background
logotype

Shahnoza Nazarova. Yangi qissachilik sarhadlari (2012 yil qissalari tahlili) (2013)

Qissa milliy kitobxonlikning, adabiy jarayonning qiyofasini ko‘rsatuvchi o‘ta muhim janr. Romanga yetmagan, hikoyaga sig‘magan oraliq ijodiy quvvat qissada aks etadi. Aynan qissa chinakam kitobxonlarni saralab, tarbiyalab, romanga tayyorlab beruvchi oraliq janrdir.

2012 yilda umumiy hisobda 30 dan ortiq qissalar e’lon qilindi. Ular, asosan, “Yoshlik”, “Sharq yulduzi” jurnallari, “Extremum press”, “Yangi asr avlodi”, “Sharq” nashriyotlarida chop etilgan.

Qissa ijodkorda romanik tafakkurning shakllanishidagi pillapoya. Qissanavislar ertangi romannavislardir. Ushbu mezonlar asosida, qissanavisning ijodiy kuchini asari orqali aniqlashga harakat qilamiz.

G‘ulom Karimiyning “Karvon” tarixiy-biografik qissasida Mahmud Koshg‘ariy hayoti qalamga olinadi. Qissa tarixiylik talablariga to‘la javob beradi. Makon va zamon masalasi tarixiy mantiq asosida hal etilgan. “Devonu lug‘otit-turk”da mavjud qo‘shiq, maqollardan qahramonlar nutqini, xarakterini yaratishda unumli foydalanilgan. Psixologik tasvirlar tarixiylikni badiiylikka olib o‘tgan. Qahramonlar nutqidagi so‘zga tejamkorlik ifoda maromini yuzaga keltirgan. “Devonu lug‘otit turk”dan olingan maqollar mazmuni havola qilingan. Ammo ichso‘z, “ilon yarbuzdan qochadi” jumlasidagi yarbuz so‘zlari izohi ham berilsa, ma’qul bo‘lar edi.

Yana shu muallifning “Turon qoploni” tarixiy dramatik qissasida Xorazmshoh nutqida zo‘raki iltifotlar bordek: “Dovyurak sarkardam, Inolchiq, majlis ahliga ayt: tuzimizni oqlay olasenmu? Mo‘g‘ul galasini to‘xtatish qo‘lingdan keladurmu?” Xoinlar Devonbegi va Qamchibek diologida drama ko‘tara olmaydigan bayonchilik mavjud. Qahramonlar nutqida – Devonbegi va Qamchibekning maxfiy suhbatida drama rejasini (Chingizxonga xoinona maktub bitish rejasi) berib qo‘yish ijodkorni o‘quvchi, tomoshabin qiziqishlarini tutib turish imkoniyatidan mahrum qiladi.

Muallifning “Sohibqiron va alloma” tarixiy dramatik qissasi iliq ma’rifiy kayfiyat uyg‘otadi. Mulohazalar, suhbatlarning qahramonlarga taqsimlanishi, uzviyligi ijodkorning chuqur, izchil bilimga tayanganini ko‘rsatadi. Ammo ba’zi o‘rinlarda kichik saktaliklar seziladi. Amir Temurning bayonchilikka og‘gan monologi (237-bet) dramatik vaqtga sig‘maydi. Sohibqironning musavvir Zeyliga bildirgan ishonchi sababiga ishora qilinmagan. “Musavvir Zeyli” niqobidagi yashirin xabarchi sohibqiron tomonidan unutiladi, u asarga boshqa kirib kelmaydi. Bu nuqson yaratilayotgan hushyor, oqil, donishmand sohibqiron xarakteriga mos emas.

G‘ozi Rahmonning “Shukuhli karvon” qissasi vaqt nuqtai nazaridan tarixiy, ammo hech bir ibratga ega emasligi bilan tarixiylikka xos emas. Asar qissa talablariga ham u qadar javob bermaydi. Voqealarni tutib turuvchi syujet butunligi, maqsad muayyanligi ko‘rinmaydi, shu sababdan asar ora yo‘lda qolib ketgandek taassurot qoldiradi. Bunday yo‘qchilik bilan qissani hikoyaga aylantirishning ham imkoni yo‘q. Sheva so‘zlarni qo‘llashda zo‘riqish bor. Misqol va Toshboy uchrashuvi tasviri itlar tasviri bilan parallel keladi. Bu parallellik, so‘kinch so‘zlarning ochiq ifodasi jirkanish hissini uyg‘otadi.

Luqmon Bo‘rixonning “Olis qo‘rg‘on fuqarosi”, “Bir tomchi yosh” qissalari chop etildi. “Olis qo‘rg‘on fuqarosi” qissasi No‘‘monning ko‘ngil qo‘rg‘onidagi ziddiyatlar haqida so‘zlaydi. Voqealar xotirlash, aytib berish tarzida harakatlanadi. Bu usul No‘‘monning yoshlik, o‘smirlik psixologiyasini ochib berishga qaratilgan. Muallif har ikki qissasida ifoda uslubiga tushib olguncha bir necha sahifalarni boy beradi. Shundan so‘ng faqat o‘zigagina xos bo‘lgan uslub ichida erkin va go‘zal harakat qila boshlaydi. Asardagi bolalarning qo‘y o‘g‘rilashi, vaqt yechimi (tunda sodir bo‘lish), qariyaning ehsoni Sh.Xolmirzaevning “O‘zbeklar” hikoyasini yodga soladi. Muallif bu o‘rinda boshqa detallar topgani ma’qul edi.

 “Bir tomchi yosh” qissasida musavvirning ruhiy olami yoritiladi. O‘z o‘rnida qo‘llangan, o‘quvchining ma’lum ruhiy tayyorgarligidan so‘ng aytilgan “Yuzlaringiz juda tiniq ekan, xayolkash qizlarning yuzlari shunday nurlanadi”, “Ko‘zlaringni sevaman, Rajab”, – deya pichirladi yigit qop-qora tun qarab turgan derazaga tikilib”, jumlalarida kayfiyat berish borasida muallif ancha balandlikka ko‘tarilgan. Ammo Rajabgulni favqulodda portretda berish orqali e’tiborni tortish balandlik emas, fikrimcha.

Musavvir mavzusi Eldor Boboevning “Musavvir” qissasida ham qalamga olinadi. Ifoda ravonligiga intilish kuchli. Qissadagi musavvir siri masalasi kuchli psixologik roman kengligini ham beraoladi. Tabiiyki, bunday asar yengil ifodaga sig‘maydi. Bu yo‘l jahon tajribasida sinalgan. Bunga misol, S.Moemning “Oy va sariq chaqa” romani.

Istam Hamroevning “Tazarru” qissasi chavandoz hayotiga bag‘ishlangan. Qissada jumlalarning aynan takrori (“...bir necha yil huzur-halovatda, g‘am-tashvish nimaligini bilmay yashadi”, “...bir necha yil qanday o‘tganini ham bilmadi”), tasvir va bayondagi uzilishlar, sheva so‘zlar chigalligi, nutqning soxtaligi, tuban so‘zlarni osongina qo‘llash, intim munosabatlarning g‘ashlik beruvchi ochiq sahnalari, grammatik nuqsonlar mavjud.

Nabi Jaloliddinning “Majnun” qissasi qiziqish bilan o‘qiladi. Ammo bu qiziqish ikkinchi bor o‘qishda o‘z kuchini yo‘qotadi. Majnun holatining davomli bayonini birgina harakat, birgina so‘z bilan ifodalash imkoni matnda yaratilgan, ammo foydalanilmagan. O‘quvchi chiqarishi kerak bo‘lgan xulosani muallif aytib qo‘yadi: “Kallasi bo‘m-bo‘sh edi, biron jo‘yali o‘y kelmasdi – bu o‘ziga xush yoqardi. Albatta, u xush yoqish yoki yoqmaslik ma’nosini to‘laligicha tushunmasdi”. Ikkinchi jumlaga, bizningcha, hojat yo‘q edi.

Ijtimoiy-maishiy qissalar safida “Qishloqdagi buvijonim” (Dinora Rahmonova), “Oqtepalik o‘g‘ri” (Akbar Mirzo), “So‘nggi chora” (Akbar Mirzo) asarlarini keltirish mumkin. “Oqtepalik o‘g‘ri” qissasida qahramonlar nutqi shakllanmagan o‘rinlar ko‘p. Sakkiz yilini qamoqda o‘tkazgan qahramon havoyi adabiyot muallimidek so‘zlaydi: “Chunki xat sal bo‘lsa-da, umid baxsh etardi. Shu ruhda yozilgan edi”. Siyqa syujet qoldiqlaridan foydalaniladi: so‘nggi vaziyatlarda Yo‘ldosh merganning Esongulga qachonlardir oshiq bo‘lgani ma’lum bo‘ladi. Natijada, bu muhabbat bo‘lsa ham erish tuyuladi. “So‘nggi chora” asarida qahramonlar mantiqsiz gapiradi, xayolni loyqalatadigan ochiq sahnalar bor. Qissa yakunidagi “Biroq... Qiyomat haq gap” jumlasi nima maqsadda keltirilgani anglanmaydi.

Yumoristik yo‘nalishdagi “Jonginam, shartingni ayt” (Xudoyberdi To‘xtaboev), “Kultepada kechgan hangomalar” (Ismoil Shomurodov) asarlari e’lon qilingan. “Kultepada kechgan hangomalar” asarida qahramonlar xarakteriga yaqinlashib kelish bor, ammo bironta ham xarakter yo‘q.

Inobat Sulton Begimning “Shavvozlar” sarguzasht qissasi badiiy butunlik emas, ijodiy tayyorgarlik jarayonida yon daftarga yozib boriladigan parchalar holatida qolib ketgan. Ularni saralash, tartibga solish zarur, asarda milt etgan insoniy qadriyat yo‘q.

Detektiv asarlar nashri “Zulmatdagi saltanat” (O‘tkir Abdurahimov), “Shaytanatning jin ko‘chalari” (Tohir Malik) qissalari ketma-ketligida davom etadi. Umuman, 2012 yilda sarguzasht, detektiv, ilmiy-fantastik qissalar ko‘plab yaratildi, nashr etildi. “Somon yo‘li elchilari”, “Vasvasa” ilmiy-fantastik qissalari (Tohir Malik) tilining ishlanganlik darajasi, pafosi, xarakterlarning o‘ziga xosligi bilan yil qissalaridan ancha yuqori turadi. Ilmiy-fantastika ichidagi nozik insoniy psixologizm, psixologik dramatizm uyg‘un holatda didaktik vazifani ado etadi. Qissa qismlari nomlanishida ham tajribali ijodkor qalami ko‘rinadi. Yer va Unet sayyorasidagi voqealarning teng ketishi yakunlovchi bir butun xulosaga olib chiqadi. Unetdagi donishmandlar musofirxonasi, taraqqiyot bilan bog‘liq ijtimoiy muammolar Yerdagi muammolarni aytish uchun qo‘llangan yaxshi usuldir. Donishmandona mulohazalar Unet misolida kitobxonga singdiriladi. Fantastik kayfiyat ichidagi o‘quvchi og‘rinmasdan tarbiyalanib boradi.

Umuman olganda, ilmiy-fantastik yo‘nalish chuqur psixologik, tarixiy va satirik yo‘nalishlarga o‘quvchini olib o‘tuvchi yo‘nalish. Shunday bo‘lishi kerak. Ammo yil yakunlariga qarasak, mukammal syujet qurilishi, uslubiy yutuqlar Tohir Malikning shu yo‘lda yaratilgan bir necha qissalarida aks etibdi. Belletristikaga mansub detektiv, sarguzasht, ilmiy fantastik yo‘l ommaviy kitobxonlarga mo‘ljallangan. “Somon yo‘li elchilari”, “Vasvasa” kabi qissalarning ommaviy kitobxonlikni tutib turganidan foydalanib, chinakam adabiy qissalarni yaratishga ulgurishimiz zarur.

Sentimental yo‘lda yaratilgan qissalar sanoqli. B.Sarimsoqovning “Unutilgan odam” tugallanmagan qissasi, Oydin Nisoning “Hayot daraxti” qissalari chop etilgan. “Hayot daraxti” qissasi hislarni erkinlashtirish, tuyg‘ularni tarbiyalash yo‘lidan boradi. Ulg‘ayish yo‘qotishlar ekanligi bola sezgilarida aks etadi. O‘smirning ko‘z yoshi bilan boyimoqchi bo‘lgan sharpa, to‘pori o‘tkinchi, birinchi bo‘lib gapirishni istaydigan odam, sahrodagi odam bilan uchrashuvlari Kichkina shahzodaning (Antuan de Sent-Ekzyuperi) uchrashuvlarini yodga soladi.

Zulfira Misbaxning “So‘fito‘rg‘ay” hujjatli qissasini yilning eng yaxshi qissalaridan biri deyish mumkin. Milliy adabiyot har qachon o‘zini yangilashga ehtiyoj sezadi. Qissa sof milliy ruhda yozilmagan bo‘lsa ham, inson irodasi va hayo, odobga bo‘lgan ixlosini kamsitmaydi. Milliy qahramonlar masalasiga biroz boshqacharoq yondashishni talab qiladi. Qissa qahramonlari o‘ta erkin yashovchanlikka ega. Asardagi onaning “Telba”ni o‘qib, o‘zing ham telba bo‘lib qolma tag‘in! Dyuma, Balzak, Mopassanlar bor-ku! Yoshligimda faqat frantsuz romanlarini o‘qiganman”, deya bolalari bilan kitoblar haqida shunday gaplashaoladigan o‘zbek ayollarini orzu qilaman. “Yo‘g‘-e, o‘sha chuchmal asarlarga vaqt sarflash zarilmi? Hiyla, xiyonat, alg‘ov-dalg‘ovdan boshqa hech nima yo‘q ularda. Axir, men ruhi baland rus adabiyoti bilan ulg‘aydim-ku”. Mana shunday javob beradigan maktab bolalarini ham orzu qilishim rost.

Nosir Zohidning “Qasos”, Nargiza Anorboevaning “Gohi shodlik, gohi g‘am” qissalari ham o‘tgan yilda e’lon qilingan.

2012 yil qissachiligining umumiy manzarasini qissalarning mavzu va yo‘nalishlari ham belgilaydi. Yil davomida maishiy, detektiv, sarguzasht, ilmiy-fantastik, yumoristik, tarixiy-biografik, ijtimoiy-psixologik, hujjatli, sentimental qissalar nashr etildi.

Xullas, o‘tgan yilgi o‘zbek qissalari, o‘z mavzular ko‘lami, uslubi, obrazlar nuqtai nazaridan zamonaviy nasrimizning ajralmas bir qismi va qissachiligimiz tadrijida muayyan bir bosqich bo‘lib qoladi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.