background
logotype

Sobir O‘nar. Mehnatning yonishi yoxud otamning armoni (2014)

Odamzot kishilik jamiyati tarixi mobayni­da urush, qirg‘inbarotdan tashqari ocharchilik, qahat­chi­­lik, kam­bag‘alchilik kabi balolarni ham boshidan o‘t­kazgan. Luqmoni hakim o‘g‘liga nasihatlarida kam­ba­g‘alchilikni ofat deb atab, bunday holga tushib qolmaslikka chaqiradi.

Muhtaram Prezidentimiz “O‘zbekiston XXI asr bo‘­sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shart­lari, taraq­qiyot kafolatlari” asarida kamba­g‘al­chi­likni insoniyat hayotiga xavf soluvchi ommaviy balolardan biri sifatida alohida ta’kidlaydi.

O‘zi odamlar yalpi jamiyat bo‘lib baxtli hayot kechirgan davrlar tarixda juda kam. Yuz yillik sho‘ro tuzumi vaqtini ham hisob-kitob qilib ko‘rsangiz tinch­lik-osoyishtalik, to‘qlik vaqti naqadar ozligiga gu­voh bo‘lasiz.

Sirasini aytganda, o‘zbekning boshiga Mustaqil­likda kun tegdi! Buni kamina baralla ovozda aytar edim!

Men-ku, shu yurtning ellik yoshga kirgan bir fu­qarosi, ochlikni ko‘rmaganman, lekin kambag‘alchilik kishini kamsitib, yerga uradigan bir omil ekanini aniq bilaman.

Otam rahmatli qirq yildan ziyod vaqtini davlatning qo‘yini boqib cho‘ponlikda o‘tkazdi. O‘ylaymanki, rahmatli ayni kuch-quvvatini cho‘ponlikka sarflaganidan norozi bo‘lib o‘tdi. Toki biz farzandlari er yigit bo‘lib qabatiga kirgunimizcha, o‘qib, ishlab hayotdan o‘rin topgunimizcha vaqtida yetarli shart-sharoit yaratib berolmaganidan xafa bo‘lib yurdi.

Soddaligidan tashqari to‘poriligi ham bor edi. Kattakonlarning aytganini qilish kerak deb o‘ylardi, tamom. Bu yoqda esa olti nafar yeyarman-icharman-kiyarmanlar bo‘y ko‘rsatib kelayotir. Shaharga borib o‘qiyman desa yo‘l xarji, ovqat xarji, kiyim xarji kerakmi – kerak. To‘y qilaman desa el qatori sarpo-suruq, dov-doska qilish kerakmi – kerak. Uyni el qatori qilib quraman desa, qurilish materiali sotib olish kerakmi – kerak!

Bularning hammasiga pul jonivor kerak-da!

Otam pulni yomon ko‘rganidan yoki eplab ishlatol­maganidan emas, davlat maosh to‘lamagani uchun kam­bag‘al edi. Halol ishlab, halol pul olmoqchi bo‘lar, biroq buning epini qilolmasdi. Qo‘y jonivorga kasal tegadi, ayniqsa qishda o‘pkasi shamollasa kun isiganda to‘kilib tushadi, yo‘talib, et olmay yuradi-da, yozga chiqib tek qotadi. Bu murda – cho‘ponning gardaniga! Qishda yetarli yem-xashak berilmaydi: kombikorm, sheluxa, mayda chigit, kepak – bularni kattaman deganlar ombordan sotib gumdon qilib yuboradi yoki cho‘ponga juda kam miqdorda beradi. Jonivorlarning qorni to‘ymaydi. Kuch­siz, darmonsiz sovliqlarning ko‘klamda tug‘olmay jon taslim qilganlari qancha bo‘ladi. Tuq­qanlari o‘lik qo‘zilar bo‘ladi. Bu ham cho‘ponning bo‘y­niga!

Yozda yaylov yetishmay otarni toqqa haydab chi­qi­shadi. Tog‘dagi yirtqichlar, ya’ni bo‘riga qo‘y tayyor luqma! Besh yuz qo‘yning bir qismi u adirda, bir yog‘i soyda, bir to‘dasi bu qirda – hammasini uzzu kun-tun bir joyga to‘plab, qo‘riqlab o‘tirmaysan-ku. O‘n besh-yigirma bosh qo‘yga qiron kelishi odatiy hol. Lekin bo‘risi tushmagur anchayin johil hayvonlar sirasiga kiradiki, qo‘yning belgi yoki isirg‘a osilgan qulog‘i, bo‘yalgan junini ham qo‘ymay paqqos tushiradi nomard. Endi cho‘pon uni akt, ya’ni dalolatnoma qilolmay garang. Chunki aynan falon raqamli qo‘yni bo‘ri olganini isbotlay olmaysan. Quruq kalla suyagi inobatga olinmaydi. Demak, yo‘qolgan qo‘y ham yana cho‘ponning gardaniga!

Shuncha jarimalardan so‘ng u nimaga maosh olsin! Shuncha kamomadning o‘rnini qoplash kerak-ku. Ularniki to‘g‘ri-da. Esimda, tuman gazetasida ba­hor oylari har bir xo‘jalikning otarlari, bosh cho‘­ponlarning ro‘yxatlari e’lon qilingan paytlari bo‘­lar, unda qo‘zilatish mavsumini cho‘pon qay darajada muvaffaqiyatli yoki sust o‘tkazayotgani haqida ma’lumot bayon qilinardi. Bir gal otamni ro‘yxatning quyi qismida ko‘rganim uchun uyalganimdan bo‘lsa kerak, nega bundayligidan yozg‘irgan edim. Shunda otam bir necha ilg‘or cho‘ponlarning nega ilg‘orligi sababini tushuntirgan. Aksariyatida yaylov keng, xashak mo‘l, bizga o‘xshab toshli qir-adirda yurmaydi. Ko‘pchiligi kattalar bilan yaxshi muomala qiladi: ularning qo‘ylarini qo‘shib boqadi, yem-xashagini yetarli qilib beradi, falonchi “geroy” esa besh yuz otarga o‘zining besh yuz qo‘yini qo‘shib boqadi. O‘zining qo‘zilarining ham aksarini davlatga topshirib yuboradi. Bo‘lmasa har bir sovliq yiliga 2-3tadan tirik qo‘zi qoldirishi mumkin emas. Yana bir xillari... sonda bor-u, sanoqda yo‘q! Ko‘z­bo‘yamachilik!

Yana semiz qo‘y-qo‘zilar almashtiriladi. Kattalarga kerak bu. Keyin tirriqlari akt qilinadi. Qo­ramollar, otlar ham shu. Biznikiga o‘xshab sharoitsiz yaydoq yerlarda o‘t izlab yurgan tirriq sovliqlar ularga kerak emas. Sifati bo‘lmasa ham soni tugal bo‘lsa bas. Shuning uchun qarzdan boshimiz chiqmaydi, kosamiz ham oqarmaydi, ariza yozaman desang, muncha kamomadni bo‘yningga bosaman, qamalasan, deydi. Shuytib irg‘alib yuraberamiz-da.

Otamga achinar edim va shu bois cho‘ponlikni yomon ko‘rib o‘sdim.

Otam 90-yilda pensiyaga chiqqanida juda xursand bo‘lganman. Va, qizig‘i, bu pensiya miqdori onamning qarilik pensiyasidan ham kamroq edi...

Lekin endigi qarilik hayoti betashvish va oso­yishta edi. Farzandlar o‘zlari o‘mganlarini ko‘tarib uyli-joyli, ishli bo‘lganda, otam hov o‘sha, Prezidentimizning shaxsiy tomorqalar uchun yer berish haqidagi farmonidan ruhlanib bog‘ qilgisi keldi. Qishloq chetidagi yerdan ikki gektar tokzor olib parvarish qilishga tushib ketdi. Xo‘jalik idorasiga qatnab xatlab ham oldi. Bir tomoni daraxtzor, asosiy qismi kishmish yetiladigan tokzor bog‘ bo‘ldi. Bu yerga shu darajada mehr berib, parvarishlay boshladiki, u insondagi bu shijoatni ko‘rib farzandlar ham qarab turmadik. Yon-atrofini to‘siq bilan o‘rab, mol-hol kirmaydigan qilib berdik. Endi shu yerdan uydagi sigir, qo‘y-echkilar uchun qishlik xashak ham chiqar, yozda qoramollarni podaga qo‘shmay, bog‘ning o‘toqdan chiqqan ko‘karchini bilan boqar edi. G‘ayrati jo‘shib bir uycha-chayla ham qurib oldi. Uzun yoz kunlarida shu yerda bemalol yotib qoladigan bo‘ldi.

Otam Mustaqillikning o‘n birinchi yiligacha yashadi. Ammo endi huzurlanib, hayot ta’mini boshqacha sezib, shukur bilan, toat bilan yashadi. Avval yashagan umrining naqadar halolligidan qat’i nazar davlatning, rahbarlarning nomardlik qilganidan afsuslandi. Aka-ukalar pul yig‘ib ukamga “Damas” mashinasi olib berdik. To‘y-tomoshalarga onam, nevaralari bilan qo‘r to‘kib borib keladigan bo‘ldi.

Prezidentimiz 1993-yilda yosh ijodkorlarning yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida uy-joy bi­­lan ta’minlash to‘g‘risida farmon e’lon qilgani esimda.

O‘ttiz yoshga kirib, ikki farzand bilan ijara uy, yotoqxonalarda sanqib yurgan biz kabi qalamkashlarga ham uy nasib etadigan bo‘ldi. Bugun, oradan yigirma yillar o‘tib, ipoteka krediti berish shakllangan bir paytda o‘sha, mustaqil davlatimiz hali o‘zining qaddini tiklash jarayonidayoq bunday imtiyoz va him­matga qo‘l urishi uncha oson kechmaganini hozir yaxshiroq his qilaman.

Xullas, quling o‘rgilsin, to‘rt xonali g‘ishtin uy­ga bola-chaqa bilan kirib joylashib oldik. Biz ko‘zi ochlik qilib uysizlikdan nolib yurarkanmiz-u, dabdurustdan kirib, uni to‘shamchi va ko‘rpa-to‘shak bilan to‘ldirishning ham o‘zi bo‘lmas ekan. Bu, endi o‘z Vataning qo‘lingda turgach, aytishga arzigulik muammo emas-u, o‘sha vaqtdagi holatimizni aytaman-da.

Men o‘z Vatanim bilan maqtanishim uchun ota-onamni chorlashim va uy to‘yi o‘tkazishim kerak edi. Shunda bildim: hayhotday ko‘ringan, bir tomoni yalang‘och bo‘lib turgan boshpanamiz atigi ikki kishi bilan to‘lar va obod bo‘lar ekan. Bular mening jondan azizlarim – otam va onam edi. Koshonamizga kirib oyoq uzatib kerilishga va og‘izlarini to‘ldirib so‘z aytmoqqa, choy ichib, ovqat tanovul qilib huzurlanishga dastavval ularning haqlari bor edi. Avval ham, hozir ham shunday o‘ylayman. Sababi oddiy: oq sut berdi, oq yuvib oq taradi. Nimaiki zahmat chekkan bo‘lsalar, biz farzandlar uchun chekildi. Va men ulg‘aygan sayin boshimda toj bo‘lib turgan zotlar omonat ekanliklarini tobora chuqurroq his qilar, mana shu omonatdorlik yuz yillarga cho‘zilib ketishini xohlardim. Endi bo‘lsa o‘stirayotgan, tarbiyalayotgan bolalaring nazdida o‘zing ham shundaysan...

Otam boqqan qo‘y-echkining junidan onam gilam to‘qiydi, olacha, taqirloq degan to‘shamchilar bilan uyi­mizni to‘ldirib tashlaydi. Endi ana shu gilamlardan otam va onamning izlarini, hidlarini izlayman. Omonatini otam 73, onam bultur ro‘zada 82 yoshda topshirdi. Ular uchun biz toju davlat ekanimizni ko‘p aytishar, ortimizda qolinglar, saodatli umr kechiring­lar, tolei baland bo‘linglar, deb ko‘p duo qilishardi.

Otam kamroq, onajonim ko‘proq Toshkentni ko‘rdi. Mustaqillik maydoniga, Prezident archasiga olib bordim, teatr, tsirk tomoshalarini ko‘rsatdim, o‘n yil uzun qish kechalarini bizning, nevaralaringizning huzurida o‘tkazing deb olib qoldim. Uch kun o‘tmay qish­loqdagi uyini, u yoqdagi nevara-farzandlarini, kengliklarni sog‘inib qolaverar edi. Biroq Navro‘z bayramigacha qo‘yib yubormas edik. Uyimizning farishtasi, duogo‘yi bo‘lib o‘tirar edi.

Otaning, onaning g‘animat ekani endi yo‘qlikla­ri­da chuqurroq bilinadi. Ko‘proq xizmatlarini qilsam edi, deb kuyinasan.

“Biz yashagan hayot hayot emas ekan, ertadan kechgacha qilgan mehnating non topishdan boshqasiga arzimas edi, qadring yo‘q edi. Endi bo‘lsa, xohlagancha yering, moling, puling bo‘lsin – qandingni ur, farovon yasha! Qil­gan mehnating yonadi. Karimovning otasiga rahmat! Peshonasida yulduzi bor shu odamning!”

Otam qariganda shunga iqror bo‘ldi.

Mustaqillikning shukuhli kunlarida yigit bo‘lib, yeng shimarib ishlab, qadr topib, so‘ng qo‘r to‘kib yurgisi keldi.

Bu – otamning armoni. Farzandlar, nevaralar hayotida esa masrurlik davom etmoqda.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 8-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.