background
logotype

Abdulla Qodiriy. «Ko‘mak» uyushmasiga ionalar (1923)

Keyingi kunlarda «Ko‘mak» uyushmasiga[1] berilgan ionalarning hisobi juda ham ko‘payib ketdi. Tushkan ionalarni[2] uyushmaning bitta kassasi eplay olmag‘anliqdan ikkinchi kassa ochmoqqa majbur bo‘lindi. Keyingi oyda iona bergan saxiylarning ro‘yxati mundaydir:

  1. Valihoji — besh milliard so‘mga arziyturg‘an duo.
  2. G‘ulomshayx boybachcha — «O‘qushg‘a ketkan yigitlar mullo bo‘lsunlar» degan yaxshi tilak (baho qo‘yish komissiyasining so‘ziga qarag‘anda bu iona ham 5 milliardg‘a arzir ekan).
  3. Azimboybachcha ko‘mirchi — sakkiz put toshko‘mir,
  4. «Tujjor» shirkati — ikkita solol tovoq bilan bitta xurmacha.
  5. «Qamar» shirkati — chorak qadoq olma choy.
  6. Poyafzal bozoridag‘i do‘kondorlar o‘zaro — bir poy bachkana etik[3].
  7. Chit bozorining do‘kondorlaridan — bir gazu uch chorak gazlama.
  8. Attor og‘a-inilardan — ikki quti upa.
  9. Qassobliqdan — besh dona o‘pka.
  10. Qandolatchilardan — uch istakan pistashka bilan bir qadoq pashmak va boshqalar.

Ushbulardan Berlin o‘qug‘uchilarimizg‘a yuborildi:

Berlin talabalarimiz ortuqcha muhtoj bo‘lg‘anliqlaridan birinchi galda to‘rt put toshko‘mir, ikkita sopol tovoq, bir posilka duo yuborildi.

Muxbir: Dumbul.

«Mushtum»: Oltun olma, duo ol — duo oltun emasmi?

«Mushtum» — 1923 yil, 4-son, 6-bet

 

[1]«Ko‘mak» uyushmasi — 1921 yilda Turkistondan chet elga, masalai, Germaniyaga borib o‘qish harakatn boshlanadi. «O‘zbek bilim hay’ati» va «Ko‘mak» uyushmasining yordami bilan 1923-1924 yillar davomida Turkiston va Buxorodan 58 ta talaba Germaniyaningturli o‘quv yurtlariga borib o‘qiganlar. «Ko‘mak» uyushmasi bu talabalarga moddiy yordam yuborib turgan. Afsuski, bu talabalarning o‘qishini bitirib vataniga qaytganlari 30-yillar qurboni bo‘lgan.

[2]Iona — moddiy yordam, nafaqa.

[3]Bachkana etik — bolalar etigi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.