background
logotype

Saidrasul Sanginov. Faktlarga tayanib ish ko‘rgan afzal (2011)

Yaqinda ommaviy axborot vositalarida BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (YUNEP) vakilining bayonoti e’lon qilindi. Unda "Tojikistondagi alyuminiy zavodi daryoning quyi oqimida joylashgan hududlar, ayniqsa, O‘zbekiston uchun jiddiy muammolar tug‘dirayotgani" qayd etildi. Bu O‘zbekistonning janubiy hududida yuzaga kelgan vaziyatga berilgan xolisona bahodir.

Biroq, ushbu bayonot "Tojikiston alyuminiy kompaniyasi" davlat unitar korxonasi (TALKO) vakillariga qattiq ta’sir qilgan ko‘rinadi. "TALKO" vakili Igor Satarov YUNEPning transchegaraviy hududlarning ifloslanayotgani borasidagi tashvishiga qo‘shilish va aniq dalillarga asoslanish o‘rniga, ochiqchasiga siyosiy safsatabozlikka berilib, "Ozodlik" radiosining tojik xizmatiga shunday deydi: "Ekologiya mavzusidan siyosiy bosim vositasi sifatida foydalanish amaliyoti keng tarqalgan. Bu texnologiya avvaldan, xalqaro miqyosda ayrim kompaniyalarga ham, davlatlarga ham qarshi qo‘llab kelinadi... Muammolarga kelsak, bu yerda ehtimol, go‘yo Tojikiston alyuminiy zavodi tomonidan daryoning quyi oqimida joylashgan hududlarga, ayniqsa, O‘zbekistonga yetkazilayotgan ekologik zarar masalasi nazarda tutilmoqda. Bu borada Tojikiston tomoni qo‘shni davlatni o‘zbekistonlik va xalqaro ekologlar ishtirokida Tojikiston hamda qo‘shni mamlakat hududidagi atrof-muhitni birgalikda tahlil qilish uchun bir necha bor taklif qilgan, ammo O‘zbekiston tomoni doimo buni rad etib kelgan".

Ta’kidlamoq lozimki, O‘zbekiston tomoni, aksincha, har doim alyuminiy ishlab chiqarish natijasida atmosferaga chiqarilayotgan zaharli moddalarning atrof-muhitga, aholi salomatligi hamda genofondiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganidan o‘z tashvishini bildirib keladi. 1994 yilning 17­ noya­b­­rida Toshkentda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida Tursunzoda shahridagi alyuminiy zavodi faoliyati salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan hududlardagi ekologik ahvolni yaxshilash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi. Afsuski, bitimda ko‘zda tutilgan qator tadbirlar aynan Tojikiston tomonidan haligacha bajarilmay kelinmoqda.

YUNEP vakillari boshqa xalq­aro ekspertlar bilan birga joylarda bo‘lib, ekologik vaziyat va aniq faktlar bilan shaxsan tanishdi hamda alyuminiy zavodi sanoat faoliyatining oqibatlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.

Bu boradagi faktlar shundan dalolat beradiki, korxona atmosferaga qariyb 22 ming tonna zaharli moddalarni , shu jumladan, odamlar salomatligi va atrof-muhit uchun o‘ta xavfli hamda zararli 120 tonna ftorli vodorod chiqarmoqda.

Bu ma’lumotlar jamoatchilikka yaxshi ma’lum. Ushbu fakt­lar O‘zbekiston, Tojikiston va boshqa xorijiy mamlakatlarning ko‘plab rasmiy nashrlarida (shu jumladan, "TALKO" davlat unitar korxonasi chiqarayotgan zaharli moddalarning O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatidagi ayrim tumanlar aholisi hamda atrof-muhitiga transchegaraviy ta’siri" (Toshkent, 2010), "Forum Inter­national" (Italiya, 2010, № 23-20) chop etilgan, Tojikiston Respublikasi Atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi axborotlarida (2005 yil 6 oktyabr, № 853/1) qayd etilgan, shuningdek, REGNUM (12.07.11), Econew.ru (12.07.11) va boshqa axborot agentliklarining veb-saytlarida e’lon qilingan.

Atmosferaga chiqarilayotgan mazkur zaharli moddalarning asosiy qismi shamol ta’sirida 18-19 soat ichida O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatidagi 600 mingdan ortiq aholi yashaydigan Sariosiyo, Uzun, Denov, Oltinsoy, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on tumanlari hududiga tar­qaladi.

Ekolog olimlar va mutaxassislar tomonidan ushbu hudud atrof-muhitida ftoridlarning to‘planishi tufayli hayvonot va nabotot olamining tanazzulga uchrashi, sintez va minerallashuv jarayonlari muvozanatining buzilishi, mutatsiyaning paydo bo‘lishiga olib kelishi isbotlangan. Ftorli birikmalar aholi o‘rtasida flyuoroz kasalligining tarqalishiga, suyak-mushak, nafas olish va endokrin tizimlarining nonormal rivojlanishiga sabab bo‘lmoqda. Bu hududda chaqaloqlarning tug‘ma nuqsonlar bilan dunyoga kelishi tobora ko‘paymoqda.

Korxona ta’sir doirasidagi hududda yildan-yilga turli kasalliklarning, muddatidan oldin tug‘ish va homila tushib qolishi, tug‘ma majruhlik va o‘lik tug‘ilish holatlari ko‘payib borayotgani, ayniqsa, jiddiy tashvish uyg‘otadi.

Tojikiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Profilaktika tibbiyoti ilmiy-tadqiqot instituti ma’lumotlarida ham Tursunzoda tumanida karies, parodontoz va flyuoroz kasalliklariga chalinish yuqori darajada ekani qayd etilgan. Bolalarda flyuoroz kasalligining tar­qalish darajasi aholi punktining zavoddan qanchalik uzoqdaligiga qarab 45 foizgacha yetmoqda.

Alyuminiy olish jarayonida ftorli vodoroddan tashqari, katta miqdorda zaharli gazlar — oltingugurt dioksidi va karbonat angidrid gazi ajralib chiqadi. Bunday gazlar odamda yiringli bronxit, o‘pkaning surunkali shamollashi, bosh aylanishi, migren, bosh og‘rig‘i, qon bosimi oshishi kabi xastaliklarga olib keladi. Ushbu zaharli chiqindilar bo‘lajak onalarning reproduktiv funktsiyalariga, ayniqsa, xavfli ta’sir ko‘rsatadi.

Birlamchi alyuminiy ishlab chiqarish hajmini rejalashtirilayotgan 517 ming tonnaga yetkazish oqibatida atmosferaga chiqarilayotgan zaharli moddalar miqdori ham yiliga 35-40 foiz oshishi, bu esa mintaqadagi ekologik vaziyatni yanada yomonlashtirishini "Tojikiston alyuminiy kompaniyasi" davlat unitar korxonasi rahbarlari nahotki bilmasa?

Bundan tashqari, ushbu mintaqaning atmosferada ifloslantiruvchi moddalar to‘planishiga sabab bo‘layotgan tabiiy sharoiti ham vaziyatni og‘irlashtirmoqda. Ayniqsa, yoz mavsumida ftorli vodorodning bir marta maksimal darajada to‘planishi ruxsat etilgan kontsentratsiya miqdoridan 1,5-4,5 baravargacha oshadi. Yerning ust­ki qismida joylashgan suvlarda alyuminiy birikmalarining suvda eriydigan formalari miqdori 5 baravar oshishi aniqlangan. Xo‘sh, bu borada yana qanday dalil va isbotlar kerak?!

"TALKO" vakillari yana bir dalil — qator bosma va elek­tron ommaviy axborot vositalarida Tojikistonda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 50 foizdan ortig‘i mazkur kompaniyaga yetkazib berilayotgani, hatto qish mavsumida mamlakatdagi shifoxonalar, maktablar va bolalar bog‘chalari elektr tokidan uzib qo‘yilsa-da, aynan "TALKO" elektr energiyasini uzluksiz ravishda olayotgani haqida e’lon qilingan dalil-isbotlardan ham yaxshi xabardor bo‘lishlari kerak.

Siyosiy safsatabozlik bilan niqoblangan holda, jamoatchilikdan, eng avvalo, o‘z xal­qi­­dan rad etib bo‘lmaydigan bunday dalillarni yashirishga urinish, beozor qilib aytganda, ikkiyuzlamachilikdan bosh­qa narsa emas.

O‘zbekiston ekologlari ko‘p yillardan buyon Surxondaryo viloyati hududining Tojikiston alyuminiy zavodi tomonidan ifloslantirilayotgani haqidagi muammoni hal etish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rish zarurligi to‘g‘risidagi masalani o‘rtaga tashlab kelmoqda. O‘zbekiston Ekologik harakati Surxondaryo viloyati jamoatchiligi bilan birgalikda "Tojikiston alyuminiy kompaniyasi" davlat unitar korxonasidan hudud atrof-muhiti va aholisi salomatligiga ko‘p yillardan buyon yetkazib kelinayotgan zararni qoplash to‘g‘risida xalqaro sudlarga da’vo arizalarini tayyorlamoqda. Zero, xalqaro konvensiyalarga muvofiq, ushbu korxona ham O‘zbekiston, ham Tojikiston aholisiga yetkazilgan zararni qoplashga majburdir.

Saidrasul Sanginov,

O‘zbekiston Ekologik harakati Markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi a’zosi, professor

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.