background
logotype

Shuhrat Jabborov. Gazetxonni nima qiziqtiradi? (2009)

Yurtimizdagi istalgan shahar yoki tumandagi matbuot do‘koniga e’tibor qilsangiz, peshtaxtaning ko‘zga ko‘rinarli, markaziy joylariga rang-barang ko‘ngilochar gazetalar, ixcham nashrlar terib qo‘yilgan. Ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishdagi jiddiy gazetalar do‘konning o‘ng yoki chap tomoniga osilgan, ba’zilari sotuvchi osongina topishi mumkin bo‘lgan joyda turibdi. Sababini so‘rasangiz — xaridorlar asosan ko‘ngilochar gazetalarga ko‘zi tushib tanlashadi, jiddiy nashrlarni kim so‘rasa tezda topib beramiz, deb izohlashadi.

Bu borada sotuvchiga e’tiroz bildirish balki to‘g‘ri bo‘lmas. Axir har kim kundalik faoliyatida o‘zi uchun qulay va sinalgan usulni tanlaydi.

Ko‘ngilochar nashrlarga kelsak, ular, avvalo, mustaqillik sharofati bilan vujudga kelgan imkoniyat, muhit tufayli paydo bo‘ldi. O‘zbekistondagi demokratik qonunlar talablariga javob bergan ijodiyot uylari, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, yuridik va jismoniy shaxslar muassisligida ketma-ket qiziqarli davriy nashrlar o‘z muxlislarini izlab topdi. Bunday ommaviy axborot vositalarining ko‘payishi matbuot bozorida muayyan ijodiy raqobat muhitini jonlantiradi. Kimdir gazeta nomi orqali, birinchi betdagi favqulodda anonslar vositasida, yana boshqa ijodiy jamoa o‘zgacha shakl-shamoyillar bilan gazetxon e’tiborini jalb qilishning yo‘llarini izlashdi.

Aytaylik, “Shifo-info” — “Tibbiy-ma’rifiy, hammabop gazeta” yoki “Hech qachon eskirmaydigan gazeta” degan ta’rifni o‘ziga nisbat bersa, “So‘g‘diyona” — “Munis ayollar gazetasi!”, “Erudit SPORT” — “Asl ish­qibozlar gazetasi”, “Ko‘ngil ko‘chalari” — “O‘qisangiz, shu gazetani o‘qing!” (Bu iborada bosh­qa gazetani o‘qimang” degan ma’no chiqmasmikan?!), “Bekajon” — “Oilaviy gazeta”, “Zakovat” — “Oqillik — odamning oltin toji” “Hordiq plyus” — “Dam olish gazetasi”, “Ayol qalbi” — “Siz borsizki, olam munavvar”, “Tashxis” — “Sog‘lom hayotga intilib yashaymiz!”, “7x7” — “Ijtimoiy ommabop gazeta”, “5x5” — “Jumboqdan topar kamol, har kallada zo‘r xayol!”, “Orom” — “Ko‘nglingizni xushlash-chun mudom, Har payshanba hamrohdir Orom”, “Piramida” — “Jumboq aqlni qayrar, muxlis dildan yayrar!” yoki “Intellektual skanvordlar gazetasi”, “Joziba” — “Jozibali skanvordlar jilosi” kabi ta’rifu tavsiflar orqali o‘zlarining betakror va alohida ekanliklariga urg‘u berishadi.

— Men har kuni gazeta do‘koniga chiqib, jiddiy gazetalarni ham, ko‘ngilochar nashrlarni ham sotib olaman. “Xalq so‘zi”, “Qishloq hayoti”, “Hurriyat” gazetalarini o‘qib, bugungi hayotimiz, dunyo voqealari bilan tanishaman, — deydi iqtisodchi olim, mehnat faxriysi Abdulboriy Rahimov. — Kichik nashrlar ichida “Tashxis”ni qoldirmay o‘qiyman. Maqolalari sodda, ixcham, hayotiy. Ushbu gazeta ijodkorlari o‘quvchi qalbiga o‘ziga xos yo‘l topishgan. Bu tajriba boshqa nashr­lar uchun ham ibratga loyiq, deb o‘ylayman.

Ko‘ngilochar nashrlarning mavzu yo‘nalishlari, nima qilib bo‘lmasin, dunyoning turli burchaklarida uchrayotgan shov-shuvlar, favqulodda hodisalarni qiziqarli shaklda bayon etishga qaratilgan. “Baxtsiz hodisalarning sababchisi — bezovta ruhlarmi?” (“7x7”), “ўayriixtiyoriy ong mo‘’jizalari” (“Tashxis”), “Ko‘rinmas odam” (“Bekajon”), “Jigaridan ayrilgan kelin” (“Hordiq plyus”), “Soqoli chiqmay qariganlar” (“Ayol qalbi”), “Boyishning yo‘li ko‘p” (“Ko‘ngil ko‘chalari”), “Rentgen qizaloqning g‘aroyib qobiliyatlari” (“So‘g‘diyona”), “Boskom vodiysining siri” (“Shifo-info”) kabi sarlavhalarning o‘zi ham beixtiyor gazetxonni jalb etishi mumkin.

Sakkiz sahifasi nuqul skanvordu ixcham latifalardan iborat nashrlarda bosh muharrir lavozimlari ham bor (“SkandiWORD”), “5x5”). Aslida bir necha bo‘limlardan iborat gazetalar tahririyat tuzilmasida “Bosh muharrir” lavozimi bo‘lguvchi edi. Endilikda rahbariy lavozimga yetishishni armon qilgan kasbdoshlarimiz haftada bir marta chiqadigan jumboqli nashrni ochib, orzularini amalga oshirishlari mumkin. Shu xildagi ba’zi nashr­larda esa kamtarona qilib “Muharrir”, “Mas’ul muharrir” kabi imzolarni uchratamiz.

Idoralarning xizmat mashinasini haydovchi shofyorlar ko‘p hollarda zerikmaslik uchun skanvord nashrlarni ermak qilishganiga ko‘zimiz tushadi. Qabulxona, qorovulxonalarda ham shu mashg‘ulotni ko‘rish mumkin. Demak, shunday nashrlar o‘z o‘quvchisini topmoqda. Umuman, bu boradagi muxlislarning cheki-chegarasi yo‘q. YAna bir gap. Savollar ba’zan shu qadar sodda, jo‘nki, buning nimasi boshqotirma ekan deb o‘ylaysiz. Xat — noma, pok emas — nopok, “sim”ning teskarisi — mis, quyosh — oftob, haftaning ikkinchi kuni — seshanba, eng kichik juft son — ikki, savdo qatori — rasta kabi savollar gazetxonni fikr­lashga undamaydi-ku!

Ilgari rebus, krossvord, chaynvord, kriptogramma kabi qiziqarli boshqotirmalar bolalar nashrlarini bezab kelar, uni topishga intilgan o‘quvchilar qanchadan-qancha kitoblardan javob izlar, shu asnoda bilim doiralari kengayib borardi. Bunchalik jo‘n skanvordlarni yechgan gazetxon o‘ziga nima olarkan? Bolalar jurnallaridagi boshqotirmalar maktab o‘quvchilariga mo‘ljallangan, ko‘ngil­ochar gazetalardagi skanvordlar barcha yosh va kasbdagilar uchun-ku, degan e’tirozlar bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, katta yoshdagilar shunchalik omi va soddami?! Aytaylik, bu ta’riflarda mus­taqillik qadri, Vatan tuyg‘usi, yurtimiz tabiati, geografiyasi kabi savollarga urg‘u berilsa ma’qul emasmi?!

Ko‘ngilochar nashrlar sahna, kino va TV orqali elga tanilgan aktyor va xonandalarga keng o‘rin berishadi. Bir hafta mobaynida turli haftanomalarda Klara Jalilova, Tohir Saidov, Saida Rametova, Oypopuk Eshonxonova kabi san’atkorlar haqida bir nechta suhbat va intervyular berilgani fikrimizning isbotidir. Biror san’atkorni reklama qilish kerakmi — marhamat, istalgan skanvord o‘rtasida kattagina portret uchun joy ochish mumkin. Ba’zan o‘sha san’atkorning jamiyatimizdagi mavqei, o‘rni qanday bo‘lishining ahamiyati yo‘q.

Matbuot bozorida bosma nashr o‘z muxlisini topishi uchun nima talab qilinadi? Tabiiyki, boshqalarga o‘xshamaslik, o‘ziga xoslik. Gazetxonni nima qiziqtiradi? Biror mehnat jamoasidagi ibratli tajribami? Yo‘q, ko‘p hollarda inson qalbini junbushga keltiradigan, uni hayron qoldiradigan voqealar diqqatni jalb qiladi. Sarlavhalarga e’tibor qiling: “Bos­qinchilar”, “Baxt o‘g‘risi”, “Qotil plastiklar”, “Rashk qurboni” va hokazolar. Aksariyat gazetalarda berilayotgan “Munajjim bashoratlari” esa umuman bir-biriga o‘xshamaydi.

YAqinda hamkasblarimizdan biri quyidagi qiyosni aytganda ba’zilar qo‘shildi, ba’zilar shunchaki kulib qo‘yishdi. Hamkasbimiz ijtimoiy-siyosiy hayotni kun sayin yoritayotgan nashr­larni, ta’bir joiz bo‘lsa, galstuk taqib kostyum-shim kiygan yigitga, ko‘ngilochar gazetalarni esa anvoyi bezak va taqinchoq taqqan sohibjamol kelinchakka o‘xshatdi. Ayrim gazetalar silliq muqovalar va rang-barang suratlar ila bezanib, jurnallardan ham ko‘rkam qiyofa kasb etmoqda. Bunday tinmay izlanishlar mazmun-mundarija bobidagi takomillashuv bilan uyg‘unlashsa ayni muddao bo‘lardi.

Prezidentimiz Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llagan tabriklarida jurnalist mehnatini baland tog‘ cho‘qqisiga chiqish mashaqqati bilan qiyosladilar. Bu ayni paytda hamkasblarimiz mehnatiga berilgan yuksak baho hamdir. Yurtimizda faoliyat yuritayotgan jurnalistlar, xoh kundalik siyosiy-ijtimoiy nashrda ishlasin, xoh ko‘ngilochar gazetada, bu yuksak mezonga munosib bo‘lishlari kerak. Xalqimizda matbuot so‘ziga nisbatan e’tiqod yuksak. Uni qadrlash, gazetxon qalbiga yo‘l topish faoliyatimiz mezoniga aylanishi — davr talabidir.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.