background
logotype

Abdulla Qodiriy. Qurbonliq o‘g‘rilari (1922)

Kichkina hangama

—     Qurbon hayiti ham keldi... Bu yil qurbonliqdan qalaysiz Hoji?

—     Hayronman boy, hayit harjilari ham ko‘payib ketdi.

—     Qilish kerak, qilish! Xudoning o‘zi yetkazadir. Siz bilan man endi, qilmasaq bo‘lmas.

—     Shunisi ham bor... alhamdulilloh, siz va bizning davlat to‘g‘risidan kamchiligimiz yo‘q. Qora molg‘a qo‘shulsaq mumkin?

—     Sheriklik oshni it ichmas, qurbonliqning eng yaxshisi qo‘y! Qo‘y so‘yabering, Hoji! O‘zingizda boqilg‘an bo‘rdoqilardan bordir, albatta?

—     Bor, uch-to‘rtta bor.

—     Ana shulardan bitgasini ko‘ttarib uring, qo‘ying!

—     Bultur imlama qilg‘an edik. Endi bu yil mahallada och-oriq ko‘b, imlamaga ham qarab turmaslar...

—     Etkaningizdek, man ham mahalladagi och-oriqlardan juda to‘ydim, o‘zlari so‘ramasalar ham yosh bolalaridan so‘ratub, uy ichimizni bezor qildilar. Yaxshisi shuki, «imlama» ham qilub o‘lturmang-ku, eng osoni «dimlama» qiling, dimlama xo-xo-xo...

—     Hi-hi-hi... «dimlama»ngiz ham qulog‘img‘a issig‘, issig‘ kiradi-ya, biroq shartiga to‘g‘ri bo‘lmasmikan deyman...

—     Qurbonliqning sharti qon chiqarish, bundan boshqa sharti yo‘q. Marhum domla ham qilg‘an qurbonliqlarini hech kimga bermay o‘zlari pok-pokiza tushurar edilar.

—     Hovva, marhum domlaning sadag‘alari ketsang arziydir. Lekin shunday ham bo‘lsa ko‘ngil bo‘lmaydir...

—     Siz man aytkandek qilabering, savobi sizga, gunohi manga! Agar himmatingiz jo‘sh urub ketsa, bizga o‘xshag‘anlardan bir-ikkitasini chaqirib duoyi-fotiha qilsangiz, tag‘in yaxshi, tuzukmi?

—     Ey-y, bizda jon[1] bor deysizmi, bu yil siz ham shunday qilarsiz bo‘lmasa?

—     Eyy, siz yosh bolamisiz, Hoji, bizning, qurbonliq har yili «dimlama» hi-hi-hi...

***

Eshitdingizmi, bu ikki uying kuygurning qurbonlig‘ini!

Qurbonliqning borliq hikmat va falsafasi ayyomi saharg‘i kunimizdagi och oilalarni to‘ydirmoqdir va Alloh dargohida iyd kunlari och yotqan oilalarni to‘ydirish niyati bilangina qiling‘an qurbonlar maqbuldir va chin qurbon ham shunisidir.

Agar yuqoridag‘i ikki o‘g‘rining fikrida bo‘lsangiz, sizning ham uyingiz kuysun!

Julqunboy

“Qizil bayroq”, 1922 yil, 4 avgust, 205-son

 

[1] Jon — jonliq, tuyoq.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.