background
logotype

X. Azzamov. Ekologik muammolar insoniyatni xavotirga solmoqda (2013)

Dunyo miqyosida globallashuv jarayoni tez sur'atlar bilan jadallashib borayotgan bugungi kunda insoniyat uchun ekologik xavfsiz makonda yashash masalasi tobora dolzarb muammoga aylanmoqda. Ona sayyora muhitini bulg‘ayotgan ekologik xavf hatto yadro talafotidan ham dahshatliroq bo‘lib, yer yuzidagi barcha xalqlarni bu haqda chuqurroq o‘ylashga majbur etmoqda.

Asrning boshlanishi ikki muhim tendensiya bilan baholanadi. Birinchisi, hozirgi sivilizatsiyaning global ekologik muammolar (iqlim o‘zgarishi, ozon qatlamining buzilishi, toza ichimlik suvi tanqisligi, bioxilma-xillikning qisqarishi, ortiqcha chiqindilarning hosil bo‘lishi, ularni utilizatsiyalash muammosi va hokazo)ga duch kelishi. Ikkinchisi, dunyo­dagi qator mamlakatlarning jadal sur'atlarda rivojlanib borishi.

Mutaxassislarning ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda sayyoramizda turli xil yoqilg‘ilarni yoqish sababli yiliga 10,1 milliard tonna kislorod sarf bo‘lmoqda, qishloq xo‘jaligiga yaroqli yerlarning 70 foizi, chuchuk suvlarning 20 foizi o‘zlashtirilmoqda, o‘rmonlar yildan-yilga kamaymoqda, cho‘l zonalarining maydoni oshayotgani sababli havo harorati yildan-yilga ko‘tarilayapti. Shuningdek, oxirgi 50 yilda yer yuzi aholisi deyarli uch marotaba o‘sgani, texnikaning, sanoat korxonalarining rivojlanishi natijasida transport vositalarining soni 900 milliondan ortgani, hosil qilingan elektr energiyasining 80 foizi an'anaviy uglevodorod xomash­yosi asosida ishlab chiqarilayotgani atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazmoqda. Bularning oqibati o‘laroq, dunyoda ekologik muhitning yomonlashuvi bilan bog‘liq turli xil kasalliklar kelib chiqmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi xalqaro huquqning to‘laqonli sub'yekti sifatida atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini himoyalash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik xavfsizlikni ta'minlashga qaratilgan izchil ekologik siyosat yuritmoqda. Buning natijasida keyingi yillarda atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarning chiqarilishi 1,9 barobarga, ifloslangan oqava suvlarning tashlanishi qariyb 2 barobarga kamaydi. O‘simliklarni biologik himoya qilish usuliga o‘tish hisobiga pestitsidlardan foydalanish keyingi 10 yilda 5 barobarga qisqardi. Milliy ekologik muammolarni hal etishga xalqaro tashkilotlarni jalb etish yo‘lga qo‘yildi.

Mamlakatimizda so‘nggi 20 yilda atrof-muhitni muhofaza qilishga oid qariyb 30 ga yaqin qonun va 350 dan ortiq me'yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta'minlaydigan hamda fuqarolarning maqbul atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini kafolatlaydigan ko‘plab xalqaro konvensiyalar ratifikatsiya qilindi, shart­noma va bitimlar imzolandi.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, tabiatni muhofaza qilish bahonasida ishlab chiqarish manfaatlariga jiddiy zarar yetkazishga yo‘l qo‘yish ham to‘g‘ri emas. Sanoatni, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarni atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bab-baravar taraqqiy ettirishni ta'minlash lozim. Boshqacha aytganda, muammoni shunday hal etish kerakki, bunda tabiiy resurslardan foydalanishda ekologiyaning ham, iqtisodiyotning ham manfaatlari hisobga olinishi, ularning uzviyligini ta'minlashning iloji bo‘lmasa, ustuvorlik ekologiyaga berilishi lozim. Xuddi shunday prinsip O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan ekologik siyosatda o‘z ifodasini topmoqda.

Tabiatni muhofaza etish turli xil vosita va usullar yordamida amalga oshiriladi. Shulardan eng muhimi - tabiatni huquqiy muhofaza etishdir. Demak, tabiatni muhofaza qilishda qonun ustuvorligi alohida ahamiyatga ega bo‘lib, u yuridik va jismoniy shaxslarga tabiatdan oqilona foydalanish hamda uni muhofaza etish tartib-qoidalarini belgilab beradi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, rivojlanayotgan mamlakatlarning aksariyatida ba'zi xo‘jalik sohalari rivojlanishining ekstensiv xarakterda bo‘lishi, tabiiy resurs­lardan oqilona foydalanmaslik tabiiy muvozanatning izdan chiqishiga, ijtimoiy muammolarning yanada chuqurlashuviga olib kelmoqda. Shunday hududlar qatoriga O‘rta Osiyo mamlakatlarini ham kiritish mumkin. Ayniqsa, mintaqaning Orolbo‘yi qismida hamda tog‘-kon, metallurgiya, kimyo sanoati taraqqiy etgan hududlarida ekologik sharoit murakkabligicha qolmoqda. Ekstraarid cho‘l sharoiti esa aholi turmushiga ma'lum darajada qiyinchilik tug‘dirishi bilan birga, bu yerdagi tabiiy muhit komponent­lari inson ta'sirida kuchli tanazzulga uchramoqda. Orol dengizi atrofidagi radiusi 500 kilometr masofaga cho‘zilgan hududlar jahon hamjamiyati tomonidan «ekologik fojia hududi» deb e'tirof etilgan.

Ma'lumki, bir paytlar Orol dengizi kattaligi jihatidan dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turar edi. Bugun esa uning hajmi qariyb 13 barobarga, maydoni 4,2 barobardan ziyodroqqa qisqardi. Suv sathi esa 29 metrga pasayib, qirg‘oqlari yuzlab kilometr­ga chekindi va hozirda ikkita kichik ko‘ldan iborat bo‘lib qoldi. Endilikda dengiz qirg‘oqdan tobora chekinib, ekologik vaziyat yanada keskinlashmoqda. Bu yerdan ko‘tarilayotgan bo‘ronlar oqimi yuzlab kilometr­larga million-million tonna qum va tuzni o‘zi bilan olib ketib, atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazmoqda.

Shuningdek, Tojikiston hukumatining Vaxsh daryosini baland to‘g‘on bilan to‘sib, Rog‘un GESi loyihasini amalga oshirishni boshlagani, Qirg‘izistonning Norin daryosi o‘zaniga Qambar ota GES­ini qurishni amalga oshirayotgani qo‘shni davlatlar, jumladan, O‘zbekiston xalqi va jahon jamoatchiligini xavotirga solayotir. Qolaversa, «Tojikiston alyuminiy kompaniyasi» davlat unitar korxonasi (sobiq Tojikiston alyuminiy zavodi) tomonidan atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar, ayniqsa, ftorli vodorod Surxondaryo viloyatining qariyb 570 ming aholi yashaydigan Sariosiyo, Uzun, Denov va Oltinsoy tumanlariga salbiy ta'sir ko‘rsatishda davom etmoqda.

Bugungi kunda dunyoda kechayotgan globallashuv jarayonlari natijasida paydo bo‘layotgan global, mintaqaviy va milliy ekologik xavflardan davlatni, jamiyatni va shaxsni himoya qilishga yo‘naltirilgan milliy strategiyani shakllantirish hamda bu xavflarning yechimini topish uchun atrof-muhit va aholi salomatligi muhofazasi bo‘yicha qonunchilikni yanada takomillashtirishga qaratilgan tizimli ishlar davom ettirilishi zarur. Shundan kelib chiqib, bugungi kunda Yurtboshimiz tomonidan olg‘a surilgan Konsepsiyada belgilab berilgan O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqildi. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasidagi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi bilan birga “Qayta tiklanuvchi energiya to‘g‘risida”gi, Ekoharakat deputatlari guruhi tomonidan “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish, undan foydalanish va qayta tiklash to‘g‘risida”gi qonunlar loyihalari tayyorlandi.

Bugun yosh avlodning ta'lim olishida ajdodlarimiz merosiga tayangan holda ekologik ta'lim sohasini isloh qilishga alohida e'tibor qaratishimiz kerak. Zero, aholining ekologik madaniyatini oshirish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ekologik ta'lim-tarbiyani kuchaytirish, qolaversa, har bir insonda atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissini shakllantirish muhim ahamiyatga ega.

X. Azzamov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekoharakat deputatlar guruhi a'zosi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2013).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.