background
logotype

Ne’mat Arslon. Sanggisopoltosh (2013)

I

Roz aytish uchun suhbatdosh topish mumkin, ammo dardkash topish qiyin. Bugun imkon tug‘ilganda bor dardimni “Yoshlik”ka to‘kib solmoqchiman, “Sanggisopoltosh” shunga ishora. Onam rahmatli so‘zlab bergan ertaklar orasida “Sanggisopoltosh” ham bor edi:

Sanggisopoltosh,
Sen menga yo‘ldosh
Men senga dardim aytayin...

Shu uch misra ertakdagi har bir voqeadan keyin takrorlanib kelardi... Mayli, bu haqda mavridi kelganda so‘zlab berarman. Hozir esa “adabiyotga qanday kirib kelgansiz?” deb so‘rayapsiz mendan. Men adabiyotga kirib kelganim yo‘q. Adabiyot menga kirib kelgan. Bu holat Kortasarning “Bosib olingan uy” hikoyasiga o‘xshaydi. Adabiyot mening vujud uyimni sekin-asta to‘ldirib, quloqlarimga sirli va sehrli so‘zlarni shivirlab, goh yig‘latib va goh kuldirib, ruhim, qalbim va shuurimni (bular vujud uyining xonalari) musaxxar etib, ma’rifat va hayrat vodiysiga tomon yetak­ladi. Hazrat Navoiy aytganlaridek, kimki bu vodiyga kirsa u yerdagi ahvolning ixtilofli ekanini ko‘radi. Bu joy shunday joydirki, uni yuz tuman, ming turli yo‘llar kesib o‘tadi. Ammo ulardan biri ikkinchisiga sira o‘xshamaydi.

Bu vodiyda soch-soqoli oppoq, o‘siq qoshlari os­tida ko‘zlari chaqnab turgan, “Sab’ai sayyor” dagi Faylaqus hakimga monand bir mo‘ysafid o‘tirardi. Yonida charm muqovali kitoblar. Bu mo‘ysafid mening bobom (ona tomondan) Mulla To‘raboy edi.

Hali murakkabliklarga ko‘nikmagan quloqlarimga “Ashraqat min aksi shamsil ka’si anvorul hudo” degan nido keldi. Hech narsa anglamadim, ammo bobomning soqollari uchida titrab turgan tomchi-tomchi yoshdan bildimki, ohangdor bu so‘zlar bobomday odamni yig‘latyaptimi, unda buyuk bir qudrat bor...

O‘shanda chamasi besh-olti yoshlarda edim. Ke­yinchalik Robinzon Kruzoning echki terisidan yasalgan shamsiyasini yopinib kelayotgan kishini ko‘rdim. Bu adabiyot edi. Kimsasiz orol. Yashash uchun kurash, inson matonati, eng muhimi, (o‘shanda men uchun) xavf-xatarga to‘la g‘aroyib hayot. Men Robinzon o‘rnida bo‘lishni juda-juda istardim. Keyinroq g‘amgin qiyofali ritsarga aylandim-qoldim. Yoshimiz o‘rtasidagi farqqa qaramay, Dulsinya Tobosskayaga muhabbat qo‘ydim. Qishlog‘imiz poyidan oqadigan daryo bo‘yiga tushib, Don Kixotning holatiga kirdim. Ya’ni, katta bir xarsangtosh ustiga bir bo‘lak paxtani qo‘yar va oshiq ritsarlarday boshimni “tosh”ga urardim. Men endi mirakilik Ne’mat Arslon emas, lamanchlik Don Kixot edim. Oynaga qarab g‘amgin qiyofada yurishni mashq qilib ko‘rdim. Sevgilim Dulsinya esa qishlog‘imizda yashaydigan mendan 2-3 yosh kichik (nomini yashirin saqlayman) bir qiz.

Ana shunday kayfiyatda yurarkanman, bir ing­liz fuqarosi meni ko‘z ko‘rmagan va quloq etishmagan g‘a­royib mamlakatlar tomon boshlab ketdi. Ulkanlar mamlakatining qizlari g‘oyat sohibjamol edi. Ularning iliqqina kaftlari ustida his etardim o‘zimni va “Gulliverning sayohatlari”da berilgan o‘sha qizlar rasmini soatlab tomosha qilardim. Ha, men aytgan ing­liz fuqarosi – Jonatan Svift haqiqiy sehrgar edi.

II

Keyinchalik adabiyotdan hafsalam pir bo‘ldi. Qo‘limga Ibrohim Rahim, Mirmuhsin, Sunnatilla Anorboev va boshqa bir qator yozuvchilarning asarlari tushib qolgandi. O‘sha davrda adabiyotimizda dovrug‘ taratgan bu ijodkorlarni kamsitish niyatida emasman, shubhasiz, ular ustozlarimiz. “Odam qanday toblandi” tipidagi romanlar juda katta mehnat samarasi. Ammo o‘zim aybdorman. Ko‘pchilik ziyolilarimiz qo‘ldan qo‘ymay o‘qib yuradigan bu asarlar mening g‘ashimni keltirardi. “Yengi ichidan chiqib turgan qo‘llari”, “U o‘zini tebrantirdi” kabi gaplar, qizni go‘zal deb ta’riflashda: “So‘lqillagan yuz”, “bo‘rtib chiqib turgan ko‘z”, “butulkasimon oyoqlari” kabi so‘z va iboralarini o‘qib, dovcha yegan odamday aftim burishadigan bo‘lib qoldi.

Men yana Pushkinga, Lermontovga qaytdim. “Dub­rovskiy”ni, “Vadim”ni o‘qib voqealar, xarakterlarning tiniq, gap qurilishining puxtaligini payqadim. Inson dardining ulug‘ligi va uni ko‘tarish uchun “Sanggisopoltosh” zarurligini o‘ylaydigan bo‘ldim. Ivan Turgenevning “Asya”si, “Arafa”si, “Dvoryanlar uyasi”ni o‘qir va beqiyos latofatli qizlarning umidini puchga chiqargan, ularni sevgan, ammo uylanish mas’uliyatidan qo‘rqib, qizlarni tashlab qochgan rus yigitlari ensamni qotirardi. Men muhabbati rad etilgan o‘sha qizlarning hammasiga yuragimni ochgim, sevgi izhor etgim va ularni baxtli qilgim kelardi. Keyin bilsam, Ivan Turgenevning o‘zi bir farang aktrisasi ishqida uylanmay o‘tgan ekan. Bular hammasi jozibali bir olam edi.

III

Ana shunday holatda “Telba”ga to‘qnash keldim. Ukam Ahmad Arslonga (rahmatli) qarab: Dostoevskiy buyuk daho, dedim. Bilsam, ukam bu general yozuvchi bilan yaxshi tanish ekan. “E, aka, sen “Bratya Karamazov”ni o‘qi” dedi. O‘qidim. Ha, Lev Tolstoy ta’biri bilan aytganda, bu bolta ko‘targan mujik hammasidan zo‘r edi. “Jinoyat va jazo” qahramoni Raskolnikov qotil edi, ammo men bu yigitning jinoyati fosh bo‘lishini istamas, knyaz Mishkin, Alyosha Karamazovlarning esa jamiyatda kulgu bo‘lishiga befarq qarayolmasdim.

Lev Tolstoyni tinmay mutolaa qilishga kirishdim. Annaning muhabbat gulxani oldida Vronskiyning sevgisi ojiz bir sha’m ekanligini ko‘rdim. Anna! Uzun qora baxmal mursaq kiyib yuradigan oq yuzli, qora ko‘z va g‘oyat go‘zal xolacham (onamning singlisi) timsolida Annani ko‘rardim. Bu holat juda taajjublanarli edi. Nazarimda Tolstoy xolachamga qarab Annaning port­retini chizganday.

Adabiyot mening vujud uyimga ana shunday kirib kelgan. Va bu uy hamon uning ixtiyorida. Endi uning bir xonasida Kafka, Folkner, Somerset Moem, Kobo Abe, Kortasar, Borxes yashaydi. Yo‘q, ular juda ko‘pchilik. Kamyu ham bor, Tomas Mann ham, Balzak ham, Herman Hesse ham bor. Uyning shunday ko‘zdan nihon xonalari borki, vaqti-vaqti bilan dilim toshib, yuragim g‘ussaga to‘lib ketganda o‘sha yashirin xonalarga kiraman. Hofiz o‘z tilida, o‘z ovozi bilan shivirlaydi: “G‘azal gufti-yu dur sufti biyoki xush bixo Hofiz. Q-dar nazmi tu afshonad falak andi Surayyoro”. Ulug‘ Sa’diy ham shu yerda. Miyig‘ida kulib turibdi. Abu a’lo al Maariy esa ko‘zi ojizligiga qaramay shunday tikilib qaraydiki, ming yillik devor ortidan do‘stlikni ham, muhabbatni ham, inson zuryodiningboshqa hech kimga ko‘rish nasib etmagan tomonlarini ko‘radi.

IV

Ulug‘lar davrasida eng shafqatsizlaridan bi­ri Shekspir. Dezdemonaning ham, Julettaning ham qo­tili. Qirol Lir, Kleopatra... barchasi uning qo‘lidan o‘lim topgan. Necha asrlardan buyon insoniyat bu qattol shoirni olqishlaydi. Uning teran falsafasidan hayratlanadi. Ana shunday hayrat maqomida yurganimda adabiyotimiz olamida katta shov-shuv ko‘tarildi. Ziyolilarimiz qo‘lida «Otamdan qolgan dalalar» degan kitob. Men ham u kitobni olib varaqlab ko‘rdim. “Men o‘zbek xalqiga haykal qo‘yaman!” deydi Tog‘ay Murod. Mana uning qo‘ygan haykalidan bir bob:

“Yer hansiradi.

G‘o‘zalarim bargi och-och yashil tuslana berdi.

G‘o‘zalarim bargi qo‘ng‘ir-qo‘ng‘ir dog‘ bo‘la berdi.

G‘o‘zalarim bargi burishib-burishib qola berdi.

G‘o‘zalarim ochqadi.

Men g‘o‘zalarimga bosib-bosib azot berdim.

Men g‘o‘zalarimga bosib-bosib fosfor berdim.

Men g‘o‘zalarimga bosib-bosib kaliy berdim”.

(“Otamdan qolgan dalalar”, 143-bet )

Tamom. Mana, butun boshli bir bobni (22-bob) o‘qidingiz. Nima oldingiz?

Aslida Tog‘ay Murodning niyati ulug‘ edi. U adabiyotda Kafka, Jems Joys, Borxes kabi yangilik yaratmoqchi bo‘ldi. Ammo buning uchun nafratning o‘zi yetarli emasligini anglamadi.

V

Mendan yana “Qanday ustozlarning ta’limini olgansiz?” deb so‘raysiz. Javob beraman: mening ustozim – Qo‘rquv. Men atrofimdagi kishilardan qo‘rqib va tortinib yashaganman. Bu holat o‘ylashga, fikr yuritishga majbur qilgan. Fikrlash bu – ulug‘ ish. Inson dunyoni fikr, ya’ni tafakkur vositasida anglaydi. Faqat men aytgan “qo‘rquv”ni qanday tushunmoq kerak? Adabiyotga yoki badiiyatga bu “ustoz”ning qanday daxli bor? Javob beraman: mening qalbim, balki ko‘nglim desam to‘g‘riroq bo‘lar – darveshning, g‘arib odamning qalbi edi. Darveshning qalbi esa nozik bo‘ladi. Nozik qalb qo‘pol odamning farosatsizlik bilan aytgan bir og‘iz gapidan qattiq yaralanadi. Va bu jarohat umr bo‘yi bitmasligi mumkin. Men ana shundan qo‘rqardim va jamoadan o‘zimni olib qochar, tajarrudga, ya’ni yolg‘izlikka intilardim. Mana, hozir 73 yoshdamanki, bu holat meni tark etgan emas. “O, homo, fuge” deyman o‘zimga o‘zim va qo‘pollikdan, dilozorlikdan qochaman.

O‘z-o‘zidan ma’lumki, qochgan odam qaergadir yashirinadi va kimdandir najot kutadi. Bunday holatda men yolg‘izlik va tabiat bilan do‘st tutindim. Har ikkalasi ham menga ustozlik qildi. “Oldinda yana tun bor” deb nomlangan ilk kitobim tabiatning tiniq tasvirlaridir. “Kafolat” (hikoya)dagi rangpar va qo‘rqoqqina o‘smir aynan o‘zimga o‘xshaydi. Umuman olganda, barcha asarlarimda o‘zim bor. Yaqinda “Yoshlik”da bosilgan “Tumanli mintaqa”, “Soyada uxlayotgan tole’”, “Yashash huquqi” kabi hikoyalarimning qahramonlari ham – o‘zim. Chunki, boshqalarga nisbatan o‘zimni yaxshiroq bilaman. Yaxshi bilgan narsangni esa yaxshi yozasan. Polyak tadqiqotchisi, yozuvchi Yan Parandovskiy eng qadimgi dunyo shoiri Arxeloxdan tortib to keyingi davr ijodkorlarining hayotigacha qalamga olarkan, shoir-yozuvchilarning shaxsiy hayoti va ijod jarayoniga doir shunday antiqa dalillarni keltiradiki, o‘qib ishonishingni ham, ishonmasligingn ham bilmaysan. Ulug‘ yozuvchilarning biri uydan chiqmay yozish uchun soqolining o‘rtasidan qaychi urib, qaychini deraza­dan pastga uloqtirib yuborsa, boshqa biri miyaga qonni ko‘proq haydash maqsadida oyoqlarini muzli suv to‘ldirilgan tog‘oraga solib yozishga kirishadi. Yana biri boshini karavotdan pastga osiltirgan holatda ijod qiladi. Ularning oilaviy hayoti, ayollarga munosabatida ham aql bovar qilmaydigan voqealar ko‘p. Bularning hammasi ijodkor shaxsini yaxshiroq anglab olishga yordam beradi.

Aytmoqchimanki, mening “Yoshlik”ka yo‘llayotgan bitiklarimda ham bizning “o‘ta namunali” tarzda yoziladigan tarjimai hollarimizdan farq qiladigan va odatdan tashqari holatlar bor. Ammo bularning hammasi adabiyotga va yozuvchi hayotiga daxldor.

VI

Adabiyot – ma’naviyatning bosh bulog‘i. Matematikmi, huquqshunos yoki shifokormi, biolog yoki rassommi, badiiy asar o‘qimas ekan, u yuksak natijalarga erisha olmaydi. Men ba’zi shifokor do‘stlarimizdan: “Siz Ivan Yefrimovning “Tig‘ ustida” romanini o‘qiganmisiz?” deb so‘rab qo‘yaman. Chunki bu soha kishilari uchun minglab turdagi dardlar “simptom”ini bilish, tashxis qo‘yish va behad ko‘p nomdagi dori-darmonlar nomini yodda saqlashning o‘zi kifoya qilmaydi. Bemor shifokorni ko‘rishi bilan “ha, bu odam meni davolay olishga ishonaman” degan tasavvurda bo‘lishi kerak. Ya’ni shifokorning tashqi qiyofasi, so‘zi, ko‘z qarashiyu o‘zini tutishi muhim rol uynaydi. “Tig‘ ustida” (Lezvie britvы)ni o‘qigan shifokor buni anglab oladi. Bunday kitoblar jahon adabiyotida yetarlicha bor. Adabiyotning inson ma’naviyati, uning shakl­lanishi va komillikka erishuvida hozir biz aytgan jihatlar kichik bir zarra, xolos. Modomiki, adabiyot shunday qudratli kuch ekan va ulug‘larimiz ta’riflaganlaridek, atomdan kuchli ekan, uning kuchini o‘tin yorishga sarflamaslik kerak. Va yana shuni ta’kidlashni istardimki, nimani o‘qishni bilish kerak. Chunki, jahon adabiyoti ulkan bir tog‘ bo‘lsa, alohida olib qaraganda kitobxon uning oldida kichik bir chumoli. Tanlab o‘qing!

Chuchuk suv ta’mini totmagan har qush,
Umr bo‘yi tumshug‘in sho‘r suvdan olmas.

Quruq so‘zlar va voqealar yig‘indisidan iborat bo‘lib qolgan, badiiyatdan yiroq “asar”lar sizda yaxshi xislatlar shakllanishiga yordam bermaydi. “Otam­dan qolgan dalalar” yoki “Odam qanday toblandi” tipidagi asarlar adabiyotimizda anchagina. Ijodkor bu yo‘ldan bormasligi kerak. Bunday adabiyotqo‘shiqchiligimizni didimizga urilayotgan to‘qmoqqa, kinochiligimizni “jazavafilm”ga aylantirib qo‘ydi. Juda ko‘p filmlarimiz oilaviy janjal asosiga qurilgan. Jazavaga tushib qichqirayotgan, qo‘lini shop qilgancha o‘dag‘aylayotgan, g‘azabdan ko‘karib-bo‘zarib ketgan qahramonlarning beo‘xshov harakatlarini tomosha qilishdan insoniyat nima oladi?

VII

Endi yozuvchining shaxsi to‘g‘risida ikki og‘iz so‘z. Aslida bu – “ikki og‘iz so‘z”ga sig‘maydigan va katta tadqiqotlarni talab etadigan mavzu. Chunki yozuvchining shaxsi adabiyotning posangisi. Yo‘q, balki uning zalvorli toshi. Nega bir yozuvchining asarini dunyo sevib o‘qiydi, turli mukofotlar bilan taqdirlaydi. Million-million nusxada nashr qiladi-yu, boshqa bir yozuvchining “asar”lari xas-xashakchalik e’tiborga olinmaydi. Buning sabablari ko‘p. O‘z davrida Kafkadek buyuk yozuvchi e’tibor topmadi. Do‘stlari undan biror asarini o‘qib berishni so‘rashar, Kafka o‘qiyturib, do‘stlarining zerikayotganliklarini payqardi. Yozuvchi bu dunyo bilan vidolasharkan, asarlarini yoqib yuborishni vasiyat qildi. Ammo uning asarlaridan diniy maqsadda foydalanishni ko‘zlagan mahrami vaziyatga amal qilmadi. Va nashr ettirdi, natijada uzoq muddat yashirinib yotgan buyuklik Amerikada kashf etildi. Kafka Okeanorti dunyosidan Yevropaga buyuk bo‘lib qaytdi. Yozuvchining barcha asarlari bugungi kitobxonda tushdek tasavvur qoldiradi va ularning barchasida go‘yo Kafkaning o‘zi harakat qiladi. Bu insonning ichki dunyo­siga kirish imkonsiz edi, ayrim tadqiqotchilar unga nisbatan “shisha bilan o‘ralgan odam” iborasini qo‘llaganlar. Kafka asarlarining kuchi ularning sirliligida va qandaydir ko‘zga ko‘rinmas parda bilan to‘sib qo‘yilganligida. Mening nazarimda shunday,bu uning shaxsi qay darajada murakkab bo‘lganligini, “shisha bilan o‘ralgan odam” iborasining to‘g‘riligini tasdiqlaydi.

“Yozuvchi tabiatan solipsistdir” deydi atoqli ingliz yozuvchisi Somerset Moem. Bu ham yozuvchi shaxsiyatining o‘ziga xos qirrasi. Buni qanday tushunmoq kerak? Dunyoda faqat men bor, boshqa hech narsa yo‘q degan mazmunni ifodalovchi bu fikrni hazm qilish yuzakiroq qaragan kishi uchun juda qiyin. Yozuvchi dunyo­da o‘zining “Men”idan boshqa hech narsani ko‘rmasa, qanday qilib asar yozadi degan fikrda bo‘lmaslik kerak. Mening nazarimda, Somerset Moem birinchidan, yozuvchining ijod stolida o‘tirgan damlarini nazarda tutayotgan bo‘lsa, undan keyin, ijodkorning ichki dunyosiga ishora qilmoqda. Insonning ichki dun­yosiga uning o‘zidan boshqa kim ham sayr eta olardi?! O‘zining ichki dunyosiga sho‘ng‘igan kishining ko‘ziga tashqi dunyo unsurlari ko‘rinmaydi. Menimcha, ana shu jihatdan yozuvchining o‘zi bilan o‘zi tanho qolishi Bahovuddin Naqshbandiyning “xilvat dar anjuman” degan o‘gitlariga to‘g‘ri keladi.

VIII

“Ichki dunyo” deganimiz nima o‘zi? Bu insonning butun umr davomida tashqi dunyodan olgan taassurotlari saqlanayotgan yashirin olam. Bu olam qanchalik boy va rangin bo‘lsa, unda sayr qilish ham shunchalik maroqli va huzurbaxshdir. Bu tiriklik olami o‘zining bor tashvish-taraddudlari yoki shu yo‘lda harakat qilayotgan jonzotlari bilan yaxlit bir anjuman. Anjuman esa munozaralar, mulohazalar, ziddiyatlar, g‘ala-g‘ovurlarsiz bo‘lmaydi. Ijodkorning ana shu anjumanda o‘z ichki dunyosi bilan bo‘lishi solipsistlikdir. Nazarimda Somerset Moem Naqshbandiyning “xilvat dar anjuman”, “safar dar vatan”degan ta’limotlariga ishora qilayotganday.

Muxtasar qilib aytganda, yozuvchining shaxsiyati uning ichki dunyosida mavjud. Ana shu ichki dunyo boylik­lari va go‘zalliklari, so‘zlar va tuyg‘ular vositasida tasvirlarga yo‘g‘rilib, badiiy asar sifatida dunyoga keladi. Demak, yaratilajak asarning qay darajada bo‘lishi yozuvchining ichki dunyosi va shaxsiyatiga bog‘liq. "Mening nazarimda, – deydi Somerset Moem yana, – san’atda eng qizig‘i, san’atkorning shaxsidir. Va agar u o‘ziga xos (original) bo‘lsa, bunday ijodkorning minglab xatosini kechirishga tayyorman”.

Yaxshi asar – g‘amning va dardning mahsuli. Dilida xalqning g‘ami, insoniyat dardi bo‘lmagan ijodkor yengil ijodkor, uning vazni tosh bosmaydi va uning yaratgan asari ham – xashakdek salmoqsiz, yengil bo‘ladi. “Lisonut tayr”da shunday parcha bor:

“...Yo‘lda g‘amsiz kishini kishi deb atamaydilar. Mardlar g‘amginlikdan shod bo‘ladi, bu xil tutqunlik ular uchun ozodlik bilan teng. Mashaqqat ostida yotgan bu jahon boshdan oyoq g‘am manzilidir, unda har bir toifadagi kishi biron-bir g‘amga mubtalodir. Olam ahli ko‘nglida g‘ami bo‘lsa, muhimi odamlar g‘amidir. Ammo ahli yaqinlar yo‘l g‘amidan doimo hozir bo‘ladilar. Agar kishilarga avvalgi g‘am, ya’ni olam g‘ami man etilgan bo‘lsa, odamiylik uchun keyingi g‘am – odam g‘amini yeyish maqsadga muvofiqdir”.

Ammo g‘am ham Eynshteynning nisbiylik nazariyasiga bo‘ysunadi. Ya’nikim, g‘am ham nisbiy. Birovniki og‘ir, boshqa birovniki nisbatan yengil. G‘am yukining eng zalvorli ulushi shoir va yozuvchilar zimmasida. Buyuk asarlar asosini insoniyatning g‘ami tashkil etadi.

Qorong‘udir kecha, qo‘rqinchli mavj,
                              dahshatlidir girdob,
Ne bilsin holimizni chetda
                              turgan yuki yengillar.

Hofiz Sheroziyning ushbu misralaridan ham ang­lashiladiki, ijod ahlining yuki boshqalarnikidan og‘ir.

IX

Yozuvchi va jamiyat. Bu to‘g‘ridagi savolingiz ancha murakkab tahlilni talab qiladi. Yozuvchi jamiyatning tarbiyachisidir. Ulug‘ Lev Tolstoyning 10 mingta xat yozgani bizga ma’lum. Xalq podshodan ko‘ra ko‘proq Tolstoyga murojaat qilardi. Xatlar esa yozuvchi bilan jamiyatni bog‘lab turuvchi ko‘prik vazifasini o‘tardi, deyish mumkin. Masalan, bir ayol Tolstoyga xat yozib, “ikkita o‘g‘lim islom dinini qabul qilmoqchi, siz qanday maslahat berasiz?", deb so‘raydi. Yozuvchi bunga javoban dinlar, jumladan islom dini to‘g‘risidagi kitoblarni o‘qib chiqqanligi, shunga ko‘ra islom dini nisbatan yosh va ishonchli ekanligini aytib, bu dinni qabul qiluvchilarni tabriklaydi.

10 mingta xat. Agar har bir xat o‘rtacha bir va­raqdan bo‘lganda ham 10-15 tom kitob degani. Xatlarning aksariyati esa dehqonlarga, ziyolilarga, yozuvchilarga yozilgan bo‘lardi. Demak, Tolstoy jamiyat bilan mustahkam aloqada edi. Bizning qaysi yozuvchimiz birorta fermerga, xususiy tadbirkorga yoki ziyoliga xat yo‘llagan? Shaxsan men matbuotda bunday maktubni o‘qiganim yo‘q.

Xat – adabiy janr. Yozuvchining bitta maktubi uning shaxsiyatini va ijodining tilsimli eshigini ochishda kalit vazifasini o‘tashi mumkin. Odatda xalq yozuvchi shaxsini juda ulug‘laydi. Uni inson sifatida, ijodkor sifatida, oila boshlig‘i sifatida tushunib olishga qiziqadi. Adabiyotimizdagi tarjimai hollar esa o‘ta an’anaviy, rasmiy va shu bois ham zerikarli.

X

O‘zbek nasrining hozirgi ahvoli to‘g‘risida mendan so‘ramaganingiz ma’qul. Chunki men uni yaxshi bilmayman. Bir paytlar Temur Po‘latovning asarlarini o‘qib turardim. Xususan, bu yozuvchining “Toroziy toshbaqasi” romani modernizmning anchayin yetuk namunasi edi. Olim Otaxonov, Nazar Eshonqulning hikoyalarini sevib va hayratlanib o‘qiganman. Xayrullo degan yosh yigit juda original hikoya va qissalar yoza boshlagan edi. Sobir O‘nar hikoyalarida milliy kolorit haddan ortiq bo‘rtib ko‘rinib turadi, mening nazarimda. Ammo uning keyingi hikoyalaridan biri menga juda yoqdi. “Safura xolamning siri” deb nomlangan hikoyasida o‘z o‘limining qachon, qaysi kunda ro‘y berishini bilib yashagan qizning ruhiy holati, ma’yuslik va qandaydir ko‘zga ko‘rinmas kuchning ta’sirini yaqqol his etasiz. Murod Muhammad Do‘st, Xurshid Do‘stmuhammad, Erkin A’zam, Halima Ahmad, Luqmon Bo‘rixon, Xayriddin Sultonov, Isajon Sulton kabi iste’dod egalari bor adabiyotimizda. Ammo shunga qaramay, o‘zini butun vujudi bilan adabiyotga bag‘ishlagan ijodkor yo‘q. Xushi kelganda yozish, bo‘lmasa ro‘zg‘or tashvishlari bilan band bo‘lib yashash – Chingiz Aytmatovlarni bermaydi.

Men adabiyotimizda o‘zimizning Xamsunlarimiz, Strindberg yoki Mahfuzlarimiz, Kamyu yoki Kortasarlarimiz bo‘lishini orzu qilaman. Kitob do‘konlari va kutubxonalardan Yaponiya va Janubiy Amerika yozuvchilarining asarlarini izlayman. Nima uchun Kobo Abe “Dunyoni ko‘rmoqchi bo‘lsang o‘z uyingning devorlariga qara” deydi-yu, nega Akutagava “Inson umri Bodlerning bir satriga arzimaydi ” deydi? “Qumdagi xotin” yoki “Yashik odam”da qanday jozib kuch borki, bu asarlarni qayta-qayta o‘qigingiz keladi. Kobo Abe va boshqa yapon yozuvchilari qanday qilib bu darajaga erishdilar? Ruslarning “Kozma Prutkov”ida “Ildiziga qara” degan da’vat bor. Yapon adabiyotining ildiziga nazar tashlasak, jumladan bundan ming yil avval ijod qilgan Murasaki Sikibu, Sey-Syonagan singari ayol yozuvchilarni ko‘ramiz. Ular yaratgan proza to hanuz yapon adabiyotiga qo‘r berib turadi. Ammo kunchiqar mamlakati yozuvchilari faqat ana shu “qo‘r”dan harorat olish bilan cheklanib qolganlarida ehtimol bu darajaga erishmagan bo‘lardilar. Ular, yapon klassik prozasi bilan Yevropa adabiyoti an’analari, tasvir usullarini omuxta qilib, yangi tipdagi adabiyot yaratishga muvaffaq bo‘ldilar. Tomas Manning “Buddenbroklar” romani ham jahon adabiyotining ana shunday analizi va sentizi mahsuli deyish mumkin.

XI

Yozuvchi qanday shakllanadi?

Avvalo shuni aytish joizki, har qanday yozuvchi o‘z bolaligining mahsuli. Aytmoqchimanki, u bolalik dunyosidan o‘sib chiqadi. Biz ulg‘aygan sari tabiatdan yiroqlasha boramiz. Ona mushukning dumini o‘ynayotgan mushuk bolasi yoki kuchukchamizning sho‘x­liklari endi bizning bolaligimizdagi qi­ziqishimiz va zavqimizga sabab bo‘lolmaydi. Biz endi uni beparvo kuzatib, ro‘zg‘orni, bola-chaqani, ishimizni ko‘proq o‘ylaymiz.

...Tabiatdan yiroqlashgan odam esa yaxshi narsa yoza olmaydi. Buning uchun narsalar tabiatini bilish kerak. Yozuvchilarimizdan birining it haqidagi hikoyasida mutlaqo yolg‘on, itga nisbatan tuhmatni ko‘rasiz. Go‘yoki it olov yonib turgan o‘choq oldiga kelib qaynab turgan qozondan go‘shtni olib yegan emish. Bu yozuvchining jonivorlar hayotini kuzatmasligi, ularning tabiatini bilmasligidir. Barcha jonzot olovdan qo‘rqadi. Bu oddiy haqiqat. Itning qaynab turgan qozondan go‘shtni olib yeyishi jonivorlar tabiatiga xos emas. Balki yozuvchi Jek London, Seton-Tomson kabi yozuvchilar, yo bo‘lmasa Jereld Darrel singari tadqiqotchi-tabiatshunoslarning asarlarini o‘qib “men ham yozay” degandir, ammo o‘zida bo‘lmagach nima qilsin.

Inson ulg‘ayganda ham to‘plagan hayotiy tajribasi, dunyoqarashi, bilimi, mushohada quvvati bilan bolaligicha qolganda edi... afsuski buning imkoniyati kam. To‘g‘ri, hayotda knyaz Mishkinlar, Alyosha Karamazovlarni goho ko‘rganday bo‘lamiz. Ulug‘ Dostoevskiyning bu qahramonlari ulg‘ayganda ham bola qalbi bilan qolgan kishilardir. Yozuvchida katta hayotiy tajriba bilan birga bola qalbi, bola nigohi, bolalarcha dunyoqarash, ta’sirchanlik, hayrat bo‘lishi zarur.

XII

Modomiki ushbu bitiklar “Adib xonadonida” rukni ostida berilayotgan ekan, gapni shu mavzu o‘zaniga burishga burchliman. Bugungacha kitobxonga nimaiki bergan bo‘lsam, u bolalik dunyosining mahsulidir. Bolaligim qo‘rquv, hayrat, haddan ortiq ta’sirchanlik iskanjasida edi. Boshqa bolalar, tengdoshlarim e’tibor ham bermaydigan voqealar mening shuurimga dard bilan, og‘riq bilan, iztirob bilan bostirib kirar va men bundan uzoq vaqt ta’sirlanib yurardim.

...1947 yilning qishi. Qatag‘on degan qishloqda ariq bo‘yida xarobgina maktabimiz bo‘lardi. Egni-boshimiz yupun. Ertalabdan yog‘a boshlagan qor peshingacha tizza bo‘yi bo‘ldi. Oyog‘imda eskigina kalish, egnimda qiz bolalar kiyadigan yakkaqat baxmal nimcha. Men bu libosim bilan maktabda birinchi darajali olifta edim. Chunki ko‘pgina tengdoshlarim kech kuzda ham maktabga oyoqyalang kelardilar. To‘rt soat o‘qib tashqariga chiqsak, tizza bo‘yi qor. Hech kim shodlanmadi. Hamma uy-uyiga tarqaldi. Qatag‘ondan Xo‘jaqishloqqa tomon qor kechib yo‘lga tushdim. Dastlabki qadamlardanoq kalishim qorga to‘ldi. Izzillab yig‘lagancha qorni yorib ketib borardim. Uyimiz eshigidan arang ichkariga kirdim. Qo‘l-oyog‘im karaxt bo‘lib qolgandi. Uyga kirdim-u, butunlay bo‘lak odamga aylandim. Mening toki bugungacha, mana shu satrlarni yozayotgan lahzalargacha bo‘lgan hayotim, qanday odam bo‘lib shakllanganim, ijodkorligim, qalbim xonadonimizning o‘sha ondagi holatiga daxldor. Nima bo‘lgan edi o‘shanda? Hali hech narsadan xiralashmagan qalbim oynasiga – balki oppoq varaqlariga desam to‘g‘riroq bo‘lar – keyingi butun hayotim mazmunini belgilovchi ilk taassurotlar yozildi, stol ustida ko‘zi qip-qizil bo‘lib cho‘g‘lanib turgan “jonzot”, sohir bir ohang, unga quloq tutgancha choy ichayotgan onamning mahzun holati...

“Kimga qildim bir vafo yuz jafosin ko‘r­ma­dim”. Saodat Qobulova kuylayotgan bu qo‘shiq Navoiy g‘azaliga yozilgan romans edi. Onam yig‘lardilar. Mening abgor holatim u kishining e’tiborlarini tortganday bo‘ldi. “Kir-kir, sandalga kir” dedilar-u, meni unutdilar. Men ham yig‘lardim, meni muzlagan tirnoqlarimning lovullab “yonishi”, sohir ohang va undagi mungning ulug‘ligi, simfoniyaning ulug‘vor kuchi, onamning holati yig‘latardi. Stol ustidagi “jonzot” esa “Rodina-47” radiopriyomnigi edi. Ana shu ta’sir tufayli men o‘zimizning mumtoz kuy-qo‘shiqlarimiz, maqomlarimizsiz hayot bo‘lishi mumkin emas degan xulosa bilan yashardim. Keyinchalik mendagi bir holatni – qo‘shiq eshitganda yashirincha ko‘z yoshi to‘kishimni onam boshqa bir voqea bilan bog‘ladilar. Go‘daklik paytimda, 1941 yil bo‘lsa kerak, Mulla To‘ychi Toshmuhammedov boshimni silagan ekanlar. O‘shanda yoz yoki kuz pallasi bu ulug‘ hofiz ikkita mug‘anniylari bilan birga kelib, Shahrisabz tumanining Ulach qishlog‘ida kontsert berganlar. Dalada xonanda uchun bittagina stol qo‘yilgan bo‘lgan. U kishi choydan har zamon ho‘plab qo‘yib qo‘shiq aytarkanlar. Onam meni bag‘rilariga bosgancha oldingi qatorda o‘tirganlar.

Mulla To‘ychi qo‘shiq aytgancha kelib mening boshimga bir dam kaftlarini qo‘yib turganlar, keyin peshonamni, sochimni silaganlar. Ammo men qo‘shiqchi bo‘lmadim. Qo‘shiqlarimizga bir umr qul bo‘lib qoldim. Kuy-qo‘shiqlar menga inson dardining ulug‘ligini ang­latdi. Shuning uchun ham bugungi “tingira-tingir”lar, mazmunan bachkana va sayoz qo‘shiqlar didimizga to‘qmoq bo‘lib urilayotganidan iztirobdaman.

XIII

Mening yozuvchiligim bolalikdan boshlangan edi, ammo u ancha kech – yigirma besh-o‘ttiz yoshlarimdan keyin yuzaga chiqdi. “Osmonni kim ko‘tarib turadi” degan hikoyamni yozib uni qaerga va kimga jo‘natishni o‘ylab qoldim: kim mening qalbimga yaqin? Kim mening hissiyotlarimni to‘g‘ri tushunadi? O‘sha paytlar Dostoevskiyni ko‘p o‘qirdim. Shu bois hikoyani Dos­toevskiy asarlarining mohir tarjimoni Ibrohim G‘afurovga yo‘lladim. Dostoevskiy tufayli qalbimiz bir-biriga yaqin deb o‘ylardim. Yanglishmagan ekanman. Hikoyam “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”da bosildi. Keyin “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallari menga xat yo‘llaydigan va “yaxshi” hikoyalardan yuborishimni so‘raydigan bo‘lishdi. Ibrohim G‘afurov “Kafolat” deb nomlangan hikoyamga so‘zboshi yozib, meni “Shahrisabz bulog‘ining yoqtisi” deb atadi. Sobir O‘nar “Sinov” degan hikoyamni o‘qib, “Yaxshi hikoya Shahrisabzda yoziladi” degan maqola berdi. Professor Sanjar Sodiq “Mavhumot” romanim to‘g‘risida yaxshi tahliliy maqola e’lon qildi.

Men bu paytda uylangan edim. Kunduzi Shahrisabz tumanining “Kesh” (avvalgi “Kommunizm bayrog‘i”) gazetasida ishlar, tunlari ijod stolida o‘tirib hikoyalar yozardim. Xotinim Tanzila Sodiqova (qizlik familiyasi) yozuv mashinkamning chiqir-chiqiriga quloq solib o‘tirar, hikoyaning “tandirdan pishib chiqish”ini kutar va tomog‘imga qarashib turardi. Shu jihatdan olganda u ham “hammuallif” edi. Yillar o‘tib hamqalamim ijod jarayonida chuqurroq aralashadigan bo‘ldi. Ba’zi hikoyalarim, xususan “Enaga” va “Ayol suvratiga chizgilar” uning so‘zlab bergan voqealari asosida dunyoga keldi.

Ayol – insoniyatning buyuk g‘amxo‘ri. Men ayol ha­qidagi ba’zi faylasuflarning fikrlarini rad qildim. Xususan, Shopenhauerning ayollar to‘g‘­ri­si­dagi fikrlarini unchalik ma’qul ko‘rmadim. Ayolni va muhabbatni Abu A’lo al Maariyning g‘azabidan saqlagim keladi. “Ayolga shafqat qiling” deyman. Chunki ayoldagi mehr ham, g‘iybatga o‘chlik va boshqa qusurlar ham erkaklar tufaylidir. Ammo hozir bu haqda fikr bildirishning o‘rni emas. Jurnalxonlar meni to‘g‘ri tushunsalar bas.

Biz hayotni o‘rganamiz, kashfiyotlar qilamiz. Kos­­mosni tadqiq etamiz, Marsdan inson izlarini iz­­laymiz. Ammo aytaylik, yangi tug‘ilgan go‘dakning uy­­qusida kulishini hech birimiz izohlab bera olmaymiz. Yoki inson o‘z yelkasida bir umr ko‘tarib yuradigan bosh chanog‘i ichidagi jarayonni hech qachon tushuntirib bera olmaydi. Miya deb atalgan “bir xalta kulrang “qatiq”ning mo‘‘jizalari cheksiz. Biz yaratadigan san’at asarlari ana shu cheksizlikda tug‘iladi.

Men inson miyasining imkoniyatlaridan hamisha hayratdaman. Uning mexanizmini, ishlash jarayonini anglashga intilaman. “Adam vodiysi” romanimda va “Tumanli mintaqa” deb nomlangan hikoyamda o‘zimcha tadqiqotlar qilganman. “Mavhumot” romanimda ham shunday chizgilar bor. Agar inson miyasida kechayotgan jarayonlarni yozib olish va xuddi bir kitobdek o‘qish imkoni bo‘lganda, eng madaniyatli odamda ham to‘zg‘ib yotgan nojoiz fikrlar to‘fonini ko‘rgan bo‘lardik. Bolalik esa ma’lum darajada bundan mustasno. Mirzo Kenjabek aytganidek:

Bolalar pokligi bilan ulug‘dir,
Soddaligi bilan kattadir bizdan.

Ulug‘ Navoiy asarlari ham bolalik pokligi va soddaligining mahsuli. Xonanishin Alisher ko‘zdan pana joyda o‘tirib olib “Mantiqut tayr” ni mutolaa qilardi. “Xazoyinul maoniy”, “Xamsa” kabi buyuk asarlarni ijod etgan shoir umr bo‘yi o‘sha bolaligida ruhiyatiga o‘rnashib qolgan Farididdin Attor dostoniday asar yozishni orzu qildi va umrining oxirida bunga erishdi. “Lisonut tayr” dunyoga keldi. Bu g‘oyat ulug‘ asar, xususan, undagi “Shayx San’on qissasi”ni jahon adabiyotining noyob durdonalari qatoriga qo‘yish mumkin. Men Homerni ham, Gyoteni, Shekspirni, Abu A’lo al Maarriyni, Danteni ham sevib va hayratlanib o‘qiyman, ammo bu ulug‘lar huzuridan vaqti-vaqti bilan “Lisonut tayr” ga qaytaman.

XIV

Ishq tufayli beliga zunnor bog‘lab cho‘chqa boqib yurgan ulug‘ shayxning abgor holati hamisha ko‘z o‘n­gimda. Muhabbat insonni ne ko‘ylarga solmaydi! U juda qadimiy va hamisha yangi:

Muhabbat o‘zi eski narsa,
Har bir yurak uni yangarta

Tatar shoiri Toqtosh juda to‘g‘ri ta’rif bergan. Har bir qalb uni yangilaydi. O‘z navbatida muhabbat har bir qalbni yangilaydi, bolaligimda bunday jarayonni men ham boshdan kechirganman. Yuragimga ishq qushi uya qo‘yganida 12 yoshda edim... bu holat keyinchalik – Hazrat Navoiy yoshlaridan (60 yoshdan) ancha o‘zib ketganimdan keyin – “Amalgama” degan hikoyamda o‘z aksini topdi. Yozuvchi o‘z bolaligining mahsuli deganimda inchunun, mana shunday holatlarni ham ko‘zda tutganman.

Farzandlarim mening yo‘limdan bormadi deb o‘ksinardim. (Uch qiz, bir o‘g‘lim bor). Bu o‘ksinishning botiniy qavatlarida “Xayriyat!” degan quvonch bor edi. Ammo bu quvonchni o‘zimdan ham yashirardim. Chunki ijodkorlik katta sharaf. Ming yil muqaddam – Abu A’lo al Maariy zamonida yaxshi she’rning har bir misrasi uchun ming dinor qalam haqi to‘langan. Shunga qaramay shoir va umuman ijod ahli hech qaysi zamonda badavlat yashamagan.

Polyak yozuvchisi Yan Parandovskiy qadimgi dunyo shoiri Arxeloxdan tortib to keyingi davrlargacha o‘tgan ijodkorlar orasida faqat ikki kishi – Balzak bilan Valter Skotning boyib ketganligi, biroq pirovard natijada, har ikkalasi ham umrini qashshoqlik bilan tugatganligi to‘g‘risida aniq dalillar keltiradi.

“O‘z kasbi bilan o‘zini va oilasini boqa olmaydigan filologlar va shoirlarga hatto shaytonning ham rahmi keladi”. To‘rt yoshida suvchechak tufayli ko‘zlari ko‘rmay qolgan u ulug‘ inson (al Maariy) haqida yozilgan B.Shidfarning maqolasida ana shunday “so‘z” borki, bu ham polyak yozuvchisining fikrini tasdiqlaydi. Farzandlarim mening izimdan bormaganligi mening “xayriyat”imga sabab bo‘lganidek, o‘ksinishimning ham o‘z sabablari bor. Ammo men “o‘ksinardim” deyapman. Bu so‘zning “o‘ksinaman”dan farqi bor.

Yaqinda Fayoza qizim “Uyidan bosh olib ketgan xo‘tik” degan hikoya yozibdi. Menga juda ma’qul bo‘ldi. Qizimning bu sohada iqtidori borligi uchun ich-ichim­dan quvondim.

Chunki, "farzandlaringiz orasida sizning kasbingizni tanlashganlari ham bormi?” deb so‘rab qo­­lishadi, uchrashuvlarda, gap bunda emas, inson ijod qilayaptimi – bu hol chindan go‘zal. Shu yil oktyabr oyi­da esa nevaram (Fayoza qizimning qizi) Madina Cha­qilovaning “Ishonch” degan shiringina “shox-bu­toq­lik” hikoyasi “Adolat kuchi” gazetasida bosildi.

So‘z avvalida sanggisopoltosh haqida gapirgan edim. Bu rahmatli onamning ertagi. Ko‘p ertak aytardilar. Bir safar nomma-nom yozib ro‘yxat qilsam 400 ga yaqin ekan. Keyinchalik men shu nomda bir hikoya yozdim. Unda ortiqcha voqealar yo‘q. Hikoyada bir odam Qora dengiz bo‘yidagi sanatoriylardan birida bo‘lib o‘tgan sevgi mojarolarini boshqa bir kishiga, ya’ni birga bo‘lgan ayolning eriga gapirib beradi. Aslida Yoqutxonning eri Zarif bo‘lib o‘tgan voqealardan qisman xabardor edi. Xotinining ortidan odam qo‘ygan va uning Xonsevar ismli doktor bilan muloqotda bo‘lib yurganini eshitgan va Xonsevarni izlab kelgan, u bilan do‘stlashgan, hamda voqeaning bor tafsilotini Xonsevarning o‘zidan eshitgandi...

Men hikoya mazmunini so‘zlab bermoqchi emasman. Gap hikoyani nomlaydigan tosh. Bu hikoyada qadimgi yunon afsonalaridagi Pigmalionning yog‘ochdan bir haykal yasab, uni sevib qolishi bilan bog‘liq voqea ingliz yozuvchisi Bernard Shou yozgan “Pigmalion” voqealariga tutash. Birida Pigmalion yog‘ochdan yasal­gan haykalga jon ato etishni Xudodan so‘raydi va haykal jonlanadi. B. Shouda esa ikki tilshunos olim bir gul sotuvchi qizning nihoyatda g‘aliz va qo‘pol lahjada gapirishidan ajablanib, uni tarbiyalamoqchi, madaniyatli va to‘g‘ri gapirishga o‘rgatmoqchi bo‘ladilar hamda pirovard natijada (agar yanglishmasam) uni sevib qoladilar. B.Shou nazarida qiz Pigmalion yasagan haykal – Galateyaga ishora edi.

“Sanggisopoltosh”da ham ertak voqeasi yo‘q. Faqat shunga ishora bor. Yoqutxon uchun Xonsevar sanggisopoltosh rolini o‘ynaydi. Ayol bor dardini unga to‘kib soladi, ammo ular o‘rtasidagi munosabat “bokira” edi. Sof insoniy tuyg‘ular edi.

“Ba’zi erkaklarning ko‘ngli toshday qattiq. Bundaylarga dardingni aytgandan ko‘ra toshga so‘zlaganing ma’qul. Siz esa butunlay boshqachasiz, mayli endi buyog‘ini ham eshiting” deydi Yoqutxon va Xonsevarga boshidan o‘tgan dardu alamlarni so‘zlab beradi. Bu hikoyaning ertak bilan bog‘liq tomoni shuki, taqdiriga o‘lik podsho yozilgan qiz boshidan o‘tgan voqealarni so‘zlab berishga dardkash topolmay, sanggisopoltoshga aytadi.

Sanggisopoltosh,
Sen menga yo‘ldosh,
Men senga dardim aytayin...

Mening sanggisopoltoshim – qog‘oz. Men bor dardimni unga aytaman...

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 12-son.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.