background
logotype

Sobir O‘nar. Elning egalari (2013)

Bilasizmi, birodar, shu yoshga kelib kaminaning asosiy mavzularidan biriga aylanayotgan bu gap chindan ham juda muhim. Ha, har elga bosh kerak. “Ming ishchiga bir boshchi” deganlari singari. Mazkur fikrni, ehtimol bir parda ko‘taribon aytmoq zarur.

Esingizda albatta, bultur qish ancha zabtiga oluv­di. Ikki haftalab qor erimay, shahar yo‘llarida ham yurishda noqulaylik paydo bo‘luvdi. Yo‘llarda ma­shina tagidan tushgan palaxsa-palaxsa muz, aylanib o‘tasiz, qiyaliklar ham yaltirab muzlab ketgan. Qisqasi sovuq va qor odamlarni keragicha bezdirib qo‘ygan.

“Kuniga bir matal” der edi rahmatli otam. Qirq yildan ziyod davlatning molini boqqan sodda odamning topib olgan muhim falsafalaridan edi bu. Endi o‘ylasam va mag‘zini chaqsam: har kunning o‘z matali bor, bugun kechagiga o‘xshamaydi, degani ekan. Misol, dovdir-shovdir suron solib yurgan kechagi odam bugun yo‘q. Otam chuqur xo‘rsinib, ichida bir narsalar deb, so‘ng baralla: kuniga bir matalda-e, deb yuborar edi.

Qish-qirovli kunlarda qishloqdan uch-to‘rtta ta’ziya xabarini eshitdim. Hammasi ham qarindosh – borish kerak. Ammo havo bunday: o‘zingni xatarga qo‘yib hayyo-huyt deb tavakkal qilolmaysan.

Nihoyat eruv boshlandi. Tog‘am yangam bilan chamasi ikki oydan beri Toshkentda edi. Yetmishdan oshib boboy bo‘lganda poytaxtdagi o‘g‘linikida qishni ilim-issiq o‘tkazgisi keladi-da. Qishloqda bo‘lsa o‘t yoqiladigan birgina pechka atrofida nevaralari bilan talashib yotar edi. Yoshligida qor-yomg‘irda qo‘ra-qo‘ton kezaverib oyoqni sovuqqa oldirgan. Keyin ham bir palakat bo‘lib oyog‘i sinib ikki oy gipsda yotgan, yillar o‘tgani bilan joyi simillab turadi. Muhimi, olti bolaning tashvishidan qutulgan. Yanayam men uchun keragi – umri moldo‘xtir, zootexniklikda kechgan bu odam o‘ta ziyoli, o‘qigan, adabiyotning shaydosi, tag‘in ta­bobatga, tarixga, diniy yo‘riqlarga qiziqib o‘zicha kashfiyotlar ham qilib yuradi. Ming‘irlamaydi, shikoyat qilmaydi, aniq gapni yaxshi ko‘radi.

Otiniyam aytmabman: Xudoyqul Tinibekov. Qo‘sh­rabotda taqdiri chorva bilan bog‘lanib o‘sganning ba­ri biladi.

Shu odam menga Husan Hakimov haqida ko‘p hikoyalar so‘zlagan. Men unda yosh edim va shundan kelib chiqilgan bo‘lsa kerak, o‘sha insonga ixlos qo‘ymaganman. Tog‘am bo‘lsa gapiraveradi: nihoyatda kallali odam, ju-uda kamgap, siyosati chatoq, indamay turib joningni oladi.

Hay endi shu odamning nimasi yaxshi ekan. Birinchi kursni bitiruvdimmi, ishqilib qishloqda salanglab yurgan edim, tog‘am o‘g‘lidan xabar jo‘natibdi: Sobir tez kiyinib kelsin, Qo‘shrabotga, Hakimovning to‘yiga borib kelamiz. Eski “Moskvich”ga o‘tirib tirillab jo‘nadik. Toshkentni ko‘rib qo‘ygan yigit Qo‘sh­rabotga o‘xshagan qishloqni pisand qiladimi? Biroq Samarqanddan Qo‘shrabotga qarab oshuvda juda katta bog‘ ko‘rdim. O‘ziyam uchi-quyrug‘i yo‘q. Aniq hajmini aytolmayman, lekin narigi yog‘i Saksonchel qishlog‘iga tutashib ketgan, bu yog‘i qo‘rg‘on boshlanmasdan to u tugaguncha – o‘ng bet yashnab yotibdi. Cho‘l edi, dasht edi, suv yo‘q edi, e qaddingdan akang!

Xudoyqul tog‘am gidlik maqomida, kaminaga haf­sala bilan tushuntirish bermoqda: Husan akaning ishi, ikki yilda shu ishni qildi, artezian chiqardi, tosh yo‘l yotqizdi, atrofini o‘radi.

U paytlar bu ishlar davlatning puli hisobidan qilinardi, tushunaman. Lekin ko‘chatniyam davlat o‘s­tirarmidi, yaydoq dashtni ham o‘zlashtir, dermidi yoxud o‘zi kelib ekib berarmidi – shunisi qiziq. Qiziqki... bir on o‘ylanib turib qoldim.

To‘y o‘tganiga ikki-uch kun bo‘lgan, biz qutlug‘ bo‘l­singa kirgan ekanmiz. Tog‘am bilan oqsoqol birga ish­lagan – xabarim bor, ammo o‘zini tanimayman. Qa­­­naqadir chala bitgan, poli bor-u, eshik-romlari qo‘­yilmagan bir uyga boshlab kirishdi. O‘n-o‘n besh yigit g‘imirlab yurganidan bilsa bo‘ladiki, hali to‘yning tafti o‘tmagan, hovlidagi o‘choq tagida ham o‘tin tutab turibdi. Bizni alohida stolga boshlashdi. Narigi stolda to‘rt-besh chog‘li bir-biridan semiz zotlar xursand, bir-birining gapini eshityaptimi, eshitmayaptimi, mastona-mastona suzilib nuqul kuladi. Oxirida “obbo akam-ey” deydi. Kim akasi ekan? Men – hushyorman-da.

Biz o‘tirmoqchi bo‘lgan stolning boshida bir katta g‘o‘la turibdi. Mo‘la desa ham bo‘ladi. Uning nimaligini siz bilmaysiz, bizdan so‘rang: bu tomonda qir ko‘p, tog‘, adir ko‘p, hammasining ham nomi bor deb o‘ylaysizmi – yo‘-o‘q. Shu sabab, cho‘pon-cho‘liqlar mol ortidan yurib, bekorchilikda, ermakka atrofidagi toshlardan uyib mo‘la yasashadi – odam bo‘yidir, past yo balanddir, ishqilib bir belgi-da. Ertasiga qarabsizki, anov Salim cho‘ponning mo‘lasi, oqmo‘la, qoramo‘la, Abdullaning soyi, Solining soyi, Tokli soy, Oq zov, Qora zov – bir belgi xullas.

“Mo‘la” picha bosh ko‘targan bo‘lib, xiyol bosh chay­qadi. Yonidagi stolga ishora qilganday bo‘ldi. Tog‘am pildirab borib “mo‘la”ning qo‘lidan tutmoqchi edi, u qo‘llar iltifotni sezmagan kabi fotihaga yoyildi. Tog‘am tamom dovdirab, “yoshlar baxtli bo‘lsin, yoshlar baxtli bo‘lsin!” deb ikki marta omin qilib yubordi. Bizga esa baribir – begonaman. Tog‘am bo‘lsa tizzamga bir turtdi: xapa, deb qo‘ydi. So‘ng iltijoli bir suratda “mo‘la”ga termuldi.

– Ko‘rinmaydilar, – dedi “mo‘la”. Ammo ko‘zi yumuq.

– A-a, Husan aka, endi bizam katta davralarga yaramayapmiz. To‘y kuni izdihom katta deb tortindik, aka. Obkom kelgan to‘yga bizga yo‘l bo‘lsin.

– Shunday deng, unchalik emasdir. Obkom bova dov-doska qipkepti, qo‘ying desam qo‘ymadi.

– Eshitdim-eshitdim, “Volga” qulluq bo‘lsin, aka.

Tog‘am shunday deb, qanchaligi esimda emas, kissasidan kamtarona to‘yona chiqardi.

Yarim qarich keladigan ikki qosh bir ko‘tarilib tushdi. Qora-qizil rangdagi sergo‘sht burun tagidagi og‘iz harakatga kelib:

– Borya! – deb baqirdi.

Novcha bir yigit kelib qo‘l qovushtirdi.

– Qolgan vino-pinolaringdan opkel-da.

Novcha g‘oyib bo‘ldi. “Mo‘la” o‘sha-o‘sha holatda: na tebranadi, na choy ichadi, na boshqa gapiradi. Mo‘la-da!

E, qaddingdan, e, usta Xudoyim!

Tog‘am qulog‘imga shipshidi:

– To‘yonayam yoqmadi. Vino-pino deganini ko‘rding, aroq demadi. Biz otdan tushgan bo‘lsak.

Shunday dediyu tog‘am kulib yubordi. Aftidan bu siyosatni ko‘p ko‘rib yurgani uchun o‘zini tutolmadi. Bu odamning qo‘lida ishlamayotgan bo‘lsa – endi baribir emasmi?

Stolda yegulik serob, kalla-pocha ham bor. To‘ydan keyin ham qo‘ylar so‘yilayotganining belgisi bu. Biroq bu narsalar hali mening mijozimga botmas edi. Uyda onam tayyorlagan qatiqqa non to‘g‘rab yesam podshoday yuraveraman. Bu dov-doskalar, bu hashamatlar... Qa­bul qilolmas edim-da. Yoshlik qilardim chog‘i. Ha, darvoqe, bundan ham yoshroq vaqtim – sakkizinchi sinfda bir sinfdoshim bilan ta’tilda “Qo‘shrabot” sovxozining g‘alla xirmoniga ishlashga kelganmiz. Bir yarim oy kechayu kunduz ishlaganmiz. Oxiri bezor bo‘lib qochib ketganmiz. Xirmon mudiri Begmat Usmonov ortimizdan bir oz choy-chaqa va xirmondan kafsan jo‘natib yuborgan.

Ertalab ham, kechqurun ham shildir sho‘rva ichamiz. Tegirmoni non. Oxiri yoqmaylar ketgan. Bizdan kattaroq Abdurayim akaning tashabbusi bilan bir kuni kechasi boqqa o‘g‘irlikka kirdik. Uzum ayni pishgan payt. Ikkita katta it vovillab kelib qoldi-ku. Qochib-surinib, kim tikonli simga kiyimini ildirib, kim tuproqqa dumalab, ishqilib xirmonjoyga halloslab kelib ko‘rpaga burkanganmiz. Orqamizdan birov quv­ganini ko‘rmadik. Biroq ertasi kuni oshpazimiz Eshboy akaga bir ayol ikki chelak uzum tashlab ketibdi.

– Yosh bolalar bor ekan, uyidan olisda ochirqanib yurgandir, bering, yesin, – debdi.

Ana xolos. Kim bo‘ldi ekan bu vallomat. Yo‘q, aslida bilar edik, Hakimovning chorbog‘i, uyi shu yerda, bog‘i katta, ko‘rib yurardik, bolalik-da – kunduzi oq, qora kishmish, toyfi, olamanto‘ydi degan uzum boshlarining simlarda osilib xor bo‘lib yotganini ko‘rib, kechasi bir dodini bermaylikmi, degan rejalar bo‘lgan. Ne tongki, sarguzashtimiz boyagiday nihoya topgan. Bu Hakimovning ishimidi yoki kampirining shaxsan homiyligi edimi – shu topda xayol opqochdi.

Bunga sari tog‘am:

– Husan aka, bu jiyanim bo‘ladi. Jurnalist bo‘l­moqchi, o‘qiyapti, maqolalar yozadi, – dedi.

Oqsoqol bir yo‘la ikki ko‘zini ham ochib menga o‘qdek qaradi. Ahamiyat bergani meni sarosimaga soldi. “O‘sha o‘g‘irlik qilib yurgan sen bola endi jurnalist bo‘lmoqchimisan?” degan kabi ta’qib qilayotganday tuyuldi. Lekin oqsoqol:

– Quying, ichinglar, – dedi-da qo‘ydi. Ko‘zlari ha­mon yumuq.

Oqsoqol (endi “mo‘la” demayman) tog‘am aytgani singari har baloni bilsa, demak, meni ham biladi de­gan xavotir ich-etimni tirnadi.

– Hamro kep-ketdi, – dedi Husan aka.

– Tog‘a kepti-da, bu yigit Hamro tog‘aning nevarasi-da, ukasining o‘g‘li.

– Hamzaning, – deb qo‘ydi, oqsoqol. Shu holatida u bizdan boshqa kimningdir suhbatini olib, ichida ma’qul ko‘rib o‘tirganga o‘xshardi.

Men hayron qoldim: otamni bilar ekan, Hamro bobom-ku, qo‘lida yilqichi. Qoyil.

– Hamro qochib-pusib ketdi. Kalonov uni tuzlayman deyapti. Tuzlamaydi. Qishloqqa borganda ayting, Ismoilning traktorini akt qilib ketsin.

Ana endi bu yoqlari boshqa gaplar. Biz sizga “mo‘la”dan ibratli oqsoqol yasab beramiz.

Tog‘am mudom tildan qo‘ymay maqtaydigan odam shu – Husan Hakimov. U zamonlarda, bilasiz, bir tumanda o‘ntaga yaqin sovxoz bo‘lardi. Hakimovning xo‘jaligi esa “Biopunkt” deyilardi. “Pangat” xo‘jaligi ham shuning ichida, yilqichilik, qo‘ychilik, g‘allachilik tarmoqlari bor, boz ustiga Poyariqning Ko‘lto‘sin, G‘allaorolning Lalmikor degan joylarini ham xo‘jalik hisobiga kiritgan, ya’nikim yuzlab emas, balki minglab ishchilari bor edi. Mustaqillik yillarida yilqichilikni xususiylashtirishga jon-jahdi bilan qarshi turgani bois hozir ham saqlanib qolgan. Bilmadim, tag‘in qaerda bor – Jizzaxda “Konniy zavod” – ot xo‘jaligi bor deb eshitardim, hozir ham bormikan, biroq mana, men ayt­yapman – Qo‘shrabotda bor.

Pangatning o‘zini tokzor bog‘ qilib yubordi. Suv chiqmaydigan qir-adirlar ham tokzor bo‘ldi. Ochig‘i bu ishlarni bir odam qo‘li bilan bunyod etolmaydi-ku. Odamlarning boshini qo‘shgan, ishlatgan, haq bergan. Natijada “bu dunyoda Pangat, u dunyoda – jannat” degan maqol paydo bo‘ldi. Obodonchilik ishini puxta qilar edi. Tog‘am, u odam deyarli uxlamas edi, kechayu kunduz yurar edi, boshqalarniyam tindirmas edi, deydi. Viloyatga borsayam, obro‘si katta, xo‘jalik uchun bir katta narsa undirmay qaytmas edi, deydi.

Hozir tirik bo‘lganida balki judayam katta bir fermerlik xo‘jaligiga bosh bo‘lardi. Lekin oq­so­qol­chiligining zo‘r belgisi – ishchilaridan birontasining bur­ni qonashiga yo‘l qo‘ymagan. Chetdan birovlarni ara­lashtirmagan. Boya Hamro bobom va Ismoil traktorchi haqida gap bo‘ldi.

Bobom Hakimovning yilqi-biyachilik xo‘jaligining bir fermasida bosh cho‘pon edi. Avval o‘zimizning qish­­­loqda, so‘ng Lolahovuz qishlog‘ida. Cho‘pon deganiyam bola-chaqali, yeyarmon-icharmon degani-da. Xashak, ar­padan uyiga opketishi bor, yilqiga jondor (bo‘ri) tegsa yo kasallansa halollab so‘yib olsayam zootex­nik (Jo‘raqul Kalonov – hozir 90 yoshni qoralab qol­di, tarix bilimdoni, zo‘r odam)ka molning kallasini ko‘rsatib harom o‘ldi deb turaveradi. Albatta, haddidan oshsa, Hakimov ham, Kalonov ham qarab turmaydi. Ishning mashaqqati ayon. Shu bois Hamroni Kalonovga tuzlatib qo‘ymayman, deyapti. Bu – rahbarning ishga insof ko‘zi bilan qarayotganining belgisi.

Endi, Ismoil aka dedik. U kishi ham bizga amaki. O‘zi zo‘r, juda oqko‘ngil odam. Ichishni bir yil tashlab, ikkinchi yili me’yoridan ham oshirib ichib yuradigan odati bor edi. Shu holda pat-patining ruliga o‘tirib ketaverar edi. Yetmishni qoralayapti, umring uzun bo‘lgur, haliyam odati shu: bir yil tashlaydi, bir yil obdon hissasini chiqaradi.

Kunlarning birida... E, bu qiziq voqea juda. Un­da otasi Obloqul bobom – O‘nar bobomning ukasi, urush qatnashchisi, chars, vallomat odam – tirik edi. O‘sha ku­ni bo‘lim kassiri maosh tarqatgan ekan. Akam sheriklari bilan po‘la bo‘lguncha ichgan. Yana Zarmitandanmi, qaerdandir bir yashik pivo ham olgan. Traktor kabinasiga ortvolib, kayf zo‘r, qo‘shiqni vang qo‘yib kelavergan. Qishloq yo‘li tik, qiyaliklardan iborat, o‘nqir-cho‘nqir, tor.

Opasi Salomat ammam Qo‘rg‘ontepaning pastida turadi, traktorining ovozidan tanib Ismoiljon bilan ko‘rishib-so‘rashib qolayin deb yo‘lga chiqsa, tepada traktor tarr-tarr qilib turganmishu, akam rulda yotib olib uyquni urayotganmish. Bir mahal traktor sekin orqaga tisarilibdi. Ammam voy-voy, hoy-hoy, kim bor degancha qolaveribdi, transport orqaga tisarila-tisarila boshqaruv yo‘qolgach, pastga qarab qulab ketibdi. Bir dumalabdi, ikki dumalabdi, nihoyat masofasi bir chaqirimcha keladigan sayhonlikka tik qiyadan sochilib-parchalanib dumalab ketibdi.

O‘rtada Omon muallimning uyi bor, uyiga zarar qilmay chorbog‘ining devorlarini buzib o‘tib ketibdi. Soydagi suvga ikkita ballon yetib boribdi, traktorning qolgan qismi yo‘lda sochilib ado bo‘lgan.

Xudoning saqlaganini qarang: traktor birinchi qulagan zahotiyoq akam kabina eshigi ochilib tushib qolgan ekan. Yana qizig‘i, o‘sha bir yashik pivosi ham qu­chog‘ida emish. Ammam buni ko‘rmagan ekan, oy-hoy, Ismoiljonim nima bo‘ldi, qaranglar, deb ayyuhannos solib baqirarmish. Qarashsa, akam bir yashik pivo qo‘y­nida, yetib kelgan odamlarga hiring-hiring kulib yotganmish. Biror joyi lat yemagan.

Ha, yaratgan Egam saqlayman desa qirq yillik qirg‘indayam saqlayverarkan. Akaning omon qolgani yax­­shi – Xudo qaytarib berdi axir. Aybi ham o‘zi bilan. Lekin men boshqa narsani aytaman: Hakimov bu voqeani eshitib xursand bo‘lmagani aniq, jazavasi qo‘zigandir balki, shunga qaramasdan akamni kechirganini qarang!

Kal bo‘lsam ham tarog‘im tillodan deganlari sin­­­gari amakim oriyatli odam, Hakimov qancha so‘­rat­tir­sayam bormay yurdi. Hamro otam ikkita ballonni otiga xurjun qilib Qo‘shrabotga oborsa, direktor: bo‘ldi, hisob, Ismoiljonga ayt, qochib yurmay bir kelsin, depti. Ismoil akam bari bir bormadi: yuzi chidamadi shekilli. Oxiri orqasidan bir yangi “Belarus” jo‘natibdi oqsoqol. Akam shuniyam minolmay bir muddat qiyshanglab yurdi. Otasidan dakkimi, tayoqmi yegach rulga o‘tirdi. “Belarus”ni minib pensiyaga chiqdi. Ammo oqsoqolning vafotigacha uning ko‘zidan qochib yurdi.

Ismoil akamning mehnatkashligi, oqko‘ngilligi, balki oriyati yoqqandir, ehtimol jo‘jabirday jon – shuni o‘ylagandir, har nechuk kechirgani bor gap.

O‘zi katta qalbli odamlarning mehriyam katta bo‘­ladi shekilli.

Ha, Hakimov Qo‘shrabotning oqsoqoli edi. Odamlarning boshini qo‘shishni yaxshi eplardi. Necha raykom, necha obkom bilan ishladi – hurmat-obro‘yini yo‘qotmadi. Qo‘l ostidagilarga qo‘rs, qo‘pol muomalali bo‘lib tuyuldi, ammo birortasiga zug‘um qilmadi. Shuning uchun tog‘am u kishini tildan qo‘ymaydi.

Mana, u odam dunyodan o‘tgandan keyin ham tuman­ga uch-to‘rt rahbar kelib ketdi. Lekin birortasi “e, bu oqsoqolning bog‘-rog‘lari qarovsiz qopti-ku” deb sa’y qilmadi. Endi, ularning ichida ham fidoyila­ri bo‘lgandir-ku, ammo aytamanki, yurt oqsoqoli bo‘­lolmadilar chog‘i. Bo‘lmasa Husan Hakimov shu bog‘­larni Qo‘shrabot xalqi yesin, to‘ysin, daromad qilsin, soyasida soyalasin deb qilgan-ku, o‘tin bo‘lsin, kesib pechiga yoqsin demagandir-ku. Gapning o‘roliyam shu-da.

Endi hikoyamizning boshidagi hangomaga qaytamiz.

Eruv boshlangach tog‘am bilan qishloqqa ketyapmiz. Qir-adirlarda anchadan beri muz qotgan qorlar g‘alati tarzda, yangi jilg‘alar yasab pastlikka oqib tushadi. Yo‘llar cheti loyqa-bo‘tana suvga to‘lgan, asfalt yo‘l tagidagi quvurlardan suv to‘lib oqib chiqayotir. Hayron bo‘laman: lalmikor bug‘doy, mahsar ekilgan shudgor yerlarning oqib tushayotgan loylari keyin qaerga to‘planarkin?

Oxiri baxayr bo‘lsin ishqilib. Shu kuni tog‘am bi­lan ikkita joyga kirib fotiha qildik. Hammayoq bilch-bilch bo‘lib yotibdi. Ismoil akamning kampiri Oysara chechayam yaqinda qaytish qilgan. Ma’rakasi o‘t­di, endiyam bormasam toza uyat. Biroq yuqoriga mashina chiqolmadi. Tog‘amni pastda, mashinada qoldirib o‘zim piyoda chiqib keldim. O‘ziyam tizzamgacha jiqqa ho‘l bo‘ldi. Lekin qarzimdan qutuldim. Ertasi kuni tag‘in ikki joyga kirib “qo‘l qaytarib” chiqib ortga jo‘nadik.

Kechasiyam ilmiliq havo bo‘lgani uchun eruv kucha­yib tekis joylardayam sharqirab bo‘tana oqib yotibdi. Ko‘lto‘singa yetganimizda ko‘prik tagiga suv sig‘may sel asfalt ustidan oqayotganining ustidan chiqdik. Bir to‘da odamlar chiqib tomosha qilayotir. Biz o‘tsak bo‘ladimi deb so‘radik. O‘tavering, deb qo‘ydi biri. Qo‘rqa-pisa o‘tib oldik. Shu ko‘yi G‘allaorol tumaniga qarashli Gulchambar, Oqtosh qishloqlaridan ham o‘tdik. Ertasi kuni o‘sha biz o‘tgan qishloqlardan birini sel yuvib ketgani haqida shumxabar tarqaldi. Yaxshi gap­dan ko‘ra yomoni tez yoyiladi. Hartugul qurbonlar bo‘l­mapti. Keyingi kun ukam telefon qilib qoldiki, Ko‘lto‘sindagi kecha sizlar o‘tgan ko‘prikni bir soatdan keyin sel buzib, undan boshqa yo‘lning bir qisminiyam katta jar qilib o‘yib tashlabdi. Shukrki, odam oqmagan.

Ana endi shu talofatgayam rosa bir yil bo‘ldi. Ko‘klamdan yozgacha Ko‘lto‘sin orqali yuruvchi transport vositalari bir necha chaqirim naridagi Dovtepa qishlog‘i orqali chang-loy ko‘chadan aylanib o‘tadigan bo‘lishdi. Yozda G‘allaorolning Oqtosh, Ko‘charbuloq qishloqlari ko‘priklari yangilandi. Ayniqsa, Ko‘­char­buloqda bunday sel-toshqinlarga bemalol dosh beruvchi katta ko‘prik qurildi. Lekin Ko‘lto‘sinda... yozda huv yo‘lni jar qilib buzib ketgan joyga odamlar shaxsiy tashabbus bilan ikkita kattakon quvur yotqizib, ustidan shag‘al-tosh to‘kib chiqishibdi. Yengil mashina, mikroavtobuslar amallab o‘tsa bo‘ladigan qo‘lbola ko‘prik. Biroq katta hajmga ega yuk transportlari, avtobuslar o‘tolmaydi. Bu yo‘ldan har kuni turli yumush bilan yuzlab emas, minglab odamlar o‘tadi. Toshkent, Jizzax, Sirdaryodan Ko‘lto‘sin, Nakurt, Quduqcha va Qo‘shrabotning o‘nlab qishloqlariga Zarkent, Zarmitan qo‘rg‘onlariga, jumladan, bizning Tumanovul, Mayintepa, Kamarovul, Boyto‘p, Jabutay, Qurisoy, Quvkalla qishloqlariga ham shu yo‘l orqali o‘tiladi. Ilgari odamlar yo‘lning o‘ydim-chuqurligidan nolishardi. Endi shu yo‘l ham g‘animat bo‘lib qoldi. Boyagi qo‘lbola ko‘prik bahorning ilk seli kelgandayoq oqib ketadi. Shunday katta va serqatnov yo‘lga munosib ko‘prik solish nima uchun boshqalarni qiziqtirmaydi – hayron qolasan kishi.

Bir oydan oshdi, tog‘am yangam bilan yana Toshkentga kelgan. Qish-qirovli kunlarda qishloqdan birin-ketin ikki janoza xabarini eshitdik. Orada bir haftacha iliqroq, yog‘in-sochinsiz kunlar ham bo‘ldi. Bari bir yo‘lni o‘ylaymiz. Kechagi gaplashganimizda tog‘am Ko‘lto‘sinda ko‘prikning yo‘qligi, bir yildan be­ri rahbarlar e’tibor bermayotganini aytib nolidi.

– Sobir-ey, – dedi so‘ng, – burun yuz qo‘yli odamni katta boy der edik. Shu aybi uchun ular quloq ham bo‘lib ketishdi. Hozir qishloqlarning o‘zida burungi boylardan yuz karra boylar bor. Mashinaning zo‘ridan minadi, uyini qavat-qavat qilib quradi, to‘yiga falon ming dollar sarflab, nomdor artistni chaqirib keriladi. Inomarka mashinalari xarob yo‘llardan yursa, bu yo‘llarni erta-indin kelib davlat qurib, soz­lab berishi kerakday hammaga qo‘shilib nolib yuraverishadi. Qanaqa yuragi qotib ketgan odamlar bular?

– Tog‘a, bular asli davlatdan yulib boy bo‘­lishni fazilat deb bilishadi. Xalq farovonligi deb pul sarflashga or qilishadi. Shunaqa pishiq boylar bular.

– Eh, Husan Hakimov yashamadi-da shu kunlarda. Barisini uyidan quvib chiqib tikka qilmasmidi! O‘, noinsof, puling bor ekan, moling bor ekan, uyingning ichini yaltiratguncha bu yoqqayam qara, ko‘r bo‘lgur, derdi. Ha, aytardi shu gaplarni. Yoki ko‘priklar uchun mutasaddi bo‘lganning eshigi oldida itday yotib olardi. Hay, attang, qadri o‘tdi-da bachchag‘arning.

Yaqinda dunyodan o‘tgan birinchi adabiyot ustozim Omon aka Qo‘chqorov tog‘amning tengquri edi. Ma’rakasi ham o‘tibdi. Yo‘lni o‘ylaymiz. Qo‘shiqdagi “yo‘llar olis, otim oriq, yetolmayman-ey” degan satrlar esga tushadi. Holbuki bu yo‘llarga polvon otlar ham dosh berishi qiyin endi. Qishlog‘imiz uzun soyning ikki betida joylashgani uchun orada 4-5 ta ko‘prik qurilgan. Bulturgi sel ularniyam omon qoldirmagan. Bir epini qilish odamlarning o‘ziga havola. Hokimga yozadimi, u kelib ko‘rib yordam beramiz deydimi, lekin oxir oqibat, baribir gap o‘zlarida qoladi. Bir tashabbus­kor oqsoqol jon kuydirmasa qiyin.

Mana, yo‘lga chiqdik ham deylik. G‘allaorol, Mar­­jonbuloq yo‘li bilan endi yurib bo‘lmaydi. Chun­ki Ko‘lto‘sinning bulturgi ko‘prigi o‘rnida bugun hay­hot­day jarlik bor. Jarlik tagiga qilingan omonat ko‘p­rikni kichkina sel ham chalpak qilib tashlabdi. Shu bois Samarqand yoki bo‘lmasa Jomboy, undan P­o­y­­a­riq­ning Eshimoqsoq qishlog‘i orqali Chelak, Mitan, Qo‘sh­­rabotni aylanib borish kerak. Unda kamida 70 cha­qi­rim ortiqcha yo‘l bosishga to‘g‘ri keladi.

Tog‘amga aytdim:

– Hadeb Hakimov deyavermang. U odam endi ketdi. Hozirgilar juda zakunchi. Birovga bir narsa deyish qiyin. Bor yo‘ldan yurib turaveramiz. Shunisigayam shukr. Bizdan ko‘ra ko‘lto‘sinliklarga qiyin, chunki jar­­lik bir qishloqni qoq ikkiga ajratib qo‘ydi, bizlar bo‘lsa... shu qishloqdan o‘tib-qay­tuvchi yo‘lovchilarmiz, xolos. Shunday emasmi? Ertaga otlanavering, yo‘lga tushamiz!

Yo‘lga tusharmiz, borib ham kelarmiz.

Tasavvur qilaman: cho‘qqisoqol, chorpaxil, yuzni qoralagan oqsoqol Hakimov 600 ta yilqisi bor yangi zamon boyi Abdurahmonning darvozasini uryapti. Ab­durahmon chiqib cholni jerkiyapti. Taxminan bunday deydi: “Nu i chto! Transport nalogini benzinga qo‘shib to‘layapmanmi – to‘layapman. Fermer xo‘jaligidan yo‘l solig‘ini qurtday undirib olishyaptimi – olishyapti shovvozlar! Olib qayoqqa bekitishyapti? A, qayoqqa bekitishyapti? Ana, o‘shalar qurib berishsin ko‘prikni! Sizning zamoningiz o‘tdi, boboy!”

“Boboy” mulzam tortib qolar edi, ehtimol.

Ehtimol chindan ham zamoni o‘tganiga afsus chekardi. Lekin o‘zibo‘larchilikka chiday olmas edi.

Oqsoqolchilik shunda kerak!

Ha, har elga bosh kerak!

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 2-son.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.