background
logotype

Saydi Umirov. Badiiy publitsistika (2012 yil tahlili) (2013)

Men “Tafakkur”, “Sharq yulduzi”, “Jahon adabiyoti”, “Yoshlik” jurnallarida, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligida o‘tgan yilda bosilgan badiiy publitsistika namunalari, nashriyotlarda chop etilgan bir qator katta kichik kitoblar bilan tanishib chiqdim. Publitsistika “ijtimoiy” degan so‘zdan olinganini bilamiz. Lekin uning badiiy publitsistika degan sohasi ham borki, u jurnalistikadan ko‘ra adabiyotga ko‘proq yaqin.

Badiiy maqolanavislik faqat bir guruh adib, publitsist, jurnalistlar chekiga tushadigan ish emas. “Publitsistika – barcha uchun ochiq laboratoriya”, – degan gap bor. Shu ma’noda o‘tgan yili ham professional ijodkorlar bilan birga faylasuf, tarixchi, iqtisodchi, huquqshunos, tabiatshunos, tilshunos, dinshunos, ruhshunos mutaxassislar ham maqola, esselari bilan matbuotda, efir, ekranda qatnashishdiki, bu an’ana yanada kengaysa, davom etsa, deymiz.

O‘tgan yilda badiiy publitsistikaning ko‘p va yaxshi namunalarini berishda, bizningcha, “Tafakkur” jurnali, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi oldingi o‘rinda turdi. “Yoshlik” jurnalida ham, hajmi qisqaroq bo‘lsa-da, bir qancha qiziqarli maqola, suhbatlar bosildi. “Jahon adabiyoti”da xorijlik adib, ijodkorlarning bir qator maqola va esselari tarjimalari, shuningdek, o‘z mualliflarimizning bir muncha pub­litsistik izlanishlarini berdi. Ikki oyda bir soni chiqqan “Sharq yulduzi”, imkon darajasida, badiiy publitsistikaga ham o‘rin ajratadi.

 Biz ko‘rgan to‘rt jurnalda eng ko‘p bosilgan publitsistik asar suhbat, intervyudir. “Tafakkur” jurnalida taniqli olim va adiblar bilan suhbat usuli an’ana bo‘lib qoldi. Adib O‘rozboy Abdurahmonov, shayx Abdulaziz Mansur, faylasuf Abdurahim Erkaev, adabiyotshunos Ibrohim Haqqul bilan Muhiddin Abdulg‘affor suhbatlari, “Jahon adabiyoti”da Erkin Vohidov – Shodmon Otabek, Ibrohim G‘afurov – Xurshid Do‘stmuhammad, “Yoshlik”da adabiyotshunoslar Qozoqboy Yo‘ldosh – Alisher Nazar, Murod Muhammad Do‘st – Faxriddin Nizom musohabalari e’lon qilingan. Intervyu – qo‘sh muallif mevasi. Bu qo‘sh mas’uliyat, qo‘sh mahorat degani. Intervyuda, suhbat tabiiy, samimiy, mazmunli, maroqli, muammoband chiqishi uchun har ikki tomonning bir-birini yaxshi bilishi, faolligi, topqirligi muhim. Odatda, tashabbus savol beruvchidan chiqadi. Dolzarb mavzuni belgilash, tagdor savollar berish, ko‘pchilikni qiziqtiradigan, o‘ylantiradigan og‘riqli masalalarga e’tiborni qaratish ko‘p jihatdan unga bog‘liq. Ko‘rib chiqqanimiz suhbatlar janrning talab-qoidalariga javob beradigan darajada. Masalan, taniqli faylasuf Abdurahim Erkaev o‘z intervyusida bozor iqtisodiyoti, globallashuv sharoitida qadriyatlarni, mehnatsevarlik, mehr-oqibatni saqlab qolish haqida kuyunib gapirar ekan, “ommaviy madaniyat”ning siyqa mahsulotlari, “ommaviy san’at”ning sayoz janrlari tez tarqalib, yoshlarimiz fikru xayolini egallab olayotgan bir vaqtda, eskicha tarbiya usullari, ayniqsa, nasihat va tanbeh berish orqali, faqat ajdodlar yutug‘i bilan faxrlanib, hatto ularni ideallashtirib ko‘p narsaga erisha olmaymiz, internet, kompyuterni bekor qilib bo‘lmaydi, o‘g‘il-qizlarning kitobga bo‘lgan ishtiyoqini, milliy-adabiyot va san’atga mehrini ham shakllantirish lozim, deydi. Adabiyotshunos, professor Ibrohim Haqqul intervyusida ba’zi yoshlarda modernizm, postmodernizmga taqlid, hatto sajda qilish kuchayib borayotgani haqida kuyunib gapiradi, ilmiy tadqiqotlar saviyasiga to‘xtalib, “dissertatsiya yozish, ilmiy darajani qo‘lga kiritish musobaqasi yuksak maqsad va idealdan yiroq bir yumushga aylanib qoldi. Tasodifiy kimsalar “o‘rgangan” mavzuning ibtidosini durust so‘zlab berolmaydi, chunki o‘zi yozmagan”, deydi. Bundaylarni suhbatdosh kinoya bilan “jilvakor yallachilar” deb atagan Muhiddin Abdulqodir boshqa intervyusida shayx Abdulaziz Mansurga, ko‘p mulohaza – andisha bilan, goho falon masjidning imom-xatibi dang‘illama imorat solib, qo‘shnisini quyosh nuriyu toza havodan bebahra qilgani uchun sudlashib yurgani, “falon diniy mutasaddi ota-onasini hajga jo‘natish niyatida borgan o‘g‘ildan pora talab qilib qo‘lga tushibdi” qabilida gaplar oralab yurgani, shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamasligini aytib, payg‘ambarimiz (s.a.v.) bir qavat bo‘yra ustida kamtarona yashab o‘tganlarini eslatib, izoh so‘raydi, suhbatdosh savolni to‘g‘ri qabul qilib, salbiy va ijobiy misollar keltiradi.

O‘rozboy Abdurahmonov bugungi kunda marhum Qayipbergan og‘a, Ibrohim og‘alardan keyin qoraqalpoqlarning katta adibi, publitsisti. Adib “Mehr ko‘zdagina emas, mehrda” deb nomlangan intervyusida qoraqalpoq xalqining o‘tmishi, buguni, ertasi, adabiyoti, san’ati, “Orolim – dardim mening” nomli ko‘p tillarga o‘girilgan badiiy – publitsistik asari, “Changalzor “payg‘ambar”ining halokati” nomli hujjatli qissasining yozilish jarayoni, madaniyatlar hamkorligi haqida qiziqarli, ibratli hikoya qiladi, yangi dalil-misollar keltiradi.

Murod Muhammad Do‘st Faxriddin Nizom bilan qilgan suhbatida “ijod ahlining shashti pastligining sababi bitta – moddiy qiyinchiligi” deya ko‘pchilik istihola qilib turgan gapni dangal aytadi, o‘z faoliyatiga, asarlariga tanqidiy ko‘z bilan qaraydi, samimiyati bilan o‘quvchini rom etadi.

Intervyu hajmi nisbatan kichik, imkoniyati torroq bo‘lgani bois savol-javobda, publitsistik tadqiqotda juda uzoqqa, juda chuqur ketish bo‘lmasligi ayon, muhim masala qo‘yish, muammoning uchini chiqarish, muhim dalil, misollar keltirish, bo‘lg‘usi yirik asarning xamirturushini yaratishning o‘zi katta gap.

Muayyan mavzuni aniq bir g‘oyaga tayanib qo‘yilgan masala, muammo xususida mantiqiy muhokama, badiiy tasvir, publitsistik bayon hamkorligida fikr yuritish, xulosalar chiqarishda maqola janri, ayniqsa, qo‘l keladi. Adabiy haftaligimizda E.Vohidovning “Dil tubiga cho‘kkan lahzalar”, “Shahmat abadiydir, she’r ham adabiy” maqolalari, O‘.Hoshimovning vatan haqidagi, O‘. Abdurahmonovning “Parvozi baland yurtim” nasriy qo‘shiqlari, A.Oripov, M.Ali, I.G‘afurov, A.Ibrohimov, Q.Yo‘ldosh, M.Abdullaev, E.Shukur, H.Sattoriy, A.Jo‘raev, R.Musurmon va boshqa ijodkorlarning chiqishlari o‘quvchilar yodida muhrlanib qoldi.

Taniqli adib Muhammad Ali matbuotda bosilgan ocherklarini to‘plab “Zamondoshimiz portretiga chizgilar” nomli bir kitob nashr etdi.

Publitsist yurt kezsa, ko‘rsa, tanishsa ajoyib zamondoshlarimiz, o‘z ishiga mohir odamlarimiz borligiga amin bo‘lamiz ushbu kitobni o‘qib. Masalan, “Sulola” ocherki fikrimiz dalilidir. Muallifning taniqli ko‘z shifokori Xolid Komilov haqidagi ocherkini matbuotda o‘qigan edik, keyinchalik bu inson O‘zbekiston Qahramoni bo‘ldi. To‘g‘ri, barcha ocherklar ham bir xil baland saviyada yozilmagan. Masalan, Navoiy viloyatiga bag‘ishlangan, asosan, savol-javoblardan iborat ocherkidan muallifning o‘zi ham ko‘ngli uncha to‘lmagan bo‘lsa kerak. Ijodiy safarnomalar kengaytirilsa, ayni muddao bo‘lardi.

Viloyat nashriyotlarida ham ijodkorlarning katta-kichik kitoblari chiqib turibdi. Masalan, Samarqandda Farmon Toshev, Nusrat Rahmat, Buxoroda Jahongir Ismoilov, Qashqadaryoda Sharofat Ashurova, Bo‘ritosh Nosirova, Qoraqalpog‘istonda Yangiboy Qo‘chqorov, Murodboy Nizonov, vodiylik, xorazmlik ijodkorlarning asarlari munosabat bildirishni, bahosini olishni kutib turibdi.

Nashr va nashriyotlarning elektron axborot vositalarining ko‘payishi, yangi mukammal apparatlarining paydo bo‘lishi, poytaxtda, viloyatlarda turli ko‘rgazmalarning o‘tkazilishi, maxsus zallar, studiyalar sonining oshishi va boshqa omillar tufayli fotografiya jadal rivojlanayotgani, fotopublitsistika, fotosan’atning yetuk namunalari yuzaga kelayotgani quvonarlidir. Birgina misolni – o‘tgan yili Abdug‘ani Jumaning portret, peyzaj, natyurmort va boshqa janrlarda yaratgan “Bunyodkorlik epopeyasi” nomli 350 sara asarining fotolar uyida bir necha kun namoyish etilgani, ko‘plab tomoshabinlar kelib ko‘rgani, iliq maqtov, baland baholar olganini eslaylik. A.Juma va hamkasblarining noyob suratlari publitsistlarimizga ocherk, maqolalar uchun ko‘p mavzu, material beradi. Fotografiyaga bag‘ishlangan maxsus ijtimoiy-siyosiy, badiiy-publitsistik, bezakli-rangli jurnal ta’sis etish vaqti keldi, deb hisoblaymiz.

Gazeta, jurnallarda ocherk deb nomlangan ayrim materiallar janr talabiga javob berolmaydi.

Hayotdan o‘tgan taniqli ijodkorlar haqida zamondoshlar xotirasini to‘plab nashr etish yaxshi bir an’anaga aylanib bormoqda. O‘tgan yil Odil Yoqubov, Matyoqub Qo‘shjonov, Begali Qosimov xotiralariga bag‘ishlangan kitoblar nashr etildi, maqola, esdaliklar bosildi, ularda ijodkorlarning professional mahorati, insoniy fazilatlariga alohida urg‘u berildi, ibratli misol, dalillar keltirildi. Ayni chog‘da, oldinroq O‘tkir Hoshimov, Ibrohim G‘afurov, Mahmud Sa’diy, o‘tgan yili Asil Rashidov, Azim Suyun haqida zamondoshlar nigohi bitilgan to‘plamlar ham nashr etildi. Boybo‘ta Do‘stqoraev haqidagi kitob nashr arafasida turibdi. Ko‘zi tirikligida o‘zi haqida samimiy dil izhorlarini o‘qish ko‘ngilni qanchalik ko‘tarishi, kuchga kuch, ilhomga ilhom qo‘shilishini tasavvur etaylik.

Asqad Muxtor, O‘tkir Hoshimov, G‘aybulla Salomov, Ibrohim G‘afurov, Murod Xidir, Ashurali Jo‘raev, Qadam Saidmurod va boshqalarning miniatyur publitsistik lavhalarida salmoqli mazmun mavjudki, bu xil lo‘nda fikrlash, o‘quvchi vaqtini qizg‘anish ham keyingi tamoyillardandir.

Abdulla Sher, Xurshid Yo‘ldoshevlarning falsafa, Bahodir Zokir, Abduqodir Ergashev, Damin Jumaqulovning iqtisodiyot, ekologiya, Muhammadjon Xolbekovning G‘arb adabiyoti, Ulug‘bek Dolimovning jadidlar ijodi, Naim Karimov, Mixli Safarovning tarix, Muhiddin Rahim, Zabarjad Bobojonovalarning ommaviy axborot vositalariga bag‘ishlangan maqolalari yangi dalillarga boyligi, ravon uslubi bilan o‘quvchini o‘ziga tortadi. Shoir va faylasuf Abdulla Sherning “Ezgulik va yovuzlik”, “Erkinlik, ixtiyor va iroda” haqidagi, Xurshid Yo‘ldoshevning “Zaruriyatdagi tasodifiyat, uchinchi toifa yoki agnostitsizmga oid” va boshqa maqolalarining O‘rta Osiyo mintaqasiga oid dalil va misollar bilan ko‘proq boyitilishini istardik.

Boshidan o‘tgan tabib, degan gap bor. Shu ma’noda “Jahon adabiyoti” jurnalida xorijlik adiblarning, “Yoshlik” sahifalarida o‘z ijodkorlarimizning ijod sirlariga oid kuzatuvlari bosilayotgani muxlislar, ayniqsa, yosh ijodkorlarni qiziqtirib kelmoqda. Bunday iqrornomalar vaqti kelib katta, salmoqli kitoblarga aylanadi. O‘tkir Hoshimovning “Sakkizinchi mo‘‘jiza”, Ahmadjon Meliboevning “Qirq beshinchi bekat” kitoblari shu tariqa yuzaga kelgan.

Keyingi yillarda nafaqat badiiy adabiyot (hikoya, qissa, roman, drama), adabiy-tanqidiy maqolalar ham publitsistik ruh bilan yo‘g‘rilmoqda. Ular muallif monologi, qoliplovchi lavhalar, ehtirosli uzvlar bilan to‘yinmoqdaki, bu taxlit asarlarni ilmiy-badiiy-publitsistik asarlar, deb atasa ham bo‘ladi. Albatta, publitsistik adabiy-tanqidiy maqola, taqriz, suhbatning tomir-tomiriga, qon-qoniga singib ketishi, choklari ko‘rinmasligi, asarning yana-da mazmunli, maroqli, o‘qishli chiqishiga yordam berishi lozim. Publitsistik ruh, ehtiros asarning sirtida emas, botinida bo‘lgani, o‘quvchini hayajonlantirgani, o‘y-fikrlar girdobiga tortgani ma’qul. Sayoz daryo sharqirab, chuqur daryo sokin oqishini yuzaki va chinakam publitsistik asarlarga qiyos qilsa bo‘ladi. Qomusiy olim va adib Ibrohim G‘afurovning yangi “Parivashlar majlisi” kitobiga kirgan go‘zal maqolalar, mansuralar, esselar publitsistik ruhi baland, teran asarlardandir. Adibning “Hayo-xaloskor”, “Mangu latofat”, “Parivashlar majlisi” kitoblari yangi, o‘ziga xos publitsistik trilogiyadir.

Hujjatli-publitsistik kino ham jadal rivojlanib borayotganini qayd etmoq lozim. Publitsistika kengashida ushbu mavzu ko‘tarilmadi hisob. Bu alohida, katta mavzu.

Bugungi kunda hujjatli publitsistik kino muammolari bilan O‘zMU jurnalistika fakultetida professor H.Akbarov va uning shogirdlari ko‘proq shug‘ullanishmoqda. Keyingi yillarda fakultetda ushbu sohaga bag‘ishlab bir necha ilmiy-amaliy konferentsiya o‘tkazildi, beshta to‘plam nashr etildi, gazeta va jurnallarda maqolalar e’lon qilindi.

O‘tgan yili bir qancha katta-kichik badiiy publitsistik asarlar nashr etildi. T.Malik, A.Ibrohimov, D.Nuriy, T.Sodiqova, A.Egamnazarov, M.Abdullaev, M. Sattorov, V.Fayzullo kabi adiblarimizning asosan publitsistika janrida ijod etishayotgani quvonarli.

O‘tgan yil publitsistikasida ham madaniyat, ma’naviyat, qadriyat, odob-axloq mavzulari ustuvor bo‘ldi. Bu – tabiiy. Bizning avlodlarimiz azal-azaldan pandnomalar asosida tarbiyalab kelingan. Tohir Malikning “Odamiylik mulki”, Tursunoy Sodiqovaning “Dildagi nur”, Baxtiyor Haydarovning “O‘zbekchilik”, “Insonnoma”, Farmon Toshevning “So‘z aytmoq saodat”, Alinazar Egamnazarovning “Oqlovdan so‘ng”, Alisher Nazarovning “Xolislik ehtiyoji” kitoblari ma’naviyat mavzusida. Shuningdek, Shuhrat Jabborovning “O‘zbekistonda kim yaxshi yashaydi?”, Shodmon Otabekning “San’atkorlar hayotidan lavhalar”, “G‘alati gaplar” kitoblari ham qiziqib o‘qiladi. I.G‘aniev, N.Afoqovalarning “Shavkat Rahmon olami”, “Ruhiy go‘zallik qismati”, Vafo Fayzulloning “Chaqmoq yorug‘i” kitoblari ham kuchli publitsistik ruh bilan sug‘orilgan.

Publitsistik asarlarning yuzaga kelishi dengiz to‘lqinlarining mavjlanib qirg‘oqqa urilishi va qaytishiga o‘xshaydi. Biz tarixiy sanalar, muhim voqealar (Mustaqillik, Konstitutsiya, Til, Navro‘z bayramlari, buyuk siymolar tavallud kunlari)da publitsistikaga murojaat qilamiz, matbuot, efir, ekranda ko‘p chiqishlar qilamiz, bayram o‘tgach yana sustlashamiz. Holbuki, publitsistikaga muntazam e’tibor bermog‘imiz, bu kerakli, savobli ish bilan har kun, har soat shug‘ullanishimiz lozim.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.