background
logotype

Abdulla Qodiriy. «Mushtum» pochchamizga arz (1923)

Pochcha!

Bizdan hol-ahvol so‘rasangiz, biz Toshkand degan bir shaharda turamiz. Shahrimizni ba’zi keksalar «Shosh» deb, gazetchilar «Turkiston markazi» deb ham ataydirlar. Biz, mana shu «oynabandliq» shaharning «Eshonguzar» otliq mahallasida turub yarim beldan loy kechamiz, loy, pochcha! Mahallamizga tosh terilsa biz ham boshqalardek loyda sho‘ltillashdan qutulsaq, deb mundan uch yil ilgari «baladiya bo‘limi»ga ariza bergan edik. Lekin baladiyaning «ana-mana, erta-indin»lari bilan shu kungacha sabr qilub kelar edik. O‘tkan kun bir xushxabar eshitub «Ha, endi tuxumi og‘zig‘a kelibdir» deb chopishub baladiyaga borsaq: «Tosh Yunusobodg‘a terilur, sizniki keyinga qoldirildi» degan javobni berdilar. Keyin bilsaq, Yunusobodg‘a otbozorini chiqarilur ekan. Kechagina ur kaltak — sur kaltak bilan belgulangan otbozor bu kunga kelub oqsadimi, bu qaysi jinni qo‘yning kallasini yegandan chiqg‘an aql? Mana shu gapka nima deysiz, pochcha?

Mahalla mushtumzo‘rlari

«Mushtum»: Baladiya bo‘limi ko‘ngliga kelganini qilishga haqliq bir idoradir. Agar ul otbozorni moxxovzorga olub chiqamiz desa, siz nima deysiz? — Loy kechishdan zorlanmangki, gunohkor bo‘lursiz. Chunki odamning asli loydir, tosh emasdir.

«Mushtum» — 1923 yil, 2-son, 1 mart

 

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.