background
logotype

Abdulla Qodiriy. Tilanchilik yoxud yengil kasb (1920)

Insoniyat olaminda eng mazmum va manfur bir ish bo‘lsa, ul ham tilanchilik — soyillikdir.

Tilanchilik — ilm-hunarsizlik orqali tarqalaturg‘an bir maraz bo‘lg‘anliqdan tabiiy bu kasal bizim islom olaminda ko‘bdir; shu daraja ko‘bdirki, ba’zi islom mamlakatlarinda, oyniqsa, bizim Turkistonda bir kasb tusini olmishdir. Bizim bu, tilanchilikni o‘zlarig‘a kasb etib oluvchi zotlar nazarinda go‘yo bu ish olar uchun shar’iy bir hunar hisob etilur. Vatanimizda tama’ ila umr o‘tkaruvchi eshon, shayx, nazrixo‘r, duogo‘y, bilmam tag‘i allaqanday darvishlardan qat’i nazar, ochiqdan-ochiq tilanchilik etuvchi qalandarlarimiz, maddoh va ashurochilarimiz, ko‘chama-ko‘cha tentirovchi er-xotun, bola-baqralarimiz va tilanchilik savdosinda shahar-qishloqlarda kezuvchilarimizga qaralsa, bizda tilanchilikning na darajada taraqqiy etib, kasb suratiga kirib borg‘anlig‘in ko‘rilur. Bularning hammalari deyarlik ishlarga qodir kishilar bo‘lg‘anliqdan shar’an bo‘lsun, vijdonan bo‘lsun tilanchilik etarga haqlari yo‘q kishilardir.

Qalandar, maddoh... ismli safillarimizning ichida katta-katta boylari bor bo‘lg‘ani kabi topqan oqchalarini qimor, nashaxonalarda barbod beruvchilari ham o‘zlariga yetmagan shekilli, yosh, ma’sum bolalarini ham bu yomon kasbga qurbon etmakdadirlar. Bu badbaxtlarga «O‘zing-o‘zing, endi o‘g‘lungni o‘qutub biror kasb o‘rgatsang yaxshi bo‘lmaydirmi?», desang: «Ey-y, bu kasb bizning ota-bobolardan qolib kelmakda bo‘lg‘an ish. Har kimga o‘z ota kasbini qilmoq kerak!», javobini beradirlar.

Ko‘rasiz! Alar uchun tilanchilik o‘zi bir kasb ota merosi! Islomiyat buning kabi yalqov tama’korlikg‘a qattig‘ qarshi bo‘lgani kabi bukungi ijtimoiy olimlar ham jiddan qarshidir. «Tog‘dan o‘tun keltirub sotib, shundan muhtojlarga sadaqa beruvingiz tilanib yurmoqdan yaxshiroqdir», degan kabi hadislar tilanchilikdan, yalqovchiliqdan xalqni qattig‘ man’ etadir.

Rusiya ijtimoiy qo‘shma sho‘rolar jumhuriyati ham tilanchilarga yo‘l qoldirmov uchun «Ijtimoiy ta’minot» isminda kuchdan-quvvatdan qolmish mehnatkashlarga yordamxonalar ochmishlardirkim, bu soyillikg‘a qarshi bir choradir.

«Ijtimoiy ta’minot»lar bizim salomat vujudlik, yuzlarindin qon tomar maddoh, qalandar ismli yengil kasbchilarimiz uchun emas, balki qari, ishka yaramovchi, ko‘r, shol kasalli, sag‘ir, yetimlar va shularning amsoli uchundir. Islomiyatning bo‘lsun va olimi ijtimoiyotning bo‘lsun bizning yengil kasbchilarimiz bo‘lgan maddoh, qalandar va amsoliga javobi shuldir:

— Kuching bor, vujuding salomat va aqling komil ekan, ishlab ye! Boshqalarning qo‘lidag‘ig‘a osilma!

Ammo biz bugun hayoti ijtimoiya kechirur ekanmiz, hanuz boyagi yengil kasbchi safillarimizning kasblarinda mudovamat etuvlari «dunyo omillari» shiori qarshisinda buning aksini ishlovchilarning-da bo‘linuvi g‘oyatda taassufli bir holdir.

Ishka noqobil zaifalarimizning «Ijtimoiy ta’minot»lari bo‘linaturib-da, ko‘chalarda zalilona kezinishlari bunday muassasalarning borlig‘indan bexabarlikdan yoxud ilgarigi soyillik lazzatini unuta bilmaganlikdan bo‘lub, buning tevishli chorasiga kirishmak o‘z ahlining birinchi navbatdagi vazifasidir.

Juboy

«Ishtirokiyun» — 1920 yil, 20 fevral, 38-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.