background
logotype

Abdulla Qodiriy. It urushdirish ishlari (1923)

Ko‘kcha dahasi bilan Beshyog‘och dahalarining oralaridag‘i siyosiy munosabat qutulmagan joyda buzilib ketib, san-manga borishib qoldilar. Bu buzilishning ibtidosi Ko‘kchaning Chig‘atoyi bilan Beshyog‘ochning Chaqaridan it urushdirish masalasidan chiqdi. Chig‘atoyning o‘n yildan beri suv o‘rnig‘a sut berib, zo‘raytirib kelgan olaparini Chaqarning ahamiyatsiz gurjisi qochirub qo‘ymasunmi. Bu voqi’adan ko‘kchalikning katta-kichigi hayajonga kelib Mallaxonning tarixiy itlaridan bo‘lg‘on «davangi»ni maydoni harbga chiqardilar. Bu voqi’aga har ikki tarafdan o‘n minglab kishi tantana va dabdaba bilan ishtirok qilib urushdirish marosimi maxsus duolar bilan boshlandi. Garchi urush maydonlarida bo‘lish xavflik bo‘lsa ham na choraki, to‘g‘ri xabar olmoq uchun muhoraba ustida hozir bo‘lmoqqa majbur edim.

Yarim soatlik qonli «G‘ov-v-v-v-v, g‘uv-v-v, ov-v-v, ov-v-v»dan so‘ng Mallaxonning davangisi mag‘lub bo‘lub, faje’ bir suratda yaralandi, ba’zilarning tarbuzlari qo‘ltuqlaridan tushub, ko‘ngil ozishlar ham voqi’ bo‘ldi. Beshyog‘och og‘a-inilarining bu vaqtdag‘i quvonchlari ichlariga sig‘mas va pahlavon itlarining og‘zidan o‘pishlari ham g‘ayri ixtiyoriy edi. Urush vaqtda oling‘an rasmlar bor. Agarda jurnolg‘a muvofiq ko‘rsangiz yuborurman.

Bu kunlarda ko‘kchalik og‘a-inilar qayoqdan bo‘lsa ham pahlavoni zabardast axtarmoqdalar. Siyosiy doiralarning so‘zlariga qarag‘anda, pahlavon topilsa, nurun alonur, bo‘lmasa fidoyi yigitlardan bittasini it suratiga kirguzib maydonga kirguzar emishlar.

Hozirda «tab bosti» uchun har ikki tomon xo‘roz, kaklik, qo‘chqor kabi urush olatlari orqali ish ko‘rib tursalar ham, lekin bular it o‘rnini bosolmaydir.

Bundan uch-to‘rt kun ilgari Samarqand og‘a-inilaridan ikkitasi Ko‘mirsaroyda tuya urushdirib ko‘rsatdi. Kaminangnz tuya urushini umrida birinchi martaba ko‘rishidanmi, «Har holda bu xil tomosha ham bizning Toshkandga kerak ekan», degan fikrga keldim. Bu tomoshada o‘n minglab xalq ishtirok etsa ham, lekin itnikidek o‘zaro chirting-pirtinglar bo‘lmadi.

Dumbulboy o‘g‘li

«Mushtum» — 1923 yil, 2-son, 3-bet

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.