background
logotype

Abdulla Qodiriy. Qurbon bayrami (1923)

Hangama

Boylarnikida imlama, xasislarnikida dimlama.

Bu kun quvvati kelgan har bir «musulmoni komil» o‘zlarig‘a o‘xshag‘an bir hayvonni qurbon qiladir. Qurbonliq qilg‘an musulmonlarg‘a oxiratda bo‘ladirg‘an imtiyozlardan quruq qolmayliq, deb mashhur siyosiy tulki lord Kerzo‘n ham bu hayit London xalqi uchun bir qo‘y qurbonliq qilmoqchi bo‘ldi. Chunki u dunyoda sirot ko‘prugi degan vahmalik bir narsa bor ekaniga Kerzo‘n ham ishonibdir. Har kimning bu «Qilichdan tez, qildan nozik ko‘pruk»dan o‘tishi majburiydir. Kerzo‘ndan kattarog‘i ham musulmonlarning aqlig‘a hayron qolmasdan mumkinmi? Sirot ko‘prugidan o‘tish uchun bir mingta havo flotining ikki chaqacha ahamiyati yo‘qdir. Qurbonliq qilg‘an qo‘yni minasiz-da, pildirab o‘tub ketaberasiz-da, to‘n-to‘g‘ri siz uchun hozirlang‘an jannatga kirib, bir qulog‘i bu dunyog‘a yuz ming barobar keladirgan hur, burninish katagi mana shu Turkiston o‘lkasiga bir yuz million barobar keladirgan g‘ilmonni bir tiyin nalo‘g to‘lamasdan tasarruf qilaberasiz («Miftohul-jinon» ta’biri). Mana bu imtiyozlardan kimning sho‘ppayib qolg‘usi keladir.

Hamma ham rohat va saodatni yaxshi ko‘radir. Baho ham uncha qimmat emas: bir qo‘y yo ikki kishiga bir ho‘kuz, vassalom... Tag‘in bu tomoni ham bor, qon chiqarilsa kifoya.

Boylarimizdan Salimsoq semiz bultur qilg‘an qurbonlig‘i bilan qizini chorladi. Qo‘chqorxo‘ja akam jo‘ralariga gap berdi. Bolticho‘loq mahalla so‘fisi bilan imomini va ham uch-to‘rt mahalla mushtumzo‘rlarini imlab qurbonlig‘ini yedirib yubordi. Bular-ku mayli, Yodgor semiz shunday boy bo‘lsa ham ziqna-da, qurbonlik go‘sht-yog‘ini dimlab qo‘ydi.

Bu to‘g‘rida hech kimga ayb qo‘yish kerak emas. Qurbonliq go‘shtlardan ochlarg‘a nasiba chiqarish uchun payg‘ambarning dekreti bosilg‘an qonunlar majmuasi ham ummatlar qo‘lig‘a tekkani yo‘q, ulamolar qo‘lig‘a tekkan bo‘lsa ham ular bunday buyruqlarni bekorga chiqarg‘anlarig‘a ko‘b zamonlar bo‘ldi.

Qon chiqdi — kifoya.

Hay-hay, qanday yaxshi... bu dunyoda qadri yo‘q musulmon og‘a-inilarning u dunyoda bunday rohat bilan kun kechirishlariga hasad qilg‘uchi kofirlarning ko‘zi chiqsun.

Musulmonlar uchun jannatning bahosi bir qo‘y, ikki kishiga bir ho‘kuz, tuya bo‘lsa ham mayli. Qoni chiqarilsa kifoya. Hay-hay, hamma payg‘ambarning ummati ichida baxtiyor Muhammad ummati. Hay-hay, bu davlat bizga yetmasmi, Muhammad ummatidirmiz.

(J-Q)

«Turkiston» — 1923 yil, 24 iyul, 160-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.