background
logotype

Abdulla Avloniy. Kayfim uchdi

Bir kun tomosha bog‘ yonidagi Kaufman gubirnaturning haykaliga yaqin bir chorpoyada hushum og‘ub o‘lturub edim. Toshkandimizning mashhur boylaridan birining bir aqllik oti bo‘lur ekan. Mazkur boyning bankg‘a to‘laydurg‘on «platuji» bo‘lur ekan. Boy afandi shul kuni to‘lovni esidan chiqarub, to‘ydami, ziyofatdami to‘lovdan ko‘ra oshovni g‘animat bilib, kayfi safo qilib yurgan bo‘lur ekan. Jonivor o‘rgangan otni ko‘rsangiz, «vaqti o‘tmasun, veksil natariusga chiqmasun», - deb, quruq kalaskani taraklatub olib qochub, kelib to‘g‘ri podshohlik bankining eshigida to‘xtadi. Insof qiling. Boy afandi to‘yda yursa, to‘lovga to‘laydirgan oqcha uyda tursa, jonvor aqllik ot Hulokuning itidek yugurub yursa, borsa-yu veksilning muddati o‘tub, protes bo‘lub qolsa, bechora otning chekkan mehnati bekorg‘a ketarmukin? - deb munda bir «hangim uchdi».

O‘lturgan yerimda o‘zumdan o‘zim dunyoning bevafolig‘idan, hozirgi zamonda ba’zi boylarimizning makkorlig‘idan shikoyat qilub turub, yuqorida mazkur boy afandining oti quruq kalaskani olib qochganiga o‘xshash meni ham xayol olub qochub, uyqu dunyosining eshigiga olub borub to‘xtabdur. «Belboqsizni tushiga ikki qari(ch) bo‘z kirar» deganlaridek, tushimda ajib bir voqeani ko‘rdimki, shunday bir qiziq voqeani jonli suratda ham ko‘rganim yo‘q edi. ... — Boy... — Boy o‘g‘li degan bir boy hamma yoru birodarlarini chaqirub, ulug‘ bir ziyofat qilub, iltimos qiladirki, «Birodarlar! Meni holim tang, bu passajim bitkuncha yordam berishing, hasharga ishlashing, bo‘rkingizda bilingki, qarashmasangiz kuchlab ishlataman», — deb turgan bir zamonda guldiros ila passaj og‘anab ketdi. Va bu passajning soyasida o‘lturgan ziyofatxo‘r bir necha boy va boyvachchalarni bosub, ezub suyaklarini sindirub, mayda-mayda qilub yubordi. «To‘qayga o‘t tushsa, ho‘lu quruq barobar yonar» degandek bularning kuyishi, ko‘zum uyquda bo‘lsa ham manim ustixonimni o‘rtadi. Ajabo, tushimmi, o‘ngimmi, - deb munda bir «uyqum o‘chdi». Shul vaqt yonimg‘a bir mirshab kelub: «Tur! Burda o‘turma!» - deb siyosat qildi. Munda bir «kayfim uchdi». Xayr, mundan borub «ko‘nka» ila Piyonbozorga tushdim. Bir chorpoyada o‘lturub, xafalig‘im shoyad tarqalsa, deb «Sadoyi Farg‘ona» jaridasini olub mutolaa qildim. Munda ham nimani ko‘rayin «Mullo A. A. qoriga idora javob yozmoqchi bo‘lgan ekan, qalami o‘rgumchak og‘iga ilinib qolibdur. Ho‘qand ulamolari ajratib olishdan ojiz bo‘lub, O‘rinburg‘dan Rizo qozini chaqirubdilar. Agar, bordi-yu, Qozi afandi iltifot qilmasalar, qalamlarini kim oyurub olur ekan?» deb munda bir «kayfim uchdi».

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.