda o‘tkazilgan turli uchrashuv va suhbatlar ziyoratchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, umri bino bo‘lib hali “qatag‘on” so‘zini eshitmagan, qarindosh-urug‘larining, vatandoshlarining bolsheviklar hukmronlik qilgan davrda Ukraina, Shimoliy Kavkaz va Sibirga, Qozog‘is­ton va O‘zbekistonning kimsasiz dashtlariga surgun qilingani, Solovets orollaridan to Kolimagacha bo‘lgan “mehnat-tuzatuv lagerlari”da azob-uqubat chekkanini bilmagan yoshlar hayratga tushdilar. Muzey ularning mustaqillik bilan mustamlakachilik davrlari o‘rtasidagi osmon bilan yerdek farqni ko‘rishlariga, mustaqillik davri qadriyatlari hurmat bilan munosabatda bo‘lishlariga ozmi-ko‘pmi o‘z hissasini qo‘shdi.

Ammo hayot daryosi tinimsiz oqib, kechagi yutuqlar oddiy hodisaga aylanib boradi. Shunday bir sharoitda Prezident I.A. Karimov muzey ishini tamomila qayta qurish g‘oyasini o‘rtaga tashladi. Yurtboshimiz g‘oyasiga ko‘ra, muzeyning torlik qila boshlagan ekspozitsiya zalini kengaytirish, yangi bino qurish, ekspozitsiyani zamonaviy tarix fani va dizayn san’atining so‘nggi yutuqlari asosida qayta yaratish, muzeyni Britaniya muzeyi singari dunyodagi eng mash­hur muzeylar darajasiga ko‘tarish lozim edi. Bu, mustaqillik yillarida mamlakatimiz taraqqiyotida boshlangan yangi davrning talabi edi. Bu ezgu ishlar shaxsan Yurtboshimiz rahnomoliklarida amalga oshirilmoqda.

Muzeyning ikkinchi hayoti

Mustaqillikning 17 yillik bayrami arafasida Prezident I.A. Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” degan yangi asari maydonga keldi. Bu asarda olg‘a surilgan g‘oyalar markazida garchand kishilarning ma’naviy olami, jamiyatning ma’naviy qiyofasi turgan bo‘lsa-da, unda hozirgi jamiyat uchun muhim hisoblangan barcha muammo va masalalar o‘z tajassumini topgan. Prezident I.A. Karimov ushbu asarida ma’naviyat muammosining barcha qatlamlari va barcha muhim qirralarini nurlantirar ekan, jumladan, bunday deb yozadi:

“Ma’naviyatning yana bir muhim xususiyati odamning ichki dunyosi va irodasini baquvvat, iymon-e’tiqodining butun qilishida yorqin namoyon bo‘ladi.

Uzoqqa bormasdan, xalqimiz o‘z boshidan kechirgan mustamlaka davrini bir ko‘z oldimizga keltiraylik. Qariyb 150 yil davom etgan, tariximizning tom ma’nodagi qora kunlari bo‘lmish o‘sha zamonda bir paytlar o‘zining qudratli davlatchiligi, buyuk farzandlari, yuksak ilmu madaniyati, obod shahar va qishloqlari bilan dunyoni hayratda qoldirgan el-yurtimiz qanday og‘ir mashaqqatlarga duchor bo‘lganini yaxshi bilamiz.

Lekin ana shunday dahshatli davr­da ham har qanday zulm va istibdodga qaramasdan, xalqimiz o‘zini yo‘qotmadi. Tilini va dinini, iymon-e’tiqodini saqlab qoldi. Nohaqlik va zo‘ravonlik hukm­ron bo‘lgan shunday zamonlarda ham yurtimizdan millat va xalq qayg‘usi bilan yashagan haqiqiy vatanparvar insonlar yetishib chiqdi. Xal­qimizning asrlar sinovida yanada kuchayib, toblanib borgan mus­tahkam irodasi, iymon-e’tiqodi nafaqat qadimiy ma’naviyatimiz, balki milliy o‘zligimizni saqlab qolishga asos bo‘ldi”.

Yurtboshimizning mana shu pur­hikmat so‘zlari muzeyning yangi eks­pozitsiyasini yaratishda dasturilamal vazifasini o‘tadi. Muzeyning avvalgi ekspozitsiyasi bir maqsadga — xalqimizning mustamlakachilik yillarida chekkan jabr-jafolarini qatag‘on etilgan vatandoshlarimizning fojiali qismati orqali ko‘rsatishga qaratilgan edi. Bu, o‘z vaqtida to‘g‘ri bo‘lgan. Shunday maqsad bilan yaratilgan ekspozitsiya ma’lum vaqt o‘z vazifasini bajargan. Ammo hozirgi davr jamiyat oldiga va jamiyatning peshqadam kishilari oldiga xalq ma’naviyatini shakllantirishning yangi vazifalarini qo‘ydiki, bu “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga ham to‘la taalluqli. Shuning uchun yangi ekspozitsiyani yaratishdan bu safargi maqsad xalqimizning 150 yillik kishanli yo‘lni, musibat va fojialar davrini bosib o‘tishda o‘z iymon-e’tiqodini, o‘zligini saqlab qololganini aks ettirish bo‘ldi.

Shu maqsadda istilochilik va qirg‘in-qatag‘on davri tarixini aks ettirishda erksevar va hurriyatparvar ajdodlarimizning vatanparvarlik, taraqqiyparvarlik yo‘nalishidagi faoliyatiga, fidoyilik fazilatlarini ko‘rsatishga urg‘u qaratildi.

Qanday ajoyib-a! Tashqarida chor mirshablari har qanday yangilik, hurriyatsevarlik ko‘rinishlarini bo‘g‘ishga shay bo‘lib turgan paytda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy singari xalqimizning buyuk farzandlari yangi maktab, zamonaviy adabiyot, milliy matbuot va teatrga poydevor qo‘yib, ular orqali xalqning mudroq ko‘zlarini ochishga, qalbi va shuuriga Erk, Ozodlik, Milliy Taraqqiyot degan muqaddas va hayotbaxsh g‘oyalarni quyishga intilganlar. “Yosh buxoroliklar” harakatining sarvarlari Fayzulla Xo‘jaev va Fitrat nafaqat chirigan amirlik tuzumini isloh etish, balki xalqni milliy birlik va milliy taraqqiyot yo‘lidan yetaklamoqchi bo‘lganlar. Bu taraqqiyparvarlar o‘zaro birlashib, 1922 yilda yetmish nafar yosh yigit va qizlarni Yevropaning o‘sha paytdagi eng ilg‘or mamlakati – Germaniyaga o‘qishga yuborganlar. Ular niyatiga ko‘ra, shunday yoshlar bir necha yil davomida mustaqil o‘zbek davlatini idora eta biladigan yuqori malakali mutaxassislar bo‘lib yetishishi mumkin edi. Ular xalqning iymon-e’tiqodini, o‘zligini saqlab qolishi yo‘lida jonlarini fido qilganlar.

Shubhasiz, bunday masalalarni faqat ekspozitsiya orqaligina ifodalash mahol. Shuning uchun ham muzeyga tashrif buyuruvchi kishilar, ekspozitsiyadan tashqari, monitor orqali har bir bo‘lim mohiyatini ifodalovchi videofilmni tomosha qiladilar, ekspozitsiyadan olingan tasavvurni boyituvchi multi-media va axborot bazasi bilan tanishadilar. Bundan tashqari, muzeyning uchala zalida namoyish etilgan eksponatlar, suratlar, hujjatlar, xaritalar, buyumlar, maketlar orqali eskpozitsiyada aks ettirilgan tarixiy davr to‘g‘risida to‘la tasavvur hosil qiladilar, har bir bo‘limning mazmun va mohiyatini chuqur anglash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Sir emas, muzeyning yangi ekspozitsiyasini zamonaviy muzeyshunoslik va dizayn talablari asosida tayyorlash maqsadida O‘zbekis­ton Badiiy akademiyasining yetakchi mutaxassislari qator Yevropa mamlakatlariga borib, eng mash­hur muzeylarning tajribalarini o‘rganib keldilar. Viktor Vyatkin boshchiligidagi rassom va dizaynerlar muzeyning badiiy kontseptsiyasini ishlab chiqib, bezak ishlarini amalga oshirdilar. Muzeyni yangi eksponatlar bilan boyitishda Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Fanlar akademiyasi tizimlaridagi muzeylar, shuningdek, Kartografiya inctituti yaqindan yordam berdi. Videorolik va multimedia matreriallarini tayyorlash va muzeyni 100 dan ziyod televizion, hujjatli va badiiy filmlarning DVD-disklari bilan ta’minlashda “O‘zbekkino” aktsiyadorlik agentligi, Teleradio davlat komiteti va Vestminster universitetining xizmatlari ham katta. Muzey ekspozitsiyasini yaratish ishlarida esa Fanlar akademiyasi, Davlat va jamiyat qurilishi akade­miyasi va O‘zbekiston Milliy universitetining yetakchi mutaxassislari faol ishtirok etdilar.

Umid qilamizki, muzeyning 31 avgust kuni ochilajak yangi bino va yangi ekspozitsiyasi ziyoratchilarda, ayniqsa, kelajagimiz me’morlari – yosh avlodda mamnuniyat hissini uyg‘otadi. Ularning yuksak ma’naviyat asoslarini egallashlari, mustabid tuzum davrida jabrlangan ota-bobolarining hayotbaxsh an’analari va eng yaxshi insoniy fazilatlari ruhida tarbiyalanishlariga yordam beradi va Mustaqil O‘zbekistonning porloq kelajagi yo‘lida fidoyilarcha xizmat qilishga undaydi.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.