background
logotype

Abdulla Qodiriy. Matbuot (1922)

Hangama

Ikkinchi sonig‘acha o‘n besh kunda bir, uchunchi sonidan boshlab oyda bir, to‘rtinchi no‘miridan e’tiboran oyda bir, beshinchi sonini, xudoy bilsun, yilda bir chiqaturg‘an o‘zbekcha «Inqilob» mujallai mubajjallasining[1] 4-adadi alayhir-rahmasi bosmaxonadan arang qutilub chiqib qo‘limizg‘a tushdi. Jurnalning bu soni boshqalarig‘a qarag‘anda mundarijaga boy, ma’lumotga to‘kus, so‘zga ustadir. Jurnalning yozuchilari ham qurama bo‘lub; uch qozoq, to‘rt o‘rus, yetti tatar, bir tojik, uch o‘zbeklardan iboratdir.

Yelimlik til masalasini istisno qilg‘anda, jurnal janjalliq masaladan bariydir[2], munazzahdir[3].

«Inqilob» jurnalining yer yuziga og‘a-iniliq tuxumini sochmoqg‘a xizmat etuvchi bir mujallai mubajjalla ekanligida shubha yo‘q. Po‘chtalo‘nlarning xabar berishlariga qarag‘anda «Zuhal» bilan «Atorud» yulduzlarida ham «Inqilob»ni suyub o‘qur ekanlar. «Mirrix»da esa «Inqilob»ning 1-2 sonlari ortuq bir muhabbat bilan o‘qulg‘an. Lekin uchunchi sonidan boshlab orada bir onglashilmovchiliq chiqqan va 4-adadda bu onglashilmovchiliq tag‘in ham kuchaysib, «Mirrix» o‘quvchilarini ikkiga bo‘linuvlariga sabab bo‘lg‘an. «Mirrix» yulduzidan oling‘an keyingi po‘chta xabariga qarag‘anda, oshlashilmovchiliq kichkinagina bir nuqtada ekan. Shundayki (Yer yuzidagi «Inqilob» o‘quvchilarig‘a ham ma’lum bo‘lsa kerak), jurnalning 2-sonida «Asari badi’a» lavhasi ostida marhum qozoq shoiri Oboydan bir namuna yozilg‘an edi, mana ushbu «badi’a» «Mirrix»dagi Oboy va uning tevaragida bo‘lg‘an qozoq bovurlarning ruhini naqadar yuqori ko‘targan bo‘lsa, Navoiy va navoiychi o‘zbeklarni shu yanglig‘ ruhlarini tushirmakka sabab bo‘lg‘an. Chunki Navoiy birinchi galda namuna uchun o‘z «Asari badia»sining «Ichqilob»da qo‘yilmog‘ini kutkan ekan. Xabarlarga qarag‘anda, Navoiy 3-son «Inqilob»dag‘i «Asari badi’a»dan bir oz ranjigan bo‘lsa-da, lekin 4-sondan umidlanib, «To‘rtinchida mandan bir narsa bo‘lur» deb kutib turg‘ani ustiga lo‘p egib tatar shoiri To‘qayning «Jayga tong»i[4] bosilib, Navoiy va navoiychilarg‘a tag‘in ham yomonroq ta’sir etkan, rivoyatlarga qarag‘anda, Navoiy va uningtevaragidagilar «Inqilob»ning «o‘zbekcha»ligi to‘g‘risida shak-shubhaga tushganlar va hatto sabag‘ich qalam bilan «...O‘zbekcha jurnal» o‘rnig‘a «Qozoqcha-tatarcha jurnal» deb yozib ham qo‘yg‘anlar. Masala buning bilangina qolmay, «Mirrix»ning udabo va shu’arolar yig‘ini»da Navoiy Oboy bilan To‘qayg‘a uchuruq qilib, «zo‘raki shoirlar...» deb qo‘yg‘an. Qiziqqonliq Oboy bunga qarshi sukut etishka chiday olmay «Chidaganga chiqarg‘an, piltakach» degan. To‘qay ham jim tura olmag‘an: «Sin bunarg‘a bik ochulanma, Navoiy hazrat sheg‘ringni tatar onglamiturg‘an bir tilda bik yamsiz[5], bik chuvar[6] yozilsing. Ul endi shulay bulmicha mumkin tugil!» degan.

Bularga qarshi Navoiy: «Totor uchun chig‘atoy tilini onglamoq og‘ir kelgay» deb so‘zlay boshlag‘an ekan, mirzo Bobur:

Ash’oring, isming, fazling mashhuri ofoq turur,

Arzimagan ish uchun qizishuving otingga kelishmay turur,—

deb Navoiyni to‘xtatg‘an. Mana shu «Mirrix»dagi qon qizishuvlarni istisno qilg‘anda «Inqilob» muttafaqun alayh[7] suyulub o‘qulmoqdadir.

Obloshkasindag‘i masjid suratiga ishonib bo‘lsa kerak, so‘ngg‘i kunlarda «Inqilob» domlalar qo‘lida ham ko‘rinib qoldi. Keyingi son «Inqilob»ning idoradan javoblar qismida: «...Chilbirni o‘zimizga topshirib qo‘ysangiz xalqning taraqqiy va salomatiga muvofiq bir joydan boshlab olib chiqamiz» deb berilgan va’da bilan S. Ayniy afandining ham «Inqilob»g‘a bo‘lg‘an ixlosi ilgarigi holig‘a qaytg‘an. Kimgadir: «Chilbirnigina emas, arqonni ham «Inqilob»g‘a topshirdim!» degan[8].

Muxlisingiz Julqunboy

«Qizil bayroq» — 1922 yil, 17 iyun, 186-son, 4-bet

 

[1] Mujallai mubajjalla — e’tiborli jurnal.

[2] Bariy — xoli, ozod.

[3] Munazzah — pok, toza.

[4] «Yoz tonggi».

[5] Yamsiz — tushunarsiz, xunuk.

[6] Bik chuvar — juda qo‘pol.

[7] Muttafaqun alayh — yakdillik.

[8] O‘sha vaqtdagi imlo masalasi tufayli jurnal idorasi «Yuboriladigan maqola va she’rlar o‘rta imlo bilan yozilsa va yangicha yozib idorani mashaqqatga solinmasa edi» deb bosgan e’loniga S. Ayniy xat yozadi. Idora S. Ayniyga quyidagi javobni yozadi. Samarqandda S. Ayniyga: «Xatingiz tegdi. «Inqilob»ning hozirgi imlosida bir inqilob zuhur etkan holda yozolmayman. deb va’da bergansiz. «Iiqilob» idorasining tutkan maslagi umuman o‘qug‘uvchilarga belgulikdir. Binobarin maqola yozmoqdagi g‘ayratingiz ozlnmasun, deb orzu qilamiz va bu masala to‘g‘risida chilbirni o‘zimizga topshirib qo‘ysangiz xalqning taraqqiy va kamolotiga muvofiq bir joydan boshlab olub chiqamiz deb va’da etamiz. Sizning ham orzu va fikringiz ko‘zda tutilur. Har holda «Sobirlarning joyi jannatdir». Muallif bu maqolasi bilan jurnal mundarijasi bir oz milliy ruhda tuzilsa maqsadga muvofiq bo‘lur edi, deb kinoyali fikrini taklif qilib o‘tadi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.