background
logotype

Abdulla Qodiriy. Bizda askarlik masalasi (1919)

Boshqalar tarafindan huquqingning toptalmovi, chetlarga mahkum, mazlum bo‘lmaslik, chet millatlarga o‘z tovushingni eshitdirub eshitmoqqa majbur etuvg‘a shubha yo‘qkim, qo‘lingdagi qurolingg‘a, askariy kuchingg‘a qarab bo‘lur.

Ko‘ramizkim Ovrupo, Omriqo millatlari bunchaliq sha’n-shavkatni faqat harbiy kuch ila qozonmishlardir. Ovrupo, Omriqo imperialistlari Sharq xalqini faqat qurol kuchi ila o‘zlarig‘a asir etmishlar va hali ham harbiy kuch ila Sharq mazlumlarini zanjirda tutarlar.

Ammo biz sharqli mazlum musulmonlar esa shu qurolsizlik, askar yo‘qlik ila shu zolim xunxo‘rlar zanjiriga band bo‘lmishmiz. Durust, biz sharqlilar g‘arblilarga qaraganda madaniyatcha bik tubandamiz, bizim mazlumiyatimiz madaniyatsizligimiz uchun deyilsa mumkin. Lekin shundog‘ bo‘lsa ham istiqlol olib, askarsiz yashamoq butunlay mumkin emas. Natijasi boshqa qurolli mamlakatlarga qul asoratda yuriluvdir. Buning uchun dalil qilib afg‘on qarindoshlarimizdan ko‘rsatilsa mumkindirki, afg‘on xalqi hozirda va mundan elli-oltmish yil ilgarida ham madaniyatcha biz turkistonlilardan ortiq bo‘lmay yurar edi. Lekin boshqa madaniy millatlarning taxt hokimiyatiga o‘tkani yo‘qdir. Bu nimadan edi?..

Ko‘z oldimizdadirkim, shu madaniyatsiz afg‘on xalqi butun dunyoga hokimlik da’vosiga yetishkan Ongliyadan o‘zining ozgina harbiy kuchi ila o‘z tilagini imzo etdirdi[1]. Ammo biz Turkiston ishchilariga kelganda og‘zimizg‘a qo‘yulgan tayyor oshni ham eblab icholmaymiz. Qurol, kiyim, joy va ovqat hozir bo‘lgan holda askar bo‘luvdin farsaxlarcha yiroqg‘a qochamiz...

Durust, bizim bu qo‘rqoqligimizni ham o‘rni bor, mundin elli yillar ilgari or-nomusli Alimqulimiz, Qanoatshohlarimiz va ....larimiz bo‘lgan, vatanimiz chor hukumati tarafindan zabt etilgach, endi o‘z istibdodi ostinda qul etib qoldirmak niyati zolimonasinda yonimizda pichoq taqib yurituvni ham man’ etkan. Shu zolimona politika orqasinda hozirgi qo‘rqoqlik holiga tanazzul etkanmiz.

Biz musulmon mehnatkashlari buyuk O‘ktabr inqilobidan so‘ng hurriyatni, istiqlolni yana egallash ila boshladik. O‘zimiz uchun mahkumiyatdan qutulib yashovning mumkinlig‘in sezdik. Boshlab qo‘ldan ketkan huquqlarimiz o‘z qo‘limizga kira boshladi. So‘ngg‘i vaqtlarda vatanimiz bo‘lgan Turkiston idorasi hammasi bo‘lmasa ham yarmisi deyarlik o‘z yigitlarimiz qo‘lig‘a o‘tdi.

Demak, mamlakatning yarim idorasi o‘z qo‘limizda. Turkistonning butun mehnatkashlarining imoni komil bo‘lsa kerakki, yaqinda rus mehnatkash birodarlar: «Shu kungacha biz sizning o‘z vazifangiz bo‘lgan bu ishlarga uzviy birodarlik uchun yordamlashib keldik. Endi marhamat etib, o‘z ishingizni o‘zingiz ishlangiz, mundin so‘ng bizdan sizga yordam bo‘lmayajak!», debdurlar. Bu bir tabiiy ish.

Yuqorida ham so‘ylanib o‘tildi: «Mamlakat idorasi askarsiz mumkin emas». Idora o‘z qo‘limizga o‘tkach, tabiiy, vatanimizning dushmandan muhofazati o‘z ustimizga tushajak. Buning uchun o‘z askarimiz bo‘lurg‘a kerak. Tabiiydirki, mamlakat idorasi bizning qo‘lda bo‘lib askarlikni boshqalar qilmayajak. Bu mumkin ham emas. Shuning uchun agarda biz mustag‘il, qulliqdan qutulib yashovni xohlar ekanmiz, yaqin istiqbolimizdagi baxtli kunlar uchun askar bo‘luvimiz, vatan muhofazasiga hozirlanuvimiz lozim. Lozimgina emas alzamdir. Musulmon ishchilarindan askarlar hozirlov ehtiyoji endi siz yoshlarga bo‘lsa kerakki, musulmon ishchilarindan ko‘ngilli askarlar yig‘moq haqinda Markaz musulmon byurosi tarafindan Eski shahar sinfiy ittifoqlar sho‘rosiga bir murojaatnoma tushurilgan ekan. Bu murojaatnoma mazkur sho‘roning shu so‘ngg‘i umumiy majlisinda ko‘rilib, tubandagi qaror berilganki, ahamiyatiga ko‘ra shu qarorni aynan ko‘chirib yozaman:

«Musulmonlardan ko‘ngilli askar yig‘moq Turkiston o‘zbak ishchilar hayotini ta’min va chetlar tarafindan toptalgan huquqini tirgizu degan so‘zdir. Biz bu askarlik masalasini shundog‘ onglab, Markaz musulmon byurosining murojaatini tamom shodliq ila qarshi olamiz. Ostinda ezila-ezila tamom ishdan chiqg‘an askar bo‘luv so‘zini bir vahimalik va ... deb ongliy boshlaganlar. Shuning uchun musulmon ishchilarindan askar yig‘uvga zo‘r tashviqot lozimdir. Binoan alayhi, bizning o‘ttuz to‘rt ming mehnatkash namoyondalari Markaz musulmon byurosiga murojaat etamizkim, ko‘ngilli askar yig‘uv tashviqotiga bizim yonimizga muqtadiri mushavviqlar berib, bizim tashviqot ishimizga yordamlashsun. Eski shaharga ta’lim joylari ochib harbiy muallimlarni musulmonlardan qo‘ysun. Musulmonlarning o‘zidan askariy muallimlar yetkuzmak uchun kurslar ochib, shu kundan e’tiboran Eski shahar sinfiy ittifoqlari sho‘rosiga bir nafar o‘z harbiy vakilini doimiy etib tushursun».

Mana bu qaror g‘oyatda ko‘ngilli bir ish, lekin boshqa qarorlarimiz kabi bunda — qog‘azdagina qolib ketmovi matlubdir. Yaxshi soatda!

Ju-boy

«Ishtirokiyun»1919 yil, 4 noyabr, 211-son

[1] O‘sha vaqtda Afg‘oniston podshosi Omonulloxon (1892-1960) yurtining mustaqilligi uchun keskin kurash olib borish niyatida ekanligini bayon qilib, Sovet hukumati bilan diplomatik yozishmalar olib boradi. 1919 yil may oyida Sovet qukumati Afg‘onistonning davlat mustaqilligini tan oladi. O‘sha kunlarda inglizlar Afg‘onistonga qarshi qurolli hujum uyushtnradi. Lekii ular mag‘lubiyatga uchrab, afg‘on xalqining mustaqnllngini tan olishga majbur bo‘ladi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.