background
logotype

Umrzoq O‘ljaboyev. Olmos iste’dod jilosi (2009)

Ustoz Ozod Sharafiddinov tabiatan kulgiga, har xil hazillarga moyil inson edilar. O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘.Hoshimovning «Shumliklar» turkumiga kirgan hikoyalarini o‘qigan kishi bu gaplarning qanchalik to‘g‘ri ekanligiga amin bo‘ladi. Domla qatnashgan davrada hamisha o‘zgacha bir ruh, alohida ko‘tarinkilik, samimiy kayfiyat hukmron edi. Ozod aka har qanday davraga ham jon kiritib yuborardi. Bu holat u kishi bor joyda har xil mayda-chuyda, baland-past, g‘iybat gaplar bo‘lishiga imkon bermasdi. O‘tirganlar o‘rtasidagi munosabatlar o‘z-o‘zidan beg‘araz, samimiy bir tusga kirardi. Ustoz bilan hamsuhbat bo‘lgan kishilar ham ko‘p yangi gaplardan xabardor bo‘lib, o‘zlarining tasavvur, bilim doirasi ancha kengayganini sezmay qolardilar, ham miriqib kulib hordiq chiqarardilar. Bilamizki, to‘g‘ri so‘zlik, murosasizlik, halollik kabi sifatlarni barcha birdek qabul qilavermaydi. Bundan tashqari yuqorida tilga olingan xislatlar, sobiq sho‘ro mafkurasining talablariga unchalik mos kelavermasdi. Bu holatdan ustomonlik bilan foydalanganlar ham ko‘p bo‘ldi. Ozod aka bilan tengdosh adabiyotshunoslarning hech biri mustaqillikka qadar bunchalik ko‘p ta’qibu tazyiqlarni boshidan kechirmagan. Yana buning ustiga Ozod aka hayotining so‘nggi yigirma yilini og‘ir dard bilan kurashib o‘tkazganligini eslasak, masala yanada oydinlashadi. To‘g‘ri, domla ham temir odam emasdi. Ba’zi o‘rinlarda ijodida murosa yo‘liga kirishga majbur bo‘lgan joylari ham bordir. Lekin har qancha qiyin bo‘lmasin, u bosh yo‘ldan – adabiyotni estetik hodisa ekanini, uning asosiy vazifasi hayotni qandaydir siyosiy qoliplardan kelib chiqib ko‘rsatish emas, balki badiiy vositalar orqali kashf etishdan iborat bo‘lishi lozimligini xolislik bilan yozishdan, tushuntirishdan, isbotlashdan hech qachon chekinmagan, o‘z iste’dodini qandaydir mayda manfaatlar, soxta shuhratlar yo‘lida sarf qilmagan. Ehtimol, umrining so‘nggi bosqichlarida, vujudga kelgan fikr va ko‘ngil erkinligidek bir sharoitda domlaning jo‘shib, tinim bilmay ijod qilishlariga sabab bo‘lgan omil ham shu bo‘lsa kerak.

Xullas, domla har qanday holatda ham, o‘zi duch kelgan turfa xil sharoitlarda ham xarakteridagi yumorga, hazil-mutoyibaga moyillikdan uzoqlashgani yo‘q.

Bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Domla 2-ToshMIning jarrohlik bo‘limida yotibdilar. Oldinroq bir oyoqlari kesilgan. Endi ikkinchi oyog‘ida ham muammo paydo bo‘lgan. Bir necha ko‘ngil yaqin kishilar birgalishib ko‘rgani bordik. Suhbat qizg‘in ketayapti. Har zamonda eshikdan oq xalat kiygan kishilar mo‘ralab qo‘yishadi. Biz, o‘zimizcha, doktorlar domlaning holidan xabar olib turishibdi, shekilli, deb o‘yladik. Vaqt o‘tgan sari bunday «xabar olishlar» tezlasha boshladi. Shunda domladan buning sababini so‘radik. «Doktorlar qolgan oyog‘ingizning barmoqlari endi sizga kerak bo‘lmaydi, qurib qolibdi. Ularni olib tashlasak ham bo‘ladi, deyishgan edi. Shu ishni bugun amalga oshirishlari kerak», dedi beparvo ohangda va yana suhbatni kelgan joyidan davom ettiraverdi. O‘tirganlar – hammamiz ham bu gapdan hayajonlanib ketdik. Murakkab jarrohlik jarayoni haqida domla bemalol, bexavotir, xuddi oddiy bir narsa haqida gap ketayotgandek gapirayaptilar. Suhbatimiz yana davom etaverdi. Oxiri bir doktor chidolmasdan kirdi-da: «Domlajon, siz suhbatni davom ettiravering. Faqat mana bu qizimiz sizga bitta ukol qilib qo‘ysin», – dedi. Qisqa fursatda hamshira qiz chaqqonlik bilan vazifasini bajardi va so‘ngra har ikkalasi ham chiqib ketishdi. Ular ketgach, qarasak, birga kelgan do‘stlarimizdan biri bu yerdan juftakni rostlab qolibdi. Bunga ham birinchi bo‘lib Ozod aka e’tibor berib, falonchi ko‘rinmay qoldi, dedilar. Bu do‘stimiz ukoldan qo‘rqishini gapirib berdim. Hamma miriqib kuldi. So‘ng Ozod aka Tuvaga borganlarida shoir Abdulla Oripovning tishi og‘rib qolganiga o‘xshash kulgili voqeani aytib berdilar. Shu tarzda gap gapga, kulgi kulgiga ulanib, suhbat qizigandan qizib borayotgan paytda bundoq eshikka qarasak, operatsiya qilishi lozim bo‘lgan jarrohlaru hamshiralar xonaga kirib, saf tortib turibdilar. Domlani ularning ixtiyoriga topshirishdan boshqa ilojimiz qolmadi.

Umrining so‘nggi yillarida domlaning dardi kuchayib ketdi. Panjalardan keyin ikkinchi oyoq ham butunlay kesib tashlandi. Shu holatda ham Ozod aka o‘ziga sharoit yaratib olib, tinim bilmasdan ishladi. Ko‘zi ham xiralasha boshladi. Shunchasi kamlik qilganday, qizilo‘ngachdan ovqat qiyinchilik bilan o‘tadigan, ba’zan umuman o‘tmay qoladigan bo‘ldi. Shunday kunlarning birida ko‘rgani bordim. Garchi kasallik turli tomonlardan kelib, u kishiga azob berayotgan bo‘lsa-da, kayfiyati yomon emasdi. Suhbat domlani tark etmayotgan kasalliklar haqida emas, adabiyot, ijod bilan bog‘liq masalalar haqida ketdi. Gap oralig‘ida ishtahasi qandayligini so‘radim. «Chyort poberi, umuman olganda yeyish-ichish yomon emas-u, lekin ba’zan tomoqdan hech narsa o‘tmay qoladi. Zo‘rlab yesam, hatto sho‘rvaniyam qaytarib tashlayman», deb javob berdilar. Buni qandaydir nolib, dardlaridan shikoyat qilib emas, balki oddiy bir gapdek aytdilar. Shunda men, gapni bir oz hazilga burib, «unda pivo nima bo‘layapti?» deb so‘radim (domla bu ichimlikni g‘oyat xush ko‘rardilar!). «Pivo baloday o‘tib turibdi», dedilar domla. «Xo‘p, pivo o‘tib turgan ekan, tomoqni sal chalg‘itib, oldin pivoni o‘tkazib yuborib, orqasidan sho‘rvani ichsangiz bo‘lmaydimi?» dedim. Domla hazilni davom ettirib, «Men shunday qilayapman. Lekin bu qizilo‘ngach deganlari juda sezgir bo‘lar ekan. Pivoni bemalol o‘tkazib yuborib, sho‘rvani ushlab qolayapti», degan javobni qildilar. Miriqib kulishdik.

Kulgi, hazil-mutoyiba ijodda ham yozish uslubi, tafakkur tarzining muhim bir tarkibiy qismiga aylanib ketgan edi. Bu xususiyat domlaning, ayniqsa, keyingi 10-15 yillik ijodida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, uning 2002 yilda yozilgan «Sizni sog‘indim, Zulfiya opa!» nomli asari bor. Zulfiya opa 1996 yilda vafot etganligini bilamiz. Lekin domla o‘z maqolasiga, xuddi tirik odamga murojaat qilgandek, «Sizni sog‘indim, Zulfiya opa!» deb sarlavha qo‘yganlar. Shuning o‘zi, avvalo, odamni ancha o‘ylantirib qo‘yadi. Domla oldin ham bu atoqli shoira ijodi haqida maqolalar yozgan, hatto, ajoyib bir adabiy portret ham yaratgan edilar. Lekin domla Zulfiya opa haqidagi hamma gaplari aytilmay qolgan ekan shekilli, bu gaplar Ozod akaga tinchlik bermay qo‘yadi. Butun umri davomida ayol qalbi – o‘zbek ayoli qalbining nozik, hayo va iboga, bardosh va matonatga to‘liq tuyg‘ular olamini kuylab o‘tgan bu munis shoira xotirasi oldida o‘zini qarzdordek his qilaveradi. Shoiraning ham ijodi, ham ulug‘ shaxsiyati haqida keyingi yillarda ko‘nglida yig‘ilib qolgan, aytilishi lozim bo‘lgan gaplarini o‘zgacha bir ehtiros bilan qog‘ozga tushiradi. Maqola o‘z mohiyatiga ko‘ra g‘oyat jiddiy ohangni talab etadi. Domla ham ana shu talabga amal qilgan holda fikr-mulohaza yuritadi. Lekin bari bir Ozod akaning tabiatidan kelib chiqib, uslubiga singib ketgan fazilat – yumor bir o‘rinda yarq etib ko‘zga tashlanib qoladi. Zulfiya opaning shaxsi bilan bog‘liq holat haqida so‘z yuritar ekan, domla shunday yozadilar: «U kishi shunday ulug‘sifat ayol edilarki, har gal ro‘para kelganimda darrov hushyor tortar, kiyim-kechaklarimni to‘g‘rilar, sochlarimni (ha, ha, sochlarimni – bir zamonlar bu taqir bosh ustida qop-qora qalin sochlar ham bo‘lar edi) tekislab olardim – xullas, u kishining ko‘ziga har jihatdan orasta bo‘lib ko‘rinishga tirishardim».Bu yerda, avvalambor, domlaning harakatlarining o‘zida kishining kulgisini qo‘zg‘aydigan nimalardir bor. Qolaversa, gap yo‘nalishi soch tomon burilishi bilan Ozod akani yaqindan biladigan odamlarning yuziga tabassum yugurishi tabiiy.

Xuddi shunga o‘xshash – bir ishora, bitta kichik detal vositasida butun boshli asarga o‘zgacha samimiy ruh berish «Umarbekovning o‘lmas fazilatlari» maqolasida ham ko‘zga tashlanadi. Ozod aka bu yozuvchining ijodi haqida turli munosabatlar bilan fikr bildirib kelgan. Ularda O‘.Umarbekov ijodida erishayotgan yutuqlari haqida ancha maqtov gaplar aytgan. Ayni vaqtda hayotni yuzakiroq, sxematik tarzda aks ettirgan bir asari haqida keskin chiqish ham qilgan. Ozod aka bu ishni qandaydir shaxsiy g‘arazlardan kelib chiqib emas, balki yozuvchining ijodiy taqdiriga befarq emasligidan, bunday asarlarni e’lon qilish hech qachon unga obro‘ keltirmasligini bilganidan qilgan. Maqola chiqqandan so‘ng ham ma’lum muddat munosabatlar oldin qanday bo‘lsa, shunday davom etavergan. Lekin keyinchalik domla bilan O‘.Umarbekov o‘rtasidagi munosabat o‘zgargandek bo‘ladi. Bu holatga jiddiy e’tibor qilishga, sabablarini aniqlashga to‘g‘ri keladi. Yuqorida nomi tilga olingan maqolada Ozod aka shular haqida – yozuvchi bilan munosabatlarida so‘nggi paytlarda qandaydir sovuqlik paydo bo‘lgani to‘g‘risida ancha tashvishlanib, xavotir bilan gapiradi. Bu albatta, jiddiy o‘ylaydigan, bezovta bo‘lishga arziydigan holat. Lekin u shu tarzda qolishi, davom etaverishi ham mumkin emas. Shuning uchun domla bu ishni yuzma-yuz, ochiqchasiga gaplashish yo‘li bilan hal qilishga qaror qiladi. Shu maqsadda O‘.Umarbekovning huzuriga – uning ish kabinetiga keladi va undan o‘zgarish sababini so‘raydi, bunday munosabatga arziydigan hech qanday ish qilmaganini, hech narsani eslay olmayotganini ham ochiqchasiga aytadi. Shundan keyingi vaziyat quyidagicha beriladi: «–Rostdan ham nima deganingizni bilmaysizmi? Chinmi shu gap?

–     O‘lay agar bilsam. Nima ham deyishim mumkin. Men hamisha siz to‘g‘ringizda juda yuqori fikrda bo‘lib kelganman va hozir ham shunday.

–     Agar chindan ham nima deganingiz esingizda bo‘lmasa, bo‘pti. Gina-kuduratga shu o‘rinda nuqta qo‘yamiz. Tamom!»

Aynan shu o‘rinda asarda davom etib kelayotgan jiddiy ruhni muallif kichik bir tafsilot orqali ma’lum muddatga o‘zgartirib yuboradi, o‘quvchida yengil, kulgiga moyil kayfiyat hosil qiladi. «Shunday deb u o‘rnidan turdi-da, qo‘lini uzatdi, – deya hikoyani davom ettiradi Ozod aka. – Men ham qo‘limni uzatdim. U qo‘limni qattiq qisib, bir-ikki silkitdi. Tashqaridan ko‘rgan odam bizni nimagadir «bor, baraka» qilishayapti, deb o‘ylashi mumkin edi». Ana so‘nggi bir jumla tarang turgan vaziyatni yengil kayfiyat, yuzga tabassum yugurgan bir holatda yakunlanishiga sababchi bo‘lgan.

O.Sharafiddinov munaqqid sifatida shoir Husniddin Sharipov ijodi haqida ancha-muncha maqolalar yozgani ma’lum. Shunga asoslangan holda H.Sharipovning keyingi butun ijodiy faoliyati ham doimo domlaning nazar-e’tiborida bo‘lgan, deb gapni bemalol aytish mumkin. Masalan, 2003 yilda Ozod akaning bu shoir haqidagi «Quyoshga oshiq shoir» nomli maqolasi chiqdi. U shoirning yetmish yoshga to‘lishi munosabati bilan yozilgan edi.

O.Sharafiddinov mazkur maqolada Husniddin Sharipovni faqat shoir sifatida tavsiflab qo‘ya qolmaydi. Balki uning shaxsiga keng yondashadi. Qandaydir sxemalarga tushirilgan ijodkor shaxsni emas, balki tirik, boshqalarga o‘xshash turli fazilatlarga ega insonni ko‘rsatishga intiladi. Xuddi mana shu o‘rinlarda maqolada yengil, quvnoq kulgi kuchayadi. Masalan, H.Sharipov katta shoir, ijodkor bo‘lish bilan birga shaxmat ishqibozi ekanligidan ham xabardor bo‘lamiz. Domla nim tabassum bilan yozgan satrlari orqali bu kishining shaxmat musobaqalari bo‘layotgan joylarda qanday paydo bo‘lishi, qanday harakatlar qilishi kabi tafsilotlar bilan tanishamiz. Ayniqsa, domla bu insonning pivoni xush ko‘rish odatiga alohida urg‘u beradi. Chunonchi, domla yozadi: «Husniddin pivoni yaxshi ko‘radi – Toshkentda uni tanimaydigan pivofurush yo‘q, desa bo‘ladi. Ularning har qaysisi hozir shu daqiqada shoir shahardagi qaysi pivoxonada qo‘lida krujka bilan navbatda turganini aytib beradi». Yana: «Husniddin Sharipov 70 yoshga to‘ldi. Albatta, uning oila a’zolari, qarindosh-urug‘lari, do‘st-birodarlari dasturxon tevaragiga to‘planib, qo‘llarida pivo to‘ldirilgan qadahlar bilan uni muborakbod qilishadi» va hokazo.

Domlani ko‘rishga bir gal borganimda, men shu maqolani juda mazza qilib o‘qiganimni, o‘qib bo‘lgach esa negadir birdaniga pivo ichgim kelib qolganini aytganimda u kishining o‘zlari ham ancha yoyilib, yayrab kulgan edilar.

Har holda Ozod akaning, xuddi rassom ishlayotgan suratining bir-ikki joyiga mo‘yqalam uchini sal tekkizishi bilan butun boshli manzara jonlanib, joziba kasb etganidek, yumor unsurlaridan, sinchkovlik bilan kuzatilgan hayotiy holatlardan, ko‘rgan va eshitgan qiziq voqealardan tasvirda o‘rinli foydalanib, betakror asarlar yaratganiga guvoh bo‘lamiz.

Umrzoq O‘ljaboyev,

filologiya fanlari nomzodi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil 10-son.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.